toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 08.11.2019
OʻZBEKISTON “OʻZKOMMUNXIZMAT” AGENTLIGI BOSh DIREKTORINING
buyrugʻi
Maishiy chiqindilarni tashish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 12-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2625]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respubikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2019-yil 7-noyabrdagi 11-sonli “Maishiy chiqindilarni tashish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3195, 08.11.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv bilan taʼminlash tashkilotlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Maishiy chiqindilarni tashish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh direktor U. XALMUXAMEDOV
Toshkent sh.,
2014-yil 16-oktabr,
104-son
Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktorining 2014-yil 16-oktabrdagi 104-son buyrugʻiga
ILOVA
Maishiy chiqindilarni tashish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv bilan taʼminlash tashkilotlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga muvofiq, qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni tashish qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
chiqindilar — ishlab chiqarish yoki isteʼmol qilish jarayonida xomashyo, materiallar, xomaki mahsulotlar, boshqa buyumlar yoki mahsulotlarning hosil boʻlgan qoldiqlari, shuningdek oʻzining isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotgan tovarlar (mahsulotlar);
qattiq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati, shuningdek yuridik shaxslarning faoliyati (oziq-ovqat, shishalar, rezinalar, qogʻozlar, toʻqimachilik mahsulotlari, oʻrash-joylash materiallari, oʻzining foydalanish xususiyatlarini yoʻqotgan uy-roʻzgʻor asboblari, supurindi chiqindilarining, qattiq yoqilgʻida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bugʻqozonlaridan foydalanish natijasida vujudga keladigan chiqindilar) natijasida hosil boʻluvchi chiqindilar;
suyuq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati, shuningdek yuridik shaxslarning faoliyati (oqova suvlar, chiqindi toʻkiladigan oʻralar va septiklarda yigʻilib qolgan turli xil suyuq chiqindilar, ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan yuvindi chiqindilari, markazlashmagan kanalizatsiyaning najas chiqindilari) natijasida hosil boʻluvchi chiqindilar;
isteʼmolchi — ijrochi bilan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib ketish xizmatlari boʻyicha belgilangan tartibda shartnoma tuzgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
ijrochi — tuzilgan shartnoma asosida isteʼmolchilarga qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
“signal” usuli — xususiy sektordagi shoxobchani chiqindi yigʻuvchi avtomashinada aylanib chiqib, signal berish yoʻli bilan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash.
2. Mazkur Qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari koʻrsatish qoidalariga muvofiq, qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatishda qoʻllaniladi.
3. Mazkur Qoidalar radioaktiv chiqindilar, biologik chiqindilar, davolash-profilaktika muassasalari chiqindilari, zararli moddalarni atrof muhitga (atmosferaga) chiqarib tashlash va zararli moddalarni suv obyektlariga oqizib yuborish bilan bogʻliq boʻlgan ishlar sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-bob. Chiqindilarni yigʻish va olib chiqib ketish
1-§. Chiqindilarni yigʻish va olib chiqib ketishni tashkil qilish
4. Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar:
shaharlarda — ixtisoslashtirilgan sanitariya-tozalash tashkilotlari tomonidan;
tuman markazlari, shaharchalar va qishloq aholi punktlarida — tuman obodonlashtirish boshqarmalari yoki ixtisoslashtirilgan sanitariya-tozalash tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Chiqindilarning aniq va uzluksiz tashib ketilishini tashkil qilish uchun ijrochi tomonidan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
chiqindilarning toʻplanish meʼyorlarini aniqlash;
chiqindilarni olib chiqib ketishning davriy muddatlarini belgilash;
axlat toʻplash shoxobchalarining konteynyerlar bilan jihozlanishini taʼminlash;
isteʼmolchilar bilan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari koʻrsatish boʻyicha shartnomalar tuzish;
maxsus transport vositalarining yoʻnalish jadvallarini ishlab chiqish.
6. Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning davriyligi aholi yashash punktlari, shaharning sanitariya holati taʼminlanishini va kasallik paydo qiluvchi bakteriyalar rivojlanishining oldini olish sharoitlarini hisobga olgan holda, joylardagi iqlim sharoitlardan kelib chiqib, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi, bunda sanitariya meʼyorlari va qoidalariga muvofiq maishiy chiqindilarni saqlashning oxirgi muddati oʻtib ketmasligi lozim.
7. Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi: chiqindi yigʻish punktlaridan — har kuni, xususiy sektordan “signal” usulida — uch kunda bir marotaba.
2-§. Maxsus transport vositalarining harakat yoʻnalishlarini ishlab chiqish
8. Maxsus transport vositalarining harakat yoʻnalishlarini belgilash uchun ijrochi tomonidan yoʻnalish xaritasi va chiqindilarni olib chiqib ketish jadvali tuziladi.
9. Yoʻnalish xaritasi va chiqindilarni olib chiqib ketish jadvalida chiqindilar tashib ketiladigan obyektlarning (axlat toʻplash shoxobchalari, tashkilotlarning) manzillari, xizmat koʻrsatilganligini tasdiqlovchi xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va telefon raqami hamda maxsus transport vositalarining chiqindilar tashib ketiladigan obyektlarga yetib borish masofasi va vaqti koʻrsatiladi.
Chiqindilar “signal” usulida olib chiqiladigan joylarda yoʻnalish xaritasi va chiqindilarni olib chiqib ketish jadvalida koʻchalarning nomlari koʻrsatiladi.
10. Maxsus transport vositalarining harakat yoʻnalishlari yoʻnalish xaritasi va chiqindilarni olib chiqib ketish jadvali asosida, hududning bosh rejasi hamda QMQ 2.07.01-94 “Shaharsozlik. Shahar va qishloq aholi yashash joylarini rejalashtirish va qurish” talablari inobatga olingan holda ijrochi tomonidan belgilanadi.
11. Ijrochi maxsus transport vositalarining harakat yoʻnalishlarini ishlab chiqishda quyidagi maʼlumotlarga asoslanishi zarur:
xizmat koʻrsatilishi lozim boʻlgan obyektlarning va hududning batafsil tavsifi;
alohida obyektlarda chiqindilarning toʻplanish hajmi;
hududdagi yoʻllarning holati;
koʻchalardagi harakatning serqatnovligi;
chiqindilarni zararsizlantirish hamda qayta ishlash obyektlari haqidagi umumiy maʼlumotlar;
har bir uchastkadagi konteynyerlarning umumiy soni;
chiqindilarni yuklash va tushirish ishlariga sarflanadigan vaqt.
12. Maxsus transport vositalarining harakat yoʻnalishlarini ishlab chiqishda koʻchalarda qayta qatnovlar sonini kamaytirish, birinchi navbatda serqatnov koʻchalarda joylashgan va chiqindilar turli tizimlarda yigʻiladigan obyektlarni birlashtirish, yoʻnalishni imkon qadar shahar markazidan chiqindilarni qayta yuklash yoki zararsizlantirish joyi yoʻnalishi boʻyicha belgilash, kuzovli maxsus transport vositalaridan foydalanilganda yoʻnalishni kuzovning sigʻimi toʻliq band boʻlgunga kadar uzaytirish imkoniyati oʻrganilishi zarur.
13. Chiqindilarni qayta yuklash va zararsizlantirish joylari bir nechta boʻlganda, maxsus transport vositalari qatnovlar sonini kamaytirishni hisobga olib, qayta yuklash va zararsizlantirish joylariga biriktirilishi lozim.
14. Maxsus transport vositalarining harakat yoʻnalishlari chiqindilar tashib ketiladigan obyektlar yoki ularda toʻplanadigan chiqindilar miqdori, xizmat koʻrsatiladigan hududda maxsus transport vositalarining harakatlanish shart-sharoitlari oʻzgarganda qayta koʻrib chiqilishi kerak.
3-§. Qattiq maishiy chiqindilarni saralash va olib chiqib ketish
15. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari koʻrsatish qoidalariga muvofiq, isteʼmolchilar qattiq maishiy chiqindilarni bir marotaba ishlatiladigan paketlarga alohida-alohida joylab dastlabki saralashni va ularni quyidagi turlarga ajratishni amalga oshirishlari shart:
1) plastmassa (paketlar, idish, tara, oʻyinchoqlar, butilkalar): qattiq plastmassa (plastmassadan yasalgan mebel, rezina poyabzal), yumshoq plastmassa (shampundan boʻshagan flakonlar, idishlar va hokazolar);
2) metall chiqindilari (metalldan ishlangan turli maishiy mahsulotlar va idish-tovoq chiqindilari, taralar, jumladan konserva bankalari): qora metall chiqindilari (panjaralar, sim toʻsiqlar, quvur qiyqindilari, armatura, maishiy jihozlar va xoʻjalik anjomlari), rangli metall chiqindilari (alyuminiy simlar, mis simlar, alyuminiydan ishlangan idishlar, uy-roʻzgʻor buyumlari), shisha (shishadan tayyorlangan turli maishiy mahsulotlar va idishlar chiqindilari, taralar, butilkalar);
3) qogʻoz chiqindilari (qogʻoz, karton va qogʻoz mahsulotiga tenglashtirilgan boshqa mahsulotlar chiqindilari), ip-gazlamalarning qiyqimlari va boʻlaklari, eski uvada lattalar;
4) qayta ishlash va utilizatsiya uchun yaramaydigan biologik va boshqa chiqindilar (kundalik ishlatiladigan oziq-ovqat mahsulotlari chiqindilari, jumladan turli xil ozuqa, yangi meva, poliz va sabzavot mahsulotlarining poʻstloqlari).
16. Chiqindilarni axlat toʻplash shoxobchalariga joylashtirish uchun koʻp kvartirali uylardagi isteʼmolchilar qattiq maishiy chiqindilarni turlari boʻyicha paketlarga joylab, tegishli konteynyerlarga tashlaydilar. Xususiy uylarda yashovchi isteʼmolchilar esa, saralangan qattiq maishiy chiqindilarni oʻz uylarida saqlab, “signal” usulida kelgan maxsus transport vositasiga joylashtiradilar.
17. Qattiq maishiy chiqindilarni axlat toʻplash shoxobchalarida alohida-alohida turlarga ajratish talab etilsa, bu vazifa sanitariya jihatidan tozalash boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar yoki obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirilishi kerak.
18. Tarkibida simob boʻlgan lampalarni toʻplash lampalarga shikast yetkazilishiga imkon bermaydigan va undagi simobli moddalarni havo muhitiga, suv taʼminoti manbalariga, tuproq va oziq-ovqat mahsulotlariga tegib ketishidan saqlovchi maxsus taralarda amalga oshiriladi.
19. Konteynyerlardan chiqindilar tushib ketishi va xodimlarga jarohat yetkazishining oldini olish uchun ular umumiy hajmining 90 foiziga qadar toʻldirilishi kerak.
20. 80 — 100 litr sigʻimli konteynyerlar ikki gʻildirakli yengil aravada tashilishi kerak. Aravalar boʻlmaganda, konteynyerlar chiqindilarni maxsus transport vositasiga yuklash joyidan 10 metrdan uzoq boʻlmagan masofada joylashtirilishi zarur.
21. Konteynyerlardan ikkilamchi xomashyoni ajratib olish taqiqlanadi.
22. Konteynyerlar chiqindilardan toʻliq, qoldiqsiz tozalanishi zarur. Ular har doim soz qopqoq bilan berkitilgan boʻlishi hamda sanitariya talablariga muvofiq dezinfeksiya qilinishi lozim.
23. Chiqindilarni tashib ketish uchun maxsus transport vositalarining turi va soni tashiladigan chiqindilarning hajmi, olib ketish davriyligi va maxsus transport vositalarining samaradorligini inobatga olgan holda aniqlanishi kerak.
4-§. Suyuq maishiy chiqindilarni yigʻish va olib chiqib ketish
24. Kanalizatsiya tizimi mavjud boʻlmagan uylardagi suyuq maishiy chiqindilar ularning toʻplanish meʼyorlariga muvofiq, biroq kamida har olti oyda olib chiqib ketilishi zarur.
Suyuq chiqindilarning toʻplanish meʼyori chiqindi tashlanadigan oʻraning oʻtkazuvchanlik darajasiga, tuproqning filtrlash koeffitsiyenti, sizot suvlarning sathi va har bir jismoniy shaxs tomonidan ishlatilgan suvga bogʻliq holda belgilanadi.
25. Suyuq maishiy chiqindilar tashlanadigan oʻralarning devorlari va tubi suv oʻtkazmaydigan, yer ustki qismi yuvish va dezinfeksiyalashga qulay boʻlishi, ularni joylashtirishda maxsus transport vositalarining erkin harakatlanishi uchun zarur joy nazarda tutilishi zarur.
26. Suyuq maishiy chiqindilar toʻkish stansiyalari, maxsus assenizatsiya dalalari va bunday chiqindilarni qabul qilish hamda zararsizlantirishga moʻljallangan boshqa joylarga olib ketilishi lozim.
5-§. Yirik oʻlchamli chiqindilarni yigʻish va olib chiqib ketish
27. Yirik va gabaritli chiqindilar (mebel, sovutgichlar, velosipedlar, gaz plitalari, bolalar aravalari), qoramol goʻngi, qurilish chiqindilari, tuproq, agrotexnika ishlari natijasida paydo boʻladigan chiqindilar (novdalar, daraxt tanalari, toʻnkalar va shox-butoqlar) (bundan buyon matnda yirik oʻlchamli chiqindilar deb yuritiladi) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, professional boshqaruv tashkilotlari tomonidan tayinlangan, vaqtinchalik maxsus ajratilgan joylarga yigʻib turilishi kerak.
28. Yirik oʻlchamli chiqindilar toʻplash joylari qattiq qoplamali va maxsus transport vositalarining harakatlanishi uchun qulay hamda xizmat koʻrsatiladigan uylarga 20 metrdan yaqin va ulardan 300 metrdan uzoq boʻlmagan masofada joylashtirilishi kerak.
29. Yirik oʻlchamli chiqindilarni olib chiqib ketish uchun agʻdarma ochiq kuzovli yoki katta hajmli turar joylar hududida ajratilgan maxsus maydonlarda oʻrnatiladigan bunker toʻplagichlar bilan taʼminlangan maxsus transport vositalaridan foydalanish kerak.
30. Yirik oʻlchamli chiqindilarni konteynyerlarga tashlash va ulardagi chiqindilar bilan birgalikda tashish taqiqlanadi.
31. Yirik oʻlchamli chiqindilar ularning toʻplanish meʼyorlariga muvofiq, biroq har oyda kamida ikki marotaba olib chiqib ketilishi zarur.
6-§. Chiqindilarni yoʻllarda tashish
32. Ijrochi maxsus transport vositalarini sanitariya qoidalari hamda texnika xavfsizligi talablariga javob beradigan holda yoʻnalishga chiqarishi kerak.
33. Maxsus transport vositalarini yoʻnalishga chiqarishdan oldin ularning texnikaviy, sanitariya holati va tashqi koʻrinishi koʻzdan kechirilishi lozim.
34. Maxsus transport vositasining ekipaji haydovchi va yuklovchilardan iborat boʻlishi zarur.
35. Chiqindilarni maxsus transport vositasining belgilanmagan joylariga qoʻyib tashish taqiqlanadi.
36. Chiqindilarni tashishga ixtisoslashtirilmagan — agʻdarma, bortli transport vositalaridan maxsus transport vositasi sifatida foydalanilganda, sochiluvchi jismlarning yoʻlga toʻkilishi va suyuqlik (filtrat) oqishining oldini olish choralari koʻrilishi lozim.
7-§. Chiqindilarni poligonga joylashtirish
37. Poligon hududiga kirayotgan va undan chiqib ketayotgan maxsus transport vositalari kirish punktida maxsus dezinfeksiyalovchi toʻsiqdan oʻtishi, ogʻirligi tarozida tortilishi, roʻyxatga olinishi kerak.
38. Maxsus transport vositalarining poligonga kirishi va uning hududida harakatlanishi tasdiqlangan yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilishi zarur.
39. Chiqindilarni tushirish vaqtida maxsus transport vositasi qoʻl tormozida ishonchli toʻxtatilgan, harakatni almashtiruvchi moslamadagi pastki uzatmadan yoki orqaga harakatlanuvchi uzatmadan uzib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
40. Maxsus transport vositasi yoki tirkamaning bortlari kamida ikki nafar xodim tomonidan ochilishi lozim.
41. Bortlarni ochishdan oldin yuklangan chiqindilar xavfsiz holatda ekanligiga ishonch hosil qilinishi zarur.
42. Yuk ustiga yopilgan brezent yoki boshqa materialni olib tashlash uchun kuzov ustiga chiqish man etiladi. Bunda bu ish bortlar ochilgandan keyin yerdan turib bajarilishi kerak. Brezent yoki boshqa materialni bortlarni ochmasdan olib tashlash lozim boʻlganda mazkur ish maxsus transport vositasining zinapoyasi ustida yoki boshqa xavfsiz joyda turgan holda bajarilishi kerak.
43. Bortli transportlardan chiqindilarni qoʻlda tushirish shamolga teskari holatda, uning faqat bir tomonidan amalga oshirilishi lozim.
44. Poligon hududida maxsus transport vositalari harakatlanadigan yoʻllar qattiq qoplamali yigʻma qismlardan ishlangan boʻlishi, ular qishda muzdan tozalanib, qum yoki shlak sepib qoʻyilishi lozim.
45. Chiqindilarni tushirish maydonchasida maxsus transport vositalari ketma-ket joylashtirilganda, ularning oraligʻi 1 metrdan, yonma-yon turgan maxsus transport vositalari orasidagi masofa esa 4 metrdan kam boʻlmasligi zarur.
46. Har bir chiqindi tushirish maydonchasi kirish joyida ushbu hududda bir vaqtning oʻzida toʻxtashi va ishlashi mumkin boʻlgan maxsus transport vositalarining soni koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
47. Qorongʻi vaqtlarda ishlarni bajarish uchun chiqindilarni tushirish maydonchalari zarur meʼyorda tashqi yoritish manbasi bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
48. Agʻdarma transportlarni kuzatib boruvchi yuklovchilar va boshqa shaxslar poligon hududiga kirishlari taqiqlanadi. Ular maxsus transport vositasining qaytishini poligonning maishiy xonalarida kutishlari kerak.
3-bob. Maxsus transport vositalaridan foydalanishga qoʻyiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
49. Har bir maxsus transport vositasi rostlash va mayda taʼmirlash uchun zarur asbob-uskuna hamda moslamalar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
50. Maxsus transport vositalarining tashqi qoplamasida va tirkamalarida xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning shikastlanishiga sabab boʻladigan oʻtkir va yulingan qirralar, yoriqlar va boshqa nuqsonlar boʻlmasligi kerak.
51. Maxsus transport vositalarining zinapoyasi, qanotlari va tirkamalarida odam tashish taqiqlanadi.
52. Barcha turdagi maxsus transport vositalaridan belgilanmagan maqsadlarda foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi.
2-§. Kuzovli maxsus transport vositalaridan foydalanishga qoʻyiladigan talablar
53. Kuzovdan yoʻlga chiqindilar yoki suyuqlik toʻkilishi mumkin boʻlgan tirqishlar va nozich birikish joylari boʻlgan transport vositalaridan chiqindilarni tashishda foydalanish taqiqlanadi.
54. Kuzovli maxsus transport vositasi troslarining sozligi, ularning rama ostidaligi, bunker qopqogʻi kronshteynlariga mahkamlash moslamalarining holati, troslar blokining mahkamlagichi, shuningdek troslarning tarangligi muntazam ravishda tekshirib turilishi lozim.
55. Kuzovli maxsus transport vositasini siltantirish yoki keskin harakatlantirish yoʻli bilan kuzovdan chiqindilarni tushirish taqiqlanadi.
56. Kuzovli maxsus transport vositasini kuzovi koʻtarilgan holatda yurgizish taqiqlanadi.
57. Chiqindilarni kuzovli maxsus transport vositasi kuzovidan tushirmasdan undagi ikkilamchi xomashyoni ajratib olish taqiqlanadi.
3-§. Maxsus assenizatsiya transporti vositalaridan foydalanishga qoʻyiladigan talablar
58. Maxsus assenizatsiya transporti vositalarini suyuq maishiy chiqindilar tashlanadigan oʻraga yaqinlashtirishdan oldin ish joyini diqqat bilan koʻzdan kechirishi va transport vositasi hamda xodimning oʻraga xavfsiz yaqinlashishini taʼminlaydigan minimal masofani aniqlab olishi kerak. Maxsus assenizatsiya transporti vositasi yuk ortiladigan joyga oʻrnatilgandan soʻng, tormozlab qoʻyilishi, uni qiyalikda toʻxtatish zarur boʻlganda esa, gʻildiraklari ostiga ponalar yoki qistirmalar qoʻyilishi lozim.
59. Tortish ishlari yakunlangach, soʻruvchi shlang suv bilan yuvib tozalanishi zarur.
60. Maxsus assenizatsiya transporti vositasining nasos va uzatma mexanizmini moylash dvigatel oʻchirilgan holatda amalga oshirilishi zarur.
61. Maxsus assenizatsiya transporti vositalari koʻchalarda ifloslangan va nuqsonlari boʻlgan holda harakatlanishi taqiqlanadi.
4-bob. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qoʻyiladigan talablar
62. Ijrochi maishiy chiqindilarni tashishda atrof tabiiy muhitning chiqindilar bilan ifloslanishining oldini olish choralarini koʻrishi zarur.
63. Chiqindilarni aholi punktlari yerlarida, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlarda va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarda, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, shuningdek tabiatni muhofaza qilish obyektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazish tahdidi kelib chiqishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda saqlash va bunday joylarga koʻmib tashlash taqiqlanadi.
5-bob. Yakuniy qoida
64. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi va “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2014-yil 15-oktabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2014-yil 15-oktabr
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZOKIROV
2014-yil 15-oktabr
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2014-yil 15-oktabr
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. QURBANOV
2014-yil 15-oktabr
“Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2014-yil 15-oktabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 46-son, 555-modda)