toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Ekstraditsiya toʻgʻrisida
1999-yil 8-noyabr, Pekin
 LexUZ sharhi
Mazkur Shartnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 11-fevraldagi 39-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida ekstraditsiya toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
(2000-yil 29-sentabrdan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi, bundan keyin — Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlariga amal qilib,
ikkala mamlakatning jinoyatchilikka qarshi kurashdagi samarali hamkorligiga koʻmaklashib,
suverenitet, teng huquqlilik va birgalikda manfaatdorlikni oʻzaro hurmat qilish asosida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Berish majburiyati
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnoma qoidalariga muvofiq tegishli iltimosnomaga binoan jinoiy jazoga tortish yoki hukmni ijro etish uchun ularning hududida turgan shaxslarni bir-biriga berish majburiyatini oladilar.
2-modda
Berishga olib keladigan jinoyatlar
1. Ushbu Shartnoma maqsadlari uchun berishga olib keladigan jinoyatlar deb Ahdlashuvchi Tomonlarning qonunlariga koʻra bir yildan kam boʻlmagan yoki yanada jiddiyroq jazo beriladigan jinoyatlar hisoblanadi.
2. Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 1-bandi shartlariga amal qilgan holda hukmni ijro etish uchun iltimosnoma bilan murojaat etsa, berish jazo muddatining tugashiga olti oydan ortiq vaqt qolgan holdagina amalga oshirilishi mumkin.
3. Ushbu modda maqsadlari uchun, muayyan qilmish har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga koʻra jinoyat deb hisoblanishi aniqlansa, uning yuridik kvalifikatsiyasi va atamasi ahamiyatsiz.
4. Agar berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bir necha alohida jinoiy qilmishlarga taalluqli boʻlib, ularning bir nechtasi ushbu moddaning 1- va 2-bandlaridagi shartlarga toʻgʻri kelmasa, lekin ushbu qilmishlardan eng kamida bittasi berishga olib kelishi mumkin boʻlsa, shaxsni berishga ruxsat etilishi mumkin.
3-modda
Berish toʻgʻrisidagi iltimosnomani rad etish
Quyidagi hollarda berish mumkin boʻlmaydi:
1) berish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilayotganda, talab etilayotgan shaxs soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning fuqarosi boʻlsa yoki soʻralayotgan davlatda unga siyosiy boshpana berilgan boʻlsa;
2) berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma olingan paytda soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga binoan, shaxs jinoiy javobgarlikka tortilishi yoki hukm istalgan qonuniy asosga koʻra ijro etilishi mumkin emas, javobgarlikka tortish muddatining oʻtganligi yoki afv etish ham shunga kiradi;
3) berish toʻgʻrisida iltimosnoma olinguniga qadar, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida berilishi talab etilayotgan shaxsning oʻsha jinoyati boʻyicha chiqarilgan hukm qonuniy kuchga kirgan yoki ushbu ish boʻyicha jinoiy ish harakatdan toʻxtatilgan boʻlsa;
4) berish toʻgʻrisida iltimosnomaga sabab boʻlgan jinoyat toʻla yoki qisman soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirilgan boʻlsa, bunga uning bayrogʻi ostidagi kema yoki jinoyat amalga oshirilgan chogʻda uning qonunlariga muvofiq ravishda roʻyxatga olingan havo kemasi ham kiradi.
4-modda
Soʻralayotgan Tomonning jinoiy taʼqibni amalga oshirishdagi majburiyati
Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon talab etilayotgan shaxsni u oʻz fuqarosi ekanligi sababli yoki ushbu Shartnoma 3-moddasining 4-bandiga muvofiq berishga rozi boʻlmasa, shu Ahdlashuvchi Tomon soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning iltimosnomasi asosida talab etilayotgan shaxsni unga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻash uchun oʻz vakolatli organlariga topshirishi lozim. Buning uchun soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonga ushbu ishga aloqador hujjatlar, dalillar va oʻgʻirlangan buyumlarni topshirishi kerak.
5-modda
Aloqa tartibi
Ushbu Shartnomani amalga oshirishda Ahdlashuvchi Tomonlar, agar ushbu Shartnomada boshqacha tartib koʻzda tutilmagan boʻlsa, oʻzlari tayinlagan vakolatli organlar orqali aloqa bogʻlaydilar. Aloqa diplomatik kanallar orqali olib borilishi ham mumkin.
6-modda
Tillar
Ushbu Shartnomani bajarishda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlat tillari hamda boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat tiliga yoki ingliz yoxud rus tiliga qilingan tarjimadan foydalanadilar.
7-modda
Berish toʻgʻrisida iltimosnoma va zarur hujjatlar
1. Berish toʻgʻrisida iltimosnoma yozma ravishda yuboriladi. Unda berish talab etilayotgan shaxsning familiyasi, ismi, fuqaroligi hamda turar joyi yoki boʻlib turgan joyi koʻrsatiladi. Iltimosnomaga, shuningdek quyidagilar ham ilova etilishi kerak:
1) ushbu shaxsning kim ekanligini aniqlashda asqotadigan maʼlumotlar, shuningdek iloji boʻlsa, uning qiyofasi, barmoq izlari tasviri;
2) jinoiy qilmishning daliliy jihatlari, oqibatlari, jumladan yetkazilgan moddiy zarar tafsiloti;
3) ushbu jinoyat toifasiga baho beradigan qonun va uning uchun beriladigan jazoni koʻzda tutadigan, yoki jinoiy javobgarlikka tortishning muddatlariga oid tegishli modda matni.
2. Berish talab etilayotgan shaxsni jinoiy taʼqib etish yuzasidan iltimosnomaga ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organi tomonidan berilgan hibsda saqlash toʻgʻrisidagi qarorning nusxasi yoki hibsga olish toʻgʻrisidagi orderning nusxasi ham ilova etilishi kerak.
3. Hukm ijrosini amalga oshirish uchun berish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari, quyidagilar ham ilova etilishi kerak:
1) qonuniy kuchga kirgan hukm yoki sud aniqlovining nusxasi;
2) jazoning oʻtalgan qismi toʻgʻrisida maʼlumotnoma.
4. Berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va uning ilovalari imzolangan va muhr bosib tasdiqlangan boʻlishi, shuningdek soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon tiliga qilingan tarjimasi yoki ingliz tilidagi yoxud ruscha tarjimasi ilova etilishi kerak.
8-modda
Qoʻshimcha maʼlumotlar
1. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon ushbu Shartnoma qoidalariga muvofiq, berish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga ilova etilgan materiallar yetarli emas deb hisoblasa, ushbu Ahdlashuvchi Tomon soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomondan qoʻshimcha maʼlumotlarni maqbul bir muddat ichida taqdim etishni talab qilishi mumkin.
2. Bunday iltimosnoma olinganidan keyin soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon ikki oy muddat ichida qoʻshimcha maʼlumotlarni yetkazib berishi kerak. Uzrli sabablarga koʻra ushbu muhlat soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning iltimosiga binoan yana 15 kunga uzaytirilishi mumkin.
3. Shu muddat ichida soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etmasa, bu uning iltimosnomadan ixtiyoriy ravishda voz kechganligini bildiradi. Ammo bu hol soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning muayyan shaxsni oʻsha jinoyati tufayli berish toʻgʻrisida takror murojaat qilishiga xalaqit bermaydi.
9-modda
Vaqtincha hibsda ushlab turish
1. Kechiktirib boʻlmaydigan vaziyatlarda soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomondan berishi talab qilinayotgan shaxsni vaqtincha hibsda ushlab turishni soʻrashi mumkin. Bunday tavsiya Xalqaro jinoyat politsiyasi tashkiloti orqali yoki bevosita ravishda, telegraf, teleks, telefaks singari texnikaviy vositalardan foydalanib ham berilishi mumkin.
2. Tavsiyada berilishi talab etilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda agar maʼlum boʻlsa, turar joyi; ishning faktik holatlari haqida qisqacha maʼlumot; 7-moddada koʻrsatilgan hibsda saqlash toʻgʻrisidagi qaror yoki hibsga olish haqida order yoxud hukm chiqarilganligi toʻgʻrisida maʼlumot berilishi hamda berish toʻgʻrisida iltimosnoma darhol yuborilishi koʻrsatilishi lozim.
3. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon bunday tavsiya yuzasidan tezlik bilan oʻz qonunlariga muvofiq qaror chiqaradi va bu toʻgʻrida soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonga xabar beradi.
4. Bunday tavsiyaga asoslanib qoʻlga olingan shaxs, agar soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomondan berish toʻgʻrisida iltimosnoma kelib tushmasa, 45 kundan soʻng ozod qilinadi. Bu muddat tugaguniga qadar soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomondan asoslangan tavsiya berilsa u yana 15 kunga uzaytirilishi mumkin.
5. Ushbu moddaning 4-bandiga muvofiq shaxsning ozod qilinishi keyinchalik berish toʻgʻrisida iltimosnoma va tasdiqlovchi hujjatlar olingan taqdirda soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon tarafidan qayta hibsga olinishiga monelik qilmaydi.
10-modda
Berilishi kerak boʻlgan shaxsni oʻtkazish
1. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon berish toʻgʻrisidagi iltimosnomani oʻz mamlakati qonunlarida koʻzda tutilgan protseduraga muvofiq koʻrib chiqib, darhol soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonga oʻz qarorini bildiradi.
2. Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomondan berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma qondirilgani toʻgʻrisida xabarni olganidan keyin Ahdlashuvchi Tomonlar oʻtkazish vaqti, joyi va boshqa tegishli masalalarni kelishib oladilar. Talab etilayotgan shaxsni oʻtkazish protsedurasiga Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlarining vakillari tomonidan imzolangan ikki nusxadagi bayonnomani tuzish kiradi.
3. Berish toʻgʻrisidagi iltimosnomani bajarish butkul yoki qisman rad etilsa, tegishli sabablari koʻrsatib izohlanadi.
4. Ushbu moddaning 5-bandida koʻrsatilganidan tashqari hollarda, soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon berilishi lozim boʻlgan shaxsni oʻtkazish sanasi belgilanganidan soʻng 15 kun ichida qabul qilmasa, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon ushbu shaxsni ozod qilishi va soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning ushbu shaxsni aynan oʻsha jinoyati uchun berish yuzasidan takroriy iltimosnomasini bajarishni rad etishi mumkin.
5. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri oʻziga bogʻliq boʻlmagan sababga koʻra berilishi lozim boʻlgan shaxsni berishni amalga oshirish uchun tayinlangan vaqtda bera olmasa yoki qabul qilolmasa, u bu toʻgʻrida ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni oʻz vaqtida xabardor qilishi kerak. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq, bu holda berishning boshqa muddati va unga aloqador masalalar toʻgʻrisida kelishib oladilar.
11-modda
Berishni kechiktirish va vaqtincha berib turish
1. Agar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon berish talab etilayotgan shaxsga nisbatan berish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga aloqasi boʻlmagan jinoyat yuzasidan jinoiy taʼqib qoʻzgʻagan yoki hukmni ijro etayotgan boʻlsa, berish kechiktirilishi mumkin. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni berishni kechiktirish toʻgʻrisidagi oʻz qarori toʻgʻrisida xabardor qilishi kerak.
2. Berishning kechiktirilishi javobgarlikka tortish muddatining oʻtishiga, yoki berish talab etilayotgan shaxs ustidan tergovga jiddiy ziyon yetkazishga olib kelishi mumkin boʻlsa, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonga talab etilayotgan shaxsni Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan kelishilgan shartlarga muvofiq ravishda vaqtincha berishi mumkin. Vaqtincha berilgan shaxs jinoiy ishlar yuzasidan protsessual harakatlar tugagach darhol qaytarilishi lozim.
12-modda
Berish toʻgʻrisida bir necha davlatdan iltimosnoma kelishi
Ahdlashuvchi Tomonlardan biri bir shaxsni berish toʻgʻrisida ikkinchi Ahdlashuvchi Tomondan hamda yana boshqa bir uchinchi davlatdan iltimosnoma olsa, qaysi iltimosnomani qanoatlantirishni oʻzi hal etadi.
13-modda
Maxsus qoidalar
1. Ushbu Shartnomaga muvofiq berilgan shaxs soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida iltimosnomada koʻrsatilgan jinoyatidan boshqa ilgari amalga oshirgan biron-bir jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi yoki hukmni oʻtashga jalb etilishi mumkin emas. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning roziligisiz u uchinchi tomonga berib yuborilishi mumkin emas.
2. Agar:
1) berilgan shaxs soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududini tark etib, ixtiyoriy ravishda uning hududiga qaytsa;
2) berilgan shaxs qaytish erkinligiga ega boʻlgani holda gʻayriixtiyoriy sabablarsiz soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududini 30 kun mobaynida tark etmagan boʻlsa,
ushbu moddaning 1-bandi qoidalari qoʻllanmaydi.
14-modda
Takroriy berish
Agar berilgan shaxs jinoiy taʼqib yoki hukm ijrosidan qochib, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududiga qaytib kelsa, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning iltimosnomasiga koʻra bu shaxsni ushbu Shartnomaning 7-moddasida koʻrsatilgan hujjatlarni talab etmagan holda takroran berishi mumkin.
15-modda
Jinoyatga daxldor hujjatlarni berish
1. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunlari doirasida, soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning iltimosnomasiga koʻra berish talab etilayotgan shaxs amalga oshirgan jinoyatda qurol boʻlib xizmat qilgan narsalarni, shuningdek jinoyat izlari qolgan yoki jinoyat orqasida topilgan narsalarni berishi mumkin.
2. Mazkur narsalar berish talab etilayotgan shaxsning oʻlimi, qochib ketganligi yoki uni berishning iloji boʻlmagan boshqa hollarda ham taqdim etilishi mumkin.
3. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan narsalar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning oʻziga jinoiy ishda ashyoviy dalil sifatida zarur boʻlsa, ularni berish ish yuzasidan harakatlar tugagunicha kechiktirilishi mumkin.
4. Agar ushbu narsalar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida hibsga olinishi yoki musodara etilishi lozim boʻlsa, bu Ahdlashuvchi Tomon ularni bermasligi yoki vaqtincha berib turishi mumkin.
5. Agar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga muvofiq yoki uchinchi tomonning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun berib yuborilgan narsalar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonga qaytarilishi lozim boʻlsa, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning shunday iltimosnomasiga koʻra soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon bu narsalarni sud jarayoni yakunlanishi bilanoq qaytarib berishi darkor.
16-modda
Tranzit tashish
1. Agar shaxs uchinchi davlat tarafidan Ahdlashuvchi Tomonlardan biriga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududi orqali beriladigan boʻlsa, bu shaxsni olayotgan Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomondan ushbu shaxsni uning hududidan tranzit tarzida olib oʻtishga ruxsat soʻrashi lozim. Bu qoida havo transportidan foydalanilayotganda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga qoʻnish rejalashtirilmagan boʻlsa, qoʻllanmaydi.
2. Bunday iltimosnoma olingach, uni bajarish soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning asosiy manfaatlariga ziyon yetkazmaydigan va qonunlariga xilof kelmaydigan boʻlsa, qondirilishi lozim.
3. Tranzit davlati olib oʻtilayotgan shaxsni kuzatib borayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakillariga zarur yordamni beradi.
17-modda
Natijalar toʻgʻrisida xabar berish
Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga ularga berilgan shaxslarga nisbatan jinoiy taʼqib yoki hukmning ijro etilishi yoxud ushbu shaxsni uchinchi davlatga berish amalga oshirilganmi-yoʻqmi, shu toʻgʻrilarda xabar beradilar.
18-modda
Xarajatlar
Berishga aloqador xarajatlar hududida bu ishlar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon zimmasida boʻladi. Biroq berishga aloqador transport va transportda tashish xarajatlarini soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon koʻtaradi.
19-modda
Maxfiylikka rioya qilish
1. Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon iltimos qilsa, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon berish toʻgʻrisida iltimosnoma olinganligi, uning mazmuni va tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek bunday yordam berilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni sir tutish choralarini koʻradi. Basharti, berish toʻgʻrisidagi iltimosnomani bajarish bu iltimosni qondirishga imkon bermaydigan boʻlsa, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon bu toʻgʻrisida soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonga xabar beradi, u esa maxfiy saqlash toʻgʻrisidagi iltimosni qondirish shartmi-yoʻqmi, hal qiladi.
2. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon ham soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomondan oʻzi bergan shohidlik va axborotni sir tutishni iltimos qilishi mumkin.
20-modda
Bahslarni hal etish
Ushbu Shartnomani talqin etish yoki bajarish asnosida yuzaga chiqadigan har qanday bahs diplomatik kanallar orqali maslahatlashib hal qilinadi.
21-modda
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Ushbu Shartnoma Ahdlashuvchi Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlariga daxl qilmaydi.
22-modda
Shartnomaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Shartnomaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
23-modda
Shartnomaning kuchga kirishi
1. Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinishi kerak. Ratifikatsiya yorliqlari Toshkent shahrida almashtiriladi. Ushbu Shartnoma ratifikatsiya yorliqlari almashtirilganidan keyin oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
2. Ushbu Shartnomaning amal qilish muddati cheklanmagan. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda ushbu Shartnoma faoliyatini toʻxtatish niyatidan xabardor qilishi mumkin. Shunday xabarnoma olinganidan olti oy keyin ushbu Shartnoma kuchdan qoladi. Ushbu Shartnoma faoliyatining toʻxtatilishi unga qadar shaxslarni berish yuzasidan boshlangan ishni tugallashga hech bir xalaqit bermasligi kerak.
Pekin shahrida, 1999-yil 8-noyabrda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Shartnoma qoidalarini talqin qilishda har xilliklar yuzaga chiqsa, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)