Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
Qarori
Qishloq xoʻjaligida qonuniylikni taʼminlash va yerdan foydalanishdagi suiisteʼmolchiliklarning oldini olishda iqtisodiy sudlarning rolini oshirish toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
LexUZ sharhi
(Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2011-yil 1-dekabrdagi 235-sonli qarori asosida kiritilgan oʻzgartirishlar bilan)
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar oʻzining samarasini berayotganligi qishloq xoʻjalik rivojida ham namoyon boʻlmoqda. Agrar tarmoqda xoʻjalik yuritishning tashkiliy-huquqiy shakllari takomillashtirilmoqda. Qishloqda chinakam mulkdorlar sinfi shakllantirilib, yerga, mulkka hamda ishlab chiqarilgan mahsulotga nisbatan egalik tuygʻusi qaror toptirilmoqda. Ammo, qishloqda tadbirkorlik gʻoyasini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan va fermerlik siyosatini obroʻsizlantirishga qaratilgan xatti-harakatlarga, xususan yerdan foydalanish bilan bogʻliq huquqiy munosabatlarda duch kelinayotgan mansabdor shaxslarning suiisteʼmolchiligi, loqaydligi, byurokratik toʻsiqlar va tamagirlik illatlariga toʻliq barham berilmayapti. Yer uchastkalarini talon-toroj qilish, ulardan noqonuniy foydalanish, soxta fermerlik orqali boylik orttirish, yer uchastkalaridan ijara shartnomasida koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanmaslik holatlari yuz bermoqda.
Qishloq xoʻjaligida islohotlarni amalga oshirishda ayrim mansabdor shaxslar oʻzlarining shaxsiy manfaatlarini davlat va jamiyat manfaatidan ustun qoʻyishmoqda. Baʼzi bir hokimlar, qishloq va suv xoʻjaligi boshqarma va boʻlimlari, yer resurslari xizmati idoralari mansabdor shaxslari hamda qishloq xoʻjalik kooperativlari (shirkat xoʻjaliklari)ning rahbarlari davlat mulki hisoblangan yerdan foydalanishda suiisteʼmolchilikka, uni ijaraga berishda har xil qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻyishmoqda. Ularga nisbatan amaldagi qonunlar asosida qattiq jazo choralari koʻrilmayapti.
Ayrim joylarda ijaraga berilgan sugʻoriladigan yerlarda fermerlar kontraktatsiya shartnomasida koʻrsatilgan ekin turlarini ekmasdan, oʻzlarining ehtiyojlari uchun kerak boʻlgan boshqa mahsulotlarni yetishtirmoqdalar.
Qishloq xoʻjaligida davlat buyurtmasi boʻyicha mahsulot yetishtirish uchun berilayotgan mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash mahsulotlarini qoʻshni davlatlarga boylik orttirish maqsadida sotib yuborish yoki ulardan shaxsiy tomorqalarida foydalanish holatlari kamaymayapti. Shuningdek, paxta xom ashyosini oʻgʻirlab chegaradosh mamlakatlarga sotish jinoyatlariga ham yoʻl qoʻyilmoqda.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan davlat organlari nazorati qonun hujjatlari talablari asosida tashkil etilmagan. Yerdan foydalanuvchilarning yerga nisbatan egalik hissini shakllantirish va yerdan foydalanishda davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifa ekanligiga joylarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda iqtisodiy sudlar ham lozim darajada eʼtibor bermayaptilar.
Iqtisodiy sudlar tomonidan qishloq xoʻjalik munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari amaliyotda qoʻllanilayotganligiga qaramasdan, bu sohada vujudga kelgan nizolar boʻyicha huquqbuzarliklarning oldini olish borasida koʻrilgan choralarning taʼsirchanligi va samaradorligi deyarli sezilmayapti.
Qishloq xoʻjaligida yerdan foydalanishda qonuniylikni taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda iqtisodiy sudlarning rolini oshirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 47-moddasiga asosan quyidagi tushuntirishlarni berishga qaror qiladi:
(muqaddimaning beshinchi — yettinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
1. Iqtisodiy sudlarning eʼtibori ularning qishloq xoʻjaligi sohasida qonuniylikni taʼminlash va yerdan foydalanishda suiisteʼmolchiliklarning oldini olishdagi rolini oshirish zarurligiga qaratilsin.
Iqtisodiy sudlar qishloq xoʻjalik huquqiy munosabatlaridan kelib chiqqan nizolarni koʻrish jarayonida tashkilotlar, davlat organlari va boshqa organlar mansabdor shaxslari, shu jumladan fermer xoʻjaliklari boshliqlari va boshqa yerdan foydalanuvchilar faoliyatida qonun hujjatlari talablari buzilganligi, soxta fermerlik orqali boylik orttirish, yerlardan shartnomada koʻrsatilgan maqsadda foydalanmaslik holatlari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qilish, maʼmuriy javobgarlik choralarini qoʻllash, keltirilgan zararni aybdor shaxslar hisobidan qoplash, rahbar va boshqa xodimlarni egallab turgan lavozimlaridan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy choralar koʻrish haqida xususiy ajrim va taqdimnomalar kiritish vakolatlaridan foydalanishlari lozim.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2. Iqtisodiy sudlarning eʼtibori qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar ishtirokidagi nizolarni hal etishda Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisida”gi, “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 2003-yil 24-martdagi PF-3226-sonli, “Qishloq xoʻjaligi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-sonli, “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 7-sentabrdagi PF-6061-sonli, “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 24-fevraldagi PQ-5006-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjalik korxonalarini fermer xoʻjaliklariga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 5-yanvardagi 8-sonli, “Qishloq xoʻjaligida ijara munosabatlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 5-noyabrdagi 486-sonli, “Fermer xoʻjaligi yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2013-yil 31-yanvardagi 22-sonli qarorlari va boshqa qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etilishi lozimligiga qaratilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
3. Iqtisodiy sudlarning sudloviga shirkat, fermer va dehqon xoʻjaliklaridan yer uchastkalarini qaytarib olish, ularni davlat va jamiyat manfaatlari uchun olib qoʻyish, yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishi, yer uchastkasida qurilgan noqonuniy qurilmalarni buzish, yer uchastkalarini ijaraga berish bilan bogʻliq nizolar taalluqlidir.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Fermer xoʻjaligini davlat roʻyxatiga olishni rad etganligi yoki belgilangan muddatda davlat roʻyxatiga olishdan bosh tortganligi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni 7-moddasining 3-qismiga va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning 26-moddasiga muvofiq maʼmuriy sudga shikoyat berilishi mumkin.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Yer munosabatlari bilan bogʻliq nizolar iqtisodiy sudlar tomonidan qisqa muddatlarda, tezkorlik bilan koʻrib chiqilishi lozim.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4. Iqtisodiy sudlar fermer xoʻjaliklarini tashkil etish, ularga yer uchastkalari ajratib berish boʻyicha qonunchilikda nazarda tutilgan qoidalar, jumladan tanlov oʻtkazish, yer uchastkalari berish haqidagi arizalarni koʻrib chiqish, fermer xoʻjaligining yer uchastkasiga boʻlgan huquqini rasmiylashtirish tartibi buzilishiga yoʻl qoʻyilgan har bir holatga huquqiy baho berib, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli taʼsir choralarini qoʻllasinlar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
5. Iqtisodiy sudlar shu holatni eʼtiborga olsinlarki, fermer xoʻjaligi bilan yer ijarasi shartnomasini tuzgan qishloq xoʻjalik kooperativi tugatilgan hollarda yer ijarasi shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 6-moddasiga muvofiq, tuman hokimliklari daʼvogar sifatida qatnashishlari mumkin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
6. Yer ijarasi bilan bogʻliq nizolarni hal etishda iqtisodiy sudlar fermer xoʻjaligiga berilayotgan yer uchastkasi boshqa yerdan foydalanuvchilarning yerlardan foydalanishi uchun noqulayliklar vujudga keltirmasligi, fermer xoʻjaliklari tomonidan yer uchastkalari ijaraga olinishida mazkur hududda yashovchi shaxslar boshqa teng sharoitlarda ustuvor huquqdan foydalanishlarini inobatga olsinlar. Shuni nazarda tutish lozimki, yer uchastkasi fermer xoʻjaligiga imkon boricha yagona mavze boʻyicha, konturlar yaxlitligi saqlab qolingan holda berilishi, uchastka chegaralari sugʻorish tarmoqlari, kollektorlar, yoʻllar va boshqa topografik elementlar boʻyicha belgilanishi, fermerlarga uzoq muddatga ijaraga beriladigan bu yer uchastkalari qishloq xoʻjalik kooperativi (shirkat xoʻjaliklari) balansidan chiqarilishi shart.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkasi boshqa yerdan foydalanuvchilarning yerlardan foydalanishi uchun noqulayliklar vujudga keltirganligi toʻgʻrisidagi nizolarni, jumladan paxta, gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari yer uchastkalariga tutash, boshqa ekinlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermerlar oʻrtasida aynan shu asosda kelib chiqqan nizolarni hal etishda iqtisodiy sudlardan tegishli qishloq xoʻjalik mutaxassislarining xulosalarini olishlari talab etiladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7. Fermer xoʻjaliklari tomonidan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari boʻyicha oʻziga olgan majburiyatlarga koʻra paxta va don ekishga moʻljallangan yerlarga boshqa ekinlar ekish hamda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan ekin maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, yaʼni bu yerlardan oʻzboshimchalik bilan shaxsiy tomorqa sifatida foydalanish, uy-joy, imoratlar yoki boshqa inshootlarni qurish, oʻzga shaxslarning foydalanishiga berib yuborish, paxta va gʻalla yetishtirish uchun berilgan boʻnak pullari, texnika, yonilgʻi va mineral oʻgʻitlardan foydalanish, lekin mahsulot topshirmaslik, davlat buyurtmasiga oid majburiyatlarni bajarmaslik fermer xoʻjaliklari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablarini, shu jumladan yer ijarasi shartnomasini qoʻpol ravishda buzish deb baholanishi, bu esa oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasi, Fuqarolik kodeksining 382-moddasi 2-qismiga koʻra fermer xoʻjaligining yer uchastkasiga boʻlgan huquqi va yer ijarasi shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻlishi iqtisodiy sudlarga tushuntirilsin.
Shuning bilan birga fermer xoʻjaligi tomonidan kontraktatsiya shartnomalari bajarilmaganligi, yerning ekologik va meliorativ holati yomonlashtirilganligi, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmasdan, hosildorlik normativdan (kadastr bahosiga koʻra) past boʻlganligi sababli yer ijarasi shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida kiritilgan daʼvo arizalarini koʻrishda iqtisodiy sudlar bu talablar qanday sabablarga koʻra fermer xoʻjaligi tomonidan bajarilmaganligi holatlarini chuqur oʻrganib chiqishlari, kontraktatsiya shartnomalarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikka tortishda tegishli mutaxassislarni jalb etib, davlat buyurtmasi yerning hosildorligiga mos ravishda belgilanganligiga, tayyorlovchi va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar oʻz shartnoma majburiyatlarini qay darajada bajarganligiga, tabiiy sharoitlar yoki boshqa fors-major holatlarga eʼtiborlarini qaratsinlar.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8. Yer uchastkalarini qaytarib olish toʻgʻrisidagi nizolarni koʻrish jarayonida iqtisodiy sudlar yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish boʻyicha mahalliy hokimliklar, yer tuzish xizmati, tabiatni muhofaza qilish organlari, qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimlari, tayyorlov va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, bank va soliq idoralari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, shartnomaning lozim darajada bajarilishiga oid koʻrilgan choralarga ham eʼtibor berishlari, bu organlar tomonidan qonun buzilishiga yoʻl qoʻyganlik holatlari aniqlanganda, tegishli javobgarlik choralarini qoʻllashlari lozim.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
9. Iqtisodiy sudlar nizolarni koʻrish jarayonida terilgan paxta xom ashyosini oʻgʻirlash, uni sotish maqsadida respublika tashqarisiga noqonuniy ravishda olib chiqib ketish hamda yetishtirilgan mahsulotni saqlash choralarini koʻrmaslik, gʻalla, paxtani payhon qilish, boshqa yoʻllar bilan talon-toroj qilish holatlari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralarini qoʻllash masalasini muhokama etishlari shart.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
10. Iqtisodiy sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq, yer uchastkasi ijaraga berilgan muddatning tugaganlik holati yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bekor boʻlishiga asos boʻlishini eʼtiborga olsinlar. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 553-moddasida nazarda tutilgan, mulk ijarasi shartnomasining muddati tamom boʻlganidan keyin ham ijaraga oluvchi mulkdan foydalanishni davom ettirsa va ijaraga beruvchi bunga eʼtiroz bildirmagan boʻlsa, shartnoma avvalgi shartlar asosida nomaʼlum muddatga qayta tuzilgan deb hisoblanishi toʻgʻrisidagi qoidalar yerdan foydalanish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ammo ijaraga oluvchi yer uchastkalari ijara shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin shartnomani yangilashda boshqalarga nisbatan teng sharoitlarda ustun huquqqa ega boʻladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
11. Iqtisodiy sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, mahalliy davlat hokimiyati organlarining fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi qarorining oʻzigina yer uchastkasiga boʻlgan huquqni vujudga keltirmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 31-moddasiga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga boʻlgan huquqi joyning oʻzida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga boʻlgan huquq davlat roʻyxatiga olinganidan keyin vujudga keladi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasiga koʻra, fermer xoʻjaligi hamda yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi belgilangan tartibda davlat roʻyxatiga olingan paytdan eʼtiboran fermer xoʻjaligi tashkil etilgan hisoblanadi.
Qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berib qoʻyilgan yoki ana shu maqsadlar uchun belgilangan yerlarning egalari, bu yerdan foydalanuvchilar va ijaraga oluvchilar oʻrtasida tuzilgan yer uchastkalarini oldi-sotdi, hadya, garov, qonunchilikda belgilangan tartib buzilgan holda ikkilamchi ijaraga berish, oʻzboshimchalik bilan almashtirish shartnomalari oʻz-oʻzidan haqiqiy emas deb hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 113-moddasining uchinchi qismiga koʻra iqtisodiy sudlar oʻz tashabbuslari bilan bu shartnomalarning haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllashga haqlidirlar.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Bunday bitimlarni tuzishda aybdor deb topilgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
12. Sudlar “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qishloq xoʻjalik korxonalariga, shu jumladan fermer xoʻjaliklariga nisbatan ham tatbiq etilishini, ushbu Qonunning 178-moddasi toʻrtinchi qismi talablariga koʻra, tashqi boshqaruv tartib-taomili yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonasiga nisbatan joriy etilmasligini nazarda tutsinlar.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Fermer xoʻjaliklarini bankrot deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi ariza bilan iqtisodiy sudlarga har qanday kreditor, shu jumladan bank, soliq idoralari, fermer xoʻjaligining oʻzi, shuningdek prokuratura organlari ham murojaat qilishi mumkin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
13. Fermer xoʻjaligini toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼtirof etilishi uni tugatilishiga olib kelishiga sudlarning eʼtibori qaratilishi lozim.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Iqtisodiy sudlar bunday toifadagi ishlar boʻyicha qabul qilingan qarorlar haqida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlarini xabardor etib, ularga fermer xoʻjaligini tugatish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi 36-moddasining 3-bandiga muvofiq, fermer xoʻjaligining yer uchastkasiga boʻlgan huquqini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish majburiyatini yuklatishi mumkin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
14. Iqtisodiy sudlar shuni eʼtiborga olsinlarki, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 9-moddasi birinchi qismining 18-bandiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 10-oktabrdagi PQ-3318-sonli qarorining 3-bandiga koʻra, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari — fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini koʻzlab qilingan daʼvolar yuzasidan davlat bojini toʻlashdan ozod etilganlar.
Bunda daʼvo arizasini qanoatlantirish rad etilganda manfaati koʻzlab daʼvo arizasi kiritilgan fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalaridan davlat boji undirilmaydi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
15. Iqtisodiy sudlar qishloq xoʻjaligida yerlardan foydalanish bilan bogʻliq nizolarni sayyor sud majlislarida, imkoni boricha dala shiyponlari va xoʻjaliklarda, ushbu hududdagi fermerlar, dehqonlar, mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari hamda boshqa manfaatdor shaxslarning ishtirokida koʻrishni kengroq joriy etish, ularning tarbiyaviy rolini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazib borishni taʼminlash choralarini koʻrsinlar.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)