toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 29.07.2021
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
SUDYALARNING MALAKA HAY’ATLARI TO‘G‘RISIDAGI, SUDYALARNING MALAKA DARAJALARI TO‘G‘RISIDAGI, SUD XODIMLARINING MANSAB DARAJALARI TO‘G‘RISIDAGI, HARBIY SUDLAR FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 28-iyuldagi O‘RQ-703-sonli “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
 LexUZ sharhi
Mazkur qarorning “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida”gi Nizomga oid qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 7-dekabrdagi 323-II-son “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga asosan o‘z kuchini yo‘qotdi.
O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi Nizom;
Sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi Nizom;
Sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi Nizom;
Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining:
“O‘zbekiston Respublikasi sudlari sudyalarining malaka kollegiyalari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 1989-yil 21-dekabrdagi Farmoni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1989-yil № 35-36, 606-modda);
“O‘zbekiston Respublikasi sudlari sudyalarining intizomiy javobgarligi, sudyalar va xalq maslahatchilarini chaqirib olish hamda muddatidan ilgari ozod etish to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 1989-yil 21-dekabrdagi Farmoni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1989-yil, № 35-36, 607-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YO‘LDOShEV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-sentabr,
927-XII-son

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining

1993-yil 2-sentabrdagi 927—XII-sonli

qarori bilan

TASDIQLANGAN

Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risida
NIZOM
 LexUZ sharhi
Ushbu Nizomning yangi tahriri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 14-dekabrdagi 164-II-son “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi, sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi, sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi, harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
I. BO‘LIM. SUDYALARNING MALAKA HAY’ATINI SAYLASh TARTIBI, UNING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh VA VAKOLATLARI
1. “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq sudyalarning malaka hay’atlari sudyalar bilan ishlashda demokratik asoslarni kuchaytirish, sudda ishlash uchun munosib nomzodlar tanlash hamda sudyalar mustaqilligi kafolatlarini ta’minlash maqsadida tuziladi.
2. Sudyalarning oliy malaka hay’atini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi Oliy sud Raisining taqdimnomasiga binoan Oliy sud sudyalaridan besh yil muddatga saylaydi.
Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’atini Oliy xo‘jalik sudi Plenumi Oliy xo‘jalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan xo‘jalik sudlari sudyalaridan besh yil muddatga saylaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar sudyalarining malaka hay’atlari tegishli hududlardagi sudyalarning yig‘ilishlaridan, harbiy sudlar sudyalarining malaka hay’ati esa — harbiy sudlar sudlarining yig‘ilishlarida, tegishli sudlar raislarining taqdimnomasiga binoan besh yil muddatga saylanadi.
3. Sudyalarning malaka hay’atlari a’zolari soni ularning ish hajmiga qarab belgilanadi, ammo hay’at raisi va uning o‘rinbosarlari bilan birgalikda to‘qqiz kishidan oshib ketmasligi kerak.
4. Oliy malaka hay’ati, sudyalarning malaka hay’atlari o‘z faoliyatlari to‘g‘risida o‘zlarini saylab qo‘ygan organlarga bir yilda kamida bir marta axborot beradilar.
5. Oliy malaka hay’ati, Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati:
1) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyaligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, Qurolli Kuchlar harbiy sudi raisi va rais o‘rinbosarligiga, xo‘jalik sudi sudyaligiga nomzodlarning shu lavozimlarda ishlashga tayyorligini baholaydi;
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, Qurolli Kuchlar harbiy sudi raisi va rais o‘rinbosarlarini, xo‘jalik sudi sudyalarini malaka attestatsiyasidan o‘tkazadi;
3) sudyalarga malaka darajalari beradi;
4) sudyalarni ma’muriy javobgarlikka tortishga rozilik berish masalasini ko‘radi;
5) Oliy sud sudyalarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, Qurolli Kuchlar harbiy sudi raisi va rais o‘rinbosarlarining, xo‘jalik sudi sudyalarining intizomiy javobgarligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi;
6) Oliy sud sudyalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, Qurolli Kuchlar harbiy sudi raisi va rais o‘rinbosarlarining, xo‘jalik sudi sudyalarining vakolatlarini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
7) sudyaning vakolatlarini tugatish haqida xulosa beradi.
Sudyalarning oliy malaka hay’ati bundan tashqari sudyalar malaka hay’atlarining qarorlari ustidan berilgan taqdimnoma va shikoyatlarni ham ko‘radi.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi va Qurolli Kuchlar harbiy sudlari sudyalarining malaka hay’atlari:
1) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman (shahar) va harbiy sudlar sudyaligiga nomzodlarning shu lavozimlarda ishlashga tayyorligini baholaydi;
2) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman (shahar) va harbiy sudlar sudyalarini malaka attestatsiyasidan o‘tkazadi;
3) sudyalarni ma’muriy javobgarlikka tortishga rozilik berish masalasini ko‘radi;
4) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman (shahar) va harbiy sudlar sudyalarining intizomiy javobgarligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi;
5) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman (shahar) va harbiy sudlar sudyalarining vakolatlarini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
6) sudyaning vakolatlarini tugatish haqida xulosa beradi.
7. Malaka hay’atlarining majlislari zaruriyatga qarab o‘tkaziladi.
Sudyalarning malaka hay’ati o‘z vakolatlarini hay’at a’zolarining yarmidan kam bo‘lmagan tarkibida amalga oshiradi.
Hay’at majlisiga tayyorgarlik malaka hay’ati raisi yoki uning topshirig‘iga binoan rais o‘rinbosari yoxud malaka hay’atining biron-bir a’zosi tomonidan ta’minlanadi.
Sudyalar malaka hay’atining majlisi tegishli taqdimnoma yoki intizomiy ish kelib tushgan kundan boshlab bir oy muddat ichida o‘tkazilishi lozim.
Sudyalar malaka hay’atining raisi majlis o‘tkazish vaqti va joyini belgilaydi, bu haqda ko‘rilayotgan masalaga aloqador bo‘lgan shaxslarga oldindan xabar beriladi.
Sudyalar malaka hay’ati o‘z vakolatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni sud, adliya, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalari rahbarlaridan, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolardan talab qilib olish huquqiga ega.
8. Raislik etuvchi malaka hay’ati majlisini belgilangan vaqtda ochadi va qanday masala ko‘rilajagini, hay’at tarkibini e’lon qiladi.
Majlisda ishtirok etayotgan hay’at a’zosi o‘ziga otvod berishi, hay’at majlisida masalasi ko‘rilayotgan sudya yoki sudyalikka nomzod malaka hay’ati a’zolariga otvod berishi mumkin.
O‘z o‘ziga berilgan yoki hay’at a’zosiga berilgan otvodni qabul qilish masalasi hay’at a’zolari tomonidan yopiq maslahatda hal etiladi.
Masalani ko‘rish raislik etuvchining yoki taqdim etilgan hujjatlarni oldindan o‘rganib chiqqan hay’at a’zolaridan birining ma’ruzasi bilan boshlanadi. Malakka hay’ati vakolatiga taalluqli va hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarning mohiyatiga qarab, hay’at majlisiga taklif qilingan shaxslarning fikri eshitiladi, zarur hujjat va materiallar tahlil qilinadi. So‘ngra hay’at o‘z xulosasini chiqaradi yoki tegishli qaror qabul qiladi. Malakka hay’ati majlisida yozma bayon yuritiladi va u raislik etuvchi hamda hay’at kotibi tomonidan imzolanadi.
9. Xulosa yoki qaror yopiq maslahatda, shu majlisda ishtirok etgan hay’at a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan asoslantirilgan holda qabul qilinib, hay’at a’zolari tomonidan imzolanadi va e’lon qilinadi.
Ish bo‘yicha qabul qilingan qarordan norozi bo‘lgan hay’at a’zosi qarorga imzo qo‘ymaydi va o‘zining alohida fikrini yozma ravishda majlis bayoniga ilova qiladi.
10. Malaka hay’ati sudyalarning ma’muriy va intizomiy javobgarligi hamda vakolatlarini to‘xtatib turish haqidagi masalalar bo‘yicha qaror, boshqa masalalar bo‘yicha esa xulosa chiqaradi.
11. Qaror va xulosada hay’atning nomi, uning tarkibi, ish ko‘rilgan vaqt va joy: ishi ko‘rilayotgan sudyaning mansabi, familiyasi, ismi, otasining ismi; intizomiy ish qo‘zg‘atgan yoki taqdimnoma kiritgan shaxsning mansabi va familiyasi; ish holatlari; sudyaning bayonoti va uning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlar; qabul qilingan qaror yoki xulosaning daliliy asoslari; intizomiy ta’sir chorasi belgilash yoki intizomiy ishni harakatdan yotqizish asoslari; qaror (xulosa) ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari ko‘rsatilishi lozim.
12. Oliy malaka hay’ati va Xo‘jalik sudlari malaka hay’atining qaror va xulosalari ustidan shikoyat qilinmaydi.
Sudyalarning boshqa malaka hay’atlari qarorlari va xulosalari ustidan javobgarlikka tortilgan sudya, shuningdek taqdimnoma kiritgan yoki intizomiy ish qo‘zg‘atgan shaxs Oliy malaka hay’atiga shikoyat keltirishi mumkin.
Masalani qayta ko‘rish to‘g‘risidagi shikoyat yoki taqdimnomalar qaror qabul qilingan yoki xulosa chiqarilgan kundan boshlab qaror muddat ichida sudyalarning tegishli malaka hay’ati orqali beriladi.
Shikoyat yoki taqdimnoma tushgandan so‘ng materiallar zudlik bilan Oliy malaka hay’atiga yuborilishi lozim.
Oliy malaka hay’ati shikoyat yoki taqdimnoma bilan kelgan materialni bir oy muddat ichida ko‘rib chiqishi lozim.
13. Sudyalarning Oliy malaka hay’ati:
qaror yoki xulosani o‘zgarishsiz, shikoyat yoki taqdimnomani esa qanoatlantirmay qoldirishga;
qaror yoki xulosani bekor qilish va materialni yangidan ko‘rish uchun yuborishga;
qaror yoki xulosani bekor qilib, materialni o‘z ish yurgizishiga olishga;
qarorni bekor qilib, intizomiy ishni harakatdan yotqizishga;
qarorni o‘zgartirish va sudyaga boshqa intizomiy ta’sir chorasi qo‘llashga haqlidir.
Oliy malaka hay’atining, harbiy sudlar sudyalari malaka hay’atining va Xo‘jalik sudlari sudyalari malaka hay’atining xulosasi yoki qarori tegishlicha Oliy sud Raisiga va Oliy xo‘jalik sudi Raisiga, quyi sudlarning sudyalariga taalluqli masalalar bo‘yicha esa — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziriga yuboriladi; Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudyalari malaka hay’atlarining xulosa yoki qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziriga va tegishli adliya hamda sud organlari rahbarlariga, masalasi ko‘rilgan sudyaga besh kunlik muddat ichida yuboriladi.
II. BO‘LIM. SUDDA IShLAShGA TAYYORLIKNI BAHOLASh VA MALAKA IMTIHONI O‘TKAZISh
14. Sudyalikka nomzodlarning tayyorligiga baho berish va malaka imtihoni:
Oliy sud sudyaligiga, Qurolli Kuchlar harbiy sudi raisi va Rais o‘rinbosarligiga — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining taqdimnomasiga ko‘ra Oliy malaka hay’ati tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining raisi va rais o‘rinbosarligiga — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining taqdimnomasiga ko‘ra Oliy malaka hay’ati tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyaligiga — mazkur sudlar raislarining taqdimnomasiga ko‘ra sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan;
tuman (shahar) sudlarining sudyaligiga tegishincha — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri, adliya boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga ko‘ra sudyalarning malaka hay’ati tomonidan;
harbiy sudlarning sudyaligiga — Qurolli Kuchlar harbiy sudi raisining O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi bilan kelishilgan taqdimnomasiga binoan harbiy sudlar sudyalarining malaka hay’ati tomonidan;
xo‘jalik sudlarining sudyaligiga — Oliy xo‘jalik sudi Raisining taqdimnomasiga Xo‘jalik sudlarining malaka hay’ati tomonidan o‘tkaziladi.
Sudyalarning malaka hay’atiga zarur hujjatlar taqdim etiladi.
15. Sudyalikka nomzodning malaka imtihoni u bilan suhbat o‘tkazish, og‘zaki savollarga javob olish, tegishli malaka hay’ati tomonidan tasdiqlangan amaliy misollarni yechishdan iborat bo‘ladi.
16. Sudyalarning malaka hay’ati sudyalikka nomzodning malaka imtihonidan o‘tgan yoki o‘tmaganligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Malakka imtihonini topshira olmagan sudya yoki sudyalikka nomzod kamida bir yildan qaytadan imtihonga qo‘yilishi mumkin.
17. Malaka hay’atining nomzodni yuqori sudyalik lavozimiga tavsiya etish mumkinligi haqidagi xulosasi tegishli sud raisining taqdimnomasiga binoan beriladi.
18. Sudya yoki sudyalikka nomzodning tayyorligi haqidagi qaror malaka hay’ati raisi tomonidan taqdimnoma kiritgan sud yoki adliya organi rahbariga yuboriladi.
III BO‘LIM. SUDYALARNI MALAKA ATTESTATSIYASIDAN O‘TKAZISh VA ULARGA MALAKA DARAJALARI BERISh TARTIBI
19. Sudyalarning malaka attestatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq va sudyalar tarkibining sifatini yaxshilash, ularning kasb malakasiga baho berish, ularni rag‘batlantirish, odil sudlovni amalga oshirish mas’uliyatini ko‘tarish maqsadida o‘tkaziladi.
20. Malaka attestatsiyasi:
Oliy sud sudyalari, Qurolli Kuchlar harbiy sudi raisi va Rais o‘rinbosarlariga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining taqdimnomasiga binoan Oliy malaka hay’ati tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va Toshkent shahar sudlarining raislari va rais o‘rinbosarlariga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining taqdimnomasiga binoan Oliy malaka hay’ati tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalariga nisbatan — ushbu sudlar raislarining taqdimnomasiga binoan sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan;
tuman (shahar) sudlarining sudyalariga nisbatan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri, adliya boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomalariga binoan sudyalarning malaka hay’atlari tomonidan;
garnizon harbiy sudlari sudyalariga nisbatan — Qurolli Kuchlar harbiy sudi raisining taqdimnomasiga binoan harbiy sudlar sudyalarining malaka hay’ati tomonidan;
xo‘jalik sudlari sudyalariga nisbatan — Oliy xo‘jalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati tomonidan o‘tkaziladi.
21. Birinchi marta sudyalik lavozimiga tayinlangan (saylangan), lekin malaka darajasiga ega bo‘lmagan shaxslar ish faoliyatlarining dastlabki uch oyi ichida malaka attestatsiyasidan o‘tadilar.
Sudyalarning navbatdagi malaka attestatsiyasi ularga berilgan malaka darajasi muddati tamom bo‘lgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay o‘tkaziladi.
Sudyaga muddatidan oldin yuqoriroq malaka darajasi berish uchun unga avval berilgan malaka darajasida bo‘lish muddatidan yarmi o‘tgandan keyingina navbatdagi malaka attestatsiyasi o‘tkazilishi mumkin.
22. Malaka attestatsiyasidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan sudyaga attestatsiya o‘tkazish uchun belgilangan muddatdan kamida bir oy oldin uning kasb faoliyati aks ettirilgan tavsifnoma va ishi haqida ma’lumotnoma tuziladi.
Tegishli sud va adliya organlarining rahbarlari sudyani unga nisbatan tuzilgan tavsifnoma va tuzilgan ma’lumotnomalar bilan materiallarni tegishli malaka hay’atlariga yuborishdan oldin tanishtirishlari lozim.
Malaka attestatsiyasi o‘tkaziladigan vaqt haqida sudyaga ikki hafta oldin xabar qilinishi kerak.
23. Malaka attestatsiyasi taqdimnoma tushgan kundan boshlab bir oy ichida, odatda attestatsiyadan o‘tuvchi sudyaning ishtirokida o‘tkaziladi.
Malaka hay’atining majlisida taqdimnoma kiritgan sud va adliya organlarining rahbarlari qatnashishlari mumkin.
24. Sudyani attestatsiyadan o‘tkazish raislik etuvchi yoki taqdim qilingan hujjat va materiallarni oldindan o‘rganib chiqqan hay’at a’zolaridan birining ma’ruzasi bilan boshlanadi. Shundan so‘ng attestatsiyadan o‘tuvchining bayonoti, lozim bo‘lgan hollarda, sudyani attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida taqdimnoma yuborgan mansabdor shaxsning fikri eshitiladi.
25. Malaka hay’ati sudyaning bilimi, ish mahorati, ish staji va tajribasidan, egallab turgan lavozimidan kelib chiqqan holda quyidagi xulosalarning birini beradi:
sudyaga malaka darajasi berish mumkinligi to‘g‘risida;
sudyaga yuqoriroq malaka darajasi berish mumkinligi to‘g‘risida;
sudyani ilgari berilgan malaka darajasida qoldirish to‘g‘risida;
Malaka hay’atining xulosasi attestatsiya materiallari bilan birgalikda Oliy malaka hay’atiga yuboriladi.
26. Oliy malaka hay’ati sudyalarning malaka hay’atlari xulosalari asosida sudyaga malaka darajasi berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ushbu masalani Oliy malaka hay’ati tegishli malaka hay’atlari chiqargan xulosalar bilan bog‘liq bo‘lmagan holda hal etadi.
27. Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati xo‘jalik sudlari sudyalariga yuqorida ko‘rsatilgan tartibda malaka darajasi beradi.
28. Tegishli malaka hay’atining malaka darajasi berish to‘g‘risidagi qarori sudyaning shaxsiy ishiga qo‘shib qo‘yiladi.
IV BO‘LIM. SUDYALARNING INTIZOMIY JAVOBGARLIGI HAQIDAGI IShLARNI KO‘RISh TARTIBI
29. O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 73-moddasiga muvofiq sudya:
1) odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonunchilikni buzganligi uchun;
2) sud ishini tashkil etishdagi beparvoligi yoki intizomsizligi oqibatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, xizmat sohasidagi yoki boshqa obro‘sini to‘kadigan xatti-harakati uchun intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Harbiy sud sudyasi, shuningdek harbiy intizomni buzganligi uchun ham intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Sud qarorining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishining o‘zi, shu qarorni chiqarishda qatnashgan sudya qonunni bila turib buzmagan yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan diyonatsizlikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, uning intizomiy javobgar bo‘lishiga sabab bo‘lmaydi.
30. Oliy malaka hay’ati:
1) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalarining;
2) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais o‘rinbosarlarining;
3) Qurolli Kuchlar harbiy sudi raisi va rais o‘rinbosarlarining intizomiy javobgarligi haqidagi ishlarni ko‘radi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalarning malaka hay’ati o‘z vakolatlari doirasida sudyalarning intizomiy javobgarligi haqidagi ishlarni ko‘radilar.
Harbiy sudlar sudyalarining malaka hay’ati o‘z vakolati doirasida harbiy sudlar sudyalarining intizomiy javobgarligi haqidagi ishlarni ko‘radi.
Xo‘jalik sudlari sudyalarining malaka hay’ati xo‘jalik sudlari sudyalarining intizomiy javobgarligi haqidagi ishlarni ko‘radi.
31. Intizomiy ish qo‘zg‘atish huquqiga quyidagilar ega:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi — O‘zbekiston Respublikasi sudlari sudyalariga nisbatan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi raislari — shu sudlar sudyalari, tuman (shahar) sudlari sudyalariga nisbatan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati raisi — harbiy sudlar sudyalariga nisbatan;
Qurolli Kuchlar harbiy sudi raisi — shu sud sudyalari va garnizon harbiy sudlari sudyalariga nisbatan;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) sudlarining raislari, rais o‘rinbosarlari va sudyalariga nisbatan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri, adliya boshqarmalari boshliqlari — tuman (shahar) sudlari raislari, rais o‘rinbosarlari va sudyalariga nisbatan;
Oliy xo‘jalik sudi Raisi — xo‘jalik sudlari sudyalariga nisbatan.
Tegishli sudlarning rahbarlari Ushbu Nizomning 29-bandida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha intizomiy ish qo‘zg‘atishlari mumkin.
Adliya organlari rahbarlari Ushbu Nizom 29-bandining 2-bandchasida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha intizomiy ish qo‘zg‘atishlari mumkin.
32. Intizomiy ish qo‘zg‘atish haqida tegishli sudlarning rahbarlari qaror, adliya organlarining rahbarlari esa — buyruq chiqaradilar. Qaror yoki buyruqda dastlab o‘tkazilgan tekshiruvda aniqlangan va intizomiy ish qo‘zg‘atishga sabab bo‘lgan asoslar ko‘rsatilishi shart. Qaror yoki buyruq zarur materiallar bilan birga ko‘rib chiqish uchun sudyalarning tegishli malaka hay’atiga yuboriladi.
Intizomiy ish qo‘zg‘atuvchi shaxs sudyani javobgarlikka tortish asosiga daxldor bo‘lgan ma’lumotlarni oldindan tekshiradi va undan yozma tushuntirish talab qiladi.
Materiallar malaka hay’atiga yuborilishidan avval ustidan intizomiy ish qo‘zg‘atilgan sudya ular bilan tanishtirilishi shart. Bunda sudya qo‘shimcha izohlar taqdim etishga yoki qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazishni talab qilishga haqli.
33. Intizomiy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror yoki buyruq uni qo‘zg‘atgan shaxs tomonidan ishni malaka hay’atida ko‘rib chiqish boshlangunga qadar chaqirib olinishi mumkin.
O‘ziga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror yoki buyruq chaqirib olinayotgan sudya malaka hay’atidan ishni mazmunan ko‘rib chiqishni talab qilishga haqli.
34. Sudya, nojo‘ya xatti-harakat qilganligi aniqlangan kundan boshlab xizmat tekshiruvlariga ketgan vaqt, sudyaning uzrli sabablarga ko‘ra ishda bo‘lmagan vaqti hamda malaka hay’atida intizomiy ishni ko‘rib chiqishga ketgan vaqtni hisoblamagan holda bir oy ichida, nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab esa — bir yil ichida intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
35. Zarur hollarda, ishni ko‘rib chiqish boshlangunga qadar sudyani intizomiy javobgarlikka tortish asoslari qo‘shimcha ravishda tekshiriladi. Bunday tekshirishni hay’at raisi topshirig‘iga ko‘ra hay’at a’zolarining biri bajaradi. Tekshirish paytida qo‘shimcha hujjat va materiallar, shuningdek ko‘rib chiqish chog‘ida sudya qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan sud ishlari ham talab qilib olinishi mumkin.
36. Tegishli malaka hay’ati quyidagi qarorlarning birini chiqarishi mumkin:
intizomiy ta’sir chorasi qo‘llash to‘g‘risida;
intizomiy ishni harakatdan yotqizish to‘g‘risida;
intizomiy ish materiallarini sudyaning vakolatini tugatish masalasini qo‘zg‘atish huquqiga ega bo‘lgan organlarga yuborish to‘g‘risida.
Basharti, sudyaning vakolatini tugatish masalasini qo‘zg‘atish huquqiga ega bo‘lgan organ bunga asos yo‘q deb topsa, intizomiy ish malaka hay’atiga qaytariladi va ish yuritish qaytadan boshlanadi. Dastlabki qaror chiqqan kundan ishni qaytargungacha ketgan vaqt intizomiy javobgarlikka tortish muddatlariga kirmaydi.
37. Tegishli malaka hay’ati quyidagi intizomiy ta’sir choralarining birini qo‘llashi mumkin:
1) tanbeh;
2) hayfsan;
3) qattiq hayfsan.
Intizomiy ta’sir choralari qo‘llash chog‘ida qonun buzilishining xususiyati va uning oqibatlari, nojo‘ya xatti-harakatning og‘ir-yengilligi, sudyaning shaxsi, uning aybdorlik darajasi hisobga olinadi.
38. Tegishli malaka hay’ati:
sudya intizomiy javobgarlikka asossiz tortilgan bo‘lsa;
ushbu Nizomning 34-bandida nazarda tutilgan intizomiy javobgarlikka tortish muddatlari o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa;
intizomiy ishni muhokama etish bilangina chegaralanib, intizomiy ta’sir chorasi qo‘llash maqsadga muvofiq emas deb topsa, intizomiy ishni harakatdan yotqizadi.
V BO‘LIM. SUDYANING VAKOLATINI TO‘XTATISh
39. “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 71-moddasiga binoan tegishli malaka hay’atining qaroriga asosan sudyaning vakolatlari quyidagi hollarda, agar:
sudya lavozimiga zid faoliyat bilan shug‘ullansa;
sudya tibbiy tartibdagi majburiy davolash choralariga tortilgan yoinki qonuniy kuchga kirgan sudning qarori yoki ajrimi bilan muomala layoqati cheklansa;
sudya sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan bedarak yo‘qolgan deb topilsa to‘xtatilishi mumkin.
Tegishli sudyalar malaka hay’ati sudyaning vakolatini uni to‘xtatish sababi tugagunga qadar to‘xtatib turadi.
VI BO‘LIM. SUDYANING VAKOLATLARINI TUGATISh TARTIBI
40. O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 72-moddasiga ko‘ra sudyaning vakolatlari quyidagi hollarda tegishli malaka hay’atining xulosasi asosida tugatiladi, agar:
sudyalik qasamyodini buzsa;
sudyalarning tegishli malaka hay’ati tomonidan ogohlantirilganligiga yoki vakolatining to‘xtatilganligiga qaramasdan o‘z lavozimiga zid faoliyat bilan shug‘ullanishni davom ettirsa;
sudyaning sog‘lig‘i yomonlashganligi yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra uzoq vaqt davomida sudyalik vazifalarini bajara olmasa.
O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 72-moddasida ko‘rsatilgan boshqa asoslar bo‘yicha sudyaning vakolatlari quyidagi tartibda, chunonchi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi sudyalariga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oliy Majlis tomonidan;
viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar), harbiy sudlar sudyalariga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining xulosasiga asoslangan taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
xo‘jalik sudlari sudyalariga nisbatan — Oliy xo‘jalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari sudyalariga nisbatan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Joqarg‘i Kengesi Raisining belgilangan tartibdagi taqdimnomasiga binoan Joqarg‘i Kenges tomonidan tugatiladi.
41. Sudyalarning vakolatlarini tugatish masalasida malaka hay’atiga taqdimnoma kiritish huquqiga quyidagilar ega:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi — Oliy sud va harbiy sudlar sudyalariga nisbatan;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi va Adliya vaziri — O‘zbekiston Respublikasi boshqa sudlarining sudyalariga nisbatan (ularning birgalikdagi taqdimnomasiga ko‘ra);
Oliy xo‘jalik sudi Raisi — xo‘jalik sudlari sudyalariga nisbatan.
42. Sudyalarning vakolatlarini tugatish haqidagi taqdimnoma va materiallar:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar va Qurolli Kuchlar harbiy sudlari raislari va Rais o‘rinbosarlariga nisbatan — Oliy malaka hay’atiga;
boshqa sudlarning sudyalariga nisbatan — tegishli malaka hay’atlariga kiritiladi.
43. Sudyalarning malaka hay’ati sudyaning vakolatlarini tugatish haqidagi masalani ko‘rib chiqib, uning vakolatlarini tugatishga rozilik berish yoki bermaslik to‘g‘risida xulosa beradi.
Malaka hay’atining xulosasi besh kundan kechiktirilmasdan taqdimnoma kiritgan shaxsga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining

1993-yil 2-sentabrdagi 927—XII-sonli

qarori bilan

TASDIQLANGAN

Sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risida
NIZOM
 LexUZ sharhi
Ushbu Nizomning yangi tahriri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 14-dekabrdagi 164-II-son “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi, sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi, sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi, harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
1. O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi sudyalariga malaka darajasi joriy etish va berish tartibini belgilaydi.
2. Oltita malaka darajasi joriy etiladi:
Oliy malaka darajasi
Birinchi malaka darajasi
Ikkinchi malaka darajasi
Uchinchi malaka darajasi
To‘rtinchi malaka darajasi
Beshinchi malaka darajasi
3. Malaka darajalari quyidagi tartibda beriladi:
a) umumiy sudlar sudyalariga:

Oliy malaka darajasi
‎Birinchi malaka darajasi
‎Ikkinchi malaka darajasi ‎

— O‘zbekiston Respublikasi
__Oliy sudi sudyalariga; ‎

Birinchi malaka darajasi
‎Ikkinchi malaka darajasi
‎Uchinchi malaka darajasi ‎

— tuman (shahar) sudlari, garnizon harbiy sudlari sudyalariga;‎

Uchinchi malaka darajasi
‎‎To‘rtinchi malaka darajasi
‎Beshinchi malaka darajasi ‎

b) xo‘jalik sudlari sudyalariga:
Oliy malaka darajasi
‎Birinchi malaka darajasi
‎Ikkinchi malaka darajasi
‎Uchinchi malaka darajasi
‎To‘rtinchi malaka darajasi ‎
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi sudyalariga;‎
Birinchi malaka darajasi
‎Ikkinchi malaka darajasi
‎Uchinchi malaka darajasi
‎To‘rtinchi malaka darajasi
‎Beshinchi malaka darajasi ‎
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining sudyalariga.‎
(3-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni taxririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
4. Oliy malaka darajasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xo‘jalik sudi Raisi taqdimnomasiga asosan beriladi.
Boshqa malaka darajalari Oliy malaka hay’ati va Xo‘jalik sudi sudyalarining malaka hay’ati tomonidan beriladi.
Birinchi marotaba saylangan yoki tayinlangan sudyalarga malaka darajasi ish faoliyatining birinchi uch oyi mobaynida beriladi.
5. Har bir malaka darajasida bo‘lish muddati ijobiy malaka attestatsiyasi mavjud bo‘lgan tubandagicha belgilanadi:
beshinchi malaka darajasida — 3 yil
to‘rtinchi malaka darajasida — 5 yil
uchinchi malaka darajasida — 5 yil
ikkinchi malaka darajasida — 5 yil
Birinchi malaka darajasida bo‘lish muddati belgilanmaydi.
Yuqori malakali sudyalarga ish tajribalarini hisobga olib, ko‘rsatib o‘tilgan qaysi mansabni egallashidan qat’i nazar, ketma-ketlikka rioya etmagan holda, lekin unga berilgan malaka darajasidan ikki darajadan ham yuqori bo‘lmagan malaka darajasi berilishi mumkin.
6. Sudyalar odil sudlovni amalga oshirish vaqtida qonunni qo‘pol buzgan, obro‘sini to‘kadigan xatti-harakat sodir etgan taqdirda, shuningdek, ularga nisbatan sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi bo‘lganda, malaka darajasidan mahrum etilishlari mumkin.
Malaka darajasidan mahrum etish shu darajani bergan mansabdor shaxs yoki organ tomonidan amalga oshiriladi.
7. Malaka darajasiga ega bo‘lgan sudyalarning mansab maoshlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda qo‘shimcha haq tayinlanadi.
8. Sudyalarni malaka attestatsiyasidan o‘tkazish tartibi Sudyalar malaka hay’atlari to‘g‘risidagi Nizom bilan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining

1993-yil 2-sentabrdagi 927—XII-sonli

qarori bilan

TASDIQLANGAN

Sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risida
NIZOM
 LexUZ sharhi
Ushbu Nizomning yangi tahriri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 14-dekabrdagi 164-II-son “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi, sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi, sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi, harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasida sud xodimlariga maxsus unvon — mansab darajalari berish tartibini belgilaydi.
2. Sud xodimlarining maxsus unvonlari quyidagi mansab darajalaridan iborat:
1 — darajali adliya maslahatchisi
2 — darajali adliya maslahatchisi
3 — darajali adliya maslahatchisi
1 — darajali yurist
2 — darajali yurist
3 — darajali yurist
3. Sud xodimlariga mansab darajalari ijobiy tavsifnomasi, ixtisosi bo‘yicha oliy yuridik ma’lumotga egaligi, egallab turgan lavozimi va ish stajiga qarab, shuningdek ilgarigi ish yoki xizmat joyida berilgan maxsus unvonini e’tiborga olgan holda birin-ketin beriladi.
4. Mansab darajalari:
1-darajali adliya maslahatchisi —‎ O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi boshqarmalari boshliqlariga;
2-darajali adliya maslahatchisi —‎ O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlariga, bo‘lim boshliqlariga, Oliy sud Raisining va Oliy xo‘jalik sudi Raisining yordamchilariga;
3-darajali adliya maslahatchisi —‎ Oliy sud Rayosati kotibiyatining boshlig‘iga, Oliy sudning, Oliy xo‘jalik sudining bosh (katta) konsultantlariga, bosh mutaxassislariga;
1-darajali yurist —‎ O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining konsultantlariga, katta sud ijrochisiga, Oliy xo‘jalik sudining maslahatchilariga, katta sud ijrosiga, Koraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining katta konsultantlariga, qabulxona boshliqlariga; ‎
2-darajali yurist‎ —‎ O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining 1-toifadagi mutaxassislariga, sud ijrochilariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari raislarining yordamchilariga, konsultantlariga, katta sud ijrochilariga; ‎
3-darajali yurist‎ —‎ O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining 2-toifadagi mutaxassislariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarining maslahatchilariga, tuman (shahar) sudlari konsultantlariga, raislarining yordamchilariga, sud ijrochilariga beriladi.‎
(4-band O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni taxririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
5. 1, 2 va 3-darajali adliya maslahatchisi hamda 1, 2 va 3-darajali yurist mansab darajalarini:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va harbiy sudlar xodimlariga — Oliy sud Raisi;
Oliy xo‘jalik sudi xodimlariga — Oliy xo‘jalik sudi Raisi;
boshqa sudlarning xodimlariga — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri beradi.
6. Har bir mansab darajasida bo‘lish muddati ijobiy attestatsiya mavjud bo‘lgan taqdirda 3, 2, 1-darajali yuristlar uchun 2,5 yilni, adliya maslahatchilari uchun 4 yilni tashkil qiladi.
7. Sud xodimlariga ko‘rsatib o‘tilgan qaysi mansabni egallaganligidan, mansab darajasida bo‘lish muddati va ketma-ketligidan qat’i nazar, 1-darajali adliya maslahatchisiga bo‘lgan mansab darajalari berilishiga yo‘l qo‘yiladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xo‘jalik sudi Raisi va Adliya vaziri:
a) oldingi mansab darajasida bo‘lish uchun belgilangan muddat tugamasdan, ishda alohida o‘rnak ko‘rsatilganligi yoki xizmat burchini namunali bajarganligi uchun;
b) xodimni yuqori lavozimga ko‘tarishda unga berilganidan ikki darajadan yuqori bo‘lmagan, navbatdan tashqari;
v) birinchi attestatsiyadan o‘tayotgan xodimlarga ularning lavozimlari bo‘yicha belgilanganidan bir pog‘ona kam mansab darajasi berish huquqiga ega.
9. Yuridik sohada ish tajribasi bo‘lmagan shaxslarga ular lavozimga tayinlanganidan kamida 6 oydan so‘ng mansab darajasi beriladi.
10. Bir mansab darajasida bo‘lish muddati tugagan, lekin xizmat faoliyatida yoki xulqida jiddiy kamchiliklari bo‘lgan sud xodimlariga navbatdagi mansab darajasi berilmaydi.
11. Mansab darajasi berilgan xodimlar shu mansab darajasida umrbod bo‘ladilar va faqat sud organlarida ishlashga noloyiq harakatlari uchun ishdan bo‘shatilganlarida undan mahrum qilinishlari mumkin.
12. Xizmat burchini qo‘pol buzgani, obro‘sini to‘kadigan xatti-harakat sodir etgani yoki xizmat vazifasini muttasil tegishli tarzda bajarmagani uchun xodimning mansab darajasi unga berilganidan ikkidan ortiq bo‘lmagan mansab darajasiga pasaytirilishi mumkin. Mansab darajasidan mahrum qilish yoki uni pasaytirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xo‘jalik sudi Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
13. Sud xodimlariga mansab darajasi berish uchun attestatsiya o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xo‘jalik sudi Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan ularning huquq doirasida belgilanadi.
14. Mansab darajasi bo‘lgan sud xodimlarining farqlash belgilari va mansab maoshlariga qo‘shimcha haq miqdorini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining

1993-yil 2-sentabrdagi 927—XII-sonli

qarori bilan

TASDIQLANGAN

Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
NIZOM
 LexUZ sharhi
Ushbu Nizomning yangi tahriri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 14-dekabrdagi 164-II-son “Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi, sudyalarning malaka darajalari to‘g‘risidagi, sud xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi, harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
1. O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida odil sudlovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati, Qurolli Kuchlar harbiy sudi va garnizon harbiy sudlari amalga oshiradilar.
Harbiy sudlar O‘zbekiston Respublikasi sud tizimining tarkibiga kiradi va odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga amal qiladi.
Harbiy sudlar chiqaradigan hukmlar va hal qiluv qarorlari O‘zbekiston Respublikasi nomidan e’lon qilinadi.
2. Harbiy hay’at — hay’at raisi, rais o‘rinbosari va Harbiy hay’at sudyalaridan iborat bo‘ladi.
Qurolli Kuchlar harbiy sudi — harbiy sudi raisi, uning o‘rinbosari, sudyalari va xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Garnizon harbiy sudi — harbiy sud raisi, sudyalari va xalq maslahatchilaridan iborat bo‘ladi.
Tarkibi to‘rtdan ortiq sudyalardan tashkil topgan garnizon harbiy sudida sud raisining o‘rinbosari bo‘ladi.
3. Harbiy sudlarning sudyalari “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan tartibda saylanadilar va tayinlanadilar.
4. O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudlariga:
a) Qurolli Kuchlar safida, chegara qo‘shinlarida, Milliy xavfsizlik xizmati organlarida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlarida va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tashkil etilgan boshqa harbiy tuzilmalarda xizmat qilayotgan shaxslar, shuningdek o‘quv yig‘inlari vaqtida harbiy xizmatga majburlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar;
b) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qismlari, qo‘shilmalari va birlashmalari, harbiy qism qo‘mondalariga nisbatan harbiy xizmatchilarning da’vosi bo‘yicha fuqarolik ishlari va mazkur mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlari ustidan berilgan shikoyatlar;
v) alohida holatlarga ko‘ra umumiy sudlar amal qilmaydigan joylarda barcha jinoyat va fuqarolik ishlari;
g) davlat sirlariga daxldor boshqa ishlar taalluqli.
Ushbu bandning “a” bandchasida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar tomonidan xizmatni o‘tash davrida sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar, agar ular ish sudda ko‘rilishi paytiga kelib harbiy yoki unga tenglashtirilgan xizmatdan bo‘shab ketgan bo‘lsalar ham harbiy sudlar tomonidan ko‘riladi.
Ushbu bandning “a” bandchasida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan harbiy yoki unga tenglashtirilgan xizmatga chaqirilgunga yoki kirgunga qadar sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar, o‘sha shaxslar ishni sudda ko‘rish paytida harbiy yoki unga tenglashtirilgan xizmatda bo‘lsalar ham harbiy sudlarga taalluqli bo‘lmaydi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati sudloviga:
oliy ofitsyerlar tarkibiga kiradigan mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar;
ushbu shaxslarga daxldor boshqa ishlar va shikoyatlar taalluqli.
Qurolli Kuchlar harbiy sudining sudloviga:
o‘lim jazosi belgilanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar;
polkovnik, I rang kapitani unvoniga ega bo‘lgan shaxslarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlar;
polk komandiri lavozimi va undan yuqori lavozimni hamda xizmat mavqeyi bo‘yicha shu lavozimlarga teng lavozimni egallab turgan shaxslarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlar taalluqli.
Garnizon harbiy sudlari sudloviga:
podpolkovnik, 2 rang kapitanidan yuqori bo‘lmagan unvonga ega shaxslarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlar;
ushbu shaxslarga daxldor boshqa ishlar va shikoyatlar taalluqli.
6. Bir guruh shaxslarni ayblashga oid ish bo‘yicha, garchi ayblanuvchilardan biri xususidagi ish harbiy sud sudloviga taalluqli bo‘lsa va uni qonunga ko‘ra alohida ish yuritishga ajratish mumkin bo‘lmasa, harbiy xizmatda bo‘lmagan shaxslarga oid ish harbiy sud tomonidan ko‘riladi.
Yakka shaxs yoki bir guruh shaxslar bir necha jinoyatni sodir qilishda ayblanib, garchi jinoyatlardan biri to‘g‘risidagi ish harbiy sud sudloviga taalluqli bo‘lsa, hamma jinoyatlar to‘g‘risidagi ish harbiy sud tomonidan ko‘riladi.
7. Harbiy sudlar jinoyat ishlari bilan birga harbiy qismlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning, jamoat birlashmalarining, shuningdek fuqarolarning sodir etilgan jinoyatlar natijasida ularga yetkazilgan moddiy zararni undirib berish to‘g‘risidagi fuqarolik da’volarini ham ko‘rib chiqadilar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati va Qurolli Kuchlar harbiy sudi quyi sud sudloviga taalluqli har qanday ishni birinchi instansiya tartibida o‘zining ish yuritishiga qabul qilish huquqiga ega.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi:
harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish ishini tekshiradi;
harbiy sudlar amaliyotini, shuningdek sud statistikasi yuritilishi qanday tashkil etilganligini o‘rganadi va umumlashtiradi;
harbiy sudlar sudyalarining malakasini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi;
sudyalarning mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Mudofaa vazirligi bilan birgalikda xalq maslahatchilari saylovini o‘tkazishni tashkil etadi, harbiy sudlarni tashkil etish va ularning moddiy-texnika ta’minoti masalalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi harbiy sudlarning ish faoliyati masalalari bo‘yicha buyruq va farmoyishlar chiqaradi.
10. Harbiy sudlar tarkibi, shtatlar soni, mansabdor ro‘yxati va bu mansablarga mos bo‘lgan harbiy unvonlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri bilan kelishgan holda bergan taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
11. Harbiy hay’at, harbiy sudlarning shaxsiy tarkibi Qurolli Kuchlar ro‘yxatiga kiradi va harbiylarning barcha ta’minot turlari bilan ta’minlanadi, sudyalar va harbiy xizmatchilarning huquq va imtiyozlaridan foydalanadi.
12. Harbiy hay’at, Qurolli Kuchlar harbiy sudlari, garnizon harbiy sudlari sudyalariga egallab turgan lavozimlariga muvofiq harbiy unvonlar beriladi.
13. Harbiy sudlar sudyalariga polkovnikdan yuqori bo‘lmagan unvonlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri tomonidan beriladi.
Oliy harbiy unvonlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi va Mudofaa vazirining birgalikdagi taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi.
14. Harbiy sudlar sudyalari “Sud to‘g‘risida” gi Qonunga va harbiy nizomlarga muvofiq intizomiy javobgarlikka tortiladilar.
15. Harbiy sudlarning xodimlari mehnat to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq tegishli harbiy sud raisi tomonidan ishga qabul qilinadilar va ishdan bo‘shatiladilar.
16. Harbiy sudlar va Harbiy hay’atni moddiy-texnika, moliyaviy hamda transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga yuklatiladi va respublika budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
17. Harbiy sudlarning xizmat binolari ular amal qilib turgan yerda joylashgan garnizonlarning harbiy qismlari tomonidan qo‘riqlanadi.
Gauptvaxtalarda saqlanayotgan mahbuslarni harbiy sudlarga qo‘riqlab olib borish va ularni sud majlisida qo‘riqlash harbiy qismlar yoki garnizonlarning harbiy komendaturalari tomonidan amalga oshiriladi.
Boshqa saqlash joylarida, axloq tuzatish muassasalarida saqlanayotgan mahbuslarni qo‘riqlash va ishni ko‘rish joyiga qo‘riqlab olib kelish belgilangan tartibda ichki qo‘shin qismlari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining organlari tomonidan amalga oshiriladi.
18. Harbiy sudlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va o‘zining nomi ifodalangan muhrga ega bo‘ladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 10-son, 370-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda; 2002-y., 1-son, 23-modda)