OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUChLARI SAFIDA MUDDATLI HARBIY XIZMATNI OʻTAB BOʻLGAN FUQAROLARNI OLIY TAʼLIM MUASSASALARIGA QABUL QILISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi 681-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarga hamda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31-maydagi PQ—1765-son qaroriga asosan muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/261/1036-son)
3. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 11-iyul,
205-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 11-iyuldagi 205-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31-maydagi PQ-1765-son qaroriga asosan muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom oliy harbiy taʼlim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi ushbu Nizomda nazarda tutilmagan barcha holatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/261/1036-son)
3. Oliy taʼlim muassasalariga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarni oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan test sinovlari natijalariga koʻra toʻplangan ballarning reyting tizimi boʻyicha amalga oshiriladi.
Tanlov abituriyentlar arizasida koʻrsatilgan har bir oliy taʼlim muassasasi boʻyicha ketma-ket taʼlim yoʻnalishlari, oʻqitish tillari va shakllariga koʻra alohida oʻtkaziladi.
II. Hujjatlarni qabul qilish
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan va oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirayotgan fuqaroning (keyingi oʻrinlarda abituriyent deb yuritiladi) oʻqishga qabul qilish haqidagi arizasi oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan 15-iyundan 15-iyulgacha (shu kuni ham), Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi uchun 15-iyundan 10-iyulgacha qabul qilinadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
5. Barcha oliy taʼlim muassasalari veb-sayti va oliy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari eʼlonlar taxtasida taʼlim yoʻnalishlarining taʼlim tili boʻyicha qabul kvotasi, oliy taʼlim muassasalarining bir taʼlim sohasiga tegishli taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati va test boʻyicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi eʼlon qilinadi.
6. Abituriyent oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
taʼlim yoʻnalishi, oʻquv tili va shakli koʻrsatilgan ariza;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini yoki oʻrta taʼlimni (11-sinf negizida) tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasining asl nusxasi;
086-U-shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
pasportning nusxasi;
harbiy guvohnoma nusxasi;
3.5 x 4.5 sm oʻlchamli 6 ta rangli fotosurat;
belgilangan tartibda tasdiqlangan mehnat daftarchasidan koʻchirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma (maxsus sirtqi boʻlim abituriyentlari uchun).
Abituriyent tomonidan pasport hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasiga shaxsan koʻrsatiladi.
7. Ariza shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan kelishgan holda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.
Arizada:
oliy taʼlim muassasasini tugatganligi yoki oliy maʼlumoti yoʻqligi;
qaysi chet tilidan test topshirishi;
harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasining raqami;
test sinovlarini oʻtkazish qoidalari va javoblar varaqalarini toʻgʻri toʻldirish bilan tanishganligi;
birinchi va ikkinchi oliy taʼlim muassasasi hamda taʼlim yoʻnalishi nomlari (bunda yoʻnalish boʻyicha test sinovlari topshiradigan fanlar majmuasi (bloki) va taʼlim sohasi mos boʻlishi shart) kiritiladi.
Abituriyent arizada ikkinchi oliy taʼlim muassasasi sifatida birinchisini belgilab, undagi boshqa taʼlim yoʻnalishini koʻrsatishga haqli (bunda yoʻnalish boʻyicha test sinovlari topshiradigan fanlar majmuasi (bloki) va taʼlim sohasi mos boʻlishi shart).
Ikkinchi oliy taʼlim muassasasi sifatida belgilanishi mumkin boʻlgan oliy taʼlim muassasasi (taʼlim yoʻnalishlari) roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan kelishgan holda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Harbiy qism tavsiyanomasining shakli va uni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga harbiy qismlarning qoʻmondonligi tomonidan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab, uch yil mobaynida amal qiladi.
10. Oliy taʼlim muassasaci qabul komissiyasi tomonidan abituriyentlar haqidagi maʼlumotlar birinchi va ikkinchi oliy taʼlim muassasasi taʼlim yoʻnalishlari, oʻquv shakli va tili koʻrsatilgan holda belgilangan shakllar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga kunduzgi va maxsus sirtqi boʻlimlar uchun 16-iyulda taqdim etiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
III. Abituriyentlarni qabul qilish
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan, harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlgan barcha fuqarolarga respublikaning barcha oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovi natijalari boʻyicha oʻzlari toʻplagan ballning 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 186-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 229-modda)
12. Abituriyentning toʻplagan ballari uning arizasida koʻrsatilgan birinchi oliy taʼlim muassasasi boʻyicha davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilishga yetarlicha boʻlgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu oliy taʼlim muassasasida eʼlon qilinadi va unga arizasida koʻrsatilgan ikkinchi oliy taʼlim muassasasi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan, ammo ular uchun imtiyozlar boʻyicha belgilangan qoʻshimcha ballarni hisobga olgan holda birinchi oliy taʼlim muassasasi tanlovidan oʻta olmagan abituriyentlarning respublikadagi boshqa oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi arizalari test sinovlari tugagandan keyin 10 kun mobaynida Davlat komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
14. Harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan abituriyent test sinovi topshirgan taʼlim yoʻnalishiga kirish uchun yetarli ball toʻplamagan, biroq tanlagan ikkinchi oliy taʼlim muassasasi taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli va tili boʻyicha qabul kvotasi doirasida belgilangan oʻtish bali va undan yuqori ball toʻplagan taqdirda, ushbu taʼlim yoʻnalishiga toʻlov-kontrakt asosida Davlat komissiyasining qarori bilan belgilangan kvotadan tashqari oʻqishga tavsiya etiladi.
Ushbu abituriyentning test sinovi natijalari uning arizasida koʻrsatilgan birinchi va (yoki) ikkinchi oliy taʼlim muassasalarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan eʼlon qilinadi.
Bunda, talabalikka tavsiya etilgan harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega abituriyentlarga tegishli taʼlim yoʻnalishlari uchun amalda oʻrnatilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari qoʻllaniladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/261/1036-son)
15.Abituriyent oʻz arizasida koʻrsatilgan ikkinchi oliy taʼlim muassasasi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha ham yetarlicha ball toʻplay olmagan taqdirda, unga mazkur va boshqa oliy taʼlim muassasasidagi boshqa taʼlim yoʻnalishlarida qoʻshimcha ravishda tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi.
16.Abituriyentlar oʻz arizasida koʻrsatilgan boshqa oliy taʼlim muassasasiga Davlat komissiyasining qaroriga binoan oʻqishga qabul qilingan hollarda ularning hujjatlari bir oliy taʼlim muassasasidan ikkinchi oliy taʼlim muassasasiga taqdim etish uchun tilxat bilan abituriyentga beriladi.
Abituriyent hujjatlarni test sinovlari eʼlon qilingan kundan keyin bir hafta muddatda olishi va ikki hafta muddatda oʻqishga qabul qilingan oliy taʼlim muassasasiga taqdim etishi shart.
Uzrli sabablar bilan koʻrsatilgan muddatlarda taqdim etilmagan hujjatlar oliy taʼlim muassasasining boʻysunuvi boʻyicha vazirliklar va idoralar tomonidan istisno tariqasida koʻrib chiqiladi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
17. Mazkur Nizomda belgilangan masalalar boʻyicha nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/261/1036-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 28-son, 320-modda; 2016-y., 25-son, 306-modda; 2017-y., 14-son, 229-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/261/1036-son)