1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.06.00.00 Bojxona ishi / 10.06.02.00 Bojxona ishini boshqarish. Bojxona organlarida xizmatni oʻtash]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Bojxonaga oid qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOJXONA ORGANLARINING BOShLIQLAR TARKIBIGA KIRUVChI ShAXSLARINI TENG LAVOZIMLARGA OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 9-martdagi PQ-302-son “Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, kadrlarni tanlash va ularni joy-joyiga qoʻyishni yaxshilash, bojxona organlarida qonuniylikni taʼminlash va intizomni mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarini teng lavozimlarga oʻtkazish (almashtirish) toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (B. Parpiyev):
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarida kadrlar almashishi tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarining oʻzlari oʻtkazilayotgan tarkibiy boʻlinmalar ixtisosi boʻyicha nazariy va amaliy tayyorgarlikdan oʻtishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
zarurat boʻlganda almashtirish tartibida boshqa ishga oʻtayotgan xodimlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona organlarini rivojlantirish, moddiy yordam, ijtimoiy himoya qilish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga oila bilan birga yashash imkonini beruvchi qulayliklari boʻlgan xizmat kvartirasi bilan taʼminlasinlar;
mansabdor shaxsning oila aʼzolarini ishga joylashtirishda, ularning bolalarini oʻquv yurtlari va maktabgacha muassasalarga joylashtirishda yordam koʻrsatsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga zarur oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 21-iyul,
321-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-iyuldagi 321-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarini teng lavozimlarga oʻtkazish (almashtirish) toʻgʻrisida
Nizom
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi hududiy bojxona boshqarmalarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarini – hududiy bojxona boshqarmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, boʻlinmalar boshliqlari, bojxona komplekslari, postlari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, bosh inspektorlar, katta inspektorlar va inspektorlarning teng lavozimlarga oʻtkazilishi (almashtirilishi) tartibi va shartlarini belgilab beradi.
Bojxona organlarini kadrlar bilan oʻz vaqtida va sifatli toʻldirish, mavjud kadrlar resurslaridan tezkorlik bilan mohirona foydalanish, korrupsiyaning, mansab jinoyatlari va nooʻrin xatti-harakatlarning oldini olish almashtirishning maqsadlari hisoblanadi.
2. Kadrlar almashtirilishi vakolatli shaxslar tomonidan ularning vakolatlari doirasida:
bir hududiy bojxona boshqarmasining bir tarkibiy boʻlinmasidan boshqa tarkibiy boʻlinmasiga oʻtkazish;
bir hududiy bojxona boshqarmasidan boshqa hududiy bojxona boshqarmasiga oʻtkazish boʻyicha tegishli tadbirlar oʻtkazilishi yoʻli bilan amalga oshiriladi.
3. Kadrlar almashtirilishidan oldin:
nomzodlar izlanadi;
nomzodlarning amaliy va shaxsiy fazilatlari oʻrganib chiqiladi;
tegishli rahbarlar tomonidan belgilangan tartibga muvofiq lavozimga tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar rasmiylashtiriladi;
mazkur Nizomda nazarda tutilgan hollarda mansabdor shaxsning roziligi olinadi.
4. Kadrlarni almashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining tarkibiy boʻlinmalari va hududiy bojxona boshqarmalarining takliflari hisobga olingan holda rejali amalga oshiriladi.
5. Kadrlarni almashtirish uchun:
a) tashkiliy-shtat tadbirlari oʻtkazilishi;
b) boʻsh lavozimlarni toʻldirish zarurligi;
v) mansabdor shaxslarning xizmatga doir va shaxsiy fazilatlarini hisobga olgan holda ulardan oqilona foydalanish zarurligi;
g) mansabdor shaxsning yangi mutaxassislik boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtishi yoki oʻqishi;
d) mansabdor shaxs sogʻligʻining oʻzgarishi;
e) mansabdor shaxsning muayyan yoshga toʻlishi;
j) mansabdor shaxsning oilaviy ahvoli asos boʻlishi mumkin.
6. Kadrlarni almashtirish:
hududiy bojxona boshqarmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlariga, boʻlim boshliqlari va ularning oʻrinbosarlariga, boʻlinmalar boshliqlariga nisbatan – qoidaga koʻra, ular egallab turgan lavozimda uch-besh yil xizmat qilganlaridan keyin, bojxona komplekslari, postlarning boshliqlari va ularning oʻrinbosarlariga nisbatan – qoidaga koʻra, egallab turgan lavozimda bir-ikki yil xizmat qilganlaridan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining buyrugʻi asosida;
bosh inspektorlar, katta inspektorlar va inspektorlarga nisbatan – qoidaga koʻra, egallab turgan lavozimda bir-ikki yil xizmat qilganlaridan keyin hududiy bojxona boshqarmalari boshliqlarining buyruqlari asosida amalga oshiriladi.
Kadrlarni almashtirish 5-bandning “a”, “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan hollarda shuningdek:
a) xizmat surishtiruvi natijalari;
b) malaka komissiyasining qarori;
v) mansabdor shaxslarning oʻzlarining tashabbusi asosida ushbu bandda koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgunga qadar amalga oshirilishi mumkin.
Yuqori turuvchi organlarning nomenklaturasiga tegishli boʻlgan kadrlar almashtirilishi belgilangan tartibda ular bilan kelishiladi.
7. Agar bitta hududiy bojxona boshqarmasi doirasida yangi xizmat joyi boshqa ishga oʻtkazilgan mansabdor shaxsning yashash joyidan 100 kilometrdan ortiq uzoqlikda boʻlsa, shuningdek bitta hududiy bojxona boshqarmasidan boshqasiga kadrlar almashtirilishiga almashtirilayotgan mansabdor shaxsning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
8. Ayni bir hududiy bojxona boshqarmasi doirasida oʻsha joydagi boshqa tarkibiy boʻlinmaga mansabdor shaxsning mutaxassisligi va malakasini hisobga olgan holda ish topshirish tarzidagi almashtirishga, shuningdek mazkur Nizom 5-bandining “a”, “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan hollarda almashtirishga mansabdor shaxsning roziligi talab qilinmaydi.
9. Mansabdor shaxslar tomonidan ilgari bajarib kelingan vazifalar xususiyati oʻzgarishi taqozo qilinadigan hududiy bojxona boshqarmalarining tarkibiy boʻlinmalariga ishga oʻtkazilayotgan mansabdor shaxslar uchun ular oʻtkazilayotgan tarkibiy boʻlinmalar ixtisosligi boʻyicha tegishli nazariy va amaliy tayyorgarlik kursi tashkil etiladi. Mansabdor shaxslarning lavozim majburiyatlarini mustaqil ijro etishga ular ushbu tarkibiy boʻlinmalarda stajirovkadan oʻtgandan keyin hududiy bojxona boshqarmasi boshligʻi tomonidan ruxsat beriladi.
10. Agar hududiy bojxona boshqarmasi ichida yangi xizmat joyi boshqa ishga oʻtkazilgan mansabdor shaxsning yashash joyidan 100 kilometrdan ortiq uzoqlikda boʻlsa, shuningdek bir hududiy bojxona boshqarmasidan boshqasiga kadrlarni almashtirishda Davlat bojxona qoʻmitasi belgilangan tartibda:
mansabdor shaxs va uning oila aʼzolari yangi xizmat joyiga koʻchib oʻtishi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplaydi;
amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa moddiy toʻlovlar toʻlaydi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
zarurat boʻlganda almashtirish tartibida boshqa ishga oʻtayotgan xodimlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona organlarini rivojlantirish, moddiy yordam, ijtimoiy himoya qilish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga oila bilan birga yashash imkonini beruvchi qulayliklari boʻlgan xizmat kvartirasi bilan taʼminlaydi;
mansabdor shaxsning oila aʼzolarini ishga joylashtirishda, ularning bolalarini oʻquv yurtlari va maktabgacha muassasalarga joylashtirishda yordam koʻrsatadi.
12. Bojxona organlarining boshqa tarkibiy boʻlinmada xizmatni oʻtash uchun almashtirish tartibida boshqa ishga oʻtkazilgan mansabdor shaxslariga mazkur tarkibiy boʻlinmada mavjud boʻlgan mehnatga haq toʻlash normasi, moddiy-maishiy taʼminot, ijtimoiy muhofaza va imtiyozlar joriy etiladi.
13. Mansabdor shaxs yangi xizmat joyida boʻlish muddati tamom boʻlgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tizimida yangi xizmat joyiga oʻtish masalasi boʻyicha belgilangan tartibda murojaat qilish huquqiga egadir.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 14-son, 117-modda)