1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.06.00 Vazirlar Mahkamasining komissiyalari va boshqa organlari. Zaxira jamgʻarmasi;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.10.00 Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar]
[TSZ:
1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Chet el investitsiyalari. Konsessiya shartnomalari. Xorijdan mablagʻ jalb qilish. Erkin iqtisodiy zonalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ER QAʼRI UChASTKALARIDAN FOYDALANISh ShARTLARINI IShLAB ChIQISh VA MAHSULOT TAQSIMOTIGA OID BITIMLAR LOYIHALARINI KOʻRIB ChIQISh BOʻYIChA MAXSUS DAVLAT KOMISSIYASINING TARKIBI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabrdagi 989-sonli “Yer qaʼridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish boʻyicha davlat komissiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish va mahsulot taqsimotiga oid bitimlar loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha 1-ilovaga* muvofiq tarkibda Maxsus davlat komissiyasi tashkil etilsin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish va mahsulot taqsimotiga oid bitimlar loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha maxsus davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Maxsus komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
investitsiya loyihalari va mahsulot taqsimotiga oid bitimlar loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini ekspertizadan oʻtkazishni tashkil etish;
mahsulot taqsimotiga oid bitimlar loyihalarining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari qoidalariga va yer qaʼrining aniq uchastkalaridan foydalanishning belgilangan shartlariga muvofiqligini baholash;
investitsiya loyihasining texnikaviy-iqtisodiy asoslari asosida mahsulot taqsimotiga oid bitimlar shartlarida berilayotgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarini belgilash;
Vazirlar Mahkamasiga mahsulot taqsimotiga oid muayyan bitim tuzishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosa taqdim etish;
mahsulot taqsimotiga oid bitim shartlarida investorga berilayotgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishning ishlab chiqilgan shartlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
4. Belgilansinki, 3-ilovaga* muvofiq tarkibdagi komissiya kotibiyati Maxsus komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
* 3-ilova berilmaydi.
Materiallarni komissiya majlislariga tayyorlash va komissiyaning qarorlari oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash uchun nazoratni tashkil etish yuzasidan zarur kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish Maxsus komissiya kotibiyatiga yuklansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 30-iyun,
295-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-iyundagi 295-son qaroriga 2-ILOVA
Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish va mahsulot taqsimotiga oid bitimlar loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha Maxsus davlat komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish va mahsulot taqsimotiga oid bitimlar loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha Maxsus davlat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda matnda “Komissiya” deb yuritiladi) ish tartibini belgilab beradi.
2. Komissiya majlislari oʻtkazilishini tashkil etish, koʻrib chiqish uchun zarur materiallarni tayyorlash, Komissiya vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha takliflarni tayyorlash yuzasidan ishchi guruhlar ishini muvofiqlashtirish Komissiya kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi.
3. Komissiyaning va Komissiya kotibiyatining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
II. Komissiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
dastlabki texnikaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar asosida ishlab chiqilgan yer qaʼri uchastkalarini berish boʻyicha ochiq kimoshdi savdolarining boshlangʻich shartlarini kelishish;
investitsiya loyihasining texnikaviy-iqtisodiy asoslari asosida mahsulot taqdimotiga oid bitim shartlarida berilayotgan yer qaʼri uchastkasi yoki uchastkalaridan foydalanish shartlarini belgilash;
mahsulot taqsimotiga oid bitimlar loyihalarining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va yer qaʼrining aniq uchastkalaridan foydalanishning belgilangan shartlariga muvofiqligini baholash.
5. Komissiya asosiy vazifalarga muvofiq:
a) quyidagilarni:
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanganlik uchun bir martalik (bonus) va yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlovlar miqdori va tartibini;
foyda soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, ifloslantiruvchi moddalarni atrof muhitga chiqarib tashlaganlik va oqizganlik uchun toʻlov stavkalari loyihalarini;
(5-band “a” kichik bandining ikkinchi va uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
investorga foydalanish uchun beriladigan yer qaʼri uchastkasi boʻyicha aniqlash, qidirish ishlari va boshqa tadqiqotlar natijalari (geologik axborot va boshqa axborot) uchun xarajatlar kompensatsiyasi miqdorini;
mahsulot taqsimotiga oid bitimni amalga oshirish davomida investor tomonidan sarflangan mablagʻlarni qoplashga yoʻnaltiriladigan mahsulot ulushini aniqlash tartibini;
mahsulotni taqsimlash tartibi va mexanizmini;
investorga yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziya berish tartibini ishlab chiqadi;
b) ochiq kimoshdi savdolarining boshlangʻich shartlarini kelishishda:
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish muddatini;
geologik oʻrganish (aniqlash va qidirish), yer qaʼrini, atrof muhitni muhofaza qilish va yer qaʼridan foydalanish bilan bogʻliq ishlar xavfsiz yuritilishi sohasidagi talablarni;
investorning moʻljallanayotgan faoliyati atrof muhitga taʼsirini baholash boʻyicha ishlarni olib borish tartibini;
mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan xodimlarni yollash shartlarini va ularning son tarkibini;
investor tomonidan tijorat maqsadidagi kon aniqlangan taqdirda foydali qazilmalarni qazib olish uchun yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini berish tartibini;
foydali qazilmalarning tijorat maqsadidagi kon aniqlangan taqdirda yer qaʼri uchastkasini geologik jihatdan oʻrganishga xarajatlarni qoplash tartibini;
yer qaʼri uchastkasi foydali qazilmalar konini aniqlash jihatidan istiqbolsiz ekanligi aniqlangan taqdirda yer qaʼri uchastkasini (uchastkaning bir qismini) qaytarish tartibini;
yer uchastkalarini rekultivatsiya qilish va bosqichma-bosqich qaytarish tartibini;
yer qaʼri uchastkalaridan va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishning boshqa shartlarini belgilaydi;
v) mahsulot taqdimotiga oid bitim shartlarida investorga berilayotgan yer qaʼri uchastkasi yoki uchastkalaridan foydalanishning ishlab chiqilgan shartlarini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
g) investitsiya loyihasining, shu jumladan investor tomonidan ishlab chiqilgan investitsiya loyihasining texnikaviy-iqtisodiy asoslari va mahsulot taqsimotiga oid bitim loyihasi ekspertiza organlarida, tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralarda, shuningdek ular faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha xoʻjalik yurituvchi subyektlarda ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etadi;
d) ekspertiza natijalarini umumlashtiradi va tahlil qiladi, zarurat boʻlganda ularni vakolatli ishchi organ (vakolatli kompaniya) va investor ishtirokida koʻrib chiqadi;
e) zarurat boʻlganda investitsiya loyihasining texnikaviy-iqtisodiy asoslari va mahsulot taqsimotiga oid bitim loyihasi investor, vakolatli davlat organi yoki vakolatli kompaniya hamda manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar ishtirokida puxta ishlab chiqilishini tashkil etadi;
j) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mahsulot taqsimotiga oid muayyan bitimni tuzishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi taklifni ushbu masala boʻyicha Hukumat qarori loyihasi bilan birgalikda kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Komissiyaga mahsulot taqsimotiga oid bitimlar bilan bogʻliq boshqa vazifalar va funksiyalarni bajarishni ham yuklashi mumkin.
III. Komissiyaning huquqlari
6. Komissiya quyidagi huquqlarga egadir:
mahsulot taqsimotiga oid bitimlarga tegishli materiallarni ekspertiza oʻtkazish uchun tegishli ekspertiza organlariga, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarga, banklarga, ixtisoslashtirilgan ilmiy, loyiha tashkilotlariga va boshqa tashkilotlarga yuborish;
Komissiyaning ishiga tegishli ixtisoslikdagi yuqori malakali mutaxassislarni, shuningdek mustaqil ekspertlarni belgilangan tartibda jalb etish;
Komissiya vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha takliflar tayyorlash uchun ishchi guruhlar tashkil etish;
vakolatli davlat organi yoki vakolatli kompaniya vakillarini, investorlarni, shuningdek vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, banklar, ilmiy, loyiha tashkilotlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rahbarlari va mutaxassislarini koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha Komissiya majlisiga taklif etish va ularning axborotlarini eshitish;
Vazirlar Mahkamasiga vakolatli davlat organi va/yoki vakolatli kompaniya, investor bilan kelishilgan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar loyihalari shartlarini oʻzgartirish va ularga qoʻshimchalar kiritishga doir takliflarni kiritish;
ekspertiza natijalarini umumlashtirish va tahlil etish asosida investitsiya loyihasining texnikaviy-iqtisodiy asoslarini va mahsulot taqsimotiga oid bitim loyihasini puxta ishlash uchun qaytarish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Komissiyaga uning samarali ishlashi va yuklangan vazifalar bajarilishi uchun zarur boʻlgan boshqa huquqlarni ham berishi mumkin.
IV. Komissiya ishini tashkil etish va uning ish tartibi
7. Komissiyaning faoliyati Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan ish tartibiga muvofiq tashkil etiladi.
8. Komissiya raisi yoki uning oʻrinbosari, Komissiya majlisi chaqirilishini va oʻtkazilishini taʼminlaydi hamda qabul qilinadigan qarorlarning bajarilishi nazorat qilinishini tashkil etadi.
Kotibiyat majlislar oʻtkazilishiga tayyorgarlik tashkil etilishini, koʻrib chiqish uchun zarur materiallar va Komissiya qarorlari protokollarini taʼminlaydi.
9. Komissiyaning qarorlari Komissiyaning majlisda hozir boʻlgan aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi (majlisda Komissiya aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi ishtirok etish sharti bilan). Agar Komissiya aʼzosi qabul qilingan qarorga rozi boʻlmagan taqdirda, u dalillar keltirilgan sabablar koʻrsatilgan oʻz fikrini yozma bayon qilishi va uni Komissiya raisining nomiga yuborishi shart.
Komissiya qarorlari Komissiya aʼzolarining rozilik belgisi bilan tasdiqlanadi va Komissiya raisi tomonidan imzolanadi.