toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq, yuqori malakali pedagog kadrlarni aniqlash va taqdirlash, ularning faoliyati nufuzini yanada oshirish, oʻqitishning innovatsion texnologiyalarini keng ommalashtirish, pedagogik faoliyatda sogʻlom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratish, oliy taʼlim muassasalari pedagoglarining kasbiy ravnaqini ragʻbatlantirish va mahoratini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining, tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
har yili “Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” umumrespublika tanlovini (keyingi oʻrinlarda tanlov deb ataladi) oʻtkazish;
tanlovni ikki bosqichda: oliy taʼlim muassasasi bosqichida har bir oliy taʼlim muassasasida va respublika bosqichida oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar tanlovni oʻtkazishning asosiy vazifalari etib belgilansin:
a) birinchi — oliy taʼlim muassasasi bosqichida:
tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot, maʼnaviy-maʼrifiy materiallarni qabul qilish va tahlil etish;
tanlov ishtirokchilari tomonidan ochiq darslar oʻtkazilishini tashkil etish va ularning sifatini baholash;
gʻoliblarni aniqlash va ularga tanlovning respublika bosqichida qatnashishi uchun tavsiyanomalar berish;
b) ikkinchi — respublika bosqichida:
tanlov ishtirokchilarining oliy taʼlim muassasalari tomonidan taqdim etilgan tavsiya hujjatlari va taqdimot materiallarini qabul qilish va tahlil etish;
tanlov ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan materiallar taqdimotini tashkil etish va oʻtkazish;
nominatsiyalar boʻyicha tanlov ishtirokchilarini baholash va gʻoliblarini aniqlash;
tanlov gʻoliblarining moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirilishini tashkil qilish;
tanlovning oʻtishi va natijalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish.
3. “Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda 2015-yildan boshlab, tanlovning yuqori tashkiliy darajada oʻtkazilishi uchun amaliy chora-tadbirlarni taʼminlasin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
5. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlarining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 24-fevral,
32-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-fevraldagi 32-son qaroriga
ILOVA
“Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy taʼlim tizimidagi pedagoglar oʻrtasida har yili “Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovini (keyingi oʻrinlarda Tanlov deb ataladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasiga, Bank-moliya akademiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabiga, Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ularning filiallariga, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga, shuningdek, oliy harbiy hamda harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
2. Yuqori malakali pedagoglarni aniqlash va ragʻbatlantirish, pedagogik faoliyatning nufuzini yanada oshirish, taʼlim va tarbiya sohasidagi innovatsiya texnologiyalarini keng ommalashtirish, pedagogik faoliyatda sogʻlom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratish, oliy taʼlim tizimidagi professor-oʻqituvchilarning kasbiy oʻsishi va mahorati oshishini ragʻbatlantirish Tanlovni oʻtkazishning maqsadi hisoblanadi.
3. “Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi bosqichma-bosqich, ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema asosida oʻtkaziladi va quyidagi bosqichlardan iborat boʻladi:
a) Tanlovning oliy taʼlim muassasasi bosqichi, u har bir oliy taʼlim muassasasida oʻtkaziladi;
b) Tanlovning respublika bosqichi.
4. Quyidagilar Tanlovni oʻtkazishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) birinchi — oliy taʼlim muassasasi bosqichida:
Tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot, maʼnaviy-maʼrifiy materiallarni qabul qilish va tahlil etish;
Tanlov ishtirokchilari tomonidan ochiq darslar oʻtkazilishini tashkil etish va ularning sifatini baholash;
gʻoliblarni aniqlash va ularga tanlovning respublika bosqichida qatnashishi uchun tavsiyanomalar berish;
b) ikkinchi, respublika bosqichida:
oliy taʼlim muassasalari tomonidan taqdim etilgan tavsiya hujjatlarini va Tanlov ishtirokchilarining taqdimot materiallarini qabul qilish va tahlil etish;
Tanlov ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan materiallar taqdimotini tashkil etish va oʻtkazish;
nominatsiyalar boʻyicha Tanlov ishtirokchilarini baholash va gʻoliblarini aniqlash;
Tanlov gʻoliblarining moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirilishini tashkil qilish;
Tanlov oʻtishi va natijalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Tanlov ushbu Nizomning 2-ilovasida koʻrsatilgan bilim sohalari boʻyicha, quyidagi nominatsiyalarda oʻtkaziladi:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-oktabrdagi 629-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2020-y., 09/20/629/1359-son)
a) “Mutaxassisligi boʻyicha eng yaxshi pedagog”, bunda tegishli fan (kurs) boʻyicha oʻqitish metodikasiga oid ishlar koʻrib chiqiladi;
b) “Eng yaxshi pedagog-tadqiqotchi”, bunda pedagogning ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarining taʼlim-tarbiya jarayoniga joriy etilishi boʻyicha erishgan yutuqlari koʻrib chiqiladi;
v) “Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qoʻllaydigan eng yaxshi pedagog”, bunda zamonaviy pedagogika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini taʼlim-tarbiya jarayonida samarali qoʻllash sohasidagi ishlar koʻrib chiqiladi.
II.Tanlovning tashkilotchilari va taʼsischilari
Oldingi tahrirga qarang.
6. Tanlovning respublika bosqichini oʻtkazish tashkiliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Tashkiliy qoʻmita deb ataladi) tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan tasdiqlanadi. Tashkiliy qoʻmita tarkibiga tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarning, shuningdek boshqa tashkilotlarning vakillari kiritiladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
7. Quyidagilar Tashkiliy qoʻmitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Tanlovni oʻtkazish muddatlarini belgilash;
Tanlovni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish;
Tanlov doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarni yoritib borish uchun ommaviy axborot vositalarini jalb etish.
8. Tashkiliy qoʻmita, qoidaga koʻra, rais, rais oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita kotibi va aʼzolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Tashkiliy qoʻmita raisi, raisning oʻrinbosari va kotibi uning aʼzolari orasidan saylanadi.
9. Tashkiliy qoʻmita raisi:
Tashkiliy qoʻmita majlis kun tartibini belgilaydi va uni oʻtkazadi;
Tashkiliy qoʻmita qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi.
Tashkiliy qoʻmita aʼzolariga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi.
10. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
Tashkiliy qoʻmita majlislarida koʻrib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashish;
koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha xulosalar taqdim etish.
Tashkiliy qoʻmita faoliyatida ishtirok etish jamoatchilik asosida amalga oshiriladi.
11. Tashkiliy qoʻmita majlisini rais, u boʻlmaganda esa — rais oʻrinbosari boshqaradi.
Tashkiliy qoʻmita majlisi aʼzolarining uchdan ikki qismi qatnashganda vakolatli hisoblanadi.
12. Tashkiliy qoʻmita kotibi:
Tashkiliy qoʻmita majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
Tashkiliy qoʻmita raisi bilan majlisning oʻtkaziladigan joyi va vaqtini kelishadi;
Tashkiliy qoʻmita aʼzolarini majlisning oʻtkazilish sanasi, joyi va kun tartibidan xabardor qiladi;
Tashkiliy qoʻmita majlislarining kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻtkazilishini tashkil etadi;
Tashkiliy qoʻmita majlisi protokollarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangandan soʻng Tashkiliy qoʻmita aʼzolariga va manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
13. Tashkiliy qoʻmita qarori uning aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda Tashkiliy qoʻmita raisining (u boʻlmaganda rais oʻrinbosarining) ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
14. Tashkiliy qoʻmitaning ish tartibi u tasdiqlaydigan Reglament asosida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Quyidagilar Tanlovning taʼsischilari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi;
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ;
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
16. Tanlov taʼsischilari Tashkiliy qoʻmitani zarur jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi va uning samarali ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
III. Tanlovning oliy taʼlim muassasasidagi bosqichini tashkil etish
17. Tanlovning oliy taʼlim muassasasidagi bosqichi har yili 1-aprel — 30-may mobaynida oʻtkaziladi.
18. Tanlovning oliy taʼlim muassasasidagi bosqichi gʻolibi toʻgʻrisidagi qaror oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) tasdiqlaydigan tarkibdagi Tanlov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
19. Tanlov komissiyasi oliy taʼlim muassasasining maʼmuriy-boshqaruv xodimlari, pedagoglari va kasaba uyushma qoʻmitasi vakillaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.
20. Tanlov komissiyasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Tanlovning oliy taʼlim muassasasidagi bosqichi axborot taʼminotini tashkil qiladi;
Tanlov ishtirokchilaridan buyurtmanomalar va materiallarni qabul qilishni tashkil etadi;
mazkur Nizomning 22-bandiga muvofiq Tanlov ishtirokchisi taqdim etgan hujjatlari toʻplamini va oʻtkazgan ochiq mashgʻuloti sifatini baholaydi;
Tanlovning respublika bosqichida ishtirok etishga nomzodlarni tavsiya qilish uchun oliy taʼlim muassasasi bosqichi gʻoliblarining hujjatlari ilova qilingan buyurtmanoma-tavsiyani tayyorlaydi.
Mazkur oliy taʼlim muassasasining kamida 3 yil toʻliq stavka boʻyicha faoliyat yuritayotgan, yoshi, ilmiy darajasi va unvonidan qatʼi nazar, bakalavriat yoki magistratura taʼlim dasturlari boʻyicha kurslardan birida (leksiya, seminar, amaliy yoki laboratoriya) mashgʻulotlari olib borayotgan, Tanlovda ishtirok etish uchun ushbu Nizom talablariga muvofiq hujjatlar topshirgan shtatli pedagogi Tanlov ishtirokchisi boʻlishi mumkin.
21. Tanlovning oliy taʼlim muassasasi bosqichi davomida Tanlov ishtirokchilari 15-apreldan boshlab 5 ish kuni mobaynida Tanlov komissiyasiga oʻzlarining hujjatlar toʻplamini (22-band) qogʻozda va elektron shaklda koʻrib chiqish uchun taqdim etishadi.
22. Tanlov ishtirokchisi Tanlov komissiyasiga quyidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan hujjatlar toʻplamini taqdim etadi:
oliy taʼlim muassasasi kafedra mudirining (Tanlovda kafedra mudiri qatnashgan hollarda tavsiyanoma oʻquv ishlari boʻyicha prorektor (direktor oʻrinbosari) tomonidan beriladi) Tanlov ishtirokchisining oliy taʼlim muassasasidagi pedagogik, kasbiy va jamoat ishlaridagi faoliyati haqidagi maʼlumotlar bayon etilgan ikki betdan oshmaydigan hajmdagi taqdimnomasi;
Tanlov ishtirokchisining pedagogik konsepsiyasi tavsifi (3-6 bet bosma matnli hajmda);
Tanlov ishtirokchisining ahamiyatli boʻlgan oʻquv-uslubiy, ilmiy-uslubiy materiallari yoki ijodiy ishlari, ularga tashqi taqrizlar bilan birga;
turli tanlovlarda faxriy yorliqlar va diplomlar bilan taqdirlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (nusxalari ilova qilinadi);
grantlar asosidagi faoliyatda qatnashganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot, unda grantning nomi, moliyalashtirish hajmi, qatnashishning shakli va darajasi koʻrsatiladi;
konferensiyalardagi ishtiroki haqidagi maʼlumotlar, ularda maqomi va nomi, oʻtkazilgan joyi, shaxsan ishtirok etish darajasi (maʼruzachi, hammaʼruzachi, tashkilotchi) koʻrsatiladi;
xalqaro loyihalar va dasturlardagi ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (nomi, moliyalashtirish manbalari va hajmi, ishtirok etish darajasi koʻrsatiladi);
malaka oshirish, kadrlarni qayta tayyorlash kurslaridan, stajirovkadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi sertifikatlarning va guvohnomalarning nusxalari (mavzusi, soatlar hajmi va oʻtkazilgan joyi koʻrsatiladi);
eʼlon qilingan materiallarining belgilangan tartibda oliy taʼlim muassasasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxati;
bevosita Tanlov ishtirokchisi rahbarligida tanlovlarda, loyihalarda, olimpiadalarda ishtirok etish uchun tayyorlangan talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek uning kasbiy oʻsishi va yutuqlari haqidagi boshqa materiallar.
Hujjatlar toʻplamiga kiritilgan materiallar va axborotlarda Tanlov ishtirokchisining soʻnggi 3 yildagi faoliyatiga doir maʼlumotlar boʻlishi lozim.
23. Tanlovning oliy taʼlim muassasasidagi bosqichi doirasida 25-aprel — 15-may mobaynida Tanlov ishtirokchisi tomonidan akademik guruhda Tanlov komissiyasi vakili ishtirokida ochiq dars oʻtkazilishi kerak, uning yakuni boʻyicha oʻtkazilgan ochiq dars sifatiga mazkur Nizomning 3-ilovasidagi mezonlar asosida tegishli baho qoʻyiladi.
24. Tanlov ishtirokchisi ochiq mashgʻulotning mavzusi, turi va shaklini, shuningdek talabalar guruhini ularning taʼlim yoʻnalishi va tayyorlagan mavzusidan kelib chiqqan holda tanlash huquqiga ega.
25. Tanlov ishtirokchisi Tanlov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
26. Tanlov komissiyasi, hujjatlar toʻplamini va oʻtkazilgan ochiq mashgʻulotlar sifatini baholash natijalarini hisobga olgan holda, mazkur Nizomning 17-bandiga muvofiq har yili 30-maygacha har bir nominatsiya boʻyicha gʻoliblarni (1, 2, 3-oʻrinlarni) aniqlaydi va har bir nominatsiya boʻyicha birinchi oʻrinlarni egallagan gʻoliblar nomzodini Tanlovning respublika bosqichida qatnashish uchun tavsiya etadi.
27. Tanlov komissiyasining qarorlari aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda Tanlov komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
28. Tanlov komissiyasining qarorlari ikki nusxada protokollar bilan rasmiylashtiriladi, ular Tanlovning majlisda qatnashgan barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi. Protokollarda Tanlov komissiyasi aʼzolarining alohida fikrlari qayd etiladi (mavjud boʻlgan taqdirda).
29. Ushbu Nizomning 17-bandida koʻrsatilgan nominatsiyalar boʻyicha 1, 2 va 3-oʻrinlarni egallagan Tanlov ishtirokchilari oliy taʼlim muassasasining faxriy yorligʻi bilan mukofotlanadi hamda tegishli ravishda, egallab turgan lavozimiga koʻra shtat boʻyicha maoshining 1; 0,75 va 0,5 koeffitsiyenti miqdoridagi pul mablagʻlari bilan moddiy ragʻbatlantiriladi.
30. Moddiy ragʻbatlantirish uchun pul mablagʻlari oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori)ning buyrugʻi asosida oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan beriladi.
IV. Tanlovning respublika bosqichini oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
31. Mazkur Nizomning 2-ilovasida koʻrsatilgan har bir bilim sohasi boʻyicha Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblarini aniqlaydigan Tanlov komissiyalarining shaxsiy tarkiblari Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlanadi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-oktabrdagi 629-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2020-y., 09/20/629/1359-son)
32. Oliy taʼlim muassasalari 1-iyundan boshlab 20 ish kuni mobaynida Tashkiliy qoʻmitaga Tanlovning oliy taʼlim muassasa bosqichi doirasida ushbu Nizomning 17-bandida koʻrsatilgan nominatsiyalar boʻyicha 1-oʻrinni egallagan gʻoliblar orasidan respublika bosqichida qatnashishga nomzodlar boʻyicha buyurtmanoma — tavsiyani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi:
Tanlov ishtirokchisining asosiy kasbiy yutuqlarining tavsifidan iborat rezyum;
ishtirokchining tanlov ishi (ochiq mashgʻuloti, mualliflik pedagogik texnologiyasi, pedagogik konsepsiyasining taqdimoti yoki videoroligi);
hujjatlar toʻplami (22-band), unda Tanlov ishtirokchisining familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatiladi.
33. Barcha materiallar qogʻozda va elektron shaklda taqdim etiladi va qaytarib berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
34. Har bir bilim sohasi boʻyicha ishtirokchilarning kelib tushgan hujjatlarini Tanlov komissiyalari 20-iyundan boshlab 20 ish kuni mobaynida koʻrib chiqadi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-oktabrdagi 629-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2020-y., 09/20/629/1359-son)
35. Tanlov dasturi doirasida ishtirokchi oʻzining tanlov ishi taqdimotini namoyish etadi, mazkur jarayonda unga pedagogik mahoratini, kasbiy salohiyatini, ijodiy imkoniyatlari va qiziqishlarini namoyon etish imkoni beriladi.
Taqdimot 2-sentabr — 20-sentabr mobaynida oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
36. Tanlov komissiyalari tanlov ishlari taqdimotini baholashda mazkur Nizomning 4-ilovasidagi mezonlarga amal qiladi. Tanlov komissiyalarining majlislarida bilim sohasi boʻyicha nominatsiyada 1-oʻrinni egallagan Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari 25-sentabrgacha boʻlgan muddatda aniqlanadi. Tanlov komissiyalari majlislari natijalari Tashkiliy qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan protokol bilan rasmiylashtiriladi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-oktabrdagi 629-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2020-y., 09/20/629/1359-son)
Oldingi tahrirga qarang.
37. Tanlov ishtirokchilari Tashkiliy qoʻmita qarori ustidan 3 ish kuni ichida tarkibi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Apellyatsiya komissiyasiga shikoyat kiritishlari mumkin.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Apellyatsiya komissiyasi 5 kishidan iborat tarkibda tashkil etiladi va unga rais rahbarlik qiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga Tashkiliy qoʻmita va hakamlar hayʼati tarkibidan aʼzo kiritilmaydi.
Apellyatsiya komissiyasi arizalarni (shikoyatlarni) koʻrib chiqish jarayoniga jamoatchilik asosida tajribali mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
Ariza (shikoyat) roʻyxatga olingan kundan boshlab 10 ish kunida koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tanlov jarayonlariga oid murojaatni koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
tanlov natijasini oʻzgartirishsiz qoldirish;
tanlov natijasini oʻzgartirish.
Nomzod Apellyatsiya komissiyasining apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha qabul qilgan qarori yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Oldingi tahrirga qarang.
38. Har bir bilim sohasi boʻyicha nominatsiyalarda 1-oʻrinni egallagan Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari faxriy diplomlar bilan mukofotlanadilar va ular Tanlov qatnashchisi lavozim maoshining 5 barobari miqdorida moddiy ragʻbatlantiriladilar. Tanlov yakunlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-oktabrdagi 629-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2020-y., 09/20/629/1359-son)
Oldingi tahrirga qarang.
39. Moddiy ragʻbatlantirish toʻlovi Tashkiliy qoʻmitaning qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʻi bilan Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar oʻzlarining hisobidan tanlov gʻoliblarini qoʻshimcha ravishda pul mablagʻlari bilan moddiy ragʻbatlantirishga haqlidir.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
40. Gʻoliblarni mukofotlash oktabr oyining birinchi oʻn kunligida tantanali vaziyatda oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Har bir bilim sohasi boʻyicha nominatsiyalarda 1-oʻrinni egallagan Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari 3 yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga tegishli lavozimda vazifani bajarib turuvchining bir yillik muddatini oʻtamasdan professor (yoki dotsent) ilmiy unvonlarini olish uchun hujjatlarni taqdim etish huquqiga ega boʻladilar.
(41-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-oktabrdagi 629-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2020-y., 09/20/629/1359-son)
Tanlovning respublika bosqichi gʻolibining faxriy diplomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy unvonlarni belgilangan tartibda berish uchun nashr etilgan darsliklarga, oʻquv qoʻllanmalariga, ilmiy maqolalarga ega boʻlish boʻyicha talablarning bajarilganligiga tenglashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
42. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida Tanlov gʻoliblari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.
(42-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
“Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
“Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovini oʻtkazish
SXEMASI
“Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
“Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi oʻtkaziladigan bilim sohalari va taʼlim sohalari guruhlari

T/r

Bilim sohalari

Tanlov oʻtkaziladigan taʼlim sohalari guruhlari

1.

Gumanitar soha

Pedagogika.

Gumanitar fanlar;

Sanʼat.

Matematika;

Tabiiy fanlar.

2.

Ijtimoiy, iqtisod va huquq sohasi

Sotsiologiya va psixologiya;

Jurnalistika va axborot;

Iqtisod;

Huquq.

3.

Ishlab chiqarish-texnik soha

Muhandislik ishi;

Arxitektura va qurilish.

Ishlab chiqarish texnologiyalari.

Kompyuter texnologiyalari va informatika;

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari.

4.

Qishloq va suv xoʻjaligi sohasi

Qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi;

Qishloq xoʻjaligida menejment;

Qishloq xoʻjaligi texnikasi;

Veterinariya;

Irrigatsiya va melioratsiya.

5.

Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot sohasi

Sogʻliqni saqlash;

Ijtimoiy taʼminot.

6.

Xizmatlar sohasi

Xizmat koʻrsatish;

Transport;

Atrof-muhit muhofazasi;

Hayotiy faoliyat xavfsizligi.

(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-oktabrdagi 629-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2020-y., 09/20/629/1359-son)
“Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

‎Ochiq mashgʻulot sifatini baholash
‎ MEZONLARI
‎_________________________________________________________________
‎(tanlov ishtirokchisining familiyasi, ismi, otasining ismi, ilmiy darajasi
‎va unvoni, lavozimi)
‎Mashgʻulot mavzusi ________________________________________________________ ________________________________________________________________________ Taʼlim yoʻnalishi, mutaxassisligi, kurs, guruh _________________________________ ________________________________________________________________________
‎ Mashgʻulot oʻtkazilgan sana __________________________________________________

T/r ‎

Mashgʻulotni baholash mezonlari‎‎

Baho‎
‎‎1. Mashgʻulotning tashkil etilishi (15 ball)
1.‎ ‎‎Oʻqitishning texnik vositalaridan foydalanish malakasi
2.‎ ‎‎Talabalarni nazorat qilish
3.‎ ‎‎Auditoriyani jalb etish darajasi
‎‎2. Mashgʻulot mazmuni (15 ball)
1.‎ ‎‎Mashgʻulot mazmunining dolzarbligi
2.‎ ‎‎Ilmiy-amaliy yoʻnaltirilganligi
3.‎ ‎‎Avval oʻzlashtirilgan mavzular bilan bogʻliqligi
4.‎ Tavsiya etilgan adabiyotlar sifati (yangiligi va qulayligi)‎‎
5.‎ ‎‎Talabalarning qiziqishlarini va moyilliklarini taʼminlash usullaridan foydalanganligi
‎‎3. Pedagogik madaniyati (20 ball)
1.‎ ‎‎Pedagogning tashqi koʻrinishi
2.‎ ‎‎Oʻzini tutish etikasi
3.‎ ‎‎Nutq madaniyati
4.‎ ‎‎Umumiy eruditsiyasi
5.‎ ‎‎Talabalar bilan muloqoti
‎‎4. Oʻqitish metodikasi (50 ball)
1.‎ ‎‎Materiallarni bayon etishdagi aniqlilik, mantiqiy tuzilganlik va izchillik
2.‎ ‎‎Xorijiy tillardagi oʻquv materiallaridan foydalanish darajasi
3.‎ Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish darajasi‎‎‎

4.‎

‎‎Mashgʻulotning maqsadiga erishganlik

5.‎

‎‎Mashgʻulotning tarbiyaviy yoʻnaltirilganligi

‎‎JAMI (maksimal ball — 100):

Tanlov komissiyasi aʼzolari ‎‎

_____________‎‎

__________________‎‎

(imzo) ‎‎

(F.I.O.)‎‎

_____________‎‎ ‎‎

__________________‎‎

(imzo) ‎‎ ‎‎

(F.I.O.)‎‎ ‎‎

‎‎Ochiq mashgʻulotni baholash koʻrsatkichlari:
‎‎“qoniqarsiz” —‎ ‎0 — 55 ball;
‎‎“qoniqarli” —‎ ‎‎56 — 70 ball;
‎‎“yaxshi” —‎ ‎‎71 — 86 ball;
‎‎“aʼlo” —‎ ‎‎87 — 100 ball.
“Oliy taʼlim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
Tanlov ishlarini baholash
MEZONLARI
T/r‎

Mezonlar‎

Ballar miqdori‎
1.‎

Pedagogik konsepsiyaning aniq qoʻyilishi, uning taʼlim rivojlanishining zamonaviy bosqichidagi asosiy anʼanalariga mosligi ‎

0 — 2 (2 — toʻliq mos keladi;
‎1 — qisman mos keladi;
‎ 0 — mos kelmaydi) ‎
2.‎

Ilmiy-pedagogik gʻoyalarni kasbiy faoliyatida amalga oshirish darajasi‎

0 — 2 (2 — toʻliq oshirilgan;
‎ 1 — qisman oshirilgan;
‎0 — amalga oshirilmagan) ‎
3.‎

Taqdimotning mantiqiyligi va yaxlitligi, asosiy gʻoyalarning shakllantirilganligi, oʻz fikrlarini bayon etish qobiliyati‎

0 — 2 (2 — talab darajasida;
‎1 — qisman talab darajasida;
‎0 — talabga javob bermaydi) ‎
4.‎

Taqdimot shakli, fikrlar yaxlitligi, oʻziga xoslik, estetik bezak, texnik jihatdan tayyorlanganlik darajasi‎

0 — 2 (2 — talab darajasida;
‎1 — qisman talab darajasida;
‎0 — talabga javob bermaydi) ‎
5.‎ Kasbiy kompetentligi‎ 0 — 3 (3 — aʼlo darajada;
‎2 — yaxshi darajada;
‎1 — qoniqarli darajada;
‎ 0 — qoniqarsiz) ‎
6.‎

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va xorijiy tillarni oʻzlashtirganlik darajasi, ulardan kasbiy faoliyatida foydalanish malakasi‎

0 — 3 (3 — yetarli darajada;
‎2 — faqat bitta mezon boʻyicha yetarli darajada;
‎1 — yetarli emas;
‎0 — umuman bilmaydi)
7.‎ Taqdimot reglamentiga rioya etilishi‎ 0-1 (1 — rioya etilgan;
‎0 — rioya etilmagan) ‎
Ballarning maksimal miqdori‎ 15‎

Taqdimotning davom etish muddati — 10 — 15 daqiqagacha.

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 8-son, 94-modda; 2017-y., 19-son, 345-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son, 22.10.2019-y., 09/19/886/3941-son; 08.10.2020-y., 09/20/629/1359-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son; 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)