toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning normativ metodiga bosqichma-bosqich o‘tish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2015-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va parametrlari prognozi to‘g‘risida” 2014-yil 4-dekabrdagi PQ-2270-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondidan yanada samarali va oqilona foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida, xizmat ko‘rsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning hamda kasalliklarning yo‘nalishlari bo‘yicha profilli koykalar diapazonini belgilashning normativ metodini 2015-yil 1-maydan boshlab eksperiment tariqasida joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Xizmat ko‘rsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda, markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning hamda kasalliklarning yo‘nalishlari bo‘yicha profilli koykalar diapazonini belgilashning normativ metodi tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2015-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining yangi shtat normativlari ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini ta’minlasin;
ushbu qarordan kelib chiqadigan maqsadlar va vazifalarni nazarda tutgan holda, birinchi navbatda tuman (shahar) darajasida, statsionar xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi statistika hisobi va hisobotlari shakllarini 2015-yil mobaynida qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2016-yil 1-maygacha eksperiment natijalarini umumlashtirsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, xizmat ko‘rsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda, koykalar fondini aniqlashning hamda kasalliklar yo‘nalishlari bo‘yicha profilli koykalar diapazonini belgilashning normativ metodini respublikaning barcha markaziy tuman (shahar) shifoxonalariga tarqatish yuzasidan takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 21-aprel,
95-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 21-apreldagi 95-son qaroriga
ILOVA
Xizmat ko‘rsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning hamda kasalliklarning yo‘nalishlari bo‘yicha profilli koykalar diapazonini belgilashning normativ metodi tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xizmat ko‘rsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning hamda profilli koykalar diapazonini belgilashning normativ metodi tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarining markaziy tuman (shahar) shifoxonalariga (keyingi o‘rinlarda MTSHSH deb ataladi) eksperiment tariqasida tatbiq etiladi.
Ushbu Nizomning amal qilishi pulli asosda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan budjetdan tashqari tushumlar hisobiga ta’minlanadigan MTSHSHning koykalar fondini shakllantirishga tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
koykalar fondi — umuman MTSHSH bo‘yicha ham, profillar (yoki shahar, tumanning barcha jami tibbiyot tashkilotlari) bo‘yicha ham statsionar tibbiy yordam ko‘rsatadigan tibbiyot tashkilotlaridagi (reanimatsiya koykalaridan tashqari) smetadagi koykalar soni;
koykalardan bir yildagi foydalanish normativi — koykalarning bir yilda band bo‘ladigan kunlarining cheklangan sonini belgilovchi ko‘rsatkich;
bemorning koykada bo‘ladigan kunlarining o‘rtacha soni — koykaning bir nafar bemor tomonidan o‘rtacha band bo‘lishini xarakterlovchi ko‘rsatkich;
statsionarda davolangan bemorlar soni — ushbu tibbiyot tashkilotida hisobot davrida joylashtirilgan bemorlarning umumiy sonini aniqlovchi ko‘rsatkich;
profilli koykalar — profillar bo‘yicha kasalliklarning asosiy guruhlariga ko‘ra bemorlarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan koykalar.
II. Kasalliklarning yo‘nalishlari bo‘yicha koykalar fondini hisoblash va profilli koykalar diapazonini belgilash tartibi
4. Kelgusi yil uchun MTSHSHning koykalar fondini aniqlashning normativ metodida quyidagilardan foydalaniladi:
MTSHSHning hisobot davrida (yilida) koykalar fondidan foydalanish, profillar bo‘yicha ko‘rsatilgan statsionar tibbiy yordamning aniq hajmi to‘g‘risidagi, tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi rahbari tomonidan tasdiqlangan hisobot ma’lumotlari;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi organlarining tuman (shahar) aholisining soni hamda jinsi va yoshi bo‘yicha tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlari.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-oktabrdagi 627-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)
5. MTSHSHning koykalar fondini aniqlash quyidagi izchillik bo‘yicha amalga oshiriladi:
MTSHSHning profilli koykalari sonining hisobi;
profilli koykalarning hisoblangan sonidan kelib chiqqan holda umuman MTSHSH bo‘yicha koykalar fondining hisobi.
Kelgusi yil uchun MTSHSHning hisoblab chiqilgan koykalar fondining tarkibi ushbu Nizomning 1-ilovasiga* muvofiq namunaviy shakl bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
6. MTSHSHning profilli koykalari sonini hisoblash xizmat ko‘rsatiladigan aholi sonidan, bemorni joylashtirish koeffitsiyentidan, bemorning koykada bo‘lgan o‘rtacha vaqtidan, shuningdek tegishli profildagi koykadan foydalanishning bir yildagi normatividan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
bunda:
Kelgusi yil uchun MTSHSHning profilli koykalari soni quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
Fpk — kelgusi yil uchun profilli koykalarning hisoblab chiqilgan soni;
Chon — rejalashtirilayotgan yilning 1-yanvarigacha xizmat ko‘rsatiladigan aholining (shahar/tuman) statistika organlari tomonidan tasdiqlangan soni;
Pyed — hisobot yilida tegishli profildagi bitta koykada bemorning bo‘ladigan kunlarining o‘rtacha soni;
Nkd — tegishli profildagi koykadan bir yildagi foydalanish normativi (ushbu Nizomga 2-ilovaga* muvofiq aniqlanadi);
Kgb — xizmat ko‘rsatiladigan har 1000 nafar kishi hisobiga bemorlarni joylashtirish darajasi ko‘rsatkichi quyidagi formula bo‘yicha hisoblab chiqiladi:
bunda:
Pbp — tegishli profil bo‘yicha hisobot davrida davolangan bemorlar soni.
7. Umuman MTSHSH bo‘yicha koykalar fondining hisobi quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
Fok = Fpk1 + Fpk2 + FpkN , bunda:
Fok — umuman MTSHSH bo‘yicha koykalarning hisoblab chiqilgan soni;
Fpk1, Fpk2,FpkN, — kelgusi yil uchun profilli koykalarning ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan formula bo‘yicha hisoblab chiqiladigan soni.
Markaziy shahar shifoxonasining koykalar fondini hisoblab chiqishga misol ushbu Nizomning 3-ilovasida* keltirilgan.
* 1, 2, 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
8. Ta’mirlash-qurish ishlarining amalga oshirilishi sababli bir oydan ko‘p vaqtda koykalardan foydalanilmagan (bo‘sh turgan) holatlarda, MTSHSHning koykalar fondini hisoblab chiqishda ushbu foydalanish vaqti koykaning bir yildagi foydalanish normativlaridan chiqarib tashlanadi.
III. Markaziy tuman (shahar) shifoxonasining profilli bo‘limlarini tashkil etish tartibi
9. MTSHSHning profilli bo‘limlari koykalarning quyidagi minimal soni mavjud bo‘lgan taqdirda tashkil etiladi:
rejali jarrohlik (jarrohlik, oftalmologiya, LOR) va tug‘ruq (ginekologiya, homiladorlar patologiyasi) bo‘limi — kamida 15 ta koyka mavjud bo‘lganda;
terapiya (terapiya, kardiologiya, nevrologiya, endokrinologiya), bolalar va yuqumli kasalliklar bo‘limi — kamida 20 ta koyka mavjud bo‘lganda.
Bunda har qaysi profildagi bo‘limda koykalarning cheklangan soni 40 tadan oshmasligi kerak.
Bir profildagi koykalar 40 ta va undan ko‘p bo‘lgan taqdirda, har bir bo‘limda kamida 20 ta koyka bo‘lishini hisobga olgan holda, bir profildagi ikkita va undan ko‘p bo‘limlar tashkil etilishiga yo‘l qo‘yiladi.
10. Profilli koykalar sonini hisoblab chiqishda yakuniy raqamlar quyidagi tartibda 5 (besh)gacha yiriklashtiriladi yoki 0 (nol) gacha chiqarib tashlanadi:
1 va 2 yakuniy raqamlari 0 gacha chiqarib tashlanadi;
3 va 4 raqamlari 5 raqamigacha yetkaziladi;
6 va 7 raqamlari 5 raqamigacha chiqarib tashlanadi;
8 va 9 raqamlari keyingi o‘n sonigacha yetkaziladi.
11. To‘liq hajmdagi shoshilinch yordamni ta’minlash, shuningdek terapiya, pediatriya va tug‘ruqqa yordam berish profilidagi bo‘limlarning faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida, aholi sonidan va hisoblab chiqish natijalaridan qat’i nazar, har bir bo‘limda kamida 15 ta koyka bo‘lishi kerak.
Qurilma va jihozlashning alohida elementlari mavjud bo‘lishini talab qiladigan alohida nozologiya shakllari bo‘yicha izolyatorlar tashkil etilishini hisobga olgan holda yuqumli kasalliklar koykalari soni, aholi sonidan va hisoblab chiqish natijalaridan qat’i nazar, kamida 20 ta bo‘lishi kerak.
12. MTSHSH rahbari kasalliklarning turlariga va aholi ehtiyojiga ko‘ra, MTSHSHning umumiy fondi doirasida bo‘limlardagi koykalar sonini ko‘paytirish yoki kamaytirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga takliflar kiritishga haqlidir.
13. MTSHSHning koykalar fondini hisoblashda viloyatdagi barcha MTSHSHning koykalari jami sonining kelgusi davr boshidagi sonidan oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
14. Istisno holatlarda, MTSHSHning geografik joylashishiga, tuman (shahar)ning mahalliy sharoitlariga ko‘ra, shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarining koykalarni ko‘paytirishga (80 tadan ko‘p) ehtiyojini aniqlashda Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, ushbu bo‘limlar bazasida, MTSHSH bo‘linmasining maqomini saqlab qolgan holda, alohida yuridik shaxslar tarzida shoshilinch tibbiy yordam xizmati muassasalarini tashkil etishga haqlidir.
15. MTSHSHda anesteziologiya, reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlarini (palatalarini) tashkil etish yoki yopish, shuningdek ulardagi smetadagidan tashqari koykalar sonini belgilash masalalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan reglamentlanadi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
16. Ushbu Nizom normalarini hisobga olgan holda, koykalar fondini aniqlash uchun har bir markaziy tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida tashkiliy-metodik bo‘lim mudiridan, barcha profilli bo‘limlar mudirlaridan, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati rahbaridan va tuman (shahar) moliya organi xodimidan iborat bo‘ladigan maxsus ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi boshlig‘i — MTSHSH rahbari maxsus ishchi guruhning rahbari hisoblanadi.
17. Quyidagilar maxsus ishchi guruhning vazifalari hisoblanadi:
aholining shifoxonaga joylashtirishga bo‘lgan ehtiyojiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bevosita ta’sir ko‘rsatadigan o‘zaro bog‘liq omillarni o‘rganish va baholash;
mintaqa bo‘yicha MTSHSHning koykalar fondini belgilash normativini hisoblashda hisoblashning tasdiqlangan normativlariga rioya etish;
bo‘limlarning profillari bo‘yicha zarur koykalar fondini hisoblab chiqish va MTSHSHning koykalar fondi tarkibini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga tasdiqlash uchun vazirlik belgilaydigan muddatlarda kiritish.
18. MTSHSHning zarur koykalar fondini aniqlash va profilli koykalari diapazonini belgilash normativlariga rioya etilishi uchun tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi rahbari javob beradi.
MTSHSHning zarur koykalar fondini normativ bo‘yicha hisoblab chiqishda va profilli koykalari diapazonini belgilashda foydalaniladigan taqdim etiladigan dastlabki ma’lumotlarning ishonchliligi uchun MTSHSHning tashkiliy-metodik bo‘limi mudiri javob beradi.
19. Xizmat ko‘rsatiladigan aholi sonini hisobga olgan holda, kasalliklarning yo‘nalishlari bo‘yicha profilli koykalar diapazoni belgilanishini nazarda tutuvchi MTSHSHning koykalar fondi normativlarini ko‘rib chiqish va aniqlash, shuningdek normativlar ma’lumotlarini tasdiqlash uchun kiritish maxsus ishchi guruhning protokol qarori bilan rasmiylashtiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 16-son, 196-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)