toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 25.11.2021
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi 2021-yil 23-avgustdagi OʻRQ-710-sonli “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2021-yil 25-noyabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi realizatsiya qilishga moʻljallangan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini (probasini) aniqlash va tamgʻalash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan, tamgʻalanishi lozim boʻlgan buyumlar
Zargarlik buyumlari, oltin zarvaraq, kumush zarvaraq va tish yasashga moʻljallangan oltin quymalar qimmatbaho metallardan yasalgan, tamgʻalanishi lozim boʻlgan buyumlardir.
4-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari
Oltin, kumush, platina va platina guruhiga kiruvchi metallardan (palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy va osmiydan) yasalgan, asillik darajasiga ega boʻlgan va qonunchilikda belgilangan tartibda tamgʻalanishi lozim boʻlgan buyumlar qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari deb hisoblanadi.
(4-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5-modda. Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq
Oltin zarvaraq qalinligi 0,12 mikron boʻlgan oltin varaqlardan iborat boʻladi.
Kumush zarvaraq qalinligi 0,32 mikron boʻlgan kumush varaqlardan iborat boʻladi.
Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq asillik darajasiga ega boʻladi va qonunchilikda belgilangan tartibda tamgʻalanadi.
(5-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oltin zarvaraq va kumush zarvaraq turli predmetlarni bezash-pardozlash va boshqa maqsadlar uchun ishlatiladi.
6-modda. Tish yasashga moʻljallangan oltin quymalar
Asillik darajasiga ega boʻlgan va qonunchilikda belgilangan tartibda tamgʻalanishi lozim boʻlgan tegishli shakldagi plastinalar tish yasashga moʻljallangan oltin quymalar deb hisoblanadi.
(6-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Vakolatli davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi (bundan buyon matnda Asillik darajasini belgilash palatasi deb yuritiladi) qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamgʻalash sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Asillik darajasini belgilash palatasi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tasdiqlanadi.
(7-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda)
8-modda. Asillik darajasini belgilash palatasining vakolatlari
Asillik darajasini belgilash palatasi:
Oʻzbekiston Respublikasida tayyorlanadigan hamda sotish uchun chet ellardan olib kirilayotgan, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash, tekshirish va ularga davlat asillik darajasi tamgʻalarini bosishni taʼminlaydi;
davlat asillik darajasi tamgʻalarining, tayyorlovchilarga tegishli shaxsiy tamgʻalarning izlarini texnik ekspertizadan oʻtkazadi va ular yuzasidan xulosalar beradi;
qimmatbaho metallar bilan ishlash uchun roʻyxatdan oʻtganlik guvohnomalarini beradi;
(8-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 399-son qarori bilan tasdiqlangan Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlash uchun roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisida nizom.
qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning ushbu Qonunda belgilangan asillik darajasiga muvofiqligi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajalari mazkur Qonunda belgilangan asillik darajasiga mos kelsa, ularga davlat asillik darajasi tamgʻalari izlarini tushiradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(8-moddaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlardagi asillik darajasi qotishmaning ming ogʻirlik birligida qancha birlikdagi qimmatbaho metall miqdori mavjudligini belgilaydi va bu arab raqamlari bilan ifodalanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida asillik darajasining metrik tizimi qoʻllaniladi:
1) zargarlik buyumlari uchun:
oltin — 375 (uch yuz yetmish beshinchi), 500 (besh yuzinchi), 583 (besh yuz sakson uchinchi), 585 (besh yuz sakson beshinchi), 750 (yetti yuz elliginchi), 916 (toʻqqiz yuz oʻn oltinchi), 958 (toʻqqiz yuz ellik sakkizinchi), 999 (toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqizinchi);
kumush — 800 (sakkiz yuzinchi), 875 (sakkiz yuz yetmish beshinchi), 916 (toʻqqiz yuz oʻn oltinchi), 925 (toʻqqiz yuz yigirma beshinchi), 960 (toʻqqiz yuz oltmishinchi), 999 (toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqizinchi);
platina — 950 (toʻqqiz yuz elliginchi), 999 (toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqizinchi);
palladiy — 500 (besh yuzinchi), 850 (sakkiz yuz elliginchi), 999 (toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqizinchi);
2) oltin zarvaraq va kumush zarvaraq uchun — 910 (toʻqqiz yuz oʻninchi), 920 (toʻqqiz yuz yigirmanchi), 930 (toʻqqiz yuz oʻttizinchi), 940 (toʻqqiz yuz qirqinchi), 950 (toʻqqiz yuz elliginchi), 960 (toʻqqiz yuz oltmishinchi), 970 (toʻqqiz yuz yetmishinchi), 980 (toʻqqiz yuz saksoninchi), 990 (toʻqqiz yuz toʻqsoninchi), 1000 (minginchi);
3) tish yasashga moʻljallangan mahsulotlar uchun:
oltin quymalar — 900 (toʻqqiz yuzinchi) va 916 (toʻqqiz yuz oʻn oltinchi).
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar quyidagi asillik darajasidan past boʻlishi mumkin emas:
oltin — 375 (uch yuz yetmish beshinchi);
kumush — 800 (sakkiz yuzinchi);
platina — 950 (toʻqqiz yuz elliginchi);
palladiy — 500 (besh yuzinchi).
Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan asillik darajasidan past darajaga ega boʻlgan buyumlar qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar deb hisoblanmaydi va qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar sifatida realizatsiya qilinishi mumkin emas.
10-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarni tamgʻalash
Oʻzbekiston Respublikasida tayyorlangan, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat asillik darajasi tamgʻasi bilan tamgʻalanishi lozim.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar ularning bildirilgan asillik darajasini tasdiqlab berish maqsadidagina, nazorat tekshiruvidan oʻtkazilgandan keyin tamgʻalanadi.
Tamgʻalash, boshqa ishlarni amalga oshirish tartibi, shuningdek asillik darajalarini va tekshiruvlarni tanlash usullari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarni tamgʻalash qoidalariga muvofiq belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qimmatbaho metallar xarid qilish, saqlash va sotish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2003-yil 31-oktabrdagi PF-3346-sonli Farmoniga asosan Davlat asillik darajasini belgilash palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi ixtiyoriga oʻtkazilgan.
11-modda. Davlat asillik darajasi tamgʻalari
Davlat asillik darajasi tamgʻalari qimmatbaho metallning har bir turi uchun belgilangan shakldagi tamgʻalar boʻlib, Asillik darajasini belgilash palatasining tasdiq belgisi hamda buyum tayyorlangan qimmatbaho metallning asillik darajasini koʻrsatuvchi raqamlardan iborat boʻladi.
Davlat asillik darajasi tamgʻalarining shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Davlat asillik darajasi tamgʻalarini saqlash va ulardan foydalanish
Asillik darajasini belgilash palatasi davlat asillik darajasi tamgʻalarining saqlovchisi va foydalanuvchisi hisoblanadi.
13-modda. Tayyorlovchining shaxsiy tamgʻasi
Asillik darajasini belgilash palatasiga tamgʻalash uchun taqdim etilgan, Oʻzbekiston Respublikasida tayyorlangan, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarda tayyorlovchining shaxsiy tamgʻasi qoʻyilgan boʻlishi kerak.
Tayyorlovchining shaxsiy tamgʻasi harf yoki harflar birikmasidan yoxud uni oʻzga tayyorlovchilarning tamgʻasidan farqlovchi boshqa belgidan iborat boʻladi. Tayyorlovchining shaxsiy tamgʻasida buyum tayyorlangan yil koʻrsatiladi.
Tayyorlovchining shaxsiy tamgʻasi qonunchilikda belgilangan tartibda Asillik darajasini belgilash palatasida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
(13-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
14-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan, tamgʻalanmaydigan buyumlar
Quyidagilar davlat asillik darajasi tamgʻasi bilan tamgʻalanmaydi:
ushbu Qonun 9-moddasining uchinchi qismida belgilanganidan past asillik darajasiga ega boʻlgan oltin, kumush, platina va palladiydan yasalgan buyumlar;
tarixiy yoki arxeologik ahamiyatga ega yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining belgilangan tartibda tuzilgan ekspert xulosasi mavjud boʻlgan yuksak badiiy qimmatga molik, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar;
(14-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi OʻRQ-436-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 24-son, 487-modda)
qurollar, vazalar, idishlar va boshqa ashyolar sirtidagi qimmatbaho metalli mayda oʻyma naqshlar (qadama naqshlar);
ilmiy, texnik va boshqa maqsadlarga moʻljallangan, qimmatbaho metallardan yasalgan asbob-anjomlar, laboratoriya idishlari va boshqa buyumlar;
qimmatbaho metallardan yasalgan xomaki mahsulotlar va quymalar;
Oʻzbekiston Respublikasining va boshqa davlatlarning tangalari;
yasama tishlar;
belgilar, farqlash belgilari va medallar, sport mukofotlari;
zarqogʻozlar.
Qonunchilikda tamgʻalanmaydigan, qimmatbaho metallardan yasalgan boshqa buyumlar ham nazarda tutilishi mumkin.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan, qayta tiklangan buyumlar
Qimmatbaho metallardan yasalgan, qayta tiklangan, realizatsiya qilishga moʻljallangan buyumlar asillik darajasi tamgʻasining izlari mavjudligidan va sifatidan qatʼi nazar Asillik darajasini belgilash palatasida ularning bildirilgan asillik darajasiga mosligini aniqlash uchun nazorat tekshiruvidan oʻtishi lozim.
Agar qimmatbaho metalldan yasalgan, qayta tiklangan buyumning asillik darajasi mavjud tamgʻadagi asillik darajasiga mos kelsa, davlat asillik darajasining tamgʻasi bosiladi.
Agar qimmatbaho metalldan yasalgan, qayta tiklangan buyumning asillik darajasi mavjud tamgʻadagi asillik darajasiga mos kelmasa, bosilgan tamgʻa yoʻq qilinadi va buyumga belgilangan tartibda qayta tamgʻa bosilishi lozim.
Agar qimmatbaho metalldan yasalgan, qayta tiklangan buyumga tamgʻa bosilmagan boʻlsa, uning asillik darajasi belgilanganidan soʻng davlat asillik darajasining tegishli tamgʻasi bosiladi.
16-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning bildirilgan asillik darajasiga muvofiqligi
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyum, agar uning tarkibidagi sof oltin, kumush, platina yoki palladiyning miqdori bildirilganidan kam boʻlmasa, bildirilgan asillik darajasiga muvofiq deb hisoblanadi.
Asillik darajasi ushbu Qonun 9-moddasining uchinchi qismida belgilanganidan past boʻlgan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar tayyorlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
17-modda. Olib kiriladigan va olib chiqiladigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarni tamgʻalash tartibi
Realizatsiya qilish uchun olib kiriladigan va olib chiqiladigan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarga davlat asillik darajasi tamgʻasi bosilishi kerak.
Qimmatbaho metallardan yasalgan, olib kirilayotgan, bildirilganidan boshqacha asillik darajasiga ega boʻlgan buyumlardagi tamgʻa egasining roziligiga koʻra yoʻq qilinadi. Ushbu buyumlarga qonunchilikka muvofiq belgilangan asillik darajasiga eng yaqin asillik darajasi tamgʻasi qayta bosilishi lozim. Egasi rozi boʻlmagan taqdirda ushbu buyumlarni u Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketishga majburdir.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Olib kirilayotgan buyumlarni tamgʻalash bilan bogʻliq xarajatlar ularning egalari tomonidan qoplanadi.
Tranzit tarzida olib oʻtilayotgan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar tamgʻalanmaydi.
18-modda. Asillik darajasi toʻlovi
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamgʻalash bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirganlik uchun Asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan asillik darajasi toʻlovi undiriladi.
Asillik darajasi toʻlovining miqdori va uni toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-oktabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan “Qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamgʻalash bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirganlik uchun asillik darajasi toʻlovini undirish tartibi toʻgʻrisida nizom”.
19-modda. Nizolarni hal etish
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi bilan bogʻliq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(19-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
20-modda. Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(20-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Tashkent sh.,
2001-yil 7-dekabr,
317-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 1-son, 17-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 2005-y., 37-38-son, 277-modda; 2014-y., 36-son, 452-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)