1.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.03.00 Aholiga davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish / 14.01.03.06 Ona va bola salomatligini muhofaza qilish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sog‘liqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AYoLLAR VA O‘SIB KELAYOTGAN AVLOD SOG‘LIG‘INI MUSTAHKAMLAShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, oila manfaatlarini ta’minlash, ayollar mavqeyini oshirish, sog‘lom avlodni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan umumdavlat chora-tadbirlari respublikadagi ijtimoiy-demografik vaziyatni sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi. Oila instituti mustahkamlanmoqda, chaqaloqlar o‘limi kamaymoqda, tug‘ruq yoshining tarkibi yaxshilanmoqda, aholining uzoq umr ko‘rishi darajasi o‘smoqda.
Shu bilan birga, respublika mintaqalari bo‘yicha aholining reproduktiv salomatligi ko‘rsatkichlarining tahlili ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hali yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlari, Bandixon, Baxmal, Chiroqchi, Qo‘shrabot tumanlari va boshqa tumanlar aholisining reproduktiv sog‘lig‘i ko‘rsatkichlari respublika o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ko‘proq orqada qolmoqda.
Oilalarning tibbiy madaniyati darajasini yanada oshirish, ayollarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, sog‘lom avlod tug‘ilishi va ularni tarbiyalash uchun sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi, Moliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Davlat sport qo‘mitasi, Davlat matbuot qo‘mitasi, “O‘zteleradio” kompaniyasi va boshqa tuzilmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda oilada tibbiy madaniyatni oshirish, ayollarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, sog‘lom avlod tug‘ilishi va ularni tarbiyalashning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning maqsadli dasturini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Respublika komissiyasiga taqdim etsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
ayniqsa qishloq joylardagi tibbiyot muassasalari, tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalarining qizlarga, ayollarga va yosh oilalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, oilalarda tibbiy madaniyatni oshirish, ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish masalalarida ayollarga tibbiy maslahatlar berish bo‘yicha ishlarini kuchaytirsin;
Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, xayriya jamg‘armalari va Hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ayollarning reproduktiv sog‘lig‘ini yaxshilash bo‘yicha aholini zarur zamonaviy tibbiyot preparatlari va vositalari bilan ta’minlash yuzasidan 2-ilovaga muvofiq muruvvat va homiylik yordamlarini jalb etish ishlarini faollashtirsin;
ushbu vositalar va ularni qo‘llash bo‘yicha kompleks maslahat xizmatlari tegishli tibbiyot muassasalari orqali hamda turg‘un davolash-profilaktika muassasalarida dori-darmonlar va tibbiy buyumlari berilishi, hisobga olinishi hamda ulardan foydalanilishini nazorat qilishning amaldagi tartibiga muvofiq bepul asosda berilishini tashkil etsin;
ayniqsa tug‘ilish, onalar va chaqaloqlar o‘limi darajasi yuqori bo‘lgan tumanlarda akusher-ginekolog kadrlar tarkibini mustahkamlasin, ularni zarur tibbiy asbob-anjomlar, zamonaviy preparatlar va vositalar bilan ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda akusher-ginekolog vrachlar malakasini, shu jumladan respublikaning yetakchi klinikalarida va chet ellarda tajriba orttirish asosida uzluksiz oshirish, tibbiyot xodimlarining axborot manbalaridan, shu jumladan “Internet”dan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishning maxsus dasturini qabul qilsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, ayollarning reproduktiv sog‘lig‘ini yaxshilash uchun vositalar va preparatlar Davlat budjetida sog‘liqni saqlash muassasalarini mablag‘ bilan ta’minlash uchun nazarda tutilgan har yilgi mablag‘lar doirasida ushbu maqsadlarga maxsus ajratilgan mablag‘lar, shuningdek 2-ilovaga muvofiq hajmlarda Hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro tashkilotlar grantlari hisobiga sotib olinadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning joylardagi hududiy organlari tomonidan davolash, profilaktika va konsultatsiya muassasalari o‘rtasida taqsimlanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qizlarning balog‘atga to‘lmagan yoshda nikohdan o‘tishini istisno etuvchi zarur takliflar kiritsinlar, keyinchalik takliflar Oliy Majlisga kiritilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2002-2003-o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarining 10-11-sinflari o‘quvchilarining hamda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida o‘qitishning 2-3 yillari o‘quv dasturlariga sog‘lom oila va nikoh, sog‘lom avlod tug‘ilishi va uni tarbiyalash masalalari bo‘yicha mutaxassis tibbiy xodimlar tomonidan o‘tkaziladigan maxsus fakultativ darslar kiritsinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi, “O‘zteleradio” kompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, respublika ommaviy axborot vositalari ushbu qarorda nazarda tutilayotgan chora-tadbirlarning roli va ahamiyati keng tushuntirilishini ta’minlasinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 25-yanvar,
32-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 32-son qaroriga 2-ILOVA
2002—2005-yillarda ayollarning reproduktiv sog‘lig‘ini mustahkamlashga yaxshilash bo‘yicha zamonaviy tibbiy preparatlar va vositalar xarid qilish hajmlari va mablag‘ bilan ta’minlash manbalari
(mln. so‘m)
Moddalar nomi
2002-yil
2003-yil
2004-yil
2005-yil
Harid qilishning umumiy miqdori
6526
7105
7608
7887
shu jumladan:
Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga
455
569
682
788
shundan
respublika budjeti
20
71
85
99
mahalliy budjetlar
435
498
597
690
“Dori-darmon” davlat-aksiyadorlik jamiyati va boshqa dorixona muassasalari
1455
1449
1486
1456
Hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro tashkilotlar mablag‘lari hisobiga
4616
5087
5440
5643
ming AQSh dollariga teng hisobda
6366
7017
7504
7784
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 2-son, 21-modda; 2004-y., 30-son, 344-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)