toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 21.07.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT MULKINI XORIJIY INVESTORLARGA SOTISh BOʻYIChA TENDER SAVDOLARI OʻTKAZUVChI DAVLAT KOMISSIYASINING ROLI VA MASʼULIYATINI OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 21-iyuldagi PQ-423-son “Baʼzi respublika komissiyalari va kengashlari tarkiblari hamda ularning faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish boʻyicha tender savdolari oʻtkazuvchi Davlat komissiyasi tomonidan kimyo, neftgaz, mashinasozlik va iqtisodiyot boshqa tarmoqlarining 90 dan ortiq korxonalari aksiyalari, aktivlari va mol-mulki sotildi, ulardan eng yiriklari “Olmaliq maishiy kimyo zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Andijonkabel” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Suvmash” ochiq aksiyadorlik jamiyati va boshqalardir.
Shu bilan birga koʻrsatib oʻtilgan chora-tadbirlar xorijiy investorlarni jalb qilgan holda xususiylashtirish dasturida nazarda tutilgan korxonalar va obyektlarni xususiylashtirishning zarur surʼatlarini, xorijiy investitsiyalar oqimini, eng avvalo toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar oqimini taʼminlamayapti. Xorijiy investorlarni jalb qilgan holda korxonalar va obyektlarni xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishni taʼminlovchi aniq ishlovchi mexanizm yaratilmagan. Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish boʻyicha qabul qilingan qarorlarning samaradorligi ustidan monitoring yetarli darajada olib borilmayapti.
Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish boʻyicha tender savdolari oʻtkazuvchi Davlat komissiyasining roli va masʼuliyatini oshirish, korxonalarni xususiylashtirish, eng avvalo yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha amalga oshiriladigan iqtisodiyot tarmoqlari bazaviy tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirish jarayonlariga xorijiy investitsiyalarni, ayniqsa toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishni faollashtirish, aksiyadorlik jamiyatlaridagi aksiyalar davlat paketlarining bir qismini va toʻliq xorijiy investorlarga sotish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish boʻyicha tender savdolari oʻtkazuvchi Davlat komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari, Davlat mulki qoʻmitasi, vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari tomonidan xususiylashtirilgan korxonalarning davlat aktivlarini yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha sotish, xususiylashtirilayotgan korxonalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz deb hisoblansin.
2. Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish boʻyicha tender savdolari oʻtkazuvchi Davlat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) yangi tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
3. Quyidagilar Davlat komissiyasining iqtisodiyotni erkinlashtirish va isloh qilishning hozirgi bosqichidagi eng muhim vazifalari hisoblansin:
davlat korxonalarini xorijiy investorlar ishtirokida xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga yoʻnaltirilgan Hukumat qarorlarining soʻzsiz bajarilishini tashkil etish, respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni, ayniqsa toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb qilish, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini yanada rivojlantirish va oshirish;
sansalorlik, byurokratizm va obyektlarni xorijiy investorlar ishtirokida xususiylashtirish hamda aksiyalar paketlarini va korxonalarni toʻliq tanlov (tender) savdolari gʻoliblariga sotishni jadallashtirish bilan bogʻliq masalalarni hal etish muddatlari choʻzib yuborilishi hollarini bartaraf etish;
iqtisodiyot tarmoqlarida Davlat komissiyasi qarorlari qabul qilingan xususiylashtirilgan korxonalar va obyektlarning faoliyati ustidan monitoring tashkil etish.
4. Davlat komissiyasi bir oy muddatda xorijiy sarmoya ishtirokida davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlarning samaradorligini tanqidiy oʻrganib chiqsin, bunda:
yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha xususiylashtirish dasturida nazarda tutilgan davlat mulkini xorijiy investorlarga sotishda tender savdolarini oʻtkazish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaraliligiga, korxonalarni sotishga tayyorlash va sotish jarayonlariga yirik va mashhur xorijiy moliyaviy maslahatchilarni, baholash va auditorlik kompaniyalarini jalb qilishga;
aniq takliflari va investitsiya majburiyatlari boʻlgan strategik investorlar mavjud boʻlganda tezkorlik bilan koʻrib chiqish va korxonalar boʻyicha qarorlar qabul qilish yuzasidan berilgan vakolatlarni amalga oshirish, amaliyotda boʻlmagan qarorlarni tezkorlik bilan qabul qilishni nazarda tutgan holda obyektlar va aksiyalarni toʻlovning aralash shakllarini qoʻllab sotish amaliyotini kengaytirishga, xorijiy investitsiyalar oqib kelishi uchun barcha toʻsiqlarni bartaraf etishga asosiy eʼtiborni qaratsin.
5. Davlat komissiyasiga past rentabelli, iqtisodiy nochor va zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarning davlat aktivlarini investorlar tomonidan koʻrsatib oʻtilgan korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini qisqa muddatlarda (1-2 yil mobaynida) tubdan yaxshilashni taʼminlovchi investitsiya majburiyatlari oʻz zimmasiga olinishi va biznes-rejalar taqdim etilishi sharti bilan juda past narxlarda sotish huquqi berilsin.
6. Davlat komissiyasi raisi (R.S. Azimov), idoralararo ishchi guruhlar rahbarlari (K.N. Toʻlaganov, M.Z. Usmonov, E.M. Gʻaniyev, H.S. Karomatov) Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-apreldagi 185-son qaroriga muvofiq xorijiy investorlarga sotish moʻljallangan obyektlar boʻyicha xususiylashtirish dasturi bajarilishini taʼminlovchi ish rejasini ikki hafta muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Idoralararo ishchi guruhlar, vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari koʻrsatib oʻtilgan ish rejasining muddatlar, sotuv hajmi hamda davlat korxonalari va obyektlarni xususiylashtirish jarayonlariga xorijiy investorlarni jalb qilish yuzasidan bajarilishi uchun shaxsan javob berishlari toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
Mazkur bandning bajarilishi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining 2003-yilning 9 oyi va umuman yil yakunlari boʻyicha majlislarida axborot berilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 22-iyundagi 309-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 6-son, 32-modda) bilan tasdiqlangan Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish boʻyicha tender savdolari oʻtkazuvchi Davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom quyidagi mazmundagi xatboshlari bilan toʻldirilsin:
“davlat korxonalarini xorijiy investorlar ishtirokida xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga yoʻnaltirilgan Hukumat qarorlarining soʻzsiz bajarilishini tashkil etish, respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni, ayniqsa toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb qilish, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini yanada rivojlantirish va oshirish;
sansalorlik, byurokratizm va obyektlarni xorijiy investorlar ishtirokida xususiylashtirish hamda aksiyalar paketlarini va korxonalarni toʻliq tanlov (tender) savdolari gʻoliblariga sotishni jadallashtirish bilan bogʻliq masalalarni hal etish muddatlari choʻzib yuborilishi hollarini bartaraf etish;
iqtisodiyot tarmoqlarida Davlat komissiyasi qarorlari qabul qilingan xususiylashtirilgan korxonalar va obyektlarning faoliyati ustidan monitoring tashkil etish”.
8. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini xususiylashtirishda xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son qarori 3-bandining birinchi xatboshi va qarorga 4-ilova;
Vazirlar Mahkamasining “2000-2001-yillarda xorijiy investorlarni jalb qilgan holda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 26-noyabrdagi 511-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 11-son, 69-modda) 4-ilova 2-bandining “b” kichik bandi;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar kompleksini tashkil etish toʻgʻrisida” 2002-yil 22-oktabrdagi 364-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 10-son, 61-modda) 1-ilova III boʻlimining uchinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 21-avgust,
362-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y.,15-16-son, 133-modda)