Sanoat korxonalari va qurilish tashkilotlarining barqaror faoliyatini va ularning quvvatlaridan yuqori darajada foydalanishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi 1013-sonli “Davlat ishtirokidagi korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, ishlab chiqarishlarni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilashning tasdiqlangan tarmoq dasturlari, shuningdek mintaqalarning sanoat salohiyatini oshirishga doir hududiy dasturlar doirasida sanoatning barqaror yuqori oʻsish surʼatlari soʻnggi 5 yil mobaynida oʻrtacha 108,3 foiz boʻlishi, uning tarkibini diversifikatsiyalash va tarmoqlarning ishlab chiqarilayotgan raqobatbardoshli mahsulotlari turlarini kengaytirish taʼminlanmoqda.
Iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgartirishlar jarayonlarini chuqurlashtirishga yoʻnaltirilgan faol investitsiya siyosati, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining foydalanishga topshirilishi, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarining rivojlantirilishi natijasida keyingi yillarda pudrat qurilish ishlari hajmi har yili oʻrtacha 10,0 foizdan ortiq surʼatlar bilan oʻsmoqda.
Yaratilgan va yangidan ishga tushirilayotgan ishlab chiqarish quvvatlaridan yuqori darajada foydalanish hisobiga ulardan yanada samarali foydalanish, korxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2015-yildan boshlab mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, mikrofirmalardan tashqari sanoat va qurilish sohasidagi barcha korxonalar boʻyicha ular faoliyatining asosiy ishlab chiqarish va moliyaviy parametrlarini aks ettiruvchi korxonalar pasportlarini (keyingi oʻrinlarda korxona pasporti deb ataladi) 1 va 2-ilovalarga* muvofiq namunaviy shakllarga binoan har yili rasmiylashtirish tartibi joriy etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
korxonalar faoliyati xususiyatlarini hisobga olgan holda ularning pasportini toʻldirish metodologiyasini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
sanoat va qurilish sohasidagi korxonalarga pasportlarning namunaviy shakllarini va ularni toʻldirish metodologiyasini yetkazsinlar.
3. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek ularning tarkibiga kirmaydigan korxonalar:
2014-yilgi maʼlumotlar kiritilgan pasportlarning 2015-yil 1-aprelgacha boʻlgan muddatda rasmiylashtirilishini hamda Internet tarmogʻi orqali, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining dasturiy-texnologik vositalaridan foydalangan holda statistika organlariga taqdim etilishini, shuningdek oʻzlarining mavjud rasmiy veb-saytlarida ularning joylashtirilishini taʼminlasinlar;
kelgusida yangidan tashkil etilgan korxonalar boʻyicha pasport rasmiylashtirilishini hamda ishlab turgan korxonalar boʻyicha pasportlarning asosiy parametrlari yangilanishini, ularning davlat statistika organlariga taqdim etilishini va keyinchalik rasmiy veb-saytlarda joylashtirilishini har yili 1-aprelgacha taʼminlasinlar.
4. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda korxonalar rahbarlari zimmasiga:
korxonalar pasportlarining oʻz vaqtida rasmiylashtirilishi, ulardagi maʼlumotlarning toʻliqligi va ishonchliligi;
korxonalarning pasportlarida belgilangan ishlab chiqarish tavsifnomalariga muvofiq quvvatlardan yuqori darajada foydalanilishini va korxonalarning barqaror moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
5. Quyidagi tartib belgilansin, unga koʻra:
davlat statistika organlari amaldagi statistika hisoboti shakllari doirasida korxonalar pasportlaridagi asosiy parametrlarning dinamikasi toʻgʻrisidagi davriy maʼlumotlarni shakllantiradilar, keyinchalik tahliliy ishlarni amalga oshirish uchun ularni 3-ilovaga* muvofiq sxema boʻyicha vakolatli davlat organlariga taqdim etadilar;
korxonalar pasportlari boʻyicha davriy statistika maʼlumotlari asosida Vazirlar Mahkamasi komplekslari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, vazirliklar va idoralar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda, zarar koʻrib ishlayotgan, past rentabelli va quvvatlardan past darajada foydalanayotgan korxonalarning quvvatlaridan toʻliq foydalanishni va ularning barqaror moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini taʼminlash yuzasidan har yili dasturlar — “yoʻl xaritalari” ishlab chiqiladi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan zarar koʻrib ishlayotgan, past rentabelli va quvvatlardan past darajada foydalanayotgan sanoat va qurilish sohasidagi korxonalardagi aksiyalarning (ulushlarning) davlat paketlari ushbu korxonalar aksiyadorlari (muassislari) bilan kelishgan holda, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida xususiy mulkdorlarga “nol” xarid qiymati boʻyicha, ularning negizida ishlab chiqarish faoliyatini va ish oʻrinlarini tiklashga doir investitsiya majburiyatlari qabul qilish sharti bilan sotiladi, respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan korxonalar bundan mustasno.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-maydagi 137-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 21-son, 270-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan zarar koʻrib ishlayotgan, past rentabelli va quvvatlardan past darajada foydalanayotgan korxonalardagi aksiyalarning (ulushlarning) davlat paketlarini “nol” xarid qiymati boʻyicha sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ushbu qarorning 3-bandiga muvofiq har yili korxonalar pasportlari shakllantirilgandan keyin sanoat va qurilish sohasidagi ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan zarar koʻrib ishlayotgan, past rentabelli va quvvatlardan past darajada foydalanayotgan korxonalardagi aksiyalarning (ulushlarning) davlat paketlarini, ushbu korxonalar aksiyadorlari (muassislari) bilan kelishgan holda, xususiy mulkdorlarga “nol” xarid qiymati boʻyicha sotish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin, respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan korxonalar bundan mustasno.
7. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan zarar koʻrib ishlayotgan, past rentabelli va quvvatlardan past darajada foydalanayotgan korxonalar negizida samarali ishlab chiqarishlar tashkil etish uchun zamonaviy menejment tajribasiga ega boʻlgan potensial investorlarni jalb qilish yuzasidan tadbirlar kompleksini amalga oshirsinlar.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 33-son, 863-modda)
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 26-yanvar,
11-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 4-son, 41-modda, 21-son, 270-modda; 2016-y., 34-son, 405-modda; 2017-y., 33-son, 863-modda)