Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-fevraldagi 73-sonli “Chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 10-dekabrdagi PQ-1875-son qaroriga muvofiq, shuningdek Chet tilini bilish darajasini baholash va sertifikatlash milliy tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi malaka sertifikatining davlat namunasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 31-dekabr,
352-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 352-son qaroriga 1-ILOVA
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 10-dekabrdagi PQ-1875-son qaroriga muvofiq chet tillarni bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi.
2. Chet tilini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi malaka sertifikati (keyingi oʻrinlarda Sertifikat deb ataladi) berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda Davlat test markazi deb ataladi) tomonidan, pulli asosda amalga oshiriladi.
Chet tilini bilish darajasini aniqlaganlik va Sertifikat berganlik uchun talabgor tomonidan ariza berilgan kundagi eng kam oylik ish haqining 1,5 baravari miqdorida toʻlov undiriladi.
3. Sertifikat test sinovlari yakunlari boʻyicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini toʻplagan shaxslarga 3 yil muddat bilan beriladi.
II. Chet tilini bilish darajasini aniqlash
4. Chet tilini bilish darajasi test sinovlari oʻtkazish yoʻli bilan aniqlanadi, u quyidagi boʻlimlardan iborat boʻladi:
a) “audialash” boʻlimi — ogʻzaki nutqni qabul qilish koʻnikmalarini, eshitilgan matnlardagi asosiy fikr va detalni tushunish mahoratini tekshiradi;
b) “oʻqish” boʻlimi — yarim autent va autent matnlarni tushunishni, oʻqilgan matnlardagi asosiy fikr va detalni tushunish mahoratini tekshiradi;
v) “leksika va grammatika kompetensiyasi” boʻlimi — grammatik tuzilishni va lugʻat zaxirasini farqlash hamda ulardan toʻgʻri foydalanish mahoratini tekshiradi;
g) “xat” boʻlimi — tegishli darajadagi grammatik tuzilishdan va lugʻat zaxirasidan foydalangan holda berilgan mavzular boʻyicha bir-biri bilan bogʻlangan matnlar tuzish mahoratini tekshiradi;
d) “soʻzlash” boʻlimi — tegishli darajadagi grammatik tuzilishdan va lugʻat zaxirasidan foydalangan holda, berilgan savollarga mos javob berish va oʻz nuqtai-nazarini asoslash mahoratini tekshiradi.
5. “Audialash”, “oʻqish”, “leksika va grammatika kompetensiyasi” boʻlimlarining har biri 30 ta savoldan iborat boʻladi, “xat” boʻlimi A2, A2+, V1, V1+, V2 darajalari uchun ikkita yozma topshiriqdan, S1 darajasi uchun uchta yozma topshiriqdan (darajaga bogʻliq holda birinchi topshiriq — 30—150 ta soʻzdan, ikkinchi topshiriq — 50—250 ta soʻzdan, uchinchi topshiriq — 80—100 ta soʻzdan), “soʻzlash” boʻlimi topshiriqlarning uchta turidan iborat boʻladi.
6. Test sinovini oʻtkazish uchun topshiriqlar Oʻzbekiston Respublikasi uzluksiz taʼlim tizimining davlat taʼlim standartiga muvofiq har bir daraja (A2, A2+, V1, V1+, V2, S1) uchun Davlat test markazi tomonidan ishlab chiqiladi.
7. Chet tilini bilish darajasini aniqlash yuzasidan talabgorlarni test sinoviga mustaqil tayyorlash uchun zarur materiallar Davlat test markazi saytiga joylashtiriladi.
8. Test sinovini oʻtkazish tartibi Davlat test markazi tomonidan aniqlanadi.
III. Chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha test sinovini tashkil etish
9. Talabgor chet tilini bilish darajasini aniqlash va Sertifikat berish maqsadida test sinovida qatnashishga roʻyxatdan oʻtish uchun Davlat test markaziga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha ariza;
shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma) nusxasi;
3,5 x 4,5 sm oʻlchamli rangli fotosurat;
chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati olish uchun toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
10. Talabgor hujjatlarni shaxsan taqdim etishi yoki buyurtma xat bilan pochta orqali joʻnatishi mumkin.
Talabgorning tushgan hujjatlari Davlat test markazi tomonidan uch ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi. Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar mavjud boʻlganda va toʻgʻri rasmiylashtirilganda talabgor roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda test sinoviga qoʻyilgan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi. Roʻyxatdan oʻtkazishda talabgorga test sinovidan oʻtish qoidalari toʻgʻrisidagi eslatmanoma beriladi.
Zarur hujjatlar mavjud boʻlmaganda yoki ular zarur darajada rasmiylashtirilmaganda Davlat test markazi bu toʻgʻrida talabgorga xabar qiladi. Talabgor bir hafta mobaynida hujjatlarni toʻgʻri rasmiylashtirish va ularni Davlat test markaziga taqdim etish huquqiga ega.
11. Test sinoviga qoʻyilgan talabgorlar roʻyxati, uni oʻtkazish sanasi va joyi toʻgʻrisidagi axborot Davlat test markazining saytida eʼlon qilinadi. Test sinovini oʻtkazish sanasi u oʻtkaziladigan kundan bir haftadan kechikmay eʼlon qilinadi. Test sinovini oʻtkazish joyi va sanasi Davlat test markazi tomonidan aniqlanadi.
12. Test sinovi guruhlarning shakllantirilishiga qarab, lekin talabgor roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab olti haftadan kechikmay oʻtkaziladi.
30 kishidan koʻp boʻlmagan guruhlar Davlat test markazida qurʼa tashlash yoʻli bilan shakllantiriladi.
13. Test sinovi blankalarda yoki kompyuterda, tegishli dasturiy taʼminotdan foydalangan holda, shu jumladan Internet tarmogʻi orqali masofadan oʻtkaziladi. Test sinovi imtihon komissiyasi aʼzolari va kuzatuvchilar ishtirokida oʻtkaziladi.
Test sinovi blankalarda ikki bosqichda oʻtkaziladi: birinchi bosqich “audialash”, “oʻqish”, “leksika va grammatika kompetensiyasi”, “xat” boʻlimlaridan iborat boʻladi, ikkinchi bosqichga “soʻzlash” kiradi.
Testni tegishli dasturiy tanlovdan foydalangan holda kompyuterda oʻtkazish barcha boʻlimlarni qamrab olgan holda bir bosqichda amalga oshiriladi.
Internet tarmogʻi orqali masofadan test sinovi Internet tarmogʻidan foydalanadigan davlat taʼlim muassasalarining axborot-resurs markazlarida oʻtkaziladi. Test sinovi Davlat test markazi xodimining rahbarligida va kuzatuvida oʻtkaziladi. Talabgorlar Davlat test markazi sayti orqali tizimda roʻyxatdan oʻtkaziladi va ular bajarish uchun test sinovi topshiriqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Talabgorlarning test sinovi topshiriqlariga javoblari avtomatik ravishda, “on-layn” rejimida Davlat test markazining maʼlumotlar bazasiga tekshirish uchun yuboriladi.
Test sinovi vaqtida har bir ish joyida bir nafar talabgor oʻtiradi. Test sinovini oʻtkazish jarayoni videoga tushiriladi.
14. Test sinovini oʻtkazish uchun taʼlim tizimi muassasalari pedagoglari kuzatuvchilar sifatida shartnoma asosida jalb etiladi.
15. “Audialash”, “oʻqish”, “leksika va grammatika kompetensiyasi”, “xat” boʻlimlari boʻyicha bilimlar maxsus dasturlar yordamida kompyuterda tekshiriladi. “Xat” va “soʻzlash” boʻlimlari boʻyicha bilimlar imtihon komissiyasi tomonidan tekshiriladi, natijalari protokol bilan rasmiylashtiriladi.
Imtihon komissiyasi tarkibi Davlat test markazi direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi, unga Davlat test markazi xodimlari va tajribali pedagoglar kiritiladi.
16. Talabgor test sinoviga shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (pasportni, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani) koʻrsatgan taqdirda qoʻyiladi.
Talabgor kechikkan taqdirda test sinoviga qoʻyilmaydi. Agar talabgor test sinoviga uzrli sababga koʻra (tegishli hujjat bilan tasdiqlanganda) kelmaganda uning arizasi asosida unga boshqa vaqtda test sinovidan oʻtishga ruxsat etiladi. Test sinovini boshqa vaqtga koʻchirish toʻgʻrisidagi qaror Davlat test markazi tomonidan qabul qilinadi.
17. Testni oʻtkazish vaqti:
A2, A2+ darajasi uchun — “audialash”, “oʻqish”, “leksika va grammatika kompetensiyasi”, “xat” uchun — 150 daqiqani, soʻzlash uchun — 10 daqiqani;
V1, V1+ darajasi uchun — “audialash”, “oʻqish”, “leksika va grammatika kompetensiyasi”, “xat” uchun — 185 daqiqani, soʻzlash uchun — 15 daqiqani;
V2 darajasi uchun — “audialash”, “oʻqish”, “leksika va grammatika kompetensiyasi”, “xat” uchun — 200 daqiqani, soʻzlash uchun — 15 daqiqani;
S1 darajasi uchun — “audialash”, “oʻqish”, “leksika va grammatika kompetensiyasi”, “xat” uchun — 210 daqiqani, soʻzlash uchun 20 — daqiqani tashkil qiladi.
Test sinovi har bir boʻlimining eng yuqori bahosi 30 ballni tashkil qiladi.
18. Test sinovi oʻtkazilayotgan auditoriyaga har qanday adabiyotni, telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirish mumkin emas. Test sinovi oʻtkazilayotgan vaqtda boshqa talabgorlar bilan muloqot qilishga, savollar kitobi varaqlarini yirtib olishga, savollar kitobini boshqa talabgorlarga berishga, test sinovini oʻtkazish jarayoniga xalaqit berishga ruxsat etilmaydi. Ushbu talablarni buzgan talabgor auditoriyadan chiqarib yuboriladi va test sinovidan oʻtmagan deb hisoblanadi. Auditoriyadan chiqarib yuborish ushbu Nizomning 2-ilovasidagi shakl boʻyicha dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
19. Uzrsiz sababga koʻra test sinoviga kechikkanlik yoki kelmaganlik, test sinovi qoidalarini buzganlik uchun auditoriyadan chiqarib yuborilgan taqdirda toʻlangan toʻlov talabgorga qaytarilmaydi.
20. Test sinovlari natijalari ular oʻtkazilgan kundan boshlab ikki haftadan kechikmay Davlat test markazi saytida eʼlon qilinadi.
21. Test sinovi yakunlari boʻyicha eng yuqori ballning 60 foizidan kam ball olgan talabgor test sinovida qatnashish uchun, lekin test sinovi natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab kamida bir oydan keyin, chet tilini bilish darajasini aniqlash va Sertifikat berish uchun toʻlov toʻlangan taqdirda, hujjatlarni takroran taqdim etish huquqiga ega.
IV. Apellatsiyalarni koʻrib chiqish tartibi
22. Test natijalaridan norozi boʻlgan talabgor Davlat test markaziga apellatsiya taqdim etish huquqiga ega. Apellatsiya test sinovi natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida, ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
23. Apellatsiyani koʻrib chiqish uchun Davlat test markazi direktorining buyrugʻi bilan 5—7 nafar Davlat test markazi xodimlari va taʼlim tizimi pedagoglaridan iborat boʻlgan Apellatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellatsiya ikki hafta mobaynida koʻrib chiqiladi. Talabgorning xohishiga koʻra u berilgan apellatsiyani Apellatsiya komissiyasi tomonidan koʻrib chiqishda qatnashishi mumkin. Talabgor Apellatsiya komissiyasi qarori toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilinadi.
24. Apellatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
test sinovi natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellatsiyaning qondirilishini rad etish;
test natijalarini bekor qilish va takroriy test sinovi oʻtkazishni tayinlash.
Agar koʻrsatilgan dalillar tasdiqlanmasa apellatsiyaning qondirilishini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Test sinovi natijalarini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror u ushbu Nizom talablari buzilgan holda oʻtkazilgan taqdirda qabul qilinadi. Apellatsiya komissiyasining qarorlari ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha rasmiylashtiriladi.
Talabgorni takroriy test sinovidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda Davlat test markazi test sinovini oʻtkazish sanasini tayinlaydi, test sinovini takroran oʻtkazishda toʻlov undirilmaydi.
25. Takroriy appellatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
V. Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi malaka sertifikatini berish tartibi
26. Test sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorga test sinovi natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab bir hafta mobaynida, Davlat test markazi buyrugʻi asosida Sertifikat beriladi.
27. Sertifikat uning toʻgʻrisida qatʼiy hisobot beriladigan hujjat hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Blankalar Davlat test markazi buyurtmasiga binoan, bosmaxona usulida “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi. Davlat test markazi direktori sertifikatlar blankalarining hisobga olinishi, ularning saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan belgilangan tartibda shaxsan javob beradi.
28. Davlat test markazi sertifikatlar reyestrini yuritadi.
pasportining maʼlumotlari (seriyasi va tartib raqami, pasportning kim tomonidan va qachon berilganligi) yoki tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi maʼlumotlari (tartib raqami, guvohnomaning kim tomonidan va qachon berilganligi);
Davlat test markazining sertifikat berish toʻgʻrisidagi buyrugʻining sanasi va tartib raqami;
Sertifikatning hisobga olish seriyasi va tartib raqami;
Sertifikatning berilgan sanasi;
Sertifikatning amal qilish muddati.
29. Sertifikat pasport koʻrsatilgan taqdirda, shaxsan talabgorga yoki talabgorning notarial tasdiqlangan ishonchnomasi asosida boshqa shaxsga beriladi.
30. Yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan Sertifikat oʻrniga talabgorning arizasiga koʻra dublikat berilishi mumkin.
Sertifikat egasi malaka Sertifikati yoʻqolganligi toʻgʻrisida matbuotda eʼlon beradi hamda Davlat test markaziga dublikat berish toʻgʻrisidagi ariza va dublikat berilganligi uchun toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat bilan birga matbuotdagi eʼlonning tasdigʻini taqdim etadi.
Sertifikat dublikati malaka Sertifikatining yangi blankasida “Dublikat” yozuvi majburiy koʻrsatilgan holda, aynan oldingi tartib raqami hamda ilgari belgilangan amal qilish muddati bilan beriladi.
Yaroqsiz holga kelgan Sertifikat Davlat test markaziga qaytariladi.
Malaka Sertifikatining dublikati berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida toʻlov undiriladi.
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Test sinovidan chetlatish toʻgʻrisida DALOLATNOMA
________________________________________________________________________ ________________________________________________________________________ maxsus kod ________________ javoblar varaqasi tartib raqami ___________________ u ______________________________________________________________________
(qoida buzilishi koʻrsatilsin)
_______________________________________________________________ _______________________________________________________________ _______________________________________________________________ sababli _______ soat ______daqiqada test sinovidan chetlatilganligini tasdiqlaymiz.
1. Auditoriya rahbari: ________________________________________ Imzo: ________
Blankaning roʻyxatdan oʻtkazish tartib raqami: 0000000
“““““““““““““““ (qirqish chizigʻi) ““““““““““““““
Apellatsiya toʻgʻrisidagi ariza qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi XAT-TASDIQNOMA
Talabgorning F.I.O.: ________________________ Talabgorning maxsus kodi:_______
Talabgorning imzosi:_________________
Shakl toʻldirilgan sana: _______________
Arizani qabul qilib oluvchi masʼul shaxsning F.I.O.: ___________________________
Imzo: _____________
(MOʻ)
Apellatsiya qabul qilingan sana: _________
Izoh: apellatsiya chet tilini bilish, uni egallab olish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq koʻrib chiqiladi. Apellatsiya natijalari boʻyicha xulosa yozma shaklda taqdim etiladi.
Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZI APELLATSIYA KOMISSIYASINING XULOSASI
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-dekabrdagi 352-son qaroriga 2-ILOVA
(tavsifi)
Chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi sertifikat A4 formatdagi oq qogʻozga ofset usulida bosiladi. Bunda beshta rangdan foydalaniladi: qora rang — matn uchun, yashil, koʻk, qizil ranglar — rasmlarni tasvirlash uchun, och jigarrang — fon uchun. Varaqning yuqori qismida 25 mm diametrda Davlat gerbi joylashtirilgan.
Varaqning qolgan qismiga davlat tilida lotin yozuvida “O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MANKAMASI NUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZI. CNET TILINI BILISN VA EGALLASN NAQIDA SERTIFIKAT”, ingliz tilida “REPUBLIC OF UZBEKISTAN STATE TESTING CENTER UNDER TNE CABINET OF MINISTERS. CERTIFICATE LEVEL OF FOREGIN LANGUAGE PROFICIENCY” soʻzlari bosiladi. Sertifikat olti raqamli tartib raqamiga egadir. Matn och jigarrang fonda guldor naqsh bilan bosiladi.
Sertifikat quyidagilardan foydalangan holda olti karra himoyaga ega:
bosishning ikki usuli — ofset va yuqori;
yorqin boʻyoqlar nur orqali nusxa koʻchirishni murakkablashtirish uchun;
guldor naqsh;
turli rangli naqshlar toʻrlaridan foydalanish yoʻllari bilan har xil ranglar hosil qilish;
maxsus qogʻoz:
almashib turadigan raqamlardan tartib raqami.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 2-son, 14-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.05.2019-y., 09/19/395/3115-son, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2021-y., 09/21/661/0999-son)