1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.02.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash / 11.02.03.00 Ishlab chiqarish va maishiy chiqindilar]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TABIATNI MUHOFAZA QILISH DAVLAT QOʻMITASI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASH VAZIRLIGINING
Qarori
Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni koʻmish hamda maxsus poligonlarni qoʻriqlash va saqlash tartibi toʻgʻrisida Nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 20-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2438]
Zaharli kimyoviy, toksik moddalarni va ularning qadoqlash idishlarini koʻmish, shuningdek maxsus poligonlarni qoʻriqlash va saqlash tartibini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladilar:
1. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni koʻmish hamda maxsus poligonlarni qoʻriqlash va saqlash tartibi toʻgʻrisida Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N. UMAROV
Toshkent sh.,
2013-yil 28-yanvar,
1-son
Favqulodda vaziyatlar vaziri T. XUDAYBERGENOV
Toshkent sh.,
2013-yil 28-yanvar,
1-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 28-yanvar,
8-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 28-yanvar,
2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2013-yil 28-yanvardagi 1, 1, 8 va 2-son qaroriga ILOVA
Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni koʻmish hamda maxsus poligonlarni qoʻriqlash va saqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni maxsus poligonlarga koʻmish, shuningdek poligonlarni qoʻriqlash va saqlash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarning qadoqlash idishlarini koʻmish uchun ham tatbiq etiladi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
zaharli kimyoviy moddalar — oʻsimliklarning zararkunandalari va begona oʻtlarga qarshi kurashishda ishlatiladigan kimyoviy preparatlar (vositalar), shuningdek qishloq xoʻjalik ekinlari uchun qoʻllaniladigan tayyor holdagi preparatlar;
toksik modda — iqtisodiyotning ayrim sohalarida qoʻllaniladigan, odamlar va jonivorlar sogʻligʻiga yoki atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatadigan modda;
maxsus poligon — taqiqlangan, yaroqlilik muddati oʻtgan, foydalanishga yaroqsiz holga kelgan zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini koʻmishga moʻljallangan maxsus yer uchastkasi va inshootlar majmuasi;
maxsus transport vositalari — zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini tashish uchun moʻljallangan transport vositalari.
2. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan koʻmilishi taqiqlanadi.
3. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalardan foydalanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar ularni belgilangan maqsadga koʻra foydalanishlari, ularni hisobini yuritishlari va ularni oʻziga xos xususiyatlari haqida xabardor boʻlishlari lozim.
II bob. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini koʻmish
4. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar hamda ularni qadoqlash idishlari quyidagi hollarda koʻmiladi:
zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarning idishlarida koʻrsatilgan yaroqlilik muddati oʻtganda;
foydalanuvchilar tomonidan zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni maxsus transport vositalarida tashish va saqlash qoidalariga toʻla rioya qilmaslik natijasida yaroqsiz holga kelganda;
foydalanilishi taqiqlangan zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar aniqlanganda va boshqa hollarda.
5. Foydalanishi taqiqlangan zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar aniqlanganda, ularni maxsus poligonlarga koʻmish boʻyicha qaror qabul qilingunga qadar, mulk egasi yaʼni xoʻjalik yurituvchi subyektlarida saqlanadi.
6. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonlarga koʻmish ishlari “Qishloqxoʻjalikkimyo” hududiy aksiyadorlik jamiyatlari (bundan buyon matnda “Qishloqxoʻjalikkimyo” HAJ deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
7. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonlarga koʻmish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlar “Qishloqxoʻjalikkimyo” HAJga mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan ariza bilan murojaat qiladilar.
8. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonlarga koʻmish ishlari yakunlangandan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy organlarining masʼul xodimlari tomonidan zaharli kimyoviy va toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonlarga koʻmish boʻyicha bajarilgan ishlar toʻgʻrisida mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq dalolatnoma tuziladi.
III bob. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonlarga transport vositalarida tashish
9. “Qishloqxoʻjalikkimyo” HAJi xoʻjalik yurituvchi subyektlari bilan zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonlarga tashish va koʻmish boʻyicha shartnoma tuzadilar.
10. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonlarga transport vositalarida tashish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi 35-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 7-8-son, 59-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini transport vositalarida tashish, ortish, tushirish jarayonida qutilarni pachoqlash, ogʻzini ochish va teshishga yoʻl qoʻymaslik lozim.
IV bob. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini koʻmilishini, shuningdek maxsus poligonlarni qoʻriqlash va saqlash ishlarini moliyalashtirish
12. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonlarga koʻmish boʻyicha “Qishloqxoʻjalikkimyo” HAJ tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar “Oʻzkimyosanoat” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan tarif stavkalariga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Maxsus poligonlarning joriy xarajatlarini moliyalashtirish Tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalari hisobidan hamda “Qishloqxoʻjalikkimyo” HAJning xoʻjalik yurituvchi subyektlarga zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonlarga tashish va koʻmish boʻyicha koʻrsatayotgan xizmatlari uchun kelib tushadigan mablagʻlari hisobidan, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
V bob. Maxsus poligonlarni qoʻriqlash, saqlash va nazorat qilish
14. “Qishloqxoʻjalikkimyo” HAJi xodimlari maxsus poligonlarni qoʻriqlash va saqlash ishlariga xavfli kimyoviy moddalar bilan xavfsiz ishlashga oʻqitilgan boʻlishi, xavfsizlik texnikasiga amal qilishi hamda yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
15. Begona shaxslarni, jonivorlarni va avtotransport vositalarni kiritmaslik maqsadida xavfli zona hududi oʻrab olinishi, qoʻriqlanadigan hududni qoʻriqlayotgan xodimlar uchun maxsus xonalar boʻlishi, hududda kuzatuv olib borish va kirish uchun maxsus post (joy)lar belgilanishi lozim.
16. Maxsus poligonlar hududida avariya holatlari oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish lozim.
17. Maxsus poligonlarni quyidagi tashkilotlar nazorat qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy organlari – ekologik meʼyorlarga rioya etilishi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy organlari – zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar hamda ularni qadoqlash idishlari bilan ishlashda belgilangan sanitariya meʼyorlari va qoidalariga rioya etilishi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy organlari — vujudga kelgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda ularni muvofiqlashtirib borish ishlari boʻyicha.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining hududiy organlari – yer osti suvlari holati boʻyicha doimiy kuzatuvlarni olib borish boʻyicha.
18. Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalardan foydalanish boʻyicha monitoring Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi.
20. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi va “Oʻzkimyosanoat” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. RUZIYEV
2012-yil 30-dekabr
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2012-yil 30-dekabr
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi S. ARABOV
2012-yil 30-dekabr
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi v.b. I. TURAMURATOV
2012-yil 30-dekabr
“Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2012-yil 30-dekabr
“Oʻzkimyosanoat” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi X. SHERMATOV
2012-yil 30-dekabr
Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni koʻmish hamda maxsus poligonlarni qoʻriqlash va saqlash tartibi toʻgʻrisida Nizomga 1-ILOVA
Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonlarga koʻmishga ARIZA
3. Maxsus poligonlarga koʻmilishi lozim boʻlgan zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar hamda ularni qadoqlash idishlari roʻyxati
t/r
Nomi
Oʻlch. Birl.
Miqdori
Xavflilik sinfi
Hosil boʻlish sababi
Eslatma
1
2
3
4
5
6
7
Xoʻjalik yurituvchi subyektining nomi ________________________________________
________________ (imzo)
___________________________ (F.I.O.)
M.Oʻ.
20____ y. “_____” ______________
Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalarni koʻmish hamda maxsus poligonlarni qoʻriqlash va saqlash tartibi toʻgʻrisida Nizomga 2-ILOVA
Zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar hamda ularni qadoqlash idishlarini maxsus poligonda koʻmish ishlarining bajarilganligi toʻgʻrisida DALOLATNOMA
20__ yilning “__” _______________da, bizlar, quyida imzo chekuvchilar _____________
_________________________________________________________________________ (har birining lavozimi, F.I.O.)
Mazkur dalolatnomani shu haqida tuzdikki, _____________________________________
_________________________________________________________________________ (maxsus poligonning nomi, manzili va idoraviy mansubligi)
__________________________________________________________maxsus poligonda quyidagi turdagi zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar hamda ularni qadoqlash idishlarini koʻmish ishlari amalga oshirildi.
t/r
Nomi
Oʻlch. birl.
Miqdori
Xavflilik sinfi
Koʻmish sektori, uchastkasi yoki katak nomi yoki raqami
Eslatma
1
2
3
4
5
6
7
20__ yil ”___”_____________da _____________________________________________ __________________________________________________________asosida koʻmildi.
______________________________ (imzo, F.I.O.)
______________________________ (imzo, F.I.O.)
______________________________ (imzo, F.I.O.)
Dalolatnoma 3 nusxada tuzildi. 1-nusxasi – “Qishloqxoʻjalikkimyo” HAJga 2-nusxasi – Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy organiga 3-nusxasi – Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy organiga
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 12-son, 161-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 16.03.2026-y., 10/26/3788/0242-son)