toggle_night_mode
Hujjat 13.01.2014 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ALOQA, AXBOROTLASHTIRISH VA TELEKOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARI DAVLAT QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI IQTISODIY ALOQALAR, INVESTITSIYALAR VA SAVDO VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
Qarori
Dasturiy taʼminot vositalari eksporti va importi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 8-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2549]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-sentabrdagi PQ-2042-sonli “Mamlakatimizning dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarini ragʻbatlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 39-son, 508-modda) 7-bandiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladilar:
1. Dasturiy taʼminot vositalari eksporti va importi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi raisi X. MIRZAXIDOV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-noyabr,
61-mh-son
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E. GʻANIYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-noyabr,
17-son
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Z. DUSANOV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-noyabr,
01-02/21-30-son
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2013-yil 25-noyabr,
330 V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Markaziy bank Boshqaruvining 2013-yil 25-noyabrdagi 61-mh, 17, 01-02/21-30, 330 V-son qaroriga
ILOVA
Dasturiy taʼminot vositalari eksporti va importi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 10-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-sentabrdagi PQ-2042-son “Mamlakatimizning dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarini ragʻbatlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013 y, 39-son, 508-modda) muvofiq, dasturiy taʼminot vositalari eksporti va importi tartibini belgilaydi.
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
dasturiy taʼminot vositalari — algoritm tilida taqdim etilgan operatsiyalar, komandalar va maʼlumotlarning mantiqiy tashkil etilgan yigʻindisidan iborat va muayyan natijaga erishish maqsadida kompyuterda amalga oshirish uchun moʻljallangan intellektual mulk obyekti. Dasturiy taʼminot vositalari deganda ularni ishlab chiqish davomida olingan tayyorlov materiallari ham nazarda tutiladi.
dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchisi — oʻz dasturiy taʼminot vositalarini ishlab chiqarish (ishlab chiqish), kuzatish (xizmat koʻrsatish), joriy qilish va sotish bilan bogʻliq faoliyatni belgilangan tartibda amalga oshiruvchi yuridik shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti;
Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reyestri (bundan buyon matnda Milliy reyestr deb yuritiladi) — mamlakatimizning dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilari toʻgʻrisidagi axborotning yagona elektron banki;
dasturiy taʼminot vositalari eksporti — dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchisi tomonidan dasturiy taʼminot vositalarini norezidentga elektron shaklda, shu jumladan olib yuriladigan tashuvchilarda va Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkonlar orqali sotish, shu jumladan dasturiy taʼminot vositalarini kuzatish (xizmat koʻrsatish) boʻyicha tashqi savdo faoliyati;
dasturiy taʼminot vositalari importi — Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti norezidentdan dasturiy taʼminot vositalarini sotib olishi, shu jumladan dasturiy taʼminot vositalarini kuzatish (xizmat koʻrsatish) boʻyicha tashqi savdo faoliyati;
Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkon — Internet tarmogʻi orqali tovarlar (ishlar, xizmatlar) bilan savdo qiluvchi, foydalanuvchilarga real vaqt rejimida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib olish uchun buyurtmalarni shakllantirish, ular uchun haq toʻlash va yetkazib berish usullarini belgilash imkonini beruvchi sayt.
2. Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarining eksport operatsiyalari:
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari bilan shartnomalar tuzish orqali;
dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchisi Milliy reyestrga kiritilgan boʻlsa, eksport shartnomasisiz dasturiy taʼminot vositalarini chet el valyutasida Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkonlari orqali sotish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
Milliy reyestrni shakllantirish va yuritish Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reyestri toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2541, 2013-yil 26-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 52-son, 701-modda) bilan belgilanadi.
3. Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarining eksport shartnomalarini tuzish va ijro etish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Dasturiy taʼminot vositalarini chet el valyutasida Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkonlari orqali sotish yoʻli bilan, eksport operatsiyalarini eksport shartnomasisiz amalga oshirish uchun, Milliy reyestrga kiritilgan dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchisi xizmat koʻrsatuvchi vakolatli bankka ushbu Nizomning ilovasida berilgan shaklga muvofiq eksport shartnomasisiz Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkonlari orqali dasturiy taʼminot vositalari eksport bitimini hisobga olish uchun ariza topshiradi.
Xizmat koʻrsatuvchi vakolatli banklar tomonidan qoʻshimcha hujjatlar talab etilishiga ruxsat etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Eksport shartnomasisiz Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkonlari orqali amalga oshiriladigan hisobga olingan eksport bitimlari raqamlangan, tikilgan va xizmat koʻrsatuvchi vakolatli bank muhri bilan tasdiqlangan jurnalda qayd etiladi.
Eksport shartnomalarisiz amalga oshiriladigan eksport bitimlarini hisobga olish jurnalida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
bitimni hisobga olish sanasi;
eksportyorning toʻliq nomi;
dasturiy taʼminot vositalarining nomi;
Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkonining nomi;
bitimni hisobdan olish sanasi;
bitimni hisobdan olish uchun asos.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Eksport shartnomasisiz, Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkoni orqali amalga oshiriladigan har bir eksport bitimi boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi vakolatli bankda operatsiyani bajarish bilan bogʻliq hujjatlar tikiladigan yigʻma jild ochiladi.
Xizmat koʻrsatuvchi vakolatli bankda bitimni hisobga olish sanasidan yoki oxirgi valyuta tushumi kelib tushgan sanadan boshlab bir yil oʻtgandan soʻng toʻlov amalga oshirilmagan boʻlsa, eksport bitimi hisobdan chiqarilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkonlari orqali dasturiy taʼminot vositalari eksportining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olib, dasturiy taʼminot vositalari uchun chet el valyutasidagi tushum dasturiy mahsulotni sotish fakti boʻyicha dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchisining hisob raqamiga chet el valyutasida kelib tushishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchisi Milliy reyestrdan chiqarilsa, u 3 ish kuni davomida bu haqda Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkonlari orqali dasturiy taʼminot vositalari eksportidan olinadigan chet el valyutasidagi tushum kelib tushadigan xizmat koʻrsatuvchi vakolatli bankka xabar berishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilarining import shartnomalarini tuzish va ijro etish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Internet tarmogʻida chet el on-layn doʻkonlarida roʻyxatdan oʻtkazish uchun toʻlov dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilari tomonidan import shartnomasi mavjud boʻlmaganda ham amalga oshirilishi mumkin.
11. Dasturiy taʼminot vositalari ishlab chiquvchilari tomonidan eksport-import operatsiyalarining toʻgʻri oʻtkazilganligini nazorat qilish, Oʻzbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Ushbu Nizomni buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Dasturiy taʼminot vositalari eksporti va importi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA

‎‎_________________________________rahbariga

‎‎(vakolatli bank nomi)

‎‎_________________________________________

‎‎_______________________________________dan

‎‎(Milliy reyestrga kiritilgan dasturiy ‎taʼminot vositalarini ishlab ‎chiquvchisining nomi)

‎‎Eksport shartnomasisiz Internet tarmogʻidagi on-layn
‎doʻkonlari orqali ‎ dasturiy taʼminot vositalari eksporti
‎bitimini hisobga olish uchun
‎ARIZA

‎‎Sizdan eksport shartnomasisiz Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkonlari orqali dasturiy taʼminot vositalari eksporti bitimini hisobga olishni va chet el valyutasidagi tushumni bizning tashkilot hisobiga oʻtkazishingizni soʻraymiz.

‎‎Ushbu bitim toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:
‎‎eksportyorning Milliy reyestrdagi roʻyxat raqami _______________________________‎
‎‎sotiladigan dasturiy taʼminot vositalarining nomi____________________________
‎ _______________________________________________________________________
‎‎Internet tarmogʻidagi on-layn doʻkonining nomi ________________________________

‎‎Ushbu bilan dasturiy taʼminot vositalarini sotishdan olinadigan chet el valyutasidagi mablagʻlarning kelib tushishini taʼminlash va tashkilot Milliy reyestrdan chiqarilganda, bankni xabardor qilish majburiyatini zimmamizga olamiz.

Rahbar‎

______________ ‎

_______________________‎

(imzo) ‎

(F.I.O)‎

Bosh buxgalter ‎

______________ ‎

_______________________‎

(imzo) ‎

(F.I.O)‎

20___yil “___” ____________.‎
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 2-son, 25-modda; 2015-y., 4-son, 47-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2019-y., 10/19/2549-2/2570-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)