toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 06.08.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SOLIQ TO‘LOVCHILARNING IDENTIFIKATSIYA RAQAMLARINI QO‘LLASH SOHASINI KENGAYTIRISH TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-avgustdagi 480-sonli “Vazirlar Mahkamasining “Soliq to‘lovchilarni hisobga qo‘yish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2022-yil 2-apreldagi 150-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Soliq qonunchiligiga rioya qilinishi ustidan nazorat mexanizmini takomillashtirish, soliq organlari ishi samaradorligini oshirish, ularning yangi axborot texnologiyalarini qo‘llashlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami berilmagan barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan soliqlar va davlat budjetiga boshqa majburiy to‘lovlardan ozod etilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar 1999-yil 1-aprelgacha belgilangan tartibda soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamini olsinlar va uni xizmat ko‘rsatuvchi bankka yetkazsinlar.
2. Belgilansinki, 1999-yil 1-apreldan boshlab soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamiga ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank schyotlaridan mablag‘ ko‘chirish operatsiyalari amalga oshirilmaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat banklari bilan birgalikda 1999-yil 1-aprelgacha elektron to‘lovlar tizimining dasturiy kompleksiga va pul-hisob-kitob hujjatlarining standart shakllariga, ularda soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamlarini ko‘rsatish to‘lovchining alohida majburiy rekviziti bo‘lishini nazarda tutgan holda, o‘zgartirishlar kiritish tavsiya etilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 130-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamlarini berish va qo‘llash tizimi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilsin.
5. Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha bir oy muddatda takliflar tayyorlasin va taqdim etsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 7-yanvar,
7-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil
7-yanvardagi 7-son qaroriga
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 130-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamlarini berish va qo‘llash tizimi to‘g‘risidagi Nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar
1. 6-band quyidagi mazmundagi xatboshilari bilan to‘ldirilsin:
“xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan tuzilayotgan xo‘jalik, fuqarolik-huquqiy va mehnat shartnoma (kontrakt)larida, ularga ilovalarda;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bitishuvlar sodir etilganligini belgilovchi yoki tasdiqlovchi hujjatlarda, shu jumladan schyot-fakturalarda va transport hujjatlarida;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarda moliyaviy, mulkiy va qiymat ifodasiga ega bo‘lgan boshqa majburiyatlarning yuzaga kelishini, shuningdek ularning bajarilganligini belgilovchi yoki tasdiqlovchi hujjatlarda;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan qiymat ifodasiga ega bo‘lgan aktivlarga mulk egasi huquqi sotib olinganligini va berilganligini belgilovchi va tasdiqlovchi, shuningdek bunday huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda”.
2. 7-bandning “a” kichik bandidagi “soliq majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi hududida paydo bo‘lgan barcha” so‘zlari olib tashlansin.
3. 7-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshidagi “barcha” so‘zi olib tashlansin.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1999-y., 1-son, 3-modda)