toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MULKNI DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRISh JARAYoNINI YaNADA RIVOJLANTIRIShNING USTUVOR YOʻNALIShLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mulkni izchillik bilan davlat tasarrufidan chiqarish na xususiylashtirishni taʼminlash, shu asosda ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan koʻp tarmoqli bozor iqtisodiyotini shakllantirish, davlatga daxldor boʻlmagan sohaning rolini kuchaytirish va raqobat muhitni vujudga keltirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, quyidagilar mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:
qimmatbaho qogʻozlar bozorini rivojlantirish va ochiq usuldagi aksionerlik jamiyatlarini tashkil etish bilan bir vaqtda davlatga tegishli aksiyalar ulushini qisqartirish orqali aholini iqtisodiy islohotlar jarayoniga keng jalb etish;
koʻchmas mulk bozorini, birinchi navbatda savdo, maishiy, kommunal xizmat koʻrsatish obyektlarini va tugallanmay qolgan qurilish inshootlarini tanlov asosida sotish yoʻli bilan shunday bozorni shakllantirish;
ulgurji savdo korxonalarini xususiylashtirish jarayoniga jalb etish orqali ishlab chiqarish vositalari bozorini vujudga keltirish, shuningdek tovar-xomashyo birjalari tizimini rivojlantirish;
tarkib topgan ishlab chiqarish va boshqaruv tuzilmalari yakka hokimligini tugatish, xususiylashtirish cheklab qoʻyiladigan korxonalar sonini kamaytirish;
tendyerlar va kimoshdi savdolarini, sarmoyalarga oid savdolarni oʻtkazish, shuningdek mol-mulkni toʻgʻridan toʻgʻri sotish yoʻli bilan respublika iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalarni jalb etish;
korxonalarni xususiylashtirilgandan keyin davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash.
2. Davlat oʻz ulushini saqlab qoladigan ochiq usuldagi aksionerlik jamiyatlarining nizomdagi mablagʻini jamlash chogʻida asosan aksiyalarning kuyidagi qismlari koʻzda tutilsin:
— davlatga tegishli;
— mehnat jamoasiga tegishli;
— xorijiy sherikka tegishli;
— fond birjalarida va qimmatbaho qogʻozlar bozorida, shu jumladan chet ellarda erkin sotish uchun moʻljallangan qismi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish borasidagi harakatlari rejasi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasiga quyidagi huquqlar berilsin:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 19-iyuldagi PF-3626-sonli Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 28-29-son, 204-modda)
oʻz vakolati doirasida korxonalar hamda tashkilotlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish shakllarini belgilash, zarur normativ hujjatlarni va xususiylashtirish komissiyalari tuzish tartibini ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
davlat mulki jamgʻarmasi va idoralarga qarashli xoʻjalik hisobidagi boʻlinmalar orqali fond birjalarining, sarmoya banklari va jamgʻarmalarining muassisi hamda ishtirokchisi boʻlish;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 21-fevraldagi PF-4424-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 8-9-son, 77-modda)
davlatga tegishli boʻlgan 1994-yilgi dividend (daromad)dan tashkil etiladigan aksionerlik jamiyatlarini rivojlantirish va texnika bilan qayta qurollantirish uchun foydalanish.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi:
ikki hafta muddat ichida yuqorida koʻrsatilgan ustuvor yoʻnalishlarga asoslanib Respublikada mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga oid davlat dasturini puxta ishlab chiqib, tasdiqlasin;
bir oy muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini ushbu Farmonga muvofiq holga keltirsin, amaldagi qonunlarni oʻzgartirish va toʻldirish boʻyicha belgilangan tartibda takliflar kiritsin, respublika vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining mazkur Farmonga zid boʻlgan hujjatlari qayta koʻrib chiqilishi va bekor qilinishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 15-mart,
PF-789-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 3-son, 87-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 28-29-son, 204-modda; 2012-y., 8-9-son, 77-modda)