toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 24.12.2002
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ISTIQBOLNI BELGILASh VA STATISTIKA DAVLAT QO‘MITASINI MAQROIQTISODIYOT VA STATISTIKA VAZIRLIGIGA O‘ZGARTIRISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 27-dekabrdagi PF-3183-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni boshqarishning bozor uslublarini joriy etish, respublikani rivojlantirishning maqbul makroiqtisodiy proporsiyalarini va barqaror sur’atlarini ta’minlash, statistikaning xalqaro normalar va andozalarga muvofiq samarali ishlashini tashkil qilish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga o‘zgartirilsin.
2. Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklansin:
iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning aniq yo‘nalishlarini, yo‘llari va uslublarini belgilash, respublika iqtisodiyotini boshqarishning bozor mexanizmlarini ta’minlash;
makroiqtisodiy va moddiy balanslarni, milliy hisoblar tizimidan foydalangan holda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish taxminlarini va taxminiy variant hisob-kitoblarini ishlab chiqish;
Moliya vazirligi bilan birga to‘lov, moliya va tashqi savdo balanslarini shakllantirish hamda ularning amalga oshirilishini nazorat qilish;
iqtisodiyotning real sohasida eng maqbul sur’atlar va proporsiyalarni ta’minlovchi investitsiya dasturlarini tayyorlash hamda ularni amalga oshirishni muvofiqlashtirish, mineral va xomashyo resurslaridan oqilona foydalanish, O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish va jahon xo‘jalik aloqalariga integratsiyalash;
hisobga olishning zamonaviy indikativ, tahliliy va statistika usullari hamda vositalarini rivojlantirish va chuqurlashtirish hamda iqtisodiyot, madaniyatning rivojlanishini, xalq turmush darajasi va farovonligi yuksalishini nazorat qilish.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari istiqbolni belgilash va statistika bo‘yicha ishlab turgan bo‘linmalar negizida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ‎ — Iqtisodiyot va statistika vazirligini; ‎
respublika viloyatlari va Toshkent shahrida ‎ — Iqtisodiyot va statistika bosh boshqarmalarini; ‎
respublika shaharlari va tumanlarida ‎ — Iqtisodiyot va statistika bo‘limlarini
tashkil qilsinlar.
Mazkur organlar tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, shaharlar va tumanlarning hokimliklariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga qarashlidir.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
viloyatlar va Toshkent shahar Iqtisodiyot va statistika bosh boshqarmalarining rahbarlari, shuningdek ularning tarkibiga kiruvchi statistika boshqarmalarining rahbarlari viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tomonidan tayinlanadilar;
Iqtisodiyot va statistika bosh boshqarmasining boshlig‘i lavozimiga ko‘ra, viloyatlar, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari hisoblanadi.
5. Shu narsa belgilab qo‘yilsinki, tuman va shahar iqtisodiyot va statistika bo‘limlarining rahbarlari tegishli ravishda tuman va shahar hokimlarining taqdimnomasi bo‘yicha viloyatlar hamda Toshkent shahar Iqtisodiyot va statistika bosh boshqarmalari tomonidan tayinlanadilar.
6. Iqtisodiyot va statistika hududiy organlari zimmasiga:
mintaqalarda bozor islohotlarini chuqurlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
hududiy balanslarni, mintaqalarni kompleks rivojlantirishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;
aholining ish bilan bandligini ta’minlash, iste’mol bozorini tovarlar va xizmatlar bilan to‘ldirish, ijtimoiy soha tarmoqlarini rivojlantirish asosida aholi turmush darajasini oshirishning yo‘nalishlari va aniq yo‘llarini belgilash;
xalqaro normalar va andozalarga mos keladigan statistika axborotini yig‘ish va ishlov berish usullarini joriy etish, mintaqaning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida sodir bo‘layotgan jarayonlarni statistik hisobga olish va tahlil etish to‘liq hamda tezkor bo‘lishini ta’minlash vazifasi yuklansin.
7. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida” 1992-yil 5-avgustdagi 449-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 15-may,
PF-1780-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 161-modda)