toggle_night_mode
Norasmiy tarjima
Konvensiya va yakunlovchi bayonnoma
ODAM SAVDOSIGA VA UCHINCHI SHAXSLAR TOMONIDAN TANFURUSHLIKDAN FOYDALANILISHIGA QARSHI KURASHISH TOʻGʻRISIDA
Leyk Sakses, Nyu-York, 1950-yil 21-mart
 LexUZ sharhi
Mazkur Konvensiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2003-yil 12-dekabrdagi 576-II-sonli “Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanilishiga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiyaga va Yakunlovchi bayonnomaga qoʻshilish haqida”gi qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
2004-yil 27-maydan kuchga kirgan
MUQADDIMA
Fohishalik va uning bilan birga sodir boʻluvchi fohishalik maqsadlarini taʼqib qiluvchi odamlar savdosi kabi illat inson shaxsining qadr-qimmati va qadriyatiga nomunosib boʻlib, inson, oila va jamiyat farovonligiga xavfli ekanligini eʼtiborga olib,
ayollar va bolalar savdosiga qarshi kurashishga nisbatan quyidagi xalqaro hujjatlar oʻz kuchida ekanligini eʼtiborga olib:
1. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 3-dekabrda tasdiqlangan Bayonnomaga asosan kiritilgan oʻzgartishlar bilan 1904-yil 18-maydagi Oq tanli choʻrilar savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi xalqaro shartnoma;
2. Yuqorida qayd etilgan Bayonnomaga asosan kiritilgan oʻzgartishlar bilan 1910-yil 4-maydagi Oq tanli choʻrilar savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya;
3. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1947-yil 20-oktabrda qabul qilingan Bayonnomaga asosan kiritilgan oʻzgartishlar bilan 1921-yil 30-sentabrdagi Ayollar va bolalar savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya;
4. Yuqorida qayd etilgan Bayonnomaga asosan kiritilgan oʻzgartishlar bilan 1933-yil 11-oktabrdagi Balogʻatga yetgan ayollar savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya,
1937-yilda Millatlar Ligasi tomonidan yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarning harakat doirasini kengaytiruvchi konvensiya loyihasi tuzilganini eʼtiborga olib,
1937-yildan boshlab paydo boʻlgan yangi omillar oʻzida yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarni birlashtiradigan hamda unga aynan kerakli tuzatishlarni boʻlgani kabi 1937-yilgi Konvensiya loyihasining asosiy qoidalarini mujassam etgan Konvensiyani tuzishga imkon berishini eʼtiborga olib, shuning bilan Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagilarga kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Konvensiyada Tomonlar boshqa shaxsning hirsini qondirish uchun quyidagilarni amalga oshiradigan har kimni jazolash majburiyatini oladilar:
1) fohishalik maqsadida boshqa shaxsni, hattoki bu shaxsning roziligi bilan qoʻshib qoʻysa, undasa yoki yoʻldan urgan boʻlsa;
2) boshqa shaxsning, hattoki bu shaxsning roziligi bilan fohishaligidan foydalansa.
2-modda
Ushbu Konvensiyada Tomonlar quyidagilar boʻyicha har kimni jazolash majburiyatini oladilar:
1) fohishaxona yuritgan yoki uni boshqargan yoki ongli ravishda fohishaxonani moliyaviy taʼminlagan yoki moliyaviy taʼminlashda ishtirok etgan;
2) uchinchi shaxslar tomonidan fohishalik maqsadida foydalanilishini bilib, bino yoki boshqa joyni yoki uning bir qismini ijaraga topshirgan yoki olgan.
3-modda
Modomiki, bu ichki qonunchilik talablariga mos tushgan ekan, 1 va 2-moddalarda nazarda tutilgan huquqbuzarliklardan birini sodir etishga suiqasd qilish, shuningdek ularni sodir etishga tayyorgarlik koʻrish harakatlari ham jazolanadilar.
4-modda
Bu ichki qonunchilik talablariga mos tushgan ekan, 1 va 2-moddalarda nazarda tutilgan aktlarda ongli ravishda ishtirok etish ham jazolanadi.
Bunga ichki qonunchilik talablariga koʻra yoʻl qoʻyilgan ekan, sheriklik aktlari, agar bu jazolamaslikni oldini olish uchun zarur boʻlsa, alohida jinoyatlar sifatida koʻrib chiqiladi.
5-modda
Jabrlangan kishilar ichki qonunchilikka asosan ushbu Konvensiyada nazarda tutilgan istalgan jinoyatlarga doir ishlarda daʼvogarlar sifatida ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan hollarda, chet elliklar bu huquqdan ushbu davlat fuqarolari teng ravishda foydalanadilar.
6-modda
Ushbu Konvensiyada har bir tomon fohishalik bilan shugʻullanuvchi yoki shugʻullanishda gumon qilinayotgan shaxslar yo alohida roʻyxatga olinishi kerak boʻlgan yoki maxsus hujjatga ega boʻlishlari kerak boʻlgan yoxud oʻz maqsadiga koʻra nazorat yoki ogohlantirishdan iborat favqulodda talablarga boʻysunadigan har qanday amaldagi qonun, qaror yoki maʼmuriy farmoyishni rad etish yoki bekor qilish uchun barcha zarur choralarni koʻrish majburiyatini oladilar.
7-modda
Ushbu Konvensiyada nazarda tutilgan jinoyatlar uchun ilgari boshqa davlatlarda chiqarilgan hukmlar eʼtiborga olinadi, chunki bunga quyidagilar uchun ichki qonunchilikda yoʻl qoʻyiladi:
1) ashaddiy jinoyatchilik faktini aniqlash;
2) jinoyatchini siyosiy va fuqarolik huquqlaridan mahrum qilish.
8-modda
Ushbu Konvensiyaning 1 va 2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar qaytarib berishga olib keladigan jinoyatlar sifatida koʻrib chiqiladi va ularga mazkur Konvensiyada har qanday tomonlar oʻrtasida tuzilgan yoki tuziladigan jinoyatchilarni qaytarib berish toʻgʻrisidagi har qanday shartnoma tatbiq etiladi.
Ushbu Konvensiyada jinoyatchilarni qaytarib berishni bu haqida shartnomalar mavjudligi bilan shart qilib qoʻymaydigan tomonlar bundan buyon oʻzlarining oʻzaro munosabatlarida mazkur Konvensiyaning 1 va 2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni qaytarib berishga olib keladigan jinoyatlar deb tan oladilar.
Qaytarib berish qaysi davlatga qaytarib berish toʻgʻrisidagi talab bilan murojaat qilingan boʻlsa, oʻsha davlat qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Oʻz fuqarolarini qaytarib berish prinsipi qonunida tan olinmaydigan davlatlarda oʻz davlatiga ular tomonidan boshqa davlatda ushbu Konvensiyaning 1 va 2-moddalarida koʻrsatilgan jinoyatlardan istalgani sodir etilgandan keyin qaytadigan fuqarolar ularning oʻz davlat sudi boʻyicha taʼqib qilinadilar va jazoga tortiladilar.
Agar ushbu Konvensiya tomonlari oʻrtasida paydo boʻladigan shunga oʻxshash ishlarda xorijlikni berish talabini qondirish iloji boʻlmasa, qoida qoʻllanilmaydi.
10-modda
Agar jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxs boshqa davlatda sudlangan boʻlsa va ayblov hukmi boʻyicha jazo muddatini oʻtagan yoki jazodan ozod qilingan yoki uning jazo muddati ushbu davlat qonunlariga muvofiq qisqartirilgan boʻlsa, unda 9-moddaning qoidalari qoʻllanilmaydi.
11-modda
Ushbu Konvensiyada hech narsa undagi u yoki bu tomonning xalqaro huquq normalariga muvofiq jinoyat yurisdiksiyasi chegaralari toʻgʻrisidagi umumiy masala boʻyicha munosabatini aniqlash sifatida talqin qilinmasligi kerak.
12-modda
Ushbu Konvensiya har bir alohida davlatda Konvensiyada nazarda tutilgan jinoyatlarni ularni sodir etishda aybdor shaxslar shu davlat qonunlariga koʻra taʼqib qilish va jazolash singari aniqlash prinsipini buzmaydi.
13-modda
Ushbu Konvensiyaning Tomonlari Konvensiyada nazarda tutilgan jinoyatlarga nisbatan sud topshiriqlarini oʻzlarining xususiy qonunlari va amaliyotiga muvofiq bajarishga majburiyat oladilar.
Sud topshiriqlarini topshirish quyidagicha amalga oshiriladi:
1) sud hokimiyatlari oʻrtasida bevosita aloqalar yoʻli bilan;
2) ikki davlat Adliya vazirlari oʻrtasida bevosita aloqalar oʻrnatish yoki topshiriq kelib chiqadigan boshqa tegishli davlat hokimiyatlarining u murojaat qiladigan davlat Adliya vaziriga bevosita murojaat qilishi yoʻli bilan;
3) topshiriq kelib chiqadigan davlatning u murojaat qiladigan davlatga diplomatik yoki konsullik vakillari vositachiligi orqali. Koʻrsatilgan vakil sud topshiriqlarini bevosita tegishli sud hokimiyatlariga yoki topshiriq berilgan davlat hukumati tomonidan koʻrsatilgan hokimiyatlarga yuboradi, shuningdek u ushbu hokimiyatlardan bevosita sud topshiriqlarining bajarilishi akti boʻlgan hujjatlarni oladi.
1 va 3-bandlarda nazarda tutilgan hollarda, sud topshiriqlari nusxasi u murojaat qilingan davlatning oliy hokimiyatlariga yuboriladi.
Agar biron bir boshqa bitim boʻlmasa, sud topshiriqlari topshiriq yuborilgan davlatning oʻz tiliga qilingan tarjimani topshiriq kelib chiqadigan hokimiyatlar tomonidan tasdiqlangan holda taqdim etilishini talab qilishi mumkinligi sharti bilan har doim u kelib chiqadigan hokimiyatlar tilida tuziladi.
Ushbu Konvensiyaning har bir tomoni bu Konvensiyadagi boshqa har bir tomonlarni boshqa davlat tomonidan unga sud topshiriqlarini yuborilishi maqbul deb hisoblanadigan yuqorida qayd etilgan usul va uslublar haqida xabardor qiladi.
Hozircha qaysidir davlatlar bunday bildirish qilmagan ekan, sud topshiriqlariga nisbatan undagi mavjud tartib kuchida qoladi.
Sud topshiriqlarining bajarilishi har qanday xarajat yoki chiqimlarni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvo uchun asos boʻla olmaydi, ekspertiza xarajatlari bundan mustasno.
Ushbu moddada hech bir narsa mazkur Konvensiyada tomonlarning jinoyat ishlarida ularning oʻz qonunlariga zid boʻlgan isbotlashning qaysidir shakli yoki usullarini qoʻllash majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak.
14-modda
Ushbu Konvensiyaning har bir tomoni mazkur Konvensiyada nazarda tutilgan jinoyatlarni tergov qilish natijalarini muvofiqlashtirish va markazlashtirish vazifasi topshirilgan organni taʼsis etadi va qoʻllab-quvvatlaydi.
Bu organlar ushbu Konvensiyada nazarda tutilgan jinoyatlarni oldini olish va ularga jazo berishni yengillashtirish uchun toʻplanadigan barcha axborotlarni muvofiqlashtiradilar hamda bu organlar boshqa mamlakatlarning shunga oʻxshash organlari bilan yaqin aloqada boʻladilar.
15-modda
Bu ichki qonunchilik talablariga mos kelishi va bu 14-moddada koʻrsatilgan organlar boʻysunadigan tegishli hokimiyatlar tomonidan tan olinishi sababli, ular boshqa davlatlardagi shunga oʻxshash organlar boʻysunadigan hokimiyatlarga quyidagi axborotlarni xabar qiladi:
1) ushbu Konvensiyada nazarda tutiladigan jinoyatlarning har biri toʻgʻrisidagi va shunday jinoyatni sodir etishga har bir suiqasd toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni;
2) ushbu Konvensiyada nazarda tutiladigan jinoyatlarni sodir etishda aybdor shaxslarni qidirish, shuningdek jinoiy taʼqib qilish, qamoqqa olish, hukm qilish, qabul qilish va chiqarib yuborishni rad etishning barcha holatlari toʻgʻrisida, jumladan bunday shaxslarning turar joylari oʻzgarishi va ular bilan bogʻliq boshqa har qanday foydali axborotlarni.
Shu yoʻl bilan xabar qilinadigan axborotlar jinoyatchilarning tasvirini, ularning daktiloskopik izlarini, fotosuratlarini, ish usuli toʻgʻrisidagi xabarni, politsiya maʼlumotnomalarini va sudlanganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni oʻz ichiga oladi.
16-modda
Ushbu Konvensiyada Tomonlar oʻzlarining taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy va iqtisodiy xizmat koʻrsatish hamda boshqa shu bilan bogʻliq xizmat koʻrsatish turlari sohasidagi hukumatga qarashli yoki xususiy muassasalari vositasida fohishalikka qarshi kurashish hamda fohishalik va mazkur Konvensiyada nazarda tutilgan jinoyatlar qurbonlarini normal ijtimoiy sharoitlarga qaytarish va moslashtirish yuzasidan barcha zarur choralarni koʻrish yoki ragʻbatlantirish majburiyatini oladilar.
17-modda
Ushbu Konvensiyada tomonlar immigratsiya va emigratsiyaga nisbatan ular tomonidan ushbu Konvensiyaga muvofiq fohishalik maqsadini koʻzlovchi ikkala jinsdagi odamlar savdosini toʻxtatish uchun oʻz zimmalariga olgan majburiyatlarga koʻra talab qilinadigan hamma chora-tadbirlarni qabul qilish va amalga oshirishni zimmalariga oladilar.
Jumladan, ular quyidagi majburiyatni oladilar:
1) immigrant va emigrantlarni, ayniqsa, ayollar va bolalarni ular keladigan va joʻnatiladigan joylarda muhofaza qilish uchun barcha zarur qarorlarni chiqarish;
2) eslatib oʻtilgan savdo xavfi toʻgʻrisida aholini tegishli ravishda xabardor qilish uchun choralar koʻrish;
3) temir yoʻl stansiyalari, aviaportlar, portlar va boshqa jamoat joylarida kuzatuvni taʼminlash, shuningdek fohishalik maqsadini koʻzlaydigan xalqaro odam savdosining oldini olish uchun zarur choralar koʻrish;
4) mavjud “prima fasie” maʼlumotlari boʻyicha shu savdoning bosh aybdorlari, ishtirokchilari yoki qurbonlari boʻlgan shaxslar kelishi toʻgʻrisida bildirish maqsadida hamma zarur choralarni koʻrish.
18-modda
Ushbu Konvensiyada tomonlar ularning oʻz qonunlari belgilagan shartlarga koʻra fohishabozlik bilan shugʻullanuvchi hamma chet elliklar toʻgʻrisida ularning shaxsini va ijtimoiy ahvolini, shuningdek ularni oʻz davlatini tashlab ketishga undagan shaxslarni aniqlash maqsadida maʼlumotlar toʻplashga majburiyat oladilar. Bu maʼlumotlar koʻrsatilgan shaxslar kelib chiqqan davlati hokimiyatlariga ularni keyinchalik oʻz vataniga qaytarish maqsadida xabar qilinadi.
19-modda
Ushbu Konvensiyada tomonlar ularning oʻz qonunlarida belgilangan shartlarga muvofiq va shu qonunlarning buzilishidan kelib chiqadigan taʼqiblar yoki boshqa tadbirlardan bekor qilmagan holda iloji boricha quyidagilar boʻyicha majburiyat oladilar:
1) fohishalik maqsadlarini koʻzlaydigan xalqaro odam savdosining qurbonlari boʻlgan jabrlangan shaxslarni vataniga qaytarish boʻyicha yakuniy tadbirlar tugaguniga qadar ularga vaqtinchalik yordam koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tegishli choralar koʻrish;
2) 18-moddada koʻrsatilgan shaxslarni, agar ular shuni xohlasalar yoki ular ixtiyorida boʻlgan shaxslar tomonidan ularni oʻz vataniga qaytarish talabi tushsa yoki ularni mamlakatdan chiqarib yuborish toʻgʻrisida qonunda asoslangan buyruq mavjud boʻlsa, ularni oʻz vataniga qaytarish davlat bilan vataniga qaytariladigan shaxsning shaxsiyati va erishilgandan keyin fuqaroligini belgilash toʻgʻrisida yoki uning xorijga kelish sanasi toʻgʻrisida bitim tuzish amalga oshiriladi. Har bir tomon ushbu Konvensiyada bunday shaxsning oʻz hududidan oʻtishiga koʻmaklashadi.
Avvalgi xatboshida koʻrsatilgan shaxslar oʻz vataniga qaytish xarajatlarini oʻzlari qoplay olmasalar va ularning ular kelib chiqqan yaqin chegaraga, joʻnash portigacha yoki aviaportgacha vataniga qaytish xarajatlarini toʻlaydigan na eri, na qarindoshlari, na vasiy boʻlmasa, unda xarajatlar mazkur shaxslar yashaydigan davlat tomonidan toʻlanadi, shu bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni esa ular kelib chiqqan davlat oʻz zimmasiga oladi.
20-modda
Ushbu Konvensiyada tomonlar ish qidirayotgan odamlarni, ayniqsa, ayollar va bolalarni ularni boʻlishi mumkin boʻlgan fohishalik maqsadlarida foydalanish xavfidan himoya qilish maqsadlarida odam yollash idoralari ustidan kuzatish yuzasidan zarur choralarni, agar shunday choralar ular tomonidan koʻrilmagan boʻlsa, koʻradilar.
21-modda
Ushbu Konvensiyada tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga mazkur Konvensiya mavzusiga oid hamda ularning davlatlarida nashr etilgan qonun va qarorlar toʻgʻrisida xabar beradi, shundan keyin har yili Konvensiya bilan bogʻliq ravishda nashr etiladigan qonun va qarorlar, shuningdek mazkur Konvensiyaning qoʻllanilishiga oid barcha koʻrilgan choralar toʻgʻrisida xabar beradi. Ushbu maʼlumot Bosh kotib tomonidan vaqti-vaqti bilan eʼlon qilib boriladi hamda Bosh kotib tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolariga, shuningdek mazkur Konvensiya 23-moddaga muvofiq rasmiy ravishda xabar qilingan Tashkilotning aʼzosi boʻlmagan davlatlarga yuboriladi.
22-modda
Agar ushbu Konvensiyadagi tomonlar oʻrtasida uning talqini yoki qoʻllanishiga nisbatan bahs paydo boʻlsa va agar bu bahsni boshqacha yoʻl bilan hal etishning iloji boʻlmasa, bahsda tomonlardan birining talabi boʻyicha Xalqaro sudga yuboriladi.
23-modda
Ushbu Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti istalgan aʼzosining nomidan, shuningdek Ijtimoiy va Iqtisodiy Kengash tomonidan tegishli taklif bilan murojaat qilingan istalgan boshqa davlat nomidan imzolash uchun ochiq.
Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinishi kerak va ratifikatsiya aktlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun topshiriladi.
Birinchi xatboshida koʻrsatilgan va ushbu Konvensiyani imzolamagan davlatlar unga qoʻshilishi mumkin.
Qoʻshilish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga qoʻshilish toʻgʻrisidagi aktni saqlash uchun topshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Ushbu Konvensiyada “davlat” soʻzi mazkur Konvensiyani imzolagan yoki unga qoʻshilgan davlatning hamma mustamlaka va vasiyligidagi hududlarni hamda shu davlat xalqaro masʼuliyat sezadigan hamma hududlarni oʻz ichiga oladi.
24-modda
Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi ikkinchi akt saqlash uchun topshirilgan sanadan keyin toʻqsoninchi kuni kuchga kiradi.
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilayotgan yoxud saqlash uchun ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi ikkinchi akt topshirilgandan keyin unga qoʻshilayotgan har bir davlatga nisbatan mazkur Konvensiya davlat oʻzining ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi aktini saqlash uchun topshirganidan keyin toʻqson kun oʻtgach kuchga kiradi.
25-modda
Ushbu Konvensiya kuchga kirgan vaqtdan besh yil oʻtgach mazkur Konvensiyadagi tomonlardan biri uni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga bu haqda yozma ravishda bildirish yoʻli bilan denonsatsiya qilishi mumkin.
Bunday denonsatsiya bu haqida ariza bergan tomonga nisbatan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi uning arizasini olgan sanadan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
26-modda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha aʼzolariga hamda Tashkilotga aʼzo boʻlmagan va 23-moddada qayd etilgan davlatlarga quyidagilar haqida bildiradi:
a) 23-moddaga muvofiq olingan imzolash, ratifikatsiya qilish va qoʻshilish aktlari toʻgʻrisida;
b) 24-moddaga muvofiq ushbu Konvensiyaning kuchga kirish sanasi toʻgʻrisida;
s) 25-moddaga muvofiq olingan arizalarni denonsatsiya qilish toʻgʻrisida.
27-modda
Ushbu Konvensiyaning har bir tomoni mazkur Konvensiyaning qoʻllanilishini taʼminlash uchun oʻz konstitutsiyasiga muvofiq qonunchilik yoki boshqa zarur chora-tadbirlar koʻrish majburiyatini oladi.
28-modda
Ushbu Konvensiya qoidalari, undagi tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlariga taalluqli boʻlgani uchun, muqaddimaning ikkinchi xatboshisi 1, 2, 3 va 4-bandlarida qayd etilgan xalqaro aktlar qoidalarini bekor qiladi, bu aktlarning har biri ulardagi tomonlarning barchasi mazkur Konvensiyaning tomonlari boʻlgach bekor boʻlgan hisoblanadi.
(Imzolar)
YAKUNIY BAYONNOMA
Ushbu Konvensiyada hech narsa odam savdosi va fohishalik maqsadida boshqa shaxslarni ekspluatatsiya qilishga qarshi kurashishni taʼminlaydigan qoidalarni amalga oshirish uchun mazkur Konvensiyada nazarda tutilgan shartlarga nisbatan qattiqroq shartlarni belgilaydigan muayyan qonunlar talablari bajarilishiga toʻsqinlik sifatida qaralmasligi kerak.
Ushbu Konvensiyaning 23 — 26-moddalari qoidalari mazkur Bayonnomaga nisbatan qoʻllaniladi.