toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil15-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2556]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 162-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 373-modda) muvofiq buyuraman:
1. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 16-dekabr,
423-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2013-yil 16-dekabrdagi 423-son buyrugʻiga
ILOVA
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 162-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 373-modda) muvofiq, qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
aferez — donordan olingan qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish usuli;
gemotransmissiv infeksiyalar — qon va uning tarkibiy qismlarini quyishda yuqishi mumkin boʻlgan infeksiyalar;
donor — oʻz qoni va uning tarkibiy qismlaridan bir qismini tibbiyot ehtiyojlari uchun ixtiyoriy ravishda beruvchi jismoniy shaxs;
donor qoni banki — qon bilan ishlash xizmati tomonidan vujudga keltiriladigan va yangilab boriladigan, uzoq muddat saqlashga moʻljallangan donor qoni tarkibiy qismlarining zaxiralari;
donorlik — bemorga yordam tariqasidagi oʻz qoni va uning tarkibiy qismlarini tibbiyot ehtiyojlari uchun berishdan iborat boʻlgan erkin ifodalangan ixtiyoriy harakat;
donatsiya — donordan olingan qon va uning tarkibiy qismlarini retsipiyentga (tibbiy koʻrsatmalarga asosan qon yoki uning tarkibiy qismlarining quyilishiga muhtoj boʻlgan shaxsga) quyish uchun moʻljallangan yoki boshqa tibbiyot ehtiyojlarida (dori vositalarini tayyorlash va h.k.) foydalanish uchun tayyorlash muolajasi;
pullik (faol) donor — qon yoki uning tarkibiy qismlarini haq evaziga topshiruvchi jismoniy shaxs;
plazmaferez — donor qonidan plazma ajratib olish va donorga oʻzining qon hujayralarini tezkor ravishda qaytarib quyish;
plazma — qonning suyuq qismi.
2. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning asosiy maqsadi ixtiyoriy, begʻaraz va muntazam donatsiyalar asosida aholini xavfsiz hamda sifatli qon va uning tarkibiy qismlari bilan taʼminlash hisoblanadi.
3. Qon va uning tarkibiy qismlari donorligining asosiy prinsiplari:
qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning ixtiyoriyligi;
qon va uning tarkibiy qismlarini topshirishning inson uchun bezararligi;
donor qoni va uning tarkibiy qismlarini ishlatish xavfsizligi.
4. Qon bilan ishlash xizmati davlat sogʻliqni saqlash tizimining donor qoni va uning tarkibiy qismlarini toʻplash, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari majmuidan iborat.
5. Qon bilan ishlash xizmati:
donor qoni va uning tarkibiy qismlarini, shuningdek donor qoni preparatlarini ishlatish xavfsizligi sharoitlarini taʼminlash;
donor qoni va uning tarkibiy qismlari, shuningdek donor qoni preparatlarining tashilishini tashkil etish;
donor qoni bankini vujudga keltirish va yangilab borish uchun masʼul hisoblanadi.
II bob. Donorlarni tanlab olish
6. Har bir oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan shaxs donor boʻlishi mumkin.
7. Donorlar dastlab soʻrovnomani toʻldirish va suhbat oʻtkazish yoʻli bilan tanlab olinadi.
8. Qon bilan ishlash xizmati masʼul xodimlari donorlarga donatsiya muolajasi, qonning oʻziga xos xususiyatlari, aferez usullari, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, uning qonini tekshirish talab etilishining sabablari haqida zarur maʼlumot berishga majbur. Qon bilan ishlash xizmati donorning sogʻligʻidagi oʻzgarishlar haqida donorga, donor esa, tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqtida oʻzi boshidan kechirgan kasalliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maʼlum qilishi shart.
9. Qon bilan ishlash xizmati donorning sogʻligʻi holati va amalga oshirilgan tahlillar natijalari haqidagi maʼlumotlarning sir saqlanishini kafolatlaydi.
10. Donor uning qonida OIV/OITS, “V” va “S” gepatitlari yoki boshqa gemotransmissiv infeksiyalar elementlari aniqlanganda, qoni yoʻq qilinishi hamda donorlikdan chetlashtirilishi haqida ogohlantirilishi lozim.
11. Donatsiya turiga koʻra donorlar quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
yaxlit qon donorlari;
plazma (immun, izoimmun) donorlari;
qon hujayralari donorlari.
III bob. Donorlarni qabul qilish va hisobga olish
Oldingi tahrirga qarang.
12. Donorlar qon bilan ishlash xizmati tomonidan:
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari — pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi, harbiy xizmatchilar esa, harbiy hisobga olish hujjatlari (harbiy guvohnoma yoki ofitserning shaxsiy guvohnomasi);
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar — chet el fuqarosining va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi, milliy pasporti yoki chet davlat fuqaroligiga mansubligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar bilan qabul qilinadi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 28-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2556-2, 12.12.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)
13. Qon bilan ishlash xizmatiga tashrif buyurgan har bir donor masʼul xodim tomonidan u haqdagi maʼlumotlarning Yagona donorlik markazining axborot bazasida (bundan buyon matnda axborot bazasi deb yuritiladi) mavjudligi tekshirib koʻriladi. Axborot bazasida donor haqida tegishli maʼlumot mavjud boʻlmasa, donor identifikatsiya raqami koʻrsatilgan hisobvaraqada roʻyxatga olinadi va u haqdagi maʼlumotlar axborot bazasiga kiritiladi.
14. Axborot bazasida shaxsning donor boʻlishiga qarshilik qiluvchi maʼlumotlar boʻlmasa, unga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi tibbiy savolnoma beriladi. Mazkur tibbiy savolnoma har bir qon donatsiyasidan oldin donor tomonidan mustaqil ravishda yoki donorning iltimosiga koʻra shifokor-terapevt tomonidan toʻldiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Donorlar tegishlicha quyidagi birlamchi tibbiy hujjatlar asosida hisobga olinadi:
Zaxm, gepatit va OIV/OITS boʻyicha natijalari musbat boʻlgan donorlarni qayd qilish jurnali;
Donorning hisob varaqasi;
Pullik (faol) donorning tibbiy kartasi;
Bepul (begʻaraz) donorning kartasi;
Stafilokokka qarshi anatoksin bilan immunizatsiya va reimmunizatsiya qilish jurnali;
Donorlarni hisobga olish kundaligi;
Pullik (faol) donorlarni hisobga olish kundaligi;
Bepul (begʻaraz) donorlarni hisobga olish kundaligi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 28-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2556-2, 12.12.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)
16. Qon boshqa tashkilotlarda olinganda, donorlarning hisobga olish hujjatlari tibbiyot xodimi yoki mazkur tashkilotning kadrlar xizmati tomonidan donorning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida tuzilgan roʻyxatga muvofiq toʻldirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Donorning hisobvaraqasi 50 yil, qolgan hisobga olish hujjatlari esa, 5 yil saqlanadi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 28-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2556-2, 12.12.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Donor hisobdan chiqarilganda, qon bilan ishlash xizmatining masʼul xodimi tomonidan Donorning hisobvaraqasi va Pullik (faol) donorning tibbiy kartasiga uning donorlikdan chiqarilishi sabablari toʻgʻrisida tegishli yozuv kiritiladi. Mazkur hisobga olish hujjatlarida donor tomonidan topshirilgan barcha qon va uning tarkibiy qismlari miqdori koʻrsatilishi shart.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 28-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2556-2, 12.12.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)
19. Donatsiyaga qabul qilingan donordan virusli gepatit, brutsellyoz, zaxm, sil, malyariya va OIV-infeksiya bilan kasallanmaganligi haqida soʻraladi hamda qonini mazkur gemotransmissiv infeksiyalar boʻyicha tekshirishga yozma roziligi olinadi.
IV bob. Donorlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish
20. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish donordan zarur maʼlumotlarni olish, uni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va qonni laborator tekshiruvidan (skriningdan) oʻtkazishni oʻz ichiga oladi.
21. Donorlarni qon bilan ishlash xizmatining donor kadrlarni hisobga olish va jamlash boʻlimining shifokor-terapevti tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi. Bunda shifokor-terapevt hisob hujjatlarini toʻldiradi, donorning donorlikka yaroqliligini hamda olinadigan qon, plazma, qon hujayralari miqdorini aniqlaydi. Donor, zarur hollarda, qoʻshimcha tekshiruv va maslahatlashuvga yuborilishi mumkin.
22. Donatsiyadan oldin donorga chanqovbosdi (yaxna) ichimlik yoki shirin choy, donatsiyadan keyin ovqat beriladi yoxud ovqat uchun pullik kompensatsiya toʻlanadi.
23. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish vaqtida:
donor umumiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Bunda donorning tashqi koʻrinishi, teri va koʻzning shilliq qavatlari, limfatik tugunlar va qorin boʻshligʻi organlari palpatsiyasi hamda koʻkrak qafasi organlari auskultatsiyasi amalga oshiriladi;
tomir urishi (puls) tezligi va uning bir maromda urishi, arterial bosim aniqlanadi. Bunda tomir urishi (puls) bir maromda va bir daqiqada 60 dan 80 gacha, arterial bosim — sistolik bosim 90 — 170 mm simob ustuni oraligʻida, diastolik bosim 60 — 90 mm simob ustuni oraligʻida boʻlishi kerak;
gemoglobin miqdori aniqlanadi. Bunda erkaklarda kamida 128 g/l, gematokrit 40 %, ayollarda esa, kamida 120 g/l, gematokrit 38 %, boʻlishi zarur;
donorning tana harorati oʻlchanadi. Bunda tana harorati 36° S dan past va 37° S dan yuqori boʻlmasligi lozim.
24. Tana vazni 50 kg va undan kam boʻlgan, boʻyi 150 sm va undan past boʻlgan shaxslar ularning sogʻligʻiga jiddiy ziyon yetkazilishining oldini olish maqsadida shifokor-terapevtning yozma xulosasiga asosan donorlikka qoʻyiladi.
25. Donorning qoni quyidagi ikki bosqichda tekshiriladi:
a) donatsiyadan oldin — donordagi gemoglobin miqdori va qon guruhi aniqlanadi;
b) donatsiyadan keyin — donor qonining quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha laborator tekshiruvi (skriningi) olib boriladi:
AVO tizimi boʻyicha qon guruhi va Rh — Nr tizimi boʻyicha rezus-mansubligi;
toʻliqsiz shakldagi immun antitelolar (antitanachalar) hamda AVO tizimining tabiiy antitelolari titri;
zardob alaninaminotransferazasi (ALT) faolligi;
V gepatiti virusining yuzaki antigeni (NBsAg);
S gepatiti virusiga qarshi antitelolar (anti VGS);
OIV — 1 va OIV — 2 viruslariga qarshi antitelolar va antigenlar;
xira treponemaga qarshi antitelolar;
brutsellyoz boʻyicha serologik koʻrsatkichlar;
malyariya (iqlimi mazkur kasallikni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan hududlarda).
26. Qonni bilirubinga laborator tekshirish donorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazgan shifokor-terapevt tavsiyasi hisobga olingan holda zaruratga koʻra amalga oshiriladi.
27. Gemotransmissiv infeksiyalar boʻyicha laborator tekshiruv (skrining) natijalari qon tekshiruvga olingan vaqtdan boshlab yetti kun davomida haqiqiy hisoblanadi.
28. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish istagida boʻlgan shaxslar mazkur Nizomning 2-ilovasida koʻrsatilgan roʻyxatda nazarda tutilgan hollarda butunlay yoki vaqtincha donorlikdan chetlashtirilishi mumkin.
29. Donorning sogʻligʻiga ziyon yetkazuvchi holatlar yuzaga kelgan taqdirda, unga mazkur Nizomning 3-ilovasida nazarda tutilgan tegishli shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatiladi.
30. Plazma donorlarini dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda qoʻshimcha ravishda quyidagilar tekshiriladi:
qon zardobida oqsilning umumiy miqdori;
trombotsitlar va retikulotsitlar miqdori;
qon zardobining oqsil fraksiyalari.
31. Donor takroriy plazma topshirganda:
gemoglobin miqdori yoki gematokrit;
Oldingi tahrirga qarang.
(31-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 28-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2556-2, 12.12.2022-y.) asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)
eritrotsitlarning choʻkish tezligi;
qon zardobidagi oqsilning umumiy miqdori;
leykotsitlar miqdori aniqlanadi.
32. Plazma donorlarida:
plazmaferezning beshta muolajasi oʻtkazilgandan keyin qon zardobining oqsil fraksiyalari tekshiriladi;
bir yilda bir marta qoni va peshobining klinik tahlili oʻtkaziladi.
33. Plazma donorlari tegishli qon bilan ishlash xizmatiga:
Oldingi tahrirga qarang.
(33-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 28-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2556-2, 12.12.2022-y.) asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)
Oldingi tahrirga qarang.
olti oyda bir marta tegishli Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy boshqarmasi yoki tuman (shahar) boʻlimidan A, V va S gepatitlariga aloqadorligi yoʻqligi haqida maʼlumotnoma;
(33-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 28-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2556-2, 12.12.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)
bir yilda bir marta tegishli davolash-profilaktika muassasasidan koʻkrak qafasining rentgenologik tekshiruvi va elektrokardiografiya maʼlumotlari;
plazma donor-ayollar bir yilda bir marta boshidan kechirgan xastaliklar toʻgʻrisidagi ginekologdan maʼlumotnoma taqdim etadi.
34. Immun donorlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda ular qonining laborator tekshiruvi (skriningi) qon va plazmaferez donorlari singari amalga oshiriladi. Immun plazmasi donorlarida qoʻshimcha ravishda spetsifik immun antitanachalari titri aniqlanadi.
35. Qon hujayralari donorlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda ular qonining laborator tekshiruvi (skriningi) qon donorlari singari amalga oshiriladi. Birlamchi laborator tekshiruvda (skriningda) sitaferezdan oldin qonning quyuqlashish vaqti aniqlanadi va bir yilda bir marta elektrokardiografik tekshiruv oʻtkaziladi. Donatsiyadan oldin uch kun ichida aspirin yoki tarkibida aspirin boʻlgan va trombotsitlar funksiyasini buzadigan boshqa dori vositalarini qabul qilgan donor trombotsitlar donatsiyasiga qoʻyilmaydi.
36. Trombotsitoferez muolajalari orasidagi vaqt oʻn toʻrt kunni tashkil etadi.
37. Yaxlit qon donatsiyasi va sitoferez muolajasi orasidagi vaqt bir oyni tashkil etadi.
38. Rezus tizimi antigenlari bilan immunnizatsiyalashga oʻn sakkiz yoshdan ellik yoshgacha boʻlgan erkaklar hamda homiladorlik natijasida sensibilizatsiyalangan yoki menopauza davridagi ayollar qoʻyiladi.
39. Stafilokokk anatoksini bilan immunizatsiyalashga faqat yigirma yoshdan ellik yoshgacha boʻlgan erkaklar qoʻyiladi. Ayollarni immunizatsiyalashga qoʻyish taqiqlanadi.
40. Takroriy donatsiyadan soʻng, har bir donorga qon bilan ishlash xizmati rahbari tomonidan tasdiqlangan “Donor guvohnomasi” beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Donorning sogʻligʻida donor boʻlishga qarshi koʻrsatmalar boʻlgan taqdirda, tibbiy hujjatlarga (Donorning hisobvaraqasi va Pullik (faol) donorning tibbiy kartasi yoki Bepul (begʻaraz) donorning kartasiga) uni donorlikdan chetlashtirish sabablari va hisobdan chiqarilgan sanasi yozib qoʻyiladi va oʻz navbatida, ushbu donor haqidagi axborot Yagona donorlik markaziga yuboriladi.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 28-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2556-2, 12.12.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)
42. Donor tibbiy koʻrik natijalariga koʻra donorlikdan chetlashtirilgan yoki texnik sabablar boʻyicha muolajani olib borish mumkin boʻlmaganda, donorga sarflangan vaqtni koʻrsatgan holda uning tekshirilganligi haqida maʼlumotnoma beriladi.
V bob. Qon va plazma donatsiyasi uchun talablar
Oldingi tahrirga qarang.
43. Yaxlit qon donatsiyasining hajmi donorni tibbiy koʻrikdan oʻtkazgan shifokor-terapevt tomonidan aniqlanadi. Yaxlit qon donatsiyasi hajmi, antikoagulyantni hisobga olmaganda, 500 ml dan, shuningdek laboratoriya tekshiruvlari uchun 40 ml dan oshmasligi kerak.
(43-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2016-yil 1-iyundagi 54-sonli (roʻyxat raqami 2556-1, 06.06.2016-y.) buyrugʻi tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 23-son, 272-modda)
44. Qon donatsiyasining standart hajmini, qoida tariqasida, vazni 50 kg dan kam va boʻyi 150 sm dan past boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
45. Yaxlit qon donatsiyasining davriyligi bir yilda 5 marotabadan oshmagan holda — erkaklar uchun 5-martani, ayollar uchun 4-martani tashkil qiladi. Organizmda zardobdagi temir zaxirasini toʻldirish uchun donatsiyalar oʻrtasidagi vaqt oraligʻi erkaklar uchun — 2 oydan, ayollar uchun — 3 oydan kam boʻlmasligi kerak.
(45-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2016-yil 1-iyundagi 54-sonli (roʻyxat raqami 2556-1, 06.06.2016-y.) buyrugʻi tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 23-son, 272-modda)
46. Bitta donordan olinadigan plazmaning eng yuqori hajmi bir yilda 12 l dan, plazmaning eng yuqori bir martalik dozasi esa, 600 ml dan oshmasligi kerak.
47. Bir donor uchun plazmaferez muolajalarining eng koʻp soni — bir yilda 20 ta muolajani tashkil qilishi lozim. Bunda plazmaferez muolajalari oʻrtasidagi oraliq 7 — 14 kunni tashkil qiladi.
48. Har xil donatsiya turlari oʻtkazilganda, plazmaferez muolajasi uchun vaqt oraligʻi bir oyni tashkil qilishi zarur. Har 10 ta plazmaferez muolajasidan soʻng, donorga bir oy muddatga tanaffus beriladi.
49. Mehnat sharoiti ogʻir va zararli ishlarda ishlovchi donorlar uchun donatsiya bilan ish qobiliyatini tiklash orasidagi oraliq vaqt 12 soatdan kam boʻlmasligi kerak.
VI bob. Yakuniy qoida
Oldingi tahrirga qarang.
50. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
(50-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining VI bobi.
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.

TIBBIY SAVOLNOMA‎‎

‎‎Qon topshiriladigan hudud:_______________________________________________________

‎‎(Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, shahar, tuman)

‎‎Sana:__________________ Qon topshiriladigan joy ___________________________

(yil, kun, oy)

‎‎(nomi)

‎‎‎Donor _____________________

‎‎Roʻyxat raqami _________________

‎‎‎‎(ismi)

‎‎Tugʻilgan sanasi: ______________ Jinsi___

‎‎‎‎Donorning identifikatsiya raqami__________

‎‎(yil, kun, oy)


‎‎

Savollar‎‎

Donorning javoblari‎‎

Yoshingiz?‎‎
Vazningiz?‎‎ ‎‎
Ish joyingiz?‎‎ ‎‎
Soʻnggi marta qachon qon topshirgansiz?‎‎ ‎‎
Soʻnggi marta qachon shifokor qabulida boʻlgansiz? Qanday sabab bilan?‎‎ ‎‎
Ayollar uchun qoʻshimcha ravishda:‎‎ ‎‎
Homiladormisiz?‎‎ ‎‎
Soʻnggi 6 oy ichida tugʻish yoki homila tushishini boshdan kechirganmisiz?‎‎ ‎‎
Ayni paytda koʻkrak bilan emizayapsizmi? ‎‎ ‎‎
‎‎ ‎‎

‎‎Savollar

Ha‎

Yoʻq‎

Bugun Siz oʻzingizni yaxshi his qilayapsizmi?‎‎

‎‎Surunkali kasalliklardan (epilepsiya, diabet, saraton, yurak, buyrak kasalliklari, qon kasalligi, surunkali kamqonlik, meʼda yarasi) aziyat chekmaysizmi?

‎‎Siz muntazam ravishda birorta xastalikdan davolanasizmi?

‎‎Muntazam ravishda birorta muolaja va tabletkalar qabul qilasizmi?
‎‎Ilgari gepatit (sariq), brutsellyoz bilan kasal boʻlganmisiz?
‎‎Shifokor ilgari Sizga qon topshirmaslik haqida aytganmi?
‎‎Soʻnggi 2 hafta ichida birorta stomatologik muolajalarni olganmisiz?
Sizda soʻnggi 3 hafta ichida tana harorati koʻtarilganmi?

‎‎Soʻnggi bir oy ichida Siz birorta vaksinatsiya olganmisiz (emlanganmisiz)?

‎‎Soʻnggi 3 oy ichida oʻzingizda tunda terga botish, vazn yoʻqotish, qaltirash, diareya (sababsiz ich ketish) va limfatik tugunlarning kattalishishini kuzatganmisiz?

‎‎Gepatit (sariq) va OIV/OITS bilan zararlangan odam bilan soʻnggi 6 oy ichida aloqada boʻlganmisiz?

‎‎Soʻnggi 6 oy ichida Sizda tasodifiy, himoyalanmagan jinsiy aloqalar boʻlganmi?

‎‎Soʻnggi 6 oy ichida kasalxonaga yotqizilganmisiz? Qanday sabab bilan?

‎‎Jarrohlik yoki boshqa tibbiy aralashuvlarni (endoskopiya) boshdan kechirganmisiz?

‎‎Soʻnggi 6 oy ichida Sizga qon, plazma yoki albumin quyilganmi?

‎‎Soʻnggi 6 oy ichida tanosil infeksiyalardan (zaxm, soʻzak, xlamidiya, jinsiy organlar yarasi yoki gerpes) davolanganmisiz?

‎‎Soʻnggi 6 oy ichida umumiy ignalardan, shpritslardan yoki skarifikatorlardan foydalanganmisiz?

‎‎Soʻnggi 6 oy ichida tatuirovka (tanaga rasm tushirish) yoki pirsing (quloq, tanani teshish) qilganmisiz?

‎‎Jazoni ijro etish muassasalarida boʻlganmisiz?

‎‎Qoningizni OIV/OITS, gepatit, zaxm boʻyicha tekshirishga rozilik berasizmi?

‎‎Sogʻligʻingiz xususida yana nimalarni qoʻshimcha qilishingiz mumkin? ‎‎


Mazkur savollarni va nima uchun bunday savollar berilganligini tushundim va vijdonan javob berdim. ‎‎‎

‎‎Sana: _____________ ‎Imzo:_______________
‎‎Siz muntazam ravishda qon topshirishni istaysizmi? Ha‎

Yoʻq

‎‎Kelgusida biz Siz bilan bogʻlana olamizmi? Ha

Yoʻq

TIBBIY KOʻRIK ‎‎

‎‎Qon guruhi ________________

‎‎‎Gemoglobin miqdori ________________

Tekshiruvlar

Tekshiruvlar natijalari

Vazni ‎‎
Harorati‎‎ ‎‎
Tomir urishi (pulsi)‎‎ ‎‎
Arterial bosimi‎‎

Oʻtkir yoki surunkali infeksiya, jumladan OIV-infeksiya yoki gepatitni taxmin qiluvchi belgilar: shox pardaning sargʻayishi (sariq kasalligi), kattalashgan limfatik tugunlar, teri toshmalari, inyeksiya joylari va h. k. ‎‎

‎‎
‎Donor rad etildi:

Doimiy

Vaqtincha ‎‎ ______/______/______ gacha

Kun / ‎

Oy / ‎

Yil‎

‎‎____________________________________________________________________


‎Donor tanlab olindi ‎
‎‎‎Olinadigan umumiy qon hajmi ____________ ml

‎‎Donatsiya raqami ____________

‎‎Donatsiya turi ____________________________
‎‎Shifokor-terapevt ________________________‎‎

_________‎___

‎‎(F.I.O.) ‎‎

‎‎(imzo)

(1-ilova matni Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 28-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2556-2, 12.12.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligiga qarshilik qiluvchi koʻrsatmalar
ROʻYXATI
Oldingi tahrirga qarang.

I. Donorlikning butunlay rad etilishiga olib keluvchi holatlar

T/r

Nomi

1.

Onkologik kasalliklar: xavfli oʻsmalar va qon kasalliklari

2.

Oʻtkirosti transfuzion gʻovakli ensefalopatiyalar (OʻTGʻE): Kuru, Kreytsfeld-Yakob kasalligi, Gerstmann-Shtreusler sindromi, oila anamnezida (OʻTGʻE) boʻlgan shaxslar, amiotrofik leykospongioz

3.

Endokrin tizimi kasalliklarining moddalar almashuvi va vazifalarini qaytarib boʻlmaydigan holatlari, qandli diabet (insulinga bogʻliq shakli)

4.

Giyohvandlik, alkogolizm, toksikomaniya

5.

Yurak-qon tomir kasalliklari: stenokardiya, oʻtkir aritmiya, II va III darajali gipertoniya, ateroskleroz, aterosklerotik kardioskleroz, obliteratsiyalovchi endoarteriit, qaytalanuvchi tromboflebit, endokarditlar, miokarditlar, yurak illati

6.

Yuqumli kasalliklar: virusli gepatitlar, V va S viruslari gepatitlari, OIV-infeksiya, OITS, moxov, sil (hamma shakllari), tulyaremiya, zaxm, tepkili terlama markerlari boʻyicha ijobiy tekshiruv natijalari

7.

Nafas olish organlari kasalliklari: bronxial astma, bronxoektatik kasallik, oʻpkalar emfizemasi, nafas yetishmasligi belgilari bilan obstruktiv bronxit, dekompensatsiya bosqichidagi diffuz pnevmoskleroz

8.

Ovqat hazm qilish organlari kasalliklari: meʼda va 12 barmoqli ichak yarasi kasalligi qoʻzgʻalish bosqichidagi, surunkali pankreatit xuruj davrida, nospetsifik yarali kolit xuruj davrida

9.

Jigar va oʻt yoʻllari kasalliklari: gepatitlar, jumladan toksik va noaniq etiologiyadagi gepatitlar, sirroz, kalkulyozli xoletsistit xolangit belgilari bilan

10.

Koʻrish organlari kasalliklari: glaukoma, yuqori darajadagi miopiya (6 va undan ortiq dioptriyalar), retinopatiyalar, toʻr pardaning koʻchishi, uveit, irit, iridotsiklit, xorioretinit, toʻliq koʻrlik, traxoma

11.

Teri kasalliklari: tana boʻylab tarqalib ketgan psoriaz, qizil volchanka, piodermiya, pufakchali ekzema, dermatozlar, vitiligo, chuqur mikozlar

12.

Buyraklar va peshob chiqarish yoʻllari kasalliklari: buyrakning dekompensatsiya bosqichidagi diffuz va oʻchoqli shikastlanishi

13.

Nur kasalligi

14.

LOR-organlar kasalliklari: ozena, ogʻir kechadigan surunkali yiringli yalligʻlanuvchi kasallklar

15.

Parazitar kasalliklari: leyshmanioz, exinokokkoz, toksoplazmoz, tripanosomoz, rishta

16.

Biron tana aʼzosini olib tashlash bilan bogʻliq operatsiyalar, reproduktiv tizim organlari bundan mustasno

17.

Markaziy asab tizimining organik kasalliklari

18.

Biriktiruvchi toʻqimaning diffuz kasalliklari

19.

Surunkali va oʻtkir osteomiyelit

20.

Tana aʼzolari transplantatsiyasi

21.

Ruhiy holatning buzilishi

II. Donorlikdan vaqtincha chetlashtirishga olib keluvchi holatlar

T/r

Nomi

Donorni chetlashtirish muddati

1.

Endoskopiya, biopsiya, immunizatsion emlashda toʻqimalarning shikastlanishi, igna sanchish, pirsing, tatu, tish ekstraksiyasi, abortlar, ambulator jarrohlik, allogen tub hujayralarni kiritish, muguz pardani koʻchirib oʻtkazish, qattiq miya poʻstlogʻini koʻchirib oʻtkazish

6 oy

2.

Qonning tarkibiy qismlarini quyish

6 oy

3.

Tumov holati (angina, gripp, OʻRVI)

tuzalgan paytdan boshlab 1 oy

4.

Dori vositalari

Antibiotiklar — qabul qilish

toʻxtatilganidan keyin 2 hafta;

analgetiklar, salitsilatlar — qabul

qilish toʻxtatilganidan keyin 72 soat

5.

Hayz koʻrish davri

tugagandan keyin 5 kun

6.

Homiladorlik va laktatsiya

tugʻruqdan keyin 1 yil va laktatsiya

toʻxtatilganidan keyin 3 oy

7.

Alkogol qabul qilish

48 soat

8.

Oʻtkir revmatik bezgak

Xurujdan keyin 2 yil. Kasallikning

surunkali kasallik koʻrinishidagi

asoratlanishi donorlikdan muddatsiz

chetlashtirish uchun asos boʻladi

9.

Brutsellyoz

Toʻliq tuzalgandan keyin 2 yil (agar

olingan qon plazmani fraksiyalash

uchun ishlatiladigan boʻlsa

donorlikdan chetlashtirmaslik mumkin)

10.

Ilgari OIV infeksiyasini yuqtirgan shaxs bilan aloqada boʻlgan shaxslar

OIV kasalligini yuqtirgan shaxs

bilan oxirgi aloqada boʻlgan kundan

keyin 12 oydan soʻng qoʻyiladi

11.

Malyariyani boshidan kechirgan shaxslar

Malyariya boʻyicha endemik zonada boʻlgan shaxslar

toʻliq klinik va laborator tuzalgan

paytdan keyin 3 yil

oxirgi marta oʻchoqda boʻlgan paytdan

keyin 4 — 6 oy

12.

V va S virusli gepatitli bemorlar bilan aloqa

oxirgi aloqada boʻlgan kundan keyin

6 oy

13.

A virusli gepatitli bemor bilan aloqa

oxirgi aloqada boʻlgan kundan keyin

3 oy

14.

Ich terlama

Aniq ifodalangan funksional

buzilishlar boʻlmaganda, toʻliq

klinik va laborator tuzalgan paytdan keyin

1 yil

15.

Kuchsizlashtirilgan bakteriyalar va viruslar bilan emlash (BSJ, sariq bezgak, qizamiqli qizilcha, qizamiq, poliomiyelit, parotit, vabo, ich terlama, brutsellyoz, oʻlat, tulyaremiya)

1 oy

16.

Oʻldirilgan bakteriyalar bilan emlash (vabo,
ich terlama, V virusli gepatiti, koʻkyoʻtal, paratif, gripp)

1 oy

17.

Anatoksinlar (difteriya, qoqshol)

1 oy

18.

Quturishga qarshi emlash

1 yil

19.

Mantu reaksiyasi

2 hafta

20.

Doimiy chetlashtirishlar mezonlariga kirmaydigan yuqumli kasalliklar

tuzalgan paytdan keyin 6 oy

21.

Qoʻzgʻalish fazasidagi allergik kasalliklar

Xuruj bosilgandan keyin 2 oy

22.

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan shaxslar

Tibbiy koʻrik hamda qonni

gemotransmissiv infeksiyalar boʻyicha

dastlabki tekshirish oʻtkazilgandan keyin

23.

Chet elda 2 oydan uzoq vaqt oraligʻida boʻlgan shaxslar

6 oy

24.

Koronavirusga qarshi emlanganlar

emlanish toʻliq tugagandan soʻng 1 oy

25.

Koronavirus bilan kasallanib sogʻaygan shaxslar

toʻliq sogʻaygandan soʻng asoratlarsiz holatlarda 2 oy

Izoh: donorda mazkur roʻyxatga kiritilmagan boshqa kasalliklar mavjud boʻlganda donorlik masalasi shifokor-terapevt tomonidan, zarur hollarda, mutaxassis bilan maslahatlashgandan soʻng, hal etiladi.
(2-ilova matni Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2022-yil 24-noyabrdagi 28-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2556-2, 12.12.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Donorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha
TADBIRLAR
I. Jamlanma tarkibi va shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish ketma-ketligi
1. Xushidan ketish.
Jamlanma tarkibi — nashatir spirti, kislorod, 2,0 ml kofein.
Tadbirlar — tanani Trendelenburg holatiga oʻtkazish (donorning boshi oyoqlaridan pastda):
nashatir spirti shimdirilgan momiqli tampon donorning burun yoʻllariga tekkiziladi;
kislorod ingalyatsiyasi;
2,0 ml kofeinni mushaklar orasiga yuborish.
2. Kollaps.
Jamlanma tarkibi — kofein 2,0 ml, mezaton 1,0 ml, natriy xloridning izotonik eritmasi 200,0 ml, prednizolon.
Tadbirlar — tanani Trendelenburg holatiga oʻtkazish (donorning boshi oyoqlaridan pastda):
kislorod ingalyatsiyasi;
prednizolon 90 mg mushaklar orasiga;
kofein 1-2 ml tomir ichiga.
Samara boʻlmasa, 0,5 ml mezaton 10,0 ml fiziologik eritmada tomir ichiga.
3. Zoʻriqish stenokardiyasi.
Jamlanma tarkibi — analgin 50%, droperidol 30,0 ml, dimedrol 1%, platifillin 2,5%, prednizolon 90 mg, reopoliglyukin 400,0 ml, nitrosorbid.
Tadbirlar — nitrosorbid til ostiga:
kislorod ingalyatsiyasi.
Samara boʻlmasa, 2,0 ml analgin, 2,0 ml droperidol, 1,0 dimedrol va 2,0 ml platifillin.
Kardiogen shok paydo boʻlsa — tomir ichiga 90 ml prednizolon, 0,5 ml mezaton, reopoliglyukin.
4. Anafilaktik shok.
Jamlanma tarkibi — mezaton 1,0 ml, dimedrol 1%, prednizolon 90 mg, poliglyukin 400,0 ml, natriy xloridning izotonik eritmasi 200,0 ml.
Tadbirlar — kislorod ingalyatsiyasi:
mezaton 0,5 ml tomir ichiga;
prednizolon 90 mg tomir ichiga;
dimedrol 2,0 ml natriy xloridning 10% li izotonik eritmada tomir ichiga;
Samara boʻlmasa, poliglyukin quyiladi.
5. Klinik oʻlim.
Jamlanma tarkibi — adrenalin 0,1%, atropin 0,1%, natriy xloridning izotonik eritmasi 200,0 ml.
Tadbirlar — “yurakning toʻxtab qolishi” tashxisi qoʻyilganda donorni tekis qattiq yuzaga yotqizish, yurakning mexanik defibrilyatsiyasini olib borish (koʻkrak qafasiga kaft cheti bilan qisqa zarb bilan urish), samara boʻlmasa, tilni til tutgich bilan ushlab turib, ogʻizga havo oʻtkazgichni kiritish, “ogʻizdan ogʻizga” usulida sunʼiy nafas oldirishga kirishish zarur.
Bir vaqtning oʻzida yurakni yopiq usulda uqalash, tomirga 5,0-10,0 ml natriy xloridning izotonik eritmasida 1,0 ml adrenalin, 1,0 ml atropin yuborish zarur. Donorning boshiga muz yoki sovuq suvda hoʻllangan sochiq qoʻyiladi.
Barcha asoratlarda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish bilan bir vaqtda tez yordamning ixtisoslashtirilgan brigadasini chaqirish lozim.
II. Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish uchun qon bilan ishlash xizmatida asbob-uskunalar roʻyxati
1. Til tutgich — 2 dona.
2. Ogʻizni kengaytirgich — 2 dona.
3. Havo oʻtkazgich — 2 dona.
4. Bir martalik shpritslar 5, 10 va 20 ml — 6 donadan.
5. Infuzion eritmalarni tomirga yuborish uchun bir martalik sistemalar — 2 dona.
6. Momiqli tamponlar — 10 dona.
7. 70° S li etil spirti — 50ml.
8. Ichki yurak inyeksiyalari uchun ignalar — 2 dona.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 3-son, 38-modda; 2016-y., 23-son, 272-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 12.12.2022-y., 10/22/2556-2/1080-son)