toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.11.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ENERGETIKA TEKShIRUVLARI VA EKSPERTIZALARI OʻTKAZISh FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 16-iyuldagi PF-4453-son Farmoni)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat agentligi ikki hafta muddatda Litsenziyalar berish toʻgʻrisida xulosalar tayyorlash boʻyicha ekspert komissiya tarkibini va Komissiya toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 12-noyabr,
504-son
Vazirlar Mahkamasining
2002-yil 12-noyabrdagi
504-son qaroriga
ILOVA
Energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazish faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
Litsenziyalar umuman energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazishga yoxud ularning quyidagi:
yoqilgʻi (suyuq, qattiq va gazsimon yoqilgʻi)dan foydalanishning energiya samaradorligini baholash;
issiqlik energiyasidan foydalanishning energiya samaradorligini baholash;
elektr energiyasidan foydalanishning energiya samaradorligini baholash;
ishlayotgan, yangi ishga tushirilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarda energiya taʼminoti loyihalari va sxemalarining, energiya ishlab chiqaruvchi va energiya isteʼmol qiluvchi asbob-uskunalarning xavfsizligi va energiya samaradorligi sohasidagi energetika ekspertizasi qismlariga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazish faoliyatini litsenziyalash Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda litsenziyalovchi organ deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-martdagi 96-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 9-son, 105-modda)
3. Yuridik shaxslar litsenziya talabgori boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Yuridik shaxslarning energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazish faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziyalar 5 yil muddatga beriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
5. Energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
II. Litsenziya talablari va shartlari
6. Quyidagilar energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazishdagi litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
litsenziat tomonidan qonun hujjatlariga, shu jumladan texnika xavfsizligi va yongʻindan saqlash xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga, elektr, issiqlik energiyasi va gazdan foydalanish qoidalariga, elektr, issiqlik energiyasi va gazni hisobga olish qoidalariga hamda energetika sohasidagi boshqa normativ hujjatlarga majburiy rioya etilishi;
zarur normativ-texnik hujjatlarning mavjud boʻlishi;
faoliyatning ushbu turini amalga oshirish uchun maxsus bilimlarga ega boʻlgan yetarlicha malakali kadrlarning mavjudligi;
“Oʻzstandart” agentligi organlarida attestatsiyadan oʻtkazilgan, aniqlikning tegishli klassidagi hisobga olish va nazorat qilishning maxsus oʻlchov priborlari bilan jihozlanganligi;
tekshirilayotgan obyektning energiya-texnologiya oqimini hisobga olgan holda tuzilgan texnik topshiriqlar talablariga hamda faoliyatning talabgor boʻlinayotgan qismi boʻyicha energetika tekshiruvlarini oʻtkazish boʻyicha metodikaga rioya etish;
energetika va texnika xavfsizligi sohasidagi talablarni hisobga olgan holda tuzilgan tekshirilayotgan obyektlarning energetika koʻrsatkichlarini asboblar bilan baholash metodikasiga rioya etish.
7. Litsenziya bitimida ushbu Nizomning 6-bandida sanab oʻtilgan litsenziya talablari va shartlarilardan aniq litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
8. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
Oldingi tahrirga qarang.
litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami; yuridik shaxs amalga oshirishni moʻljallayotgan faoliyatning litsenziyalanayotgan turi (uning qismi);
(8-bandning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
litsenziya talabgori arizasi litsenziyalovchi organ tomonidan koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya talabgori tomonidan yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat;
litsenziya talabgorining metodika, kadrlar, pribor bilan taʼminlanganligini, xodimlarning litsenziya olishga qoʻyiladigan malaka boʻyicha talablar va shartlarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar (ushbu Nizomga 2-ilova).
9. Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan litsenziyalovchi organga ularning olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan bevosita yoxud pochta aloqasi vositasi orqali yetkaziladi.
Hujjatlar litsenziyalovchi organ masʼul shaxsi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda arizachiga yuboriladi (topshiriladi).
11. Litsenziya talabgori notoʻgʻri yoki soxta maʼlumotlar taqdim etilgani uchun qonunchilikka muvofiq javob beradi.
IV. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
12. Litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining toʻrt baravari miqdorida yigʻim undiriladi. Ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi litsenziyalovchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi. Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechganda toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
13. Energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazish faoliyatini litsenziyalash mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror uning barcha zarur hujjatlar bilan birgalikdagi arizasi olingan kundan boshlab yigirma kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
14. Litsenziya berish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi hujjatlarni koʻrib chiqish, ular yuzasidan ekspert xulosalar tayyorlash uchun litsenziyalovchi organda ekspert komissiya tashkil etiladi. Ekspert komissiya tarkibi va Komissiya toʻgʻrisidagi nizom litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlanadi. Bunda ekspert komissiya tarkibiga majburiy tarzda tegishli ixtisoslik mutaxassislari kiritiladi.
Litsenziya talabgorining barcha zarur hujjatlar ilova qilingan arizasi ular qabul qilingan kunda koʻrib chiqish uchun ekspert komissiyaga kiritiladi.
Ekspert komissiya oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va ular yuzasidan litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida ekspert xulosasi tayyorlaydi.
Litsenziyalovchi organ ekspert komissiya xulosasi asosida besh kun muddatda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini aniqlash uchun litsenziyalovchi organ ekspert komissiya iltimosnomasiga koʻra oʻz mablagʻlari hisobiga:
faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya talabgoridagi mavjud shartlarni joylarga chiqib baholash;
tegishli xulosalar tayyorlash uchun shartnoma asosida ekspertlarni jalb qilish huquqiga ega.
Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun muddatda litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi yuboriladi.
15. Litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimida quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining (uning bir qismining) nomi;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini ishchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi;
litsenziat va litsenziyalovchi organning majburiyatlari;
litsenziyalovchi organga beriladigan materiallar, hujjatlar roʻyxati va ularni taqdim etish muddatlari.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
Litsenziyalar maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi. Litsenziya blankalari namunasi litsenziyalovchi organ tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-dekabrdagi 488-son qaroriga muvofiq tasdiqlanadi.
Litsenziyalar blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻlishi kerak. Litsenziyalar blankalari litsenziyalovchi organ buyurtmanomasiga koʻra “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan bosmaxona usulida tayyorlanadi. Litsenziyalar blankalari hisobga olinishi, saqlanishi va maqsadli foydalanilishi uchun litsenziyalovchi organ rahbari shaxsan javob beradi.
Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin ikki kun muddatda beriladi.
16. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
17. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
18. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni qayta koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni qayta koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda qayta taqdim etilgan hujjatlar ular qabul qilingan kunda koʻrib chiqish uchun ekspert komissiyaga kiritiladi.
Ekspert komissiya olti kundan ortiq boʻlmagan muddatda taqdim etilgan hujjatlarni qayta koʻrib chiqadi va ular yuzasidan litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida ekspert xulosasi tayyorlaydi.
Litsenziyalovchi organ ekspert komissiya xulosasi asosida toʻrt kun muddatda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi. Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
19. Litsenziat-yuridik shaxs qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
20. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
21. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish litsenziyalovchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
22. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organga litsenziyaning amal qilish muddati oʻtgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
23. Yoʻqolgan yoki amal qilish muddati oʻtmagan yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra uning dublikati berilishi mumkin.
Litsenziya dublikati berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
24. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
25. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda litsenziyalovchi organ oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonunda belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
Oldingi tahrirga qarang.
huquqiy taʼsir koʻrsatish chorasi sifatida litsenziyaning amal qilishini oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror chiqarish, koʻrsatib oʻtilgan litsenziyalarni oʻn ish kunidan ortiq muddatga toʻxtatib turish, toʻxtatish yoxud bekor qilish toʻgʻrisida sudga murojaat qilish.
(25-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
26. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda litsenziyalovchi organ xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va litsenziyani bekor qilish
27. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish, uni bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22—24-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilishi va toʻxtatilishi, uning bekor qilinishi asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
(27-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
VIII. Litsenziyalar reyestri
28. Litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Reyestrda quyidagilar koʻrsatiladi:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefon raqamlari;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziyaning umuman faoliyat turiga yoki uning bir qismiga berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyani bekor qilishning asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi.
29. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
IX. Litsenziya berilganligi uchun davlat boji
30. Litsenziya berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
31. Davlat boji summasi respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Energetika tekshiruvlari va ekspertizalari
oʻtkazish faoliyatini litsenziyalash
toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazish faoliyatini litsenziyalash
sxemasi
Oldingi tahrirga qarang.
(Energetika tekshiruvlari va ekspertizalari oʻtkazish faoliyatini litsenziyalash sxemasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-martdagi 96-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 9-son, 105-modda)
Energetika tekshiruvlari va ekspertizalari
oʻtkazish faoliyatini litsenziyalash
toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

T/r ‎

Metodik hujjatning, amal qilinuvchi normativ hujjatlar nomi, litsenziya talabgori tasarrufidagi faoliyatning tegishli turi uchun qoida va normalar‎‎

Hujjatning qoʻllanish sohasi‎‎

Metodik hujjatni tayyorlovchi‎‎

Metodik hujjatni tasdiqlagan organning nomi‎‎

1‎

2‎‎

3‎‎

4‎‎

5‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

MALAKA BOʻYIChA TALABLAR‎‎

T/r ‎

Familiyasi, ismi, otasining ismi‎‎

Lavozimi‎‎

Maʼlumoti‎‎

Oʻquv yurti‎‎

Diplomning tartib raqami va berilgan sanasi ‎‎‎

Ixtisosi‎‎

Asosiy ixtisoslashuv boʻyicha ish staji‎‎

1‎

2‎‎

3‎‎

4‎‎

5‎‎

6‎‎

7‎‎

8‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

MAXSUS PRIBORLAR BILAN JIHOZLANGANLIK‎‎

T/r ‎

Priborning nomi va markasi‎‎

Nima maqsadda ishlatilishi‎‎

Aniqlik klassi‎‎

Ishlab chiqargan firma

“Oʻzstandart” agentligida oxirgi tekshiruv sanasi‎‎

Oʻziniki‎‎

Ijaraga olingan‎‎

1‎

2‎‎

3‎‎

4‎‎

5‎‎

6‎‎

7‎‎

8‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

‎‎

‎‎
METODIK TAʼMINLASh‎
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 21-son, 215-modda; 2004-y., 9-son, 105-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda, 46-47-son, 458-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda)