toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 27.01.2020
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2014-yil 29-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2014-yil 13-noyabrda maʼqullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-598-sonli “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2020-yil 27-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan “Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi 719-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 10-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2012-yil, № 12, 336-modda) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2014-yil 10-dekabrdagi 238 (6168)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 9-dekabr,
OʻRQ-380-son
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida
(yangi tahriri)
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi investitsiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
investitsiyalar — qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat obyektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy neʼmatlar hamda ularga boʻlgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulkka boʻlgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar;
investor — investitsiya faoliyati obyektlariga oʻz mablagʻlarini investitsiya qilishni va boshqa investitsiya resurslarini jalb etishni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati subyekti;
investitsiya majburiyati — investitsiya loyihasida nazarda tutilgan muayyan maqsadlarga erishish uchun investorning oʻzi qabul qiladigan majburiyati;
investitsiya faoliyati — investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq harakatlari majmui;
investitsiya faoliyati ishtirokchisi — investorning buyurtmalari bajarilishini taʼminlovchi investitsiya faoliyati subyekti;
reinvestitsiyalar — investitsiyalardan olingan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat obyektlariga kiritiladigan har qanday daromad, shu jumladan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik haqi, texnik yordam, texnik xizmat koʻrsatish uchun toʻlovlar hamda boshqa shakldagi mukofotlar.
 LexUZ sharhi
Shuningdek, qarang: Oʻzbeksiton Respublikasining “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasining ikkinchi qismi.
4-modda. Moʻljallangan obyektiga koʻra investitsiyalarning turlari
Investitsiyalar moʻljallangan obyektiga koʻra kapital, innovatsiya va ijtimoiy investitsiyalarga boʻlinadi.
Kapital investitsiyalarga asosiy fondlarni vujudga keltirish va takror ishlab chiqarishga, shu jumladan yangi qurilishga, modernizatsiyalashga, rekonstruksiya qilishga, texnik jihatdan qayta jihozlashga, shuningdek moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kiradi.
Innovatsiya investitsiyalariga yangi yoki takomillashtirilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni), ishlab chiqarish jarayonini, tadbirkorlik faoliyatini yuritishda yangi marketing uslubini yoki tashkiliy uslubni ishlab chiqish va oʻzlashtirishga kiritiladigan investitsiyalar kiradi.
Ijtimoiy investitsiyalarga inson salohiyatini, koʻnikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini oshirishga, shuningdek nomoddiy neʼmatlarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kiradi.
5-modda. Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari
Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari quyidagilardan iborat:
yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli ishtirok etish, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar olish;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qogʻozlarni, shu jumladan qarz majburiyatlarini olish;
konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga boʻlgan konsessiyalarni olish;
qonun hujjatlariga muvofiq mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga, shuningdek savdo obyektlari va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlariga, ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga, mulk huquqini olish;
yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish hamda ulardan foydalanish (shu jumladan ijara asosida) huquqini olish.
Investitsiyalar qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiyalarning birlamchi yoki takroran kiritiladigan shakllari oʻzgartirilishi ularning investitsiya sifatidagi darajasi oʻzgarishiga olib kelmaydi.
6-modda. Investitsiya loyihasi
Investitsiya loyihasi iqtisodiy, ijtimoiy naf va boshqa yoʻsindagi naf olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga yoxud jalb etishga qaratilgan, oʻzaro bogʻliq boʻlgan tadbirlar kompleksi yoki alohida tadbirdir.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 26-iyuldagi OʻRQ-488-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2018-y., 03/18/488/1579-son)
Investitsiya loyihasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
loyihalashtirishga texnik topshiriqni ishlab chiqish;
investitsiya loyihasining loyihalovchisini aniqlash;
loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish;
investitsiya loyihasini roʻyobga chiqarish maqsadida ishlarni amalga oshirish texnologiyalarini, uskunalarini va uslublarini aniqlash;
moliyalashtirish manbalarini aniqlash;
investitsiya faoliyati ishtirokchilarini aniqlash;
investitsiya faoliyati ishtirokchilari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa organlar bilan birgalikda loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish hamda kelishib olish, shu jumladan investitsiya loyihasining moliyaviy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik foydasini baholash;
investitsiya loyihasini roʻyobga chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
loyihaoldi va loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan shartlarga, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq uskunalarni yetkazib beruvchini aniqlash va pudratchi tashkilotni tanlash;
investor va investitsiya faoliyati ishtirokchilari tomonidan investitsiya loyihasi boʻyicha qabul qilingan majburiyatlar hamda erishilgan kelishuvlarni bajarish, shu jumladan moliyalashtirishni amalga oshirish, uskunalarni yetkazib berish, montaj qilish hamda ishga tushirish-sozlash, qurilish va montaj ishlarini bajarish, investitsiya loyihasini roʻyobga chiqarishdan olingan foydani taqsimlash;
investor va investitsiya faoliyati ishtirokchilari hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa organlar tomonidan investitsiya loyihasi roʻyobga chiqarilishining borishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan tadbirlarning amalga oshirilishi zaruriyati va ketma-ketligi investitsiya faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-dekabrdagi PQ-3437-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-son qarori bilan tasdiqlagan “Investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kompleks ekspertizadan oʻtkazish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom”.
7-modda. Investitsiya resurslari
Investitsiya resurslariga quyidagilar kiradi:
pul va boshqa moliyaviy mablagʻlar, shu jumladan kreditlar, paylar, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar;
koʻchar va koʻchmas mol-mulk (binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa moddiy qimmatliklar) hamda ularga boʻlgan huquqlar;
intellektual mulk obyektlari, shu jumladan texnikaviy hujjatlar tarzida tuzilgan texnikaga, texnologiyaga, tijoratga oid va boshqa bilimlar, u yoki bu turdagi ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalar va ishlab chiqarish tajribasi majmui, nou-xau;
yerga va boshqa tabiiy resurslarga, binolarga, inshootlarga, uskunalarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqi, shuningdek mulk huquqidan kelib chiquvchi boshqa ashyoviy huquqlar.
Investitsiya resurslariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qimmatliklar ham kiritilishi mumkin.
8-modda. Investitsiya faoliyati obyektlari
Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat obyektlari investitsiya faoliyati obyektlaridir.
 LexUZ sharhi
Masalan: Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi oʻttiz va undan ortiq foizni tashkil etgan yuridik shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari taʼsis etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Barpo etilishi va foydalanilishi qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablariga va boshqa talablarga javob bermaydigan, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan obyektlarga investitsiya kiritish taqiqlanadi.
9-modda. Investitsiya faoliyati subyektlari
Quyidagilar investitsiya faoliyati subyektlari (investorlar va investitsiya faoliyati ishtirokchilari) boʻlishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari (jismoniy shaxslar), Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxslar;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari;
chet el davlatlari, chet el davlatlarining maʼmuriy yoki hududiy organlari, xalqaro tashkilotlar hamda chet ellik yuridik shaxslar va fuqarolar, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar.
Investorlar qonun hujjatlariga muvofiq buyurtmachi (mablagʻ kirituvchi), kreditor, sotib oluvchi sifatida ish yuritishi, shuningdek investitsiya faoliyati ishtirokchisi vazifalarini bajarishi mumkin.
Investitsiya faoliyati ishtirokchilari investor bilan tuzilgan shartnoma asosida investorning buyurtmasini bajaruvchi sifatida ish yuritadi.
10-modda. Investorning huquqlari
Investor:
investitsiya kiritish hajmlarini, turlarini, shakllarini va uni amalga oshirish yoʻnalishlarini mustaqil ravishda belgilashga;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun, qoida tariqasida, tanlov (tender) savdolari natijalariga koʻra yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzishga;
oʻz investitsiyalariga hamda investitsiya faoliyati natijalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etishga;
investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadni soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin mustaqil va erkin tasarruf etishga;
mulk huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkdan va har qanday mulkiy huquqlardan oʻz zimmasiga olgan barcha turdagi majburiyatlarining, shu jumladan qonun hujjatlariga muvofiq qarz mablagʻlarini jalb etishga qaratilgan majburiyatlarining taʼminoti sifatida foydalanishga;
oʻz investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya qilingan taqdirda mutanosib ravishda kompensatsiya olishga;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari natijasida yetkazilgan zararlarni undirishga haqli.
Investor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Shuningdek qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasining “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
11-modda. Investorning majburiyatlari
Investor:
qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashi;
investitsiya kiritishi munosabati bilan oʻz zimmasiga olgan shartnoma majburiyatlarini bajarishi;
investitsiya loyihalarining sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablariga va boshqa talablarga rioya etilishiga taalluqli qismi boʻyicha ekspertiza xulosasini olishi;
shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi tufayli investitsiya faoliyati ishtirokchisiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻz vakolatlari doirasida qoʻyadigan talablarini bajarishi shart.
Investorning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Shuningdek qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi Qonunining 11-moddasi.
12-modda. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining huquqlari
Investitsiya faoliyati ishtirokchisi:
tanlov (tender) savdolarining ishtirokchisi boʻlishga;
investorlar bilan ularning buyurtmalarini bajarish uchun shartnomalar tuzishga;
agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, investor oldidagi oʻz shartnoma majburiyatlarini bajarishga boshqa shaxslarni jalb etishga;
agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, investitsiya faoliyati obyektining haqiqiy qiymatini pasaytirish natijasida erishilgan tejamni mustaqil ravishda tasarruf etishga haqli.
Investitsiya faoliyati ishtirokchisi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13-modda. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining majburiyatlari
Investitsiya faoliyati ishtirokchisi:
qonun hujjatlarida belgilangan texnik jihatdan tartibga solish normalari, qoidalari va talablariga rioya etishi;
shartnomalarni oʻz vaqtida va lozim darajada bajarishi;
shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi tufayli investorga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻz vakolatlari doirasida qoʻyadigan talablarini bajarishi;
mablagʻlardan belgilangan maqsadda foydalanishi;
litsenziyalanishi lozim boʻlgan faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-maydagi 222-II-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati”.
Investitsiya faoliyati ishtirokchisining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
14-modda. Investitsiya faoliyatida narx belgilash
Investitsiya faoliyati jarayonida tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati tanlov (tender) savdolari natijalariga koʻra, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar orqali belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 356-moddasi.
Investitsiya faoliyati subyekti bozorda ustun mavqeni egallagan hollarda narxlar vakolatli davlat organi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-bobi (“Savdolarni va iqtisodiy konsentratsiyani monopoliyaga qarshi tarzda tartibga solish”) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-sonli “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
15-modda. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish:
investitsiya faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
asosiy fondlarning jadal amortizatsiya qilinishi huquqini berish;
texnik jihatdan tartibga solish normalari, qoidalari va talablarini belgilash;
raqobatni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralarni qoʻllash;
kredit siyosatini va narx belgilash siyosatini oʻtkazish;
yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish hamda ulardan foydalanish shartlarini belgilash;
investitsiya loyihalarini ekspertiza qilish mexanizmlarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan investitsiya loyihalarining roʻyobga chiqarilishini monitoring qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
(15-moddaning birinchi qismi toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 26-iyuldagi OʻRQ-488-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2018-y., 03/18/488/1579-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-son qarori bilan tasdiqlagan “Investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kompleks ekspertizadan oʻtkazish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom”.
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yoʻllar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
16-modda. Investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirish
Davlat investitsiya faoliyatini quyidagi yoʻllar bilan ragʻbatlantiradi:
investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun qulay investitsiya muhitini yaratish;
investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek faoliyat turiga va investitsiya hajmlariga qarab har bir alohida holat uchun belgilanadigan muddatlarga preferensiyalar berish;
erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish;
xalqaro shartnomalar tuzish.
17-modda. Markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan investitsiyalar
Markazlashtirilgan investitsiyalar:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari mablagʻlari hisobidan;
Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida chet el investitsiyalari va kreditlarni, zayomlarni jalb etish hisobidan amalga oshiriladi.
Markazlashtirilgan investitsiyalarni boshqarish davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Markazlashtirilgan investitsiyalar asosan mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yoʻnalishlarida davlat maqsadli dasturlarini roʻyobga chiqarishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida ajratiladi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida qabul qilinadi.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar quyidagilardir:
investorning oʻz mablagʻlari;
banklarning kreditlari, shu jumladan chet el banklaridan Oʻzbekiston Respublikasining kafolatisiz olingan kreditlar;
toʻgʻridan toʻgʻri chet el investitsiyalari.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalar hisobidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni boshqarish investor tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
18-modda. Investitsiyalarni amalga oshirish boʻyicha qarorlar qabul qilish
Markazlashtirilgan investitsiyalarni amalga oshirish boʻyicha qarorlar mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir taxminlar, ilmiy-texnikaviy va keng koʻlamli davlat maqsadli dasturlari hamda ushbu investitsiyalarning maqsadga muvofiqligini aniqlovchi texnikaviy-iqtisodiy asoslarga binoan davlat organlari tomonidan qabul qilinadi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik boʻlgan keng koʻlamli davlat maqsadli dasturlarining loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
(18-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 26-iyuldagi OʻRQ-488-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2018-y., 03/18/488/1579-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiyalar hajmlarini tasdiqlaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksi 97-moddasining ikkinchi qismi.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni amalga oshirish boʻyicha qarorlar investor tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinadi.
19-modda. Investitsiyalarni joylashtirish
Markazlashtirilgan investitsiyalarni joylashtirish, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida tanlov (tender) savdolari natijalariga koʻra amalga oshiriladi.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni joylashtirish belgilangan tartibda investor tomonidan amalga oshiriladi.
20-modda. Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari — bu uzoq muddatli istiqbol uchun tasdiqlanadigan, tarmoq, hududiy va maqsadli rivojlanish konsepsiyalari asosida shakllantirilgan hamda mamlakat iqtisodiyotini barqaror va izchil rivojlantirishga erishishga, mavjud tabiiy, mineral-xomashyo, moliyaviy, moddiy, mehnat resurslaridan va boshqa resurslardan oqilona foydalanish yoʻli bilan mamlakat iqtisodiyotining ayrim tarmoqlari hamda mintaqalarini tuzilmaviy jihatdan oʻzgartirish boʻyicha asosiy ustuvorliklar va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlgan choralar majmuidir.
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari tasdiqlangan rivojlantirish konsepsiyalari asosida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning umumdavlat dasturlari bajarilishini taʼminlash maqsadida uch yillik muddatga shakllantirilib, bunda investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish muddatlari hamda moliyalashtirish manbalari hisobga olinadi, ularning asosiy koʻrsatkichlari har yili aniqlashtirib va yangilab boriladi. Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish manbalari qonun hujjatlarida belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
(20-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 26-iyuldagi OʻRQ-488-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2018-y., 03/18/488/1579-son)
21-modda. Investitsiya loyihalarining ekspertizasi
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari mablagʻlari hisobidan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida chet el investitsiyalarini jalb etgan holda moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda majburiy davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi shart.
(21-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 26-iyuldagi OʻRQ-488-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2018-y., 03/18/488/1579-son)
Boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarining sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablari va boshqa talablar bajarilishiga taalluqli qismi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi lozim.
Kichik tadbirkorlik subyektlarining banklar kredit resurslari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari mazkur investitsiya loyihalarini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tijorat banklari tomonidan ekspertiza qilinishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida roʻyobga chiqariladigan investitsiya loyihalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekspertiza qilinishi lozim.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-sonli “Tender, loyiha, loyiha oldi hujjatlar va kontraktlarni ekspertizadan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni.
22-modda. Investitsiya fondlari
Investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida tegishli investitsiya fondlari tuzilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunining 29-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 25-sentabrdagi 410-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya fondlari toʻgʻrisida”gi nizom.
23-modda. Investitsiya faoliyati subyektlari huquqlarining kafolatlari
Davlat investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlarini kafolatlaydi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati subyektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati subyektlarining faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasa, ular oʻzlari vakolatli boʻlgan va aniq qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bogʻliq choralarni koʻrishi mumkin. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan investitsiya faoliyati subyektlarining boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki faoliyatini cheklash uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Ushbu moddaning qoidalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq belgilanadigan, Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini taʼminlash bilan bevosita bogʻliq boʻlgan qonun hujjatlarini qabul qilish, ularga oʻzgartishlar, qoʻshimchalar kiritish yoki ularni bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
24-modda. Investitsiyalarni himoya qilish
Davlat investitsiyalarning himoya qilinishini kafolatlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasida investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari natsionalizatsiya qilinmaydi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 202-moddasi.
Investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari rekvizitsiya qilinmaydi, tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar va favqulodda xususiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar bundan mustasno.
Investitsiyalarni rekvizitsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror:
ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan hollardan kelib chiquvchi vazifalarni hal etish uchun zarur boʻlgan investitsiyalarning yoki investorlar boshqa aktivlarining eng kam miqdori bilan cheklanadigan;
kamsitilmaydigan asosda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan;
yetkazilgan zararga mutanosib ravishda kompensatsiya toʻlanadigan rekvizitsiya boʻyicha talablarga rioya etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Davlat mazkur kompensatsiya toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilishiga kafil boʻladi.
Investor investitsiyalarni rekvizitsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan sud tartibida nizolashishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 203-moddasi.
Investitsiyalarni va investorlarning tavakkalchiliklarini sugʻurtalash ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 52-bobi (“Sugʻurta”).
25-modda. Mablagʻlardan foydalanish kafolatlari
Investitsiya faoliyati subyektining investitsiya faoliyati natijasida olingan foydasi (daromadi) soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin uning xohishiga koʻra reinvestitsiya qilinishi yoki undan boshqa har qanday usulda foydalanilishi mumkin.
Investitsiya faoliyati subyekti tomonidan olingan qimmatli qogʻozlar, uning maqsadli bank omonatlari, shuningdek olingan mol-mulkning qiymati yoki ijara uchun toʻlovlarning oʻrni ular olib qoʻyilgan (rekvizitsiya qilingan) hollarda, ushbu subyektga qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi (kompensatsiya qilinadi).
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: mazkur Qonun 24-moddasining uchinchi va toʻrtinchi qisimlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 203-moddasi.
Investitsiya faoliyati subyektining hisobvaraqlaridan foydalanishni cheklab qoʻyish yoki mablagʻlarni majburan olib qoʻyish qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunnig 28-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 42-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 27-bobi (“Huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish”).
26-modda. Investitsiyalarning qoʻshimcha kafolatlari va ularni himoya qilish choralari
Investitsiyalarning qoʻshimcha kafolatlari va ularni himoya qilish choralari Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlar berishni, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda koʻmaklashishni, maxsus soliq va toʻlov rejimi yaratilishini, investitsiya loyihalari roʻyobga chiqarilishining davlat monitoringi oʻtkazilishini va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa choralarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Investitsiyalarning qoʻshimcha kafolatlari va ularni himoya qilish choralari investitsiya faoliyati subyektlariga qonun hujjatlariga muvofiq beriladi.
27-modda. Ochiq axborotdan erkin foydalanish
Investitsiya faoliyati subyektlari manfaatlariga muayyan tarzda daxldor boʻlgan umummajburiy xususiyatga ega qonun hujjatlari ular uchun erkin foydalanishda boʻlishi lozim.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari investitsiya faoliyati subyektlarining oʻz investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni ularning soʻrovlariga koʻra, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda taqdim etishi shart.
 LexUZ sharhi
Shuningdek, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasi.
28-modda. Investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish
Investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish investorning qaroriga, vakolatli davlat organining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilingan qaroriga yoki sudning qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi qaror:
investor qonunda belgilangan tartibda bankrot deb eʼlon qilingan yoki bankrot deb topilgan;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan;
qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablari va boshqa talablar, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar investitsiya faoliyati davomida aniqlangan hollarda qabul qilinishi mumkin.
Investitsiya faoliyatini tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatib turishga yoki tugatishga olib keladigan tarzda cheklash, toʻxtatib turish (favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda investitsiya faoliyatini oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari bundan mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 42-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksining 27-bobi (“Huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish”).
Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan hollarda investitsiya faoliyati subyektiga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
29-modda. Nizolarni hal etish
Investitsiya faoliyatini amalga oshirish davomida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
30-modda. Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, investitsiya faoliyati subyekti oʻziga yetkazilgan zararning, shu jumladan boy berilgan foydaning oʻrni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish huquqiga egadir.
 LexUZ sharhi
Shuningdek, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi (“Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar”).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 50-son, 587-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2018-y., 03/18/488/1579-son)