1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.05.00 Mahsulot sifati. Standartlashtirish. Sertifikatlashtirish. Metrologiya. Tovarlar markirovkasi. Aksizlar (shuningdek, 09.07.00.00ga qarang);
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.22.00 Oziq-ovqat sanoati / 09.10.22.01 Alkogol va tamaki mahsulotlari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Sanoat]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Alkogolli mahsulotlarga va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyuldagi 313-sonli “Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2006-yil 7-noyabrdagi PQ-505-son qaroriga muvofiq hamda alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari noqonuniy ishlab chiqarilishi va sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2015-yil 1-apreldan boshlab alkogolli mahsulotlarga va tamaki mahsulotlariga dizayni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan, himoyaning qo‘shimcha darajalariga ega bo‘lgan yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilsin.
2. Belgilansinki, eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan hamda ulgurji va chakana savdo tarmog‘idagi alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kundan boshlab to‘qqiz oy o‘tgach markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi 2016-yil 1-yanvardan boshlab eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari olib kirilishi, ishlab chiqarilishi hamda ularning ulgurji va chakana savdo tarmog‘ida sotilishini aniqlash hamda oldini olish, shuningdek ushbu mahsulotlarni belgilangan tartibda olib qo‘yish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi to‘g‘risidagi zarur axborotni alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlarini import qiluvchilar e’tiboriga yetkazsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi to‘g‘risidagi zarur axborotni alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va savdo korxonalari e’tiboriga yetkazsinlar;
yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlarini olib borsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 11-fevral,
20-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 6-son, 65-modda)