Guliston olimpiya zaxiralari kollejini tashkil etish to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-dekabrdagi 731-sonli “Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston sportchilarining 2016-yil Rio-de-Janeyro (Braziliya)da bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi olimpiya o‘yinlari va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishi to‘g‘risida” 2013-yil 25-fevraldagi PQ-1923-son qarori ijrosini ta’minlash, yuqori toifali sportchilar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud moddiy-texnik bazadan yanada samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Iqtisodiyot vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligining Sirdaryo viloyatida yuqori toifali sportchilar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Guliston 2-pedagogika kollejini 2014/2015-o‘quv yilidan boshlab Guliston olimpiya zaxiralari kollejiga aylantirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki, Guliston olimpiya zaxiralari kolleji O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Olimpiya zaxiralari kollejlarida sport zaxirasini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2010-yil 30-iyuldagi 163-son qarori asosida faoliyat yuritadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Guliston 2-pedagogika kollejining o‘quv binolari va sport inshootlari, shuningdek moddiy-texnika vositalari, o‘quv asbob-uskunalari hamda boshqa mol-mulkining;
Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Guliston shahar 4-mavzesida joylashgan 2-son viloyat bolalar va o‘smirlar sport maktabining sport majmuasi, bino va inshootlarining tegishli hududi bilan birga, belgilangan tartibda, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishini ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Sirdaryo viloyati hokimligi bir oy muddatda Guliston olimpiya zaxiralari kollejini:
sifatli o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish uchun yuqori malakali trener-o‘qituvchilar bilan to‘ldirish;
kadrlar tayyorlash yo‘nalishlariga muvofiq sport anjomlari, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, zarur normativ-huquqiy hujjatlar, o‘quv va uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlash ishlarini amalga oshirsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda yangi o‘quv yiligacha:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 30-iyuldagi 163-son qarori bilan tasdiqlangan Olimpiya zaxiralari kollejlari to‘g‘risidagi nizom talablari asosida Guliston olimpiya zaxiralari kollejining umumta’lim bo‘g‘iniga 100 nafar o‘quvchini hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bo‘g‘inining 1-kursiga 100 nafar o‘quvchini qabul qilish;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligini ta’minlashni inobatga olgan holda Guliston 2-pedagogika kollejining qolgan o‘quvchilarini, o‘z xohishiga ko‘ra, tahsil olayotgan ta’lim yo‘nalishlariga mos boshqa o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga o‘tkazish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Guliston olimpiya zaxiralari kollejida amalga oshiriladigan qurilish va ta’mirlash ishlarining 2015-yil Investitsiya dasturiga kiritilishini ta’minlasinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti parametrlarida “Ta’lim” sohasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida 2014-yilda Guliston olimpiya zaxiralari kollejining saqlash xarajatlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni ajratsin, 2015-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida ularni nazarda tutsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 18-iyul,
198-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 30-son, 370-modda)