toggle_night_mode
Norasmiy tarjima
Xalqaro pakti
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida
1966-yil 16-dekabr, Nyu-York
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi mazkur Xalqaro paktga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 31-avgustdagi 127-I-sonli “1966-yil 16-dekabrdagi fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga qo‘shilish haqida”gi qaroriga asosan qo‘shilgan.
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 1995-yil 28-dekabrdan kuchga kirgan)
Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ustavida e’lon qilingan prinsiplarga muvofiq, barcha insoniyat oilasining a’zolariga xos qadr-qimmatni hamda ularning teng va ajralmas huquqlarini tan olish ozodlik, adolat va yalpi tinchlikning asosi ekanligini e’tiborga olib,
bu huquqlar inson shaxsiga xos bo‘lgan qadr-qimmatdan kelib chiqishini e’tirof etib,
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga muvofiq, qo‘rquv va muhtojlikdan ozod bo‘lgan, fuqarolik va siyosiy erkinlikdan foydalanuvchi ozod inson shaxsi ideali har bir odam o‘z iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlaridan foydalanishi mumkin bo‘lgan sharoit yaratilgandagina ruyobga chiqishi mumkinligini e’tirof etib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustaviga asosan davlatlar inson hukuqlari va erkinliklarini yalpi hurmat qilish hamda ularga rioya etilishini rag‘batlantirishi shartligini e’tiborga olib,
har bir alohida inson boshqa odamlar va o‘zi mansub bo‘lgan jamoaga nisbatan majburiyatlarga ega bo‘lgan holda ushbu Paktda tan olingan huquqlar rag‘batlantirilishi va rioya etilishiga erishishi lozimligini e’tiborga olib,
quyidagi moddalar to‘g‘risida bir to‘xtamga keldilar:
I QISM
1-modda
1. Barcha xalqlar o‘z taqdirini o‘zi belgilash huqukiga egadir. Ushbu huquq asosida ular o‘z siyosiy maqomlarini erkin belgilaydilar va o‘z iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishlarini erkin ta’minlaydilar.
2. Barcha xalqlar o‘z maqsadlariga erishish uchun o‘zaro manfaatdorlik prinsipiga asoslangan xalqaro iqtisodiy hamkorlik va xalqaro huquqdan kelib chiqadigan biron-bir majburiyatga ziyon yetkazmasdan o‘z tabiiy boyliklari va resurslarini erkin holda tasarruf etishi mumkin. Hech bir xalq hech bir holatda o‘ziga tegishli tirikchilik vositalaridan mahrum etilmasligi kerak.
3. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi barcha davlatlar, shu jumladan o‘zini o‘zi boshqara olmaydigan va vasiylikka olingan hududlarni boshqarish uchun javobgar bo‘lgan davlatlar ham Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ustavi qoidalariga muvofiq, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini amalga oshirishni rag‘batlantirishi hamda bu huquqni hurmat qilishi lozim.
II QISM
2-modda
1. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat o‘z hududida turgan va o‘z yurisdiksiyasi ostida bo‘lgan barcha shaxslarning ushbu Paktda e’tirof etilgan hukuqlarini hech bir ayirmachiliksiz, jumladan, irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodidan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi yoki o‘zga holatidan qat’i nazar hurmat qilish va ta’minlash majburiyatini oladi.
2. Agar bu narsa hali mavjud qonun hujjatlarida yoki boshqa choralar orqali nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat o‘zining konstitutsiyaviy tartib-taomillariga va ushbu Pakt qoidalariga muvofiq ushbu Paktda e’tirof etilgan huquqlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lishi mumkin bo‘lgan shunday qonun hujjatlarini yoki boshqa tadbirlarni qabul qilish uchun zarur choralarni ko‘rish majburiyatini oladi.
3. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat o‘z zimmasiga quyidagi majburiyatlarni oladi:
a) ushbu Paktda tan olingan huquqlari va erkinliklari buzilgan har qanday shaxsni, agar bu buzilish rasmiy sifatda harakat qilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham, huquqiy himoyaning samarali vositasi bilan ta’minlash;
b) ana shunday himoya talab qiluvchi har qanday shaxs uchun yuridik himoya vakolatli sud, ma’muriy yoki qonun chiqaruvchi hokimiyatlar tomonidan yoki davlatning huquqiy tizimida nazarda tutilgan boshqa vakolatli organlar tomonidan ta’minlashi va sud orqali himoyalanishi imkoniyatini rivojlantirish;
c) huquqiy himoya vositalari berilganda, vakolatli hokimiyatlar tomonidan buning qo‘llanilishini ta’minlash.
3-modda
Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar erkaklar va ayollar uchun ushbu Paktda nazarda tutilgan barcha fukarolik va siyosiy huquqlardan bir xilda foydalanilishini ta’minlash majburiyatini oladilar.
4-modda
1. Davlatda favqulodda holat yuz bergan vaqtda, millat hayoti tahdid ostida qolgan va bu holat haqida rasmiy ravishda e’lon kilinganda ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar mazkur Pakt bo‘yicha olgan o‘z majburiyatlaridan chekinish uchun choralar ko‘rishi mumkin, lekin bu chekinishni ahvol keskinligi talab etgan bo‘lishi hamda bu choralar xalqaro huquq bo‘yicha boshqa majburiyatlarga xilof bo‘lmasligi va irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishiga qarab kamsitishga olib kelmasligi kerak.
2. Ushbu qoida 6, 7, 8 (1 va 2-bandlar), 11, 15, 16 va 18-moddalardan biror-bir chekinish uchun asos bo‘la olmaydi.
3. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi chekinish huquqidan foydalanuvchi har qanday davlat o‘zi chekingan qoidalar haqida va shunday qarorga kelishga olib kelgan sabablar haqida darhol Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi orqali mazkur Paktda ishtirok etuvchi boshqa davlatlarni xabardor kilishi kerak. Shuningdek, o‘sha vositachi orqali bunday chekinish to‘xtatiladigan sana to‘g‘risida ham xabar berilishi kerak.
5-modda
1. Ushbu Paktdagi hech narsa biror-bir davlat, biror-bir guruh yoki biror-bir shaxs ushbu Paktda tan olingan, har qanday hukuq yoki erkinliklarni yo‘qotishga yoki ularni mazkur Paktda nazarda tutilganidan ko‘ra ko‘proq cheklashga qaratilgan birorta faoliyat bilan shug‘ullanish yoki shunday harakat sodir etish huquqiga ega deb talqin qilinishi mumkin emas.
2. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi biror-bir davlatda qonun, konvensiya, qoida yoki urf-odat sifatida tan olingan yoki mavjud bo‘lgan asosiy inson huquqlari, mazkur Paktda shu huquqlar tan olinmaydi yoki qisman e’tirof etiladi degan bahona bilan biror-bir tarzda cheklanishi yoki kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
III QISM
6-modda
1. Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir. Bu hukuq qonun bilan muhofaza qilinadi. Hech kim o‘zboshimchalik bilan hayotdan mahrum etilishi mumkin emas.
2. O‘lim jazosini bekor qilmagan mamlakatlarda o‘lim hukmi faqatgina jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan va mazkur Pakt hamda Genotsid jinoyatining oldini olish va uning uchun jazolash to‘g‘risidagi konvensiyaga zid bo‘lmagan qonunga muvofiq eng og‘ir jinoyatlar uchungina chiqarilishi mumkin. Bunday jazo faqat vakolatli sud tomonidan chiqarilgan yakuniy hukmni ijro etib amalga oshirilishi mumkin.
3. Genotsid jinoyati uchun hayotdan mahrum etilayotgan bo‘lsa, shuni e’tiborga olish lozimki, ushbu moddadagi hech bir narsa mazkur Paktda ishtirok etuvchi davlatlar uchun biror-bir yo‘l bilan Genotsid jinoyatining oldini olish va uning uchun jazolash to‘g‘risidagi konvensiya qarorlariga muvofiq qabul qilingan har qanday majburiyatlardan chekinish huquqini bermaydi.
4. O‘lim jazosiga hukm qilingan har bir kishi avf etish haqida yoki hukmni yumshatish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega. Amnistiya, avf etish yoki o‘lim hukmini almashtirish barcha holatlarda hadya etilishi mumkin.
5. O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun o‘lim hukmi chiqarilmaydi va homilador ayollarga nisbatan bu hukm ijro etilmaydi.
6. Ushbu moddadagi hech bir narsa mazkur Paktda ishtirok etuvchi biror-bir davlat tomonidan o‘lim jazosi muddatini kechiktirish yoki uni bekor qilishga yo‘l qo‘ymaslik uchun asos bo‘la olmaydi.
7-modda
Hech kim qiynoqlarga yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoki jazoga duchor etilmasligi kerak. Jumladan, hech bir shaxs ustidan o‘zining erkin roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajriba o‘tkazilishi mumkin emas.
8-modda
1. Hech kim qullikda saqlanmasligi kerak; qullik va qul savdosining barcha ko‘rinishlari taqiqlanadi.
2. Hech kim erksiz holatda saqlanmasligi kerak.
3. a) Hech kim majburiy yoki shart bo‘lgan mehnatga majbur qilinmasligi lozim;
b) jinoyat uchun jazo tariqasida juda og‘ir ishlarga jalb etilish bilan bog‘liq ozodlikdan mahrum etish tayinlanishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarda, shunday jazo vakolatli sud hukmi bilan tayinlansa 3 a-bandi juda og‘ir ishlarni bajarish uchun to‘siq bo‘lmaydi.
s) “majburiy yoki shart bo‘lgan mehnat” atamasi ushbu bandda quyidagilarni qamrab olmaydi:
i) b-kichik bandida tilga olinmagan biror-bir ish yoki xizmat, bu ish yoki xizmatni, qoida tariqasida, sudning qonuniy farmoyishiga asosan qamoqda bo‘lgan shaxs yoki bunday qamoqdan shartli ravishda ozod etilgan shaxs bajarishi kerak bo‘lsa;
ii) harbiy tusdagi har qanday xizmat, siyosiy yoki diniy-etnik sabablarga ko‘ra harbiy xizmatni rad etish tan olinadigan mamlakatlarda xuddi shunday sabablarga ko‘ra harbiy xizmatni rad etayotgan shaxslar uchun qonunda nazarda tutilgan har qanday xizmat;
iii) aholi hayotiga yoki osoyishtaligiga tahdid soluvchi falokat yoki favqulodda holat ro‘y berganida majburiy bo‘lgan har qanda y xizmat;
iv) odatdagi fuqarolik burchlariga kiruvchi har qanday ish yoki xizmat.
9-modda
1. Har bir inson erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. Hech kim qonunda belgilanganidan boshqacha asos va tartibda ozodlikdan mahrum etilishi mumkin emas.
2. Hibsga olingan har bir kishiga hibsga olish chog‘ida uning hibsga olinishi sabablari aytiladi va darhol unga qo‘yilgan har qanday ayblov ma’lum qilinadi.
3. Jinoiy ayblov bo‘yicha hibsga olingan yoki ushlab turilgan har bir shaxs zudlik bilan sudya yoki qonun bo‘yicha sud hokimiyatini amalga oshirish huquqi bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs huzuriga keltiriladi va oqilona muddatda sud muhokamasi o‘tkazilishi yoki ozod qilib yuborilishi huquqiga ega. Sud muhokamasini kutayotgan shaxslarning qamoqda saqlanishi umumiy qoida bo‘lmasligi kerak, biroq ozod qilish sudga kelish kafolatlari berilishiga, sud muhokamasiga uning har qanday bosqichiga kelishga va, zarur hollarda, hukm ijro etilishi uchun kelishga bog‘liq qilib qo‘yilishi mumkin.
4. Hibsga olinishi yoki qamoqda saqlab turilishi tufayli ozodlikdan mahrum etilgan har bir shaxs o‘z ishining sudda ko‘rib chiqilishi huquqiga ega, toki sud uning ushlab turilishi qanchalik qonuniy ekanligi borasida darhol qaror chiqara olsin va agar uni ushlab turish noqonuniy bo‘lsa ozod qilish haqida farmoyish bera olsin.
5. Noqonuniy ravishda hibsga olingan yoki qamoqda saqlab turilgan har bir kishi da’vo kuchiga ega bo‘lgan tovon talab qilish huquqiga egadir.
10-modda
1. Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslar insonlarcha muomala qilinish va inson shaxsiga xos bo‘lgan qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.
2. a) istisno hollari bo‘lmaganida, ayblanuvchilar sudlanganlardan alohida joylashtiriladi va ularga sudlanmagan shaxslar maqomiga javob beradigan alohida rejim belgilanadi;
b) voyaga yetmagan ayblanuvchilar voyaga yetgan ayblanuvchilardan ajratib qo‘yiladi va qaror chiqarish uchun qisqa muddatda sudga keltiriladi;
3. Mahbuslarga mo‘ljallangan penitensiar tizimdan maqsad ularni to‘g‘ri yo‘lga solish va ularni ijtimoiy jihatdan qayta tarbiyalashdir. Voyaga yetmagan huquqbuzarlar voyaga yetgan huquqbuzarlardan ajratib qo‘yiladi va ularning yoshi hamda huquqiy maqomiga javob beruvchi rejim belgilanadi.
11-modda
Hech kim biror-bir shartnoma majburiyatini bajara olmaydigan ahvolda bo‘lgani asosidagina ozodlikdan mahrum etilishi mumkin emas.
12-modda
1. Biror-bir davlat hududida qonuniy ravishda turgan har bir kishi ushbu hudud doirasida erkin ko‘chib yurish va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega.
2. Har bir kishi har qanday mamlakatni, jumladan o‘z mamlakatini tark etish huquqiga ega.
3. Yuqorida qayd etilgan huquqlar hech qanday cheklash obyekti bo‘lishi mumkin emas, qonunda nazarda tutilgan davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi yoki ma’naviyatini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan va ushbu Paktda e’tirof etilgan boshqa huquqlarga mos keladigan cheklashlar bundan mustasno.
4. Hech kim o‘z mamlakatiga kirish huquqidan o‘zboshimchalik bilan mahrum etilishi mumkin emas.
13-modda
Ushbu Paktda ishtirok etuvchi biror-bir davlat hududida qonuniy ravishda turgan chet ellik shaxs qonunga muvofiq holda chiqarilgan qaror ijro etilishi uchungina chiqarib yuborilishi mumkin, va agar davlat xavfsizligiga bog‘liq qat’iy mulohazalar boshqacha talab etmasa, o‘sha chet ellik shaxs o‘zining chiqarib yuborilishiga qarshi dalillar taqdim etishi, bu ishni vakolatli hokimiyat tomonidan yoxud maxsus tayinlangan shaxs yoki shaxslar qayta ko‘rib chiqishi hamda ushbu maqsadda ayni hokimiyat, shaxs yoki shaxslar huzuriga kirish huquqiga ega.
14-modda
1. Barcha shaxslar sudlar va tribunallar oldida tengdir. Har bir kishi unga qo‘yilayotgan har qanday jinoiy ayblov ko‘rib chiqilayotganda yoki biror-bir fuqarolik jarayonida uning huquq va burchlari aniqlanayotganida qonunga asosan tuzilgan vakolatli, mustaqil va xolis sud tomonidan mazkur ish adolatli hamda ochiq holda ko‘rib chiqilishi huquqiga ega. Demokratik jamiyatda axloq yuzasidan, jamiyat tartibi yoki davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan yoki buni tomonlarning shaxsiy hayoti manfaatlari talab etganida yoki sud fikriga ko‘ra bu qandaydir darajada qat’iyan zarur deb topilganida, ya’ni omma ko‘z o‘ngida bo‘ladigan jarayon sudlov manfaatlariga halal beradigan alohida hollarda matbuot xodimlari va omma barcha majlislarga yoki shu majlislarning bir qismiga kiritilmasligi mumkin; biroq balog‘at yoshiga yetganlarning manfaatlari boshqacha talab etganda yoki nikoh borasidagi nizolarga yoki bolalarga vasiylik qilishga aloqador ishlar bundan mustasno bo‘lgan hollarda jinoiy yoki fuqarolik ishi bo‘yicha chiqarilgan har qanday sud qarori oshkora bo‘lishi kerak.
2. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har qanday kishi qonunga muvofiq aybi isbotlanmaguncha aybsiz deb sanalish huquqiga ega.
3. Har bir kishi o‘ziga qo‘yilgan har qanday ayblov ko‘rib chiqilayotganda to‘liq tenglik asosida kamida quyidagi kafolatlar ta’minlanishi huquqiga ega:
a) o‘ziga qo‘yilgan ayblov xususiyati va asoslari haqida o‘zi tushunadigan tilda darhol va batafsil xabardor etilish;
b) o‘z himoyasini tayyorlash va o‘zi tanlagan himoyachi bilan muloqotda bo‘lish uchun yetarlicha vaqt va imkoniyatga ega bo‘lish:
c) asossiz holda to‘xtatib turilmasdan o‘z ishining sudda ko‘rib chiqilishi;
d) o‘zi qatnashib sud qilinishi va o‘zining o‘zi yoki tanlab olingan himoyachi vositasida himoya qilinishi; agar himoyachisi bo‘lmasa, unga ega bo‘lish huquqi borligi haqida xabardor qilinishi; odil sud manfaatlari talab etgan har qanday holda o‘ziga tayinlangan himoyachiga ega bo‘lish, unga to‘lash uchun yetarli mablag‘i bo‘lmagan barcha hollarda o‘ziga himoyachining tekinga berilishi;
e) o‘ziga qarshi ko‘rsatuv berayotgan guvohlarni so‘roq qilish yoki ana shu guvohlar so‘roq kilinishi huquqiga ega bo‘lish va unga qarshi ko‘rsatuv berayotgan guvohlar uchun bo‘lgan shartlarda uning o‘zi tanlagan guvohlarning tergovga chaqirilishi va so‘roq qilinishi huquqiga ega bo‘lish;
f) agar sudda qo‘llanilayotgan tilni tushunmasa yoki bu tilda so‘zlay olmasa bepul tarzda tarjimon ko‘magidan foydalanish;
g) o‘ziga o‘zi qarshi ko‘rsatuv berishga yoki o‘zini aybdor deb tan olishga majbur kilinmaslik.
4. Voyaga yetmaganlarga nisbatan sud jarayoni shunday bo‘lishi kerakki, toki bunda ularning yoshi va ularni qayta tarbiyalashga ko‘maklashish maqbulligi inobatga olinsin.
5. Biror-bir jinoyat uchun sudlangan har bir kishi uning sudlanganligi va hukm yuqori sud instansiyasi tomonidan qonun asosida ko‘rib chiqilishi huquqiga ega.
6. Agar biror-bir shaxs jinoyati uchun uzil-kesil qaror bilan sudlangan bo‘lsa va agar biror-bir yangi yoki yangitdan aniqlangan holatga asosan sud ishida xato borligini shubhasiz isbotlashi tufayli hukm bekor qilinsa yoki o‘sha shaxs avf etilsa, shunday sudlov xatosi sababli jazolangan shaxs, agar yuqorida qayd etilgan noma’lum holat faqat uning aybi yoki qisman aybi bilan o‘z vaqtida topilmaganligi isbotlanmagan bo‘lsa, qonunga muvofiq kompensatsiya oladi.
7. Har bir mamlakatning qonuni va jinoyat-protsessual huquqiga muvofiq jinoyati uchun uzil-kesil sudlangan yoki oqlangan biror-bir щaxs o‘sha jinoyati uchun ikkinchi bor sudlanishi yoki jazolanishi mumkin emas.
15-modda
1. Hech kim sodir etilgan paytida davlatning amalda bo‘lgan ichki qonun hujjatlari yoki xalqaro huquqqa ko‘ra jinoyat hisoblanmagan biror-bir harakati yoki xato ish qilib qo‘yganligi uchun jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilishi mumkin emas. Xuddi shuningdek, jinoyat sodir etilgan vaqtda qo‘llanishi lozim bo‘lgan jazoga nisbatan og‘irroq jazo tayinlanishi mumkin emas. Agar jinoyat sodir etilganidan keyin qonun bilan nisbatan yengil jazo belgilansa, ushbu qonun mazkur jinoyatchiga nisbatan qo‘llaniladi.
2. Mazkur moddadagi hech narsa har qanday shaxsni sodir etilgan vaqtda xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan umumiy prinsiplarga ko‘ra jinoyat deb hisoblangan har qanday xatti-harakat yoki xato ish qilib qo‘yganlik uchun sudga berishga va jazolashga to‘sqinlik qilmaydi.
16-modda
Har bir inson qayerda turishidan qat’i nazar uning subyektlik maqomi tan olinishi huquqiga ega.
17-modda
1. Hech kim o‘zining shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda aralashishga, o‘zining uy-joyi yoki yozishmalari siri daxlsizligiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda tajovuz qilinishiga yoki uning or-nomusi va sha’niga noqonuniy tajovuz kilinishiga duchor etilishi mumkin emas.
2. Har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzlardan qonun orqali himoya etilish huquqiga ega.
18-modda
1. Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega. Ushbu huquq o‘z ixtiyori bilan o‘ziga ma’qul dinni qabul qilish va e’tiqod qilish erkini, yakka holda, shuningdek boshqalar bilan birgalikda, oshkora yoki xususiy tartibda ibodat qilish, diniy va boshqa urf-odatlarni va marosimni bajarish erkini ham o‘z ichiga oladi.
2. Hech kim o‘z ixtiyoriga ko‘ra o‘z dini va e’tiqodiga ega bo‘lish yoki qabul qilish erkini kamsitadigan majburiy holatga duchor etilmasligi lozim.
3. Din yoki e’tiqod erkinligiga faqat qonun bilan belgilangan va jamoat xavfsizligini, tartibini, salomatligi va axloqini, shuningdek boshqa shaxslarning asosiy huquqlari va erkinliklarini muhofaza etish uchun zarur bo‘lgan cheklashlar belgilanishi mumkin.
4. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar ota-onalarning va tegishli hollarda qonuniy vasiylarning o‘z bolalarini o‘z shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy tarbiyalash erkini hurmat qilish majburiyatini oladilar.
19-modda
1. Har bir inson hech bir to‘siqsiz o‘z fikriga sobit bo‘lish huquqiga ega.
2. Har bir inson o‘z fikrini erkin bayon etish huquqiga ega; bu huquq davlat chegaralaridan qat’i nazar yozma ravishda yoki matbuot orqali yoki ifodalashning badiiy shakllari yoki o‘z ixtiyoriga ko‘ra boshqacha usullarda turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini qamrab oladi.
3. Ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish alohida majburiyatlar va alohida mas’uliyat yuklaydi. Bu tarzda foydalanish ayrim cheklashlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, lekin bu cheklashlar qonun bilan belgilanishi va quyidagilar uchun zarur bo‘lishi lozim:
a) boshqa shaxslarning huquqlari va obro‘-e’tiborini hurmat qilish uchun;
b) davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi yoki ma’naviyatini muhofaza etish uchun.
20-modda
1. Urushni har qanday targ‘ib etish qonun orqali taqiqlanishi kerak.
2. Kamsitishga, adovatga yoki zo‘ravonlikka undovchi milliy, diniy yoki irqiy nafrat ruhidagi har qanaqa harakat qonun yo‘li bilan taqiqlanishi lozim.
21-modda
Tinch yig‘inlarga bo‘lgan huquqlar tan olinadi. Bu huquqdan foydalanishda hech bir cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonunga muvofiq qo‘yilgan va demokratik jamiyatda davlat yoki jamiyat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholi salomatligi va ma’naviyatini muhofaza etish yoki boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan cheklashlar bundan mustasno.
22-modda
1. Har bir inson boshqalar bilan uyushish erkinligi huquqiga, shu jumladan kasaba uyushmalar tashkil etish erkinligi va o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun shunday uyushmalarga kirish huquqiga ega.
2. Bunday huquqlardan foydalanish hech qanday cheklanmaydi, qonun bilan nazarda tutilganlari va demokratik jamiyatda davlat yoki jamiyat xavfsizligi, jamoat tartibi manfaatlari uchun, aholi salomatligi va axloqini muhofaza etish yoki boshqa shaxslarning huquq va erkinligi himoyasi uchun zarur bo‘lganlari bundan mustasno. Ushbu modda qurolli kuchlar va politsiya tarkibiga kiruvchi shaxslar uchun shu huquqdan foydalanishda qonuniy cheklashlar joriy etilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
3. Ushbu moddadagi hech narsa Xalqaro Mehnat Tashkilotining 1948-yilgi Konvensiyasida ishtirok etuvchi davlatlarga uyushmalar erkinligi va huquqini himoya qilish borasida, mazkur konvensiyada nazarda tutilgan kafolatlarga zarar yetkazib qonun hujjatlari qabul qilish yoki ushbu kafolatlarga ziyon yetkazilgan holda qonun qabul qilish huquqini bermaydi.
23-modda
1. Oila jamiyatning tabiiy va asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi hamda jamiyat va davlat tomonidan himoya qilinish huquqiga ega.
2. Nikoh yoshiga to‘lgan erkaklar va ayollarning nikohdan o‘tish hamda oila qurish huquqi tan olinadi.
3. Nikohdan o‘tuvchilarning erkin va to‘liq roziligisiz birorta nikoh tuzilmasligi kerak.
4. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar nikohdan o‘tishda, nikohda bo‘lgan vaqtda va u bekor qilinayotganda er-xotinlarning huquq hamda majburiyatlari tengligini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rishlari lozim. Nikoh bekor qilingan taqdirda barcha bolalar zarur tarzda himoya qilinishi nazarda tutilishi kerak.
24-modda
1. Har bir bola irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli yoki tug‘ilishi (nasli-nasabi)dan qat’i nazar hech bir kamsitishsiz go‘dakligi sababli oila, jamiyat va davlat tomonidan muhofaza choralari ko‘rilishi huquqiga ega.
2. Har bir bola tug‘ilgandan so‘ng darhol ro‘yxatdan o‘tkazilishi va ismiga ega bo‘lishi kerak.
3. Har bir bola fuqarolikni olish huquqiga ega.
25-modda
Har bir fuqaro 2-moddada ko‘rsatib o‘tilgan hech bir kamsitishsiz va asoslanmagan cheklashlarsiz quyidagi huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak:
a) ham bevosita, ham erkin saylangan vakillar orqali davlat ishlarini yuritishda ishtirok etish;
b) yalpi teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladigan va saylovchilarning erkin xohish-irodasini ta’minlaydigan chinakam davriy saylovlarda ovoz berish va saylanish; .
s) o‘z mamlakatida umumiy tenglik shartlarida davlat xizmatiga kirish.
26-modda
Barcha kishilar qonun oldida tengdirlar va hech bir kamsitishsiz qonun orqali teng himoya qilinish huquqiga egadirlar. Bu borada har qanday turdagi kamsitish qonun bilan taqiqlab qo‘yilishi va qonun barcha shaxslarga hech bir kamsitishsiz, jumladan irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy va boshqa e’tiqodi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi (nasli-nasabi)dan va boshqa holatidan qati nazar kamsitishga qarshi teng va samarali muhofazani kafolatlashi kerak.
27-modda
Etnik, diniy va til jihatdan ozchilikni tashkil etuvchi elatlar mavjud bo‘lgan mamlakatlarda, bunday ozchilikka mansub shaxslarga o‘z guruhining boshqa a’zolari bilan birgalikda o‘z madaniyatidan foydalanish, o‘z diniga sig‘inish va rasm-rusmlarini bajarish, shuningdek ona tilidan foydalanish huquqi rad etilishi mumkin emas.
IV QISM
28-modda
1. Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita (bundan buyon ushbu Paktda Qo‘mita deb ataladi) tuziladi. U o‘n sakkiz a’zodan iborat bo‘ladi va quyida ko‘rsatilgan vazifalarni bajaradi.
2. Qo‘mita tarkibiga ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlarning fuqarosi bo‘lgan va yuksak ma’naviy fazilatli hamda inson huquqlari borasida bilimdon deb e’tirof etilgan shaxslar kiradi, ayni paytda yuridik tajribaga ega bo‘lgan bir necha shaxsning qatnashuvi foydali bo‘lishi e’tiborga olinadi.
3. Qo‘mita a’zolari shaxsan saylanadi va ishlaydi.
29-modda
1. Qo‘mita a’zolari 28-moddada nazarda tutilgan talablarga javob beruvchi va ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar tomonidan ko‘rsatilgan shaxslar orasidan yashirin ovoz berish orqali saylanadi.
2. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat ko‘pi bilan ikki shaxcni ko‘rsatishi mumkin. Bu shaxslar o‘zlarini ko‘rsatgan davlatning fuqarolari bo‘lishlari lozim.
3. Har bir shaxs qaytadan ko‘rsatilish huquqiga ega.
30-modda
1. Dastlabki saylov ushbu Pakt kuchga kirgandan keyin olti oydan kechiktirmay o‘tkaziladi.
2. Qo‘mitaga har bir saylovga ko‘pi bilan to‘rt oy qolganida (34-moddaga muvofiq bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish uchun e’lon qilinadigan saylov bundan mustasno) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlarga uch oylik muddatda qo‘mita a’zoligiga nomzodlarni taqdim etishni so‘rab yozma ravishda murojaat qiladi.
3. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlarning nomini ko‘rsatgan holda barcha nomzodlar ro‘yxatini alifbo tartibida tuzib chiqadi va saylov o‘tadigan sanadan kamida bir oy oldin mazkur ro‘yxatni ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlarga taqdim etadi.
4. Qo‘mita a’zolari saylovi Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy muassasalarida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi tomonidan chaqiriladigan ushbu Paktda qatnashuvchi davlatlarning majlisida o‘tkaziladi. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar uchdan ikki qismining vakillari hozir bo‘lishi kvorum hisoblanuvchi bu majlisda mutlaq ko‘p ovoz olgan shaxslar Qo‘mitaga saylangan hisoblanadi.
31-modda
1. Qo‘mitaga ayni bir davlatning bir nafardan ortiq fuqarosi kirishi mumkin emas.
2. Qo‘mitaga saylov paytida a’zolarning jug‘rofiy jihatdan adolatli taqsimlanishiga va sivilizatsiya turli shakllarining hamda asosiy yuridik tizimlarining vakillari bo‘lishiga e’tibor beriladi.
32-modda
1. Qo‘mita a’zolari to‘rt yil muddatga saylanadi. Ularning nomzodi qayta ko‘rsatilsa, ular qaytadan saylanish huquqiga egadir. Biroq birinchi saylovda saylangan a’zolardan to‘qqiz nafarining vakolatlari muddati ikki yillik davrning oxirida tugaydi; birinchi saylovdan so‘ng darhol o‘sha to‘qqiz a’zoning nomi majlis Raisi tomonidan qur’a tashlab aniqlanadi (30-moddaning 4-bandida bu to‘g‘rida ko‘rsatib o‘tilgan).
2. Vakolatlar tugagandan so‘ng saylov ushbu Pakt mazkur qismining oldingi moddalariga muvofiq o‘tkaziladi.
33-modda
1. Agar boshqa a’zolarning yakdil fikriga ko‘ra Qo‘mita a’zolaridan biri muayyan sababga (vaqtincha bo‘lmasligi bundan mustasno) ko‘ra o‘z vazifasini bajarishni to‘xtatgan bo‘lsa, Qo‘mita raisi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga bu haqda xabar qiladi, so‘ng Bosh kotib bu a’zo o‘rnini bo‘sh deb e’lon qiladi.
2. Qo‘mitaning biror-bir a’zosi vafot etsa yoki iste’foga chiqsa, Qo‘mita raisi darhol bu to‘g‘rida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibini xabardor qiladi. Bosh kotib o‘sha a’zo vafot etgan kundan yoki haqiqatan iste’foga chiqqan kundan e’tiboran bu o‘rinni bo‘sh turgan deb e’lon qiladi.
34-modda
1. 33-moddaga binoan bo‘sh turgan o‘rin e’lon qilinganda, almashtirilishi kerak bo‘lgan a’zoning vakolatlari shu bo‘sh turgan o‘rin e’lon qilingandan so‘ng olti oy ichida hali tugamasa, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlatga bu to‘g‘rida xabar qiladi va o‘sha davlat 29-moddaga muvofiq bo‘sh turgan o‘rinni to‘ldirish uchun ikki oy ichida nomzod ko‘rsatishi mumkin.
2. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi shu tarzda ko‘rsatilgan shaxslar ro‘yxatini alifbo tartibida tuzib, uni ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlarga taqdim etadi. So‘ng bo‘sh o‘rinni to‘ldirish uchun bo‘ladigan saylov mazkur Pakt ushbu qismining tegishli qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi.
3. 33-moddaga binoan e’lon qilingan bo‘sh o‘rinni egallash uchun saylangan Qo‘mita a’zosi mazkur modda qoidalariga muvofiq Qo‘mitada o‘rni bo‘shagan a’zoning vakolatlari muddatining qolgan qismi mobaynida lavozimni egallaydi.
35-modda
Qo‘mita a’zolari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi belgilaydigan tartibda va shartlarda, Qo‘mitadagi vazifasining muhimligini hisobga olgan holda Birlashgan Millatlar Tashkilotining mablag‘laridan Bosh Assambleya tasdiqlaydigan haq oladilar.
36-modda
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi ushbu Paktga muvofiq Qo‘mitaning vazifalari samarali amalga oshirilishi uchun kerakli xodimlar va moddiy mablag‘lar taqdim etadi.
37-modda
1. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Qo‘mitaning birinchi majlisini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy muassasalarida chaqiradi.
2. O‘zining birinchi majlisidan keyin Qo‘mita o‘z tartib-taomilida nazarda tutilgan vaqtda yig‘iladi.
3. Qo‘mita odatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy muassasalarida yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi bo‘limida yig‘iladi.
38-modda
Qo‘mitaning har bir a’zosi o‘z vazifasini bajarishga kirishish oldidan Qo‘mitaning ochiq yig‘ilishida o‘z vazifasini xolis va vijdonan amalga oshirajagi haqida tantanali va’da beradi.
39-modda
1. Qo‘mita o‘z mansabdor shaxslarini ikki yil muddatga saylaydi. Ular qayta saylanishi mumkin.
2. Qo‘mita o‘zining tartib-taomil qoidalarini belgilaydi, lekin bu qoidalar, xususan quyidagilarni nazarda tutishi lozim:
a) Qo‘mitaning o‘n ikki a’zosi kvorumni tashkil etadi;
b) Qo‘mita qarorlari hozir bo‘lgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
40-modda
1. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar ushbu Paktda e’tirof etilgan huquqlarni hayotga tatbiq etish borasidagi tadbirlari va bu huquqlardan foydalanishda erishilgan siljishlar haqida ma’ruzalar taqdim etish majburiyatini oladilar;
a) ushbu Pakt kuchga kirgandan so‘ng bir yil ichida tegishli ishtirokchi davlatlar xususida;
b) bundan so‘ng Qo‘mita talab qilgan barcha hollarda.
2. Barcha ma’ruzalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga taqdim etiladi va u ushbu ma’ruzalarni ko‘rib chiqish uchun Qo‘mitaga yuboradi. Ma’ruzalarda, agar mavjud bo‘lsa, ushbu Paktni hayotga tatbiq etishga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ko‘rsatiladi.
3. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Qo‘mita bilan maslahatlashgandan keyin manfaatdor ixtisoslashtirilgan muassasalarga ma’ruzaning ular vakolatiga tegishli bo‘lgan qismini yuborishi mumkin.
4. Qo‘mita ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar taqdim etadigan ma’ruzalarni o‘rganadi. U ishtirokchi-davlatlarga o‘z ma’ruzalarini va o‘zi maqsadga muvofiq deb hisoblaydigan fikr-mulohazalarini yuborib turadi. Qo‘mita ushbu fikr-mulohazalarini shuningdek Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashga mazkur Paktda ishtirok etuvchi davlatlardan olingan ma’ruzalar nusxalari bilan birga ham yuborib turishi mumkin.
5. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlar Qo‘mitaga mazkur moddaning 4-bandiga muvofiq qayd qilinishi mumkin bo‘lgan har qanday mulohazalar borasida o‘z fikrini taqdim etishi mumkin.
41-modda
1. Ushbu moddaga muvofiq ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlat istalgan vaqtda Qo‘mitaning biror-bir ishtirokchi davlat boshqa ishtirokchi davlat ushbu Pakt bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmayapti, degan ma’lumotini qabul qilishi va ko‘rib chikishi yuzasidan vakolatini tan olishini bayon etishi mumkin. Mazkur moddada nazarda tutilgan ma’lumot, agar Qo‘mita vakolatini o‘zi tan olgani haqida bayonot bergan ishtirokchi davlat tomonidan taqdim etilgan bo‘lsagina qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishi mumkin. Qo‘mita shunday bayonot bermagan davlatga tegishli hech bir ma’lumotni qabul qilmaydi. Ushbu moddaga muvofiq qabul qilingan ma’lumot quyidagi tartib-taomilga binoan ko‘rib chiqiladi:
a) agar ushbu Paktda ishtirok etuvchi biror-bir davlat boshqa ishtirokchi davlat ushbu Pakt qarorlarini hayotga tatbiq etmayapti deb topsa, o‘sha davlat bu masalani qayd etilgan ishtirokchi davlat e’tiboriga yozma tarzda yetkazishi mumkin. O‘sha xabarni olgan davlat shunday xabarni yuborgan davlatga uch oy ichida yozma izoh yoki boshqa har qanday bayonot berib mazkur masalani tushuntirib o‘tadi. Ayni paytda ushbu izoh yoki bayonotda imkon qadar va maqsadga muvofiqligiga ko‘ra shu masala borasida qabul qilingan, qabul qilinadigan yoki qabul qilinishi mumkin bo‘lgan ichki tartib-taomillar va tadbirlar ko‘rsatiladi;
b) agar dastlabki ma’lumotni ma’lum bir davlat olganidan keyin olti oy mobaynida masala manfaatdor ishtirokchi davlatlarni qoniqtiradigan darajada hal etilmagan bo‘lsa, o‘sha davlatlardan har biri masalani Qo‘mitaga taqdim etish huquqiga ega bo‘lib, bu to‘g‘rida Qo‘mitani va boshqa davlatni xabardor qiladi;
c) Qo‘mita ayni holda xalqaro huquqning umum z’tirof etilgan prinsiplariga ko‘ra imkoniyatdagi barcha ichki vositalar sinab ko‘rilgan va tugagan deb ishonch hosil qilganidan keyingina o‘ziga taqdim etilgan masalani ko‘rib chiqadi. Agar shu vositalarning qo‘llanishi asossiz holda cho‘zilib ketadigan bo‘lsa bu qoidaga amal qilinmaydi;
d) Ushbu moddada nazarda tutilgan ma’lumot ko‘rib chiqilayotganida Qo‘mita yopiq majlis o‘tkazadi;
e) Qo‘mita “s” kichik bandining qarorlariga rioya qilgan holda ushbu Paktda e’tirof etilgan inson huquqlarini va asosiy erkinliklarini hurmat kilish asosida masalalarni do‘stona hal etish maqsadida manfaatdor ishtirokchi davlatlarga o‘z xolis xizmatini ko‘rsatadi;
f) Qo‘mita ko‘rib chiqishi uchun o‘ziga taqdim etilgan har qanday masala yuzasidan “b” kichik bandida ko‘rsatilgan manfaatdor ishtirokchi davlatlarga murojaat etib ishga aloqador har qanday axborotni taqdim etishni so‘rashi mumkin;
g) “b” kichik bandida ko‘rsatilgan manfaatdor ishtirokchi davlatlar Qo‘mitada masala ko‘rib chiqilayotganda vakilga ega bo‘lish va og‘zaki va (yoki) yozma taqdimnoma berish huquqiga ega;
h) xabarnoma olingan kundan boshlab o‘n ikki oy ichida Qo‘mita “b” kichik bandiga muvofiq quyidagi shartlar asosida ma’ruza taqdim etadi:
i) agar “e” kichik bandi qarorlari doirasida masala hal etilsa, Qo‘mita o‘z ma’ruzasida dalillar va qanday to‘xtamga kelganligini qisqacha bayon etish bilan cheklanadi;
ii) agar “e” kichik bandi qarorlari doirasida bir to‘xtamga kelinmasa, Qo‘mita dalillarni qisqacha bayon etish bilan cheklanadi; manfaatdor ishtirokchi davlatlarning yozma taqdimnomalari va og‘zaki taqdimnomalari bayoni ma’ruzaga ilova qilinadi.
Har bir masala bo‘yicha ma’ruza manfaatdor ishtirokchi davlatlarga yuboriladi.
2. Ushbu modda qarorlari ushbu Paktda ishtirok etuvchi o‘nta davlat shu moddaning 1-bandiga binoan bayonot berganidan so‘nggina kuchga kiradi. Bunday bayonotlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi huzurida ishtirokchi davlatlar tomonidan saqlash uchun topshiriladi, Bosh kotib esa ularning nusxalarini boshqa ishtirokchi davlatlarga yuboradi. Bayonot Bosh kotibni xabardor qilgan holda istalgan vaqtda qaytarib olinishi mumkin. Bunday xatti-harakat ma’lumot predmeti sanalgan va mazkur moddaga binoan topshirilgan har qanday masalaning ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilmaydi; agar manfaatdor ishtirokchi davlat yangi bayonot bermasa, Bosh kotib bayonot qaytarib olingani to‘g‘risida xabardor bo‘lganidan so‘ng hech bir ishtirokchi davlatning keyingi biror-bir ma’lumoti qabul qilinmaydi.
42-modda
1. a) 41-moddaga muvofiq Qo‘mitaga topshirilgan biror-bir masala manfaatdor ishtirokchi davlatlarni qoniqtiradigan darajada yechilmagan bo‘lsa, Qo‘mita manfaatdor ishtirokchi davlatlarning oldindan bergan roziligiga binoan maxsus Kelishtiruvchi komissiya (bundan buyon matnda “Komissiya” deb yuritiladi) tayinlashi mumkin. Komissiya mazkur Pakt qoidalariga rioya qilgan holda masalani yaxshilik bilan hal etish maqsadida manfaatdor ishtirokchi davlatlarga xolis xizmat ko‘rsatadi.
b) Komissiya manfaatdor ishtirokchi davlatlarga maqbul bo‘lgan besh nafar shaxsdan iborat bo‘ladi. Agar manfaatdor ishtirokchi davlatlar uch oy mobaynida Komissiyaning to‘liq yoki qisman tarkibi borasida bir to‘xtamga kelolmasa, tayinlanmoqchi bo‘lgan, ammo bir to‘xtamga kelinmagan Komissiya a’zolari yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qo‘mita a’zolarining ko‘pchiligi, ya’ni uchdan ikki qismi ovozi bilan saylanadi.
2. Komissiya a’zolari o‘z vazifalarini shaxsan bajaradi. Ular manfaatdor ishtirokchi davlatlarning yoki ushbu Paktda qatnashmayotgan 41-moddaga binoan bayonot bermagan ishtirokchi davlatning fuqarolari bo‘lishlari mumkin emas.
3. Komissiya o‘z Raisini saylaydi va o‘z shaxsiy tartib-qoidalarini belgilaydi.
4. Komissiya majlislari odatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy muassasalarida yoki Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi bo‘limida o‘tkaziladi. Ammo majlislar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi va tegishli ishtirokchi davlatlar bilan maslahatlashilgan holda Komissiya tomonidan belgilanadigan boshqa qulay joylarda ham o‘tkazilishi mumkin.
5. 36-moddaga muvofiq taqdim etiladigan kotibiyat ushbu modda asosida tayinlanadigan Komissiyaga ham xizmat ko‘rsatadi.
6. Qo‘mita tomonidan olingan va o‘rganilgan axborot Komissiya ixtiyoriga taqdim etiladi va Komissiya ishga aloqador har qanday axborotni taqdim etishlarini so‘rab manfaatdor ishtirokchi davlatlarga murojaat qilishi mumkin.
7. Komissiya masalani to‘liq ko‘rib chiqqanidan keyin, (lekin hamma hollarda ham mazkur masala unga ko‘rib chiqish uchun berilganidan keyin ko‘pi bilan 12 oydan kechikmay) u manfaatdor ishtirokchi davlatlarga yuborish uchun Qo‘mita raisiga ma’ruza taqdim etadi:
a) agar Komissiya o‘n ikki oy mobaynida mazkur masalani ko‘rib chiqishni tugallay olmasa, u o‘z ma’ruzasida o‘sha masalani ko‘rib chiqish qay ahvolda ekanligini qisqacha bayon etish bilan cheklanadi;
b) agar masala mazkur Paktda tan olingan inson huquqlariga rioya etish asosida yaxshilik bilan hal etilgan bo‘lsa, Komissiya o‘z ma’ruzasida dalillar va kelishilgan qarorlarni qisqacha bayon etish bilan cheklanadi;
c) agar “b” kichik bandida ko‘rsatilgan qarorga kelinmagan bo‘lsa, Komissiya ma’ruzasi manfaatdor ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi bahsga aloqador barcha ashyoviy dalillar borasidagi xulosadan va Komissiyaning ushbu masalani yaxshilik bilan hal etish to‘g‘risidagi mulohazalaridan iborat bo‘ladi. Mazkur ma’ruza tarkibiga manfaatdor davlatlarning yozma va og‘zaki taqdimnomalari ham kiritiladi;
d) agar Komissiya ma’ruzasi “s” kichik bandiga muvofiq taqdim etilayotgan bo‘lsa, manfaatdor ishtirokchi davlatlar shu ma’ruzani olganidan so‘ng uch oy muddat ichida ma’ruza mazmuni maqbul yoki nomaqbulligi haqida Qo‘mita raisiga ma’lum qiladi.
8. Ushbu moddaning qarorlari Qo‘mitaning 41-moddada nazarda tutilgan majburiyatlarini kamsitmaydi.
9. Manfaatdor ishtirokchi davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi taqdim etgan smetaga muvofiq Komissiya a’zolarining barcha xarajatlarini baravar ko‘taradilar.
10. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi, agar zarur bo‘lsa, ushbu moddaning 9-bandiga binoan manfaatdor ishtirokchi davlatlar Qo‘mita a’zolarining xarajatini qoplaguncha o‘sha xarajatlarni o‘zi to‘lash huquqiga ega.
43-modda
Qo‘mita a’zolari va 42-moddaga muvofiq tayinlanishi mumkin bo‘lgan maxsus Kelishtiruvchi komissiya a’zolari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining imtiyozlari va immunitetlari haqidagi Konvensiyaning tegishli bo‘limlarida nazarda tutilganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti xizmat safarlariga yuboradigan ekspertlarning imtiyozlari, yengilliklari va immunitetlaridan foydalanish huquqiga ega.
44-modda
Ushbu Paktni amalga oshirish haqidagi qoidalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining konvensiyalari va ixtisoslashtirilgan muassasalarining ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilgan yokiularga muvofiq bo‘lgan inson huquqlari borasidagi taomillarga zarar yetkazilmasdan qo‘llaniladi hamda mazkur Paktda ishtirok etuvchi davlatlarga ular o‘rtasidagi umumiy va maxsus bitimlarga amal qilgan holda nizolarni hal etishda boshqa tartib-qoidalarni qo‘llashga to‘siq bo‘la olmaydi.
45-modda
Qo‘mita Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasiga Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash orqali o‘z ishi haqida yillik ma’ruza taqdim etadi.
V QISM
46-modda
Ushbu Paktdagi hech narsa mazkur Paktga tegishli bo‘lgan predmetlar bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli organlari va ixtisoslashtirilgan muassasalarining tegishli burchlarini aniqlab beradigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining va ixtisoslashtirilgan muassasalar ustavlari qoidalarining ahamiyatini pasaytiradi deb talqin qilinishi mumkin emas.
47-modda
Ushbu Paktdagi hech narsa barcha xalqlarning o‘z tabiiy boyliklari va resurslariga to‘laligicha va erkin egalik qilish hamda ulardan foydalanish borasidagi ajralmas huquqini kamsitadi deb talqin kilinishi mumkin emas.
VI QISM
48-modda
1. Ushbu Pakt Birlashgan Millatlar Tashkilotining yoki uning ixtisoslashtirilgan muassasalarining a’zosi bo‘lgan har bir davlat tomonidan, Xalqaro Sud Statutining ishtirokchisi bo‘lgan har qanday davlat tomonidan va ushbu Paktda ishtirok etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi taklif qilgan har qanday davlat tomonidan imzolash uchun ochiqdir.
2. Ushbu Pakt ratifikatsiya qilinishi kerak. Ratifikatsiya yorliqlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga saqlash uchun topshiriladi.
3. Ushbu Pakt mazkur moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan har qanday davlatning qo‘shilishi uchun ochiqdir.
4. Qo‘shilish haqidagi hujjatni saqlash uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga topshirish orqali qo‘shilish amalga oshiriladi.
5. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi ushbu Paktni imzolagan yoki unga qo‘shilgan barcha davlatlarni har bir ratifikatsiya yorlig‘i yoki qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjat saqlash uchun topshirilganligi haqida xabardor qiladi.
49-modda
1. Ushbu Pakt Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga o‘ttiz beshinchi ratifikatsiya yorlig‘i yoki qo‘shilish haqidagi hujjat saqlash uchun topshirilgan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
2. O‘ttiz beshinchi ratifikatsiya yorlig‘i yoki qo‘shilish haqidagi hujjat saqlash uchun qabul qilinganidan so‘ng ushbu Paktni ratifikatsiya qilgan yoki unga qo‘shilgan har bir davlat uchun mazkur Pakt o‘sha davlatning o‘z ratifikatsiya yorlig‘i yoki qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjati saqlash uchun topshirilgan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
50-modda
Ushbu Pakt qarorlari biror-bir cheklashlarsiz yoki istisnosiz federativ davlatlarning barcha qismlariga nisbatan tatbiq etiladi.
51-modda
1. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi har qanday davlat tuzatishlar taklif qilishi va ularni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga taqdim etishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi so‘ng har qanday taklif etilgan tuzatishni mazkur Paktda ishtirok etuvchi davlatlarga yuboradi va ular ushbu takliflarni ko‘rib chiqish va ular yuzasidan ovoz berish maqsadida ishtirokchi davlatlar konferensiyasini chaqirishni ma’qullashyaptimi yoki ma’qullashmayaptimi ekanligini o‘ziga xabar qilishlarini so‘raydi. Agar ishtirokchi davlatlarning kamida uchdan bir qismi shunday konferensiya chaqirishni ma’qullasa, Bosh kotib Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida bu konferensiyani chaqiradi. Ushbu Konferensiyada ishtirok etib ovoz berishda qatnashuvchi ishtirokchi davlatlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan har qanday tuzatish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
2. Tuzatishlar ularni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tasdiqlagach va ular ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlarning uchdan bir qismi tomonidan qabul qilingach, mazkur davlatlar Konstitutsiyasi tartib-taomillariga asosan kuchga kiradi.
3. Tuzatishlar kuchga kirgan paytdan boshlab, ularni qabul qilgan ishtirokchi davlatlar uchun majburiy bo‘lib qoladi, boshqa ishtirokchi davlatlar uchun esa mazkur Pakt qarorlari va ular ilgari qabul qilgan har qanday tuzatishlarni bajarish majburiy bo‘ladi.
52-modda
48-moddaning 5-bandiga muvofiq qilinadigan bildirishlardan qat’i nazar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi o‘sha moddaning 1-bandida ta’kidlangan barcha davlatlarni quyidagilar xususida xabardor qiladi:
a) 48-moddaga muvofiq imzolashlar, ratifikatsiya qilishlar va qo‘shilishlar haqida;
b) 49-moddaga muvofiq ushbu Paktning kuchga kirish sanasi va 51-moddaga muvofiq har qanday tuzatishlarning kuchga kirish sanasi haqida.
53-modda
1. Ushbu Pakt ingliz, ispan, xitoy, rus va fransuz tillarida tuzilgan va barchasi teng kuchga ega hamda ular Birlashgan Millatlar Tashkiloti arxiviga saqlash uchun topshiriladi.
2. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi ushbu Paktning tasdiqlangan nusxalarini 48-moddada ko‘rsatilgan barcha davlatlarga yuboradi.
(imzolar)