Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-martdagi 139-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston SSJning mustaqilligi toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga va “Oʻzbekiston SSJda mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunga amal qilib, jumhuriyatda geologiya tarmogʻining geologiya-qidiruv, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini boshqarishning kompleks tizimini yaratish maqsadida hamda Oʻzbekiston SSJ Prezidentining 1991-yil 12-fevraldagi Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi markaziy apparatining tuzilishi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Davlat qoʻmitasi apparati xodimlarining soni 110 kishidan (xizmat koʻrsatuvchi xodimlar sonini xisobga olmagan holda) iborat qilib belgilansin, ular Qoʻmita bilan oʻz munosabatlarini shartnoma asoslarida yoʻlga qoʻyuvchi uning tasarrufidagi korxonalar va tashkilotlarning ajratmalari hisobiga saqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasiga raisning 3 nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari va 7 kishidan iborat tarkibda hayʼat boʻlishiga ruxsat etilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-yanvardagi 2-sonli qarori tahririda)
2. Oʻz faoliyatini xoʻjalik hisobi asosida amalga oshiruvchi Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga quyidagi huquqlar berilsin:
jumhuriyat hududini geologik jihatdan kompleks oʻrganish, xalq xoʻjaligi ehtiyojlarini oʻrganilgan mineral xomashyo zaxiralari bilan taʼminlash bilan bogʻliq barcha masalalarni mustaqil olib borish va hal qilish foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlashni amalga oshirish, oʻziga topshirilgan masalalar boʻyicha SSJI va jumhuriyatning barcha davlat organlarida, shuningdek chet ellarda jumhuriyat manfaatlarini ifodalash;
mineral resurslardan foydalanishni nazorat qilish;
jumhuriyat hududida geologiya tarmogʻining tashkilotlari va korxonalarida barpo etilgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va ishlatish.
3. Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining oʻz tasarrufiga kiruvchi masalalar boʻyicha aktlari jumhuriyat hududida ish olib boruvchi barcha vazirliklar, idoralar va korxonalar uchun, ularning idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, majburiy hisoblansin.
4. Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
5. OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Moddiy-texnika taʼminoti davlat-kooperativ qoʻmitasi, OʻzSSJ Moliya vazirligi Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tashkil etilganligi munosabati bilan reja va budjet (ishlab chiqarish, kapital qurilish, moliyaviy taʼminlash, moddiy-texnikaviy taʼminlash va boshqalar) koʻrsatkichlariga tegishli oʻzgartishlar kiritsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 10-may,
125-son
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 10-maydagi 125-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston SSJ Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi markaziy apparatining
TUZILIShI
Rahbariyat
Huquqiy boʻlim
Birinchi boʻlim
Nazorat-taftish boʻlimi
Mineral xomashyo bazasini istiqbolli rivojlantirish boʻlimi
Mineral resurslardan foydalanishni nazorat qilish boʻlimi
(Ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 9-dekabrdagi 435-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR HQT, 1996-y., 12-son, 34-modda)