toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.09.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika shaharlarida va tuman markazlarida kommunal drenaj tizimi ishlarini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Respublikada aholi yashashi uchun munosib turar joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, yangi turar joy binolari qurish, zamonaviy yo‘llarni va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish borasida izchil chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Qonunchilikni takomillashtirish asosida obodonchilik ishlarini boshqarish samaradorligini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etish hamda shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hisobiga respublika shaharlari va aholi punktlarini obodonlashtirishga doir muhim chora-tadbirlar ko‘rildi.
Shular bilan bir qatorda, mintaqalarda kommunal drenaj xo‘jaliklari obyektlarini xatlovdan o‘tkazish natijasida aniqlanganidek, ishlayotgan drenaj tizimini mukammal ta’mirlash, shu jumladan ma’naviy va fizik jihatdan eskirgan, ko‘p energiya talab qiladigan nasoslarni hamda elektr ta’minoti uskunalarini (transformatorlarni, kabellarni) almashtirish, elektr energiyasini hisobga olishning zamonaviy elektron priborlari bilan jihozlash, shuningdek yangi quduqlar, kollektorlar va suv ayirish quvurlarini barpo etish talab qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod turmush yili” Davlat dasturi to‘g‘risida” 2013-yil 14-fevraldagi PQ-1920-son qarorini bajarishga hamda aholi turmushi darajasi va sifatini yanada oshirishga, respublika aholi punktlari hududidagi drenaj suvlarini o‘z vaqtida chetga chiqarib tashlashni ta’minlash uchun kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlari ishlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan:
18 ta shaharda va 86 ta tuman markazlarida kommunal drenaj xo‘jaligining joriy holati xatlovdan o‘tkazilganligi;
kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlarini qurish, mukammal ta’mirlashning boshlang‘ich ro‘yxatlari tuzilganligi va tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
2014—2017-yillarda shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalarining drenaj quduqlari va kollektorlarini mukammal ta’mirlash dasturlari 1* va 2-ilovalarga* muvofiq;
2014—2017-yillarda shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan hududlarda drenaj quduqlari qurish dasturi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda 2014-yildan boshlab ushbu qaror bilan tasdiqlangan 1*-2-ilovalarga* muvofiq dasturlarni bajarishga zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda har yili O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi parametrlarini shakllantirishda 2014-yildan boshlab, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari mavjudligini hisobga olgan holda, 3-ilovaga* muvofiq loyihalarni amalga oshirishga zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
5. Quyidagilar:
tegishli shaharlar va tumanlarning obodonlashtirish boshqarmalari — kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlarini mukammal ta’mirlash bo‘yicha;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmatining injiniring kompaniyalari — drenaj quduqlari qurish bo‘yicha buyurtmachilar etib belgilansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi ushbu qaror bilan tasdiqlangan 1*—3-ilovalarga* muvofiq dasturlar doirasida loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin hamda qurilish-montaj ishlarining sifatiga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
qurilayotgan hamda mukammal ta’mirlanayotgan kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlari loyiha-smeta hujjatlarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlarini saqlashga va ulardan foydalanishga nazarda tutiladigan mablag‘lar hisobiga ishlab chiqilishini;
2014-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Investitsiya dasturining asosiy parametrlariga kiritish uchun 1*, 2* va 3-ilovalarga* muvofiq dasturlarning tasdiqlangan parametrlari doirasida kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlarini qurish va mukammal ta’mirlash yakuniy manzilli ro‘yxatlarining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga va Iqtisodiyot vazirligiga kiritilishini;
har yili 1-noyabrgacha tanlov savdolari o‘tkazilishini, pudrat shartnomalari tuzilishini hamda kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlarini qurish va mukammal ta’mirlashning yakuniy manzilli ro‘yxatlari tasdiqlanishini;
shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni hamda ishlab chiqarish-texnik xodimlari malakasini oshirishni nazarda tutuvchi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan drenaj tizimi obyektlaridan foydalanishni yaxshilash dasturlarining 2014-yil 1-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga va Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etilishini;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan dasturlarning bajarilishi, ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi va kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlarining belgilangan muddatlarda so‘zsiz foydalanishga topshirilishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi yuzasidan tizimli monitoringni ta’minlasinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi amalga oshirilgan ishlar yakunlari bo‘yicha obyektlarning hajmlari, sifati va foydalanishga topshirish muddatlarining tasdiqlangan dasturlarga, manzilli ro‘yxatlarga hamda loyiha-smeta hujjatlariga muvofiqligini yalpi tekshirishdan o‘tkazsin.
9. 2014—2017-yillarda shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalarining drenaj quduqlari va kollektorlarini qurish hamda mukammal ta’mirlash dasturlari amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo‘yicha Idoralararo komissiya (keyingi o‘rinlarda Idoralararo komissiya deb ataladi) 4-ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
*1—4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
10. Quyidagilar Idoralararo komissiyaning (Zakirov) asosiy vazifalari etib belgilansin:
qurilayotgan va mukammal ta’mirlanayotgan kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda yer osti suvlari holatining tekshirilishini hamda aholi punktlarining suv bosadigan hududlari zonalashtirilishini ta’minlash;
kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlarini qurish va mukammal ta’mirlash sifatiga rioya etilishini nazorat qilish;
dasturlarning amalga oshirilishi, ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi, obyektlarning belgilangan muddatlarda, o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishi bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borish;
kommunal drenaj xo‘jaligidan foydalanish samaradorligini doimiy ravishda nazorat qilib borish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining kommunal drenaj xo‘jaligi obyektlarini qurish va mukammal ta’mirlashning hududiy manzilli ro‘yxatlari amalga oshirilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini har chorakda eshitib borish.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I.Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 8-noyabr,
304-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 46-son, 600-modda)