toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.03.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TURIZM SOHASINI YaNADA QOʻLLAB-QUVVATLASh VA RIVOJLANTIRISh CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 137-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Turizm va turistik infratuzilmani rivojlantirishni yanada qoʻllab-quvvatlash, milliy turistik xizmatlarni xalqaro turistik bozorlarga faol kiritib borish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 28-iyuldagi 360-son qarori bilan “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi huzurida budjetdan tashqari Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilganligi, uni shakllantirish manbai etib sayyohlarga xizmat koʻrsatilganligi uchun turistik firmalar va mehmonxona xoʻjaliklaridan undiriladigan turistik yigʻim tushumlari belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2012-yil 15-oktabrdan boshlab quyidagicha tartib joriy etilsin, unga muvofiq:
turistik yigʻim faqat sayyohlarni joylashtirish xizmatlari koʻrsatuvchi va turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega boʻlgan turistik faoliyat subyektlaridan yashalgan har bir kun uchun 2 AQSh dollariga teng miqdorda undiriladi;
turistik faoliyatning boshqa subyektlaridan turistik yigʻim undirish bekor qilinadi.
Turistik yigʻimdan tushadigan mablagʻlar “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan tartib saqlab qolinsin.
3. Quyidagilar:
“Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistik yigʻimni undirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi bilan birgalikda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda turistik faoliyat subyektlari bilan tuzilgan litsenziya bitimlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 10-oktabr,
288-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-oktabrdagi 288-son qaroriga
1-ILOVA
“Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma turizm sohasini rivojlantirish uchun mablagʻlarni jamlash maqsadida tashkil etiladi.
3. Jamgʻarma “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi huzurida yuridik shaxs maqomisiz tashkil etiladi.
II. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari
4. Jamgʻarma daromadlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
turistik yigʻim toʻlovchilardan undiriladigan turistik yigʻim;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari;
xayr-ehson qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining mablagʻlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirishdan tushadigan daromadlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar;
turistik yigʻim oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun turistik yigʻim toʻlovchilardan undirilgan penya.
5. Xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari, xayr-ehson qiluvchilar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining mablagʻlari Jamgʻarmaga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etiladi.
6. Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladigan turistik yigʻim miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
7. Jamgʻarmaga tushadigan mablagʻlar “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi tomonidan ochiladigan jamgʻarib boriladigan maxsus hisob raqamida jamlanadi.
III. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
8. Jamgʻarma mablagʻlaridan har yili “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi tomonidan tasdiqlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan smetaga qatʼiy muvofiq ravishda foydalaniladi.
9. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
turizm sohasidagi maqsadli dasturlarni moliyalashtirish;
turizm infratuzilmasi obyektlarini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash;
turizm sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek ularning malakasini oshirish, shu jumladan tegishli xorijiy oʻquv markazlarida va taʼlim muassasalarida stajirovkalardan oʻtish;
Oʻzbekistonning turistik salohiyati chet el turistik bozorlariga kirib borishi boʻyicha tashkiliy va reklama-axborot tadbirlarini amalga oshirish, shu jumladan mahalliy va xorijiy bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida reklamalar, maqolalar va boshqa materiallarni joylashtirish;
xorijiy turistik yarmarkalarda, loyihalar va dasturlarda qatnashish;
Birlashgan Millatlar Jahon Turistik Tashkiloti (YuNVTO)ga aʼzolik badallari toʻlash;
“Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi markaziy apparati va mintaqaviy boʻlimlarining taʼminoti va ularni moddiy-texnik taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolati ostida turizm tarmogʻini rivojlantirish uchun jalb etilgan kreditlarni va ular boʻyicha foizlarni qaytarish.
10. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi raisi Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
IV. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi yuzasidan hisobot va nazorat
11. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini nazorat qilish belgilangan tartibda Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
12. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi raisi va bosh buxgalteri buxgalteriya hisobi toʻgʻri yuritilishi, Jamgʻarmaga mablagʻlar tushishi va ulardan foydalanilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzish va taqdim etish yuzasidan belgilangan tartibda javob beradi.
13. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi Jamgʻarmaga mablagʻlar tushishi va ulardan foydalanilishi toʻgʻrisida har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 20-kunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga hisobot taqdim etadi.
14. Jamgʻarmaning hisobot yilida foydalanilmagan mablagʻlari olib qoʻyilmaydi va keyinchalik ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda foydalanish uchun “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasining jamgʻarib boriladigan maxsus hisob raqamida qoladi.
15. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi raisi Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan shaxsan javob beradi.
V. Yakunlovchi qoida
16. Ushbu Nizom buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-oktabrdagi 288-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistik yigʻimni undirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistik yigʻimni undirish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
turizm — jismoniy shaxsning boʻlish joyida (mamlakatda) haqi toʻlanmaydigan faoliyat bilan shugʻullanmasdan, bir yildan ortiq boʻlmagan muddatda sogʻlomlashtirish, tanishish, professional-amaliy yoki boshqa maqsadlarda doimiy yashash joyidan chiqib ketishi (sayohat qilishi);
sayyoh — Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab yoki boshqa mamlakatga sayohat qiluvchi (turizm) jismoniy shaxs;
turistik yigʻim toʻlovchilar — joylashtirish joylarida joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi va turistik faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega boʻlgan turistik faoliyat subyektlari;
joylashtirish joylari — sayyohlarni kamida bir kecha tunab qolish muddati bilan joylashtiruvchi mehmonxona xoʻjaliklari, turistik komplekslar, turistik bazalar, dam olish zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, oʻtovlar, mehmon kutiladigan milliy uylar va boshqa obyektlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga xizmat koʻrsatishda turistik yigʻim undirilmaydi.
4. Turistik yigʻimni undirishdan tushadigan mablagʻlar turistik yigʻim toʻlovchilar tomonidan “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) yoʻnaltiriladi, ularga soliq solinmaydi va ulardan belgilangan tartibda foydalaniladi.
II. Turistik yigʻimni undirish tartibi
5. Turistik yigʻim turistik yigʻimni toʻlovchilardan yashalgan har bir kun uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashadigan xorijiy davlatning har bir fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha 2 AQSh dollariga teng miqdorda undiriladi.
Turistik yigʻimni undirishda xizmatlar koʻrsatilganligini tasdiqlaydigan hujjatlarda (invoys, schyot-faktura, kvitansiya va shu kabilarda) turistik yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi.
6. Turistik yigʻimni toʻlovchilar turistik yigʻimning toʻliq summasini har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-kunidan kechikmay toʻlaydilar. Toʻlov tamom boʻlgan har bir oy uchun toʻlanadi.
7. Turistik yigʻim Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha milliy valyuta – soʻmda toʻlanadi.
8. Turistik yigʻim summasi “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasining jamgʻarib boriladigan maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi.
III. Turistik yigʻimni hisobga olish tartibi
9. Turistik yigʻim summalarini hisoblab chiqish va hisobga olish uchun turistik yigʻimni toʻlovchilar ular uchun turistik yigʻim toʻlanishi shart boʻlgan xorijiy davlatlarning barcha joylashtirilgan fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar soni hisobini yuritishi kerak.
10. Turistik yigʻimni toʻlovchilar turistik yigʻim summalari hisob-kitobi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasiga har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha ushbu Nizomga ilovaga muvofiq shakl boʻyicha taqdim etadilar.
IV. Turistik yigʻim toʻlovchilarning javobgarligi
11. Turistik yigʻimni toʻlovchilarning rahbarlari va bosh buxgalterlari ushbu Nizomga muvofiq turistik yigʻim summalari Jamgʻarmaga oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishi yuzasidan shaxsan javob beradilar.
12. Turistik yigʻim summalari oʻz vaqtida yoki toʻliq oʻtkazilmagan taqdirda turistik yigʻimni toʻlovchilar kechiktirilgan har bir kun uchun turistik yigʻim oʻtkazilmagan summasining 0,15 foizi, biroq qarzdorlik umumiy summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlaydilar.
“Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi turistik yigʻimni toʻlovchilardan qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida xoʻjalik sudlariga daʼvo arizasi bilan murojaat qilishga haqlidir.
13. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi turistik yigʻimni toʻlovchilar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida turistik yigʻim summalari oʻz vaqtida oʻtkazilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi.
14. Turistik yigʻim summalari oʻz vaqtida oʻtkazilishini nazorat qilish belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida turistik yigʻimni undirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
ILOVA

Turistik yigʻim summalari

hisob-kitobi toʻgʻrisida axborot

20___ yil ____________ uchun

‎‎(yil choragi, yarim yil, 9 oy va bir yil)

‎‎
‎‎Tashkilotning nomi ________________
‎‎STIR № _____________
Xizmat koʻrsatuvchi bank ____________________
Bank rekvizitlari_________________________
Faoliyatning asosi turi ____________________
‎‎Manzil __________________________________
‎‎Litsenziyaning raqami va sanasi ___________________
‎‎‎

Oylar

Turistik yigʻim undiriladigan xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar soni

Yashalgan kunlarning umumiy soni

Turistik yigʻim summasi

Toʻlovchi tashkilotning
‎rahbari

‎__________________________

(imzo)

Toʻlovchi tashkilotning bosh buxgalteri ‎‎__________________________

(imzo)

M.Oʻ.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-oktabrdagi 288-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 11-noyabrdagi 497-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 11-son, 113-modda) bilan tasdiqlangan Turizm faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi Nizomning 7-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, muddatlarda va miqdorlarda turistik yigʻimni toʻlash”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 28-iyuldagi 360-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 7-son, 75-modda):
a) 4-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4. Belgilansinki, “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasining markaziy apparati, mintaqaviy boʻlimlari taʼminoti xarajatlarini moliyalashtirish litsenziyalar berish toʻgʻrisidagi arizalarning koʻrib chiqilganligi, litsenziyalarning qayta rasmiylashtirilganligi va litsenziyalar dublikatlari berilganligi uchun yigʻimdan, oʻz xoʻjalik faoliyatidan tushumlar, budjetdan tashqari Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarining bir qismi hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi”;
b) 6-bandning birinchi xatboshidagi “sayyohlarga xizmat koʻrsatilganligi uchun turistik firmalar va mehmonxona xoʻjaliklaridan undiriladigan turistik yigʻimni jamgʻarmani shakllantirish manbalari etib belgilash” soʻzlari chiqarib tashlansin;
g) 3-ilovaning 5-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Markaziy apparat, mintaqaviy boʻlimlar taʼminoti xarajatlarini moliyalashtirish litsenziyalar berish toʻgʻrisidagi arizalarning koʻrib chiqilganligi, litsenziyalarning qayta rasmiylashtirilganligi va litsenziyalar dublikatlari berilganligi uchun yigʻimdan, oʻz xoʻjalik faoliyatidan tushumlar, budjetdan tashqari Turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarining bir qismi hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi”.
3. Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 2-apreldagi 62-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 4-son, 14-modda) 1-ilovaga quyidagi mazmundagi 30-band qoʻshilsin:

“‎

30.‎

“Oʻzbekturizm” milliy
‎kompaniyasi
Turistik yigʻim va oʻz vaqtida toʻlanmaganligi
‎uchun penya

100‎

”‎
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 41-42-son, 478-modda)