Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-maydagi 329-sonli “Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-fevraldagi PQ-2133-son qarori bilan tasdiqlangan “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturiga muvofiq, jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2015-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazini Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziga (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Markaz:
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan, sportchilarni tayyorlashning barcha darajalarida oʻquv-trenirovka jarayonini ilmiy-metodik taʼminlashni, oliy sport mahorati maktablarining, olimpiya zaxiralari kollejlarining, respublika olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining (keyingi oʻrinlarda sport-taʼlim muassasalari deb ataladi) rahbar kadrlarini, instruktor-metodistlarini hamda trener-oʻqituvchilar tarkibini, shuningdek jismoniy tarbiya va sport faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlovchi va ularning malakasini oshiruvchi ixtisoslashtirilgan ilmiy-metodik va taʼlim muassasasi;
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti huzuridagi qayta tashkil etilayotgan Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. Quyidagilar Markazning eng muhim vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblansin:
sportchilarni oʻqitish va tayyorlashning barcha darajalarida sport mahoratidan saboq berishning innovatsiya metodikalarini ishlab chiqish va joriy etishga yoʻnaltirilgan chuqur ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish, yuqori klassga ega boʻlgan sport rezervini va sportchilarni tayyorlashni taʼminlaydigan professional trener kadrlar tayyorlash sohasidagi normativ- huquqiy bazani takomillashtirish;
respublika sport-taʼlim muassasalarining rahbar kadrlarini, instruktor-metodistlarini hamda trener-oʻqituvchilar tarkibini qayta tayyorlash va ularning malakasini har besh yilda bir marta zamonaviy darajada amalga oshirish, bunda xalqaro ilgʻor tajribadan foydalanish, shuningdek yuqori klassga ega boʻlgan chet el va mamlakatimizning malakali amaliyotchi mutaxassislari va trenyerlarini taʼlim jarayoniga kontrakt asosida jalb etish;
trener-oʻqituvchilarni, ayniqsa terma jamoalar va ularning rezervi trenyerlarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish jarayoniga sportchilarni tayyorlash sohasida tinglovchilarning professional bilimlarini takomillashtirishga, shuningdek ularda talantli yosh sportchilarni aniqlash hamda ulardan respublikamizning xalqaro sport arenalarida munosib qatnashishini taʼminlashga qodir boʻlgan professional sportchilar tayyorlash mahorati va koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy hamda samarali oʻqitish dasturlari va metodlarini joriy etish;
sport boʻyicha mutaxassislar tayyorlovchi sport-taʼlim muassasalarining barcha turlari faoliyatiga metodik rahbarlikni taʼminlash, trener kadrlarning professional koʻnikmalari va layoqatini dinamik rivojlantirish sifati va bahosini tizimli ravishda tahlil qilish, monitoringini olib borish.
3. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
sport-taʼlim muassasalarining rahbar kadrlarini, instruktor-metodistlarini va trener-oʻqituvchilari tarkibini hamda markazning joriy taʼminoti hamda oliy taʼlim muassasalarining pedagog kadrlarini belgilangan davriylikni hisobga olgan holda qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladigan grant tanlovlari natijalari boʻyicha ajratiladigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushumlar, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya ehsonlari hamda maqsadli badallari, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat va donor tashkilotlarning grantlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Markazni zamonaviy talablarga javob beradigan binolar va inshootlarga joylashtirish, zarurat boʻlganda, ularda taʼmirlash-tiklash ishlarini oʻtkazish, Markazni zamonaviy uskunalar va mebellar, shu jumladan ilmiy-tadqiqot va oʻquv-laboratoriya anjomlari bilan jihozlash, Markazni yuqori malakali mutaxassislar-amaliyotchilar, professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan taʼminlash boʻyicha;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Markaz toʻgʻrisidagi, uning faoliyatini tashkil etish tartibini, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va boshqaruv tuzilmasini, jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini nazarda tutuvchi Nizomni kelishish uchun kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2015-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Markazning faoliyati va unga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq xarajatlar uchun “Taʼlim” sohasiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida zarur budjet mablagʻlarini nazarda tutsin;
bitta maxsus avtotransport saqlashga limit ajratsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 2-dekabr,
327-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-dekabrdagi 327-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni (texnik, xizmat koʻrsatuvchi, oʻquv-yordamchi xodimlardan va professor-oʻqituvchilar tarkibidan tashqari) — 14 ta shtat birligi, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 9 nafar.
Markazning texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlari soni oliy taʼlim muassasalari uchun qonun hujjatlarida belgilangan normativlar boʻyicha aniqlanadi.
Yuklangan vazifalarni bajarish uchun Markazga mamlakatimiz va chet el mutaxassislari-amaliyotchilarini, trenyerlar va sportchilarni, ilmiy jamoalar (guruhlar) tashkil etish uchun ilmiy, taʼlim va sport muassasalaridan olimlar va oʻqituvchilarni kontrakt asosida jalb etish huquqi beriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 49-son, 580-modda)