Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Kelishuv bitimini tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi normalarining qoʻllanilishi haqida
Xoʻjalik sudlari tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi normalarining toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining
47-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Xoʻjalik sudlarining (bundan buyon matnda sudlar deb yuritiladi) eʼtibori xoʻjalik protsessi ishtirokchilari tomonidan kelishuv bitimini tuzish masalalari Oʻzbekiston Respublikasi
Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda XPK deb yuritiladi) va “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuni bilan tartibga solinishiga qaratilsin.
2. Sudlar inobatga olishlari lozimki, kelishuv bitimi deganda, oʻzaro kelishishga asoslangan, daʼvo talabi (talablari)ga nisbatan aniqlikka erishishga qaratilgan, nizoni hal qilish toʻgʻrisidagi taraflarning yozma kelishuvi tushuniladi.
3. Sudlarga tushuntirilsinki, agar qonun hujjatlarida boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha kelishuv bitimi tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. XPK 122-moddasi birinchi qismining
9-bandiga muvofiq sud ishni sudda koʻrishga tayyorlash paytida taraflarni murosaga keltirish choralarini koʻradi. Shu munosabat bilan daʼvo arizasini qabul qilish va ishni sudda koʻrishga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrimda sudning taraflarga nizoni kelishish yoʻli bilan hal etish haqidagi taklifi koʻrsatilishi lozim.
XPK
40,
41 va
122-moddalarining, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi
Qonuni normalarining mazmunidan sud taraflarni murosaga keltirishga koʻmaklashishi lozimligi, taraflar va nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar esa sudning har qanday instansiyasida hamda sud hujjatini ijro etishda ham kelishuv bitimini tuzishlari mumkinligi kelib chiqadi.
5. Taraflar sud muhokamasi davomida kelishuv bitimi tuzish istagini bildirgan holda, sud taraflarga ushbu sud majlisida kelishuv bitimi tuzishni taklif etishi yoki taraflar kelishuv bitimi shartlarini ishlab chiqishlari uchun ularga imkoniyat bergan holda, ishni koʻrishni boshqa muddatga qoldirishga haqlidir.
6. Kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masala sud majlisida koʻrib chiqiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida XPK normalarining talablariga muvofiq xabardor qilinadi.
7. Sudlarga kelishuv bitimining shakli va mazmuni, uni tuzish tartibiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilgan holda tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash sudning huquqi emas, balki majburiyati ekanligi tushuntirilsin.
Shartli tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. XPK 44-moddasining
birinchi qismida davlat organlari va boshqa organlar oʻzlarining vakolatlari doirasida davlat va jamiyatning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida daʼvo taqdim etishlari mumkinligi nazarda tutilgan. Daʼvo taqdim etgan mazkur organlar daʼvogarning kelishuv bitimi tuzish huquqidan tashqari barcha huquqlaridan foydalanadi va majburiyatlarini bajaradi.
Manfaati koʻzlangan shaxs davlat organi yoki boshqa organ tomonidan berilgan daʼvo boʻyicha javobgar bilan kelishuv bitimi tuzishga haqli. Bunday holda davlat organi yoki boshqa organning kelishuv bitimini tuzishda ishtiroki talab etilmaydi.
9. Kelishuv bitimi yozma shaklda rasmiylashtiriladi va taraflar yoki kelishuv bitimini tuzish vakolati maxsus nazarda tutilgan XPK
52-moddasining talablariga muvofiq berilgan ishonchnoma mavjud boʻlgan holda, ularning vakillari tomonidan imzolanadi. Bunday ishonchnoma kelishuv bitimiga ilova qilinishi va ish hujjatlariga qoʻshib qoʻyilishi lozim.
10. Kelishuv bitimi mazkur bitimni tuzgan shaxslar sonidan bittaga ortiq nusxada tuziladi va imzolanadi. Ushbu nusxalardan bittasi ish hujjatlariga qoʻshib qoʻyiladi.
11. Sudlar inobatga olishlari lozimki, kelishuv bitimining shartlari aniq, ravshan bayon qilinishi va uning ijro etilishida kelishuv bitimining mazmuni boʻyicha har xil talqin qilinishiga va kelgusida nizolarning kelib chiqishiga yoʻl qoʻymaydigan boʻlishi kerak.
Kelishuv bitimi taraflarning bir-biri oldidagi oʻzaro majburiyatlarining shartlari, miqdori va bajarish muddatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim.
Kelishuv bitimi, xususan: majburiyatlar bajarilishining kechiktirilishi yoki boʻlib-boʻlib bajarilishi toʻgʻrisidagi; qarzni, neustoykani tan olish yoki ularning miqdorini kamaytirish toʻgʻrisidagi; sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi shartlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
12. Kelishuv bitimi shartlarini koʻrib chiqishda sudning vazifasi taraflarning kelishuv bitimini tuzish va ish yuritishni tugatishga boʻlgan haqiqiy xohish-irodasini, ular tomonidan kelishuv bitimi tuzilayotganida qonun talablari bajarilganligini aniqlash va kelgusida kelishuv bitimini sud hujjatlari bilan teng shartlarda ijro qilinishini taʼminlashdan iboratdir.
13. Sud kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalani muhokama qilayotganida taraflar taqdim etgan kelishuv bitimi qonun hujjatlariga xilof emasligini va u boshqa biror-bir shaxsning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmayotganligini, agar kelishuv bitimi koʻchar yoki koʻchmas mulkni berish toʻgʻrisidagi shartni oʻz ichiga olsa, sud ushbu mulkka uchinchi shaxslarning huquqlari bor-yoʻqligini (xatlab qoʻyilganligini, garovga qoʻyilganligini va h.k.) tekshirishi lozim. Koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlganda, sud XPK 40-moddasining
toʻrtinchi qismiga muvofiq kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etadi va ishni mazmunan koʻrib chiqadi.
14. Sudlar kelishuv bitimi huquqiy tabiatiga koʻra bitim ekanligini va kelishuvning qonun hujjatlariga muvofiqligini oʻrganishda uni tuzish tartibini ham tekshirishlari lozimligini hisobga olishlari kerak.
15. Sud tomonidan kelishuv bitimining tasdiqlanishi ish yuritishni tugatishga asos boʻladi (XPK 86-moddasining
7-bandi va
132-moddasi).
16. Sud muhokamasi tugaganidan soʻng va ijro ishi qoʻzgʻatilgunga qadar sudga kelishuv bitimini tasdiqlash haqida ariza kelib tushganda, sudlar bunday ariza koʻrilmasligini hisobga olishlari lozim, chunki ariza sudda ish yuritish bosqichidan tashqarida berilgan hisoblanadi. Bunday holda XPK 117-moddasi birinchi qismining
1-bandi qoʻllanilib, arizani qabul qilish rad etilishi lozim. Agar koʻrsatib oʻtilgan holat ariza ish yuritishga qabul qilingandan keyin aniqlangan boʻlsa, ariza boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining
1-bandi qoʻllanilib, tugatilishi lozim.
17. Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi sud ajrimining xulosa qismida uning barcha shartlari bayon etilishi lozim. Bunda taraflarning sud xarajatlarini taqsimlash boʻyicha kelishuvning mavjud emasligi kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etishga asos boʻlmasligini inobatga olishi kerak. Bunday holda, sud xarajatlarini taqsimlash masalasini sud XPK
95-moddasining qoidalari asosida hal qiladi.
18. Kelishuv bitimini tasdiqlash va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi sud hujjati ustidan XPKda belgilangan umumiy tartibda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
19. Agar kelishuv bitimining tarafi, kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlangandan soʻng kelishuv bitimi shartlarini qayta koʻrib chiqishga va (yoki) kelishuv bitimini ijro etishdan bosh tortishga qaratilgan daʼvo bilan murojaat qilsa, sud XPK 60-moddasining
ikkinchi qismini qoʻllab, bunday talablarni qanoatlantirishni rad etishi lozim.
20. Kelishuv bitimi taraflar tomonidan ixtiyoriy ravishda ijro etilishi lozim.
Kelishuv bitimining unda belgilangan tartib va muddatlarda ijro etilmasligi sud tomonidan manfaatdor tarafning arizasi boʻyicha ijro varaqasi berish uchun asos boʻladi.
21. Ijro varaqasini berish masalasi sud tomonidan taraflar chaqirilmasdan XPKning
IV boʻlimi qoidalari boʻyicha koʻriladi. Zarurat tugʻilganda sud ijro varaqasi berish masalasini sud majlisida koʻrib chiqishga haqli.
Ijro varaqasi XPKning
212-moddasi talablariga javob berishi kerak va XPK 213-moddasining
birinchi qismida belgilangan muddat ichida ijroga taqdim etilishi lozim.
22. Sudlar inobatga olishlari lozimki, agar taraflar kelishuv bitimini sud hujjatini majburiy ijro etish davomida tuzgan boʻlsalar, kelishuv bitimi hal qiluv qarorini qabul qilgan birinchi instansiya sudiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
23. Ijro ishi yuritilishida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ariza sudlar tomonidan taraflar sud majlisi toʻgʻrisida xabardor qilingan holda sud majlisida koʻrib chiqiladi.
Bunday kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrim ijro varaqasini berishga asos boʻlgan sud hujjatlari ijro qilinmasligi haqida koʻrsatmani oʻz ichiga olishi kerak.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 37-moddasi ikkinchi qismining
2-bandiga binoan ijro ishi yuritish davomida tuzilgan kelishuv bitimining tasdiqlanishi sud ijrochisi tomonidan ijro ishi yuritishni tugatish uchun asos boʻladi.
24. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha kelishuv bitimini tuzish va uni sud tomonidan tasdiqlash tartibi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining
Qonuniga muvofiq belgilanadi.