toggle_night_mode
Hujjat 30.08.2017 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
GEOGRAFIK OBYEKTLARNING NOMLARI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 4-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011-yil 26-avgustda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi geografik obyektlarning nomlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan geografik obyektlar nomlarining ulardan Oʻzbekiston Respublikasida foydalanishga doir qismiga ham tatbiq etiladi.
2-modda. Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
geografik obyektlar — Yerning hozirda yoki oʻtmishda mavjud boʻlgan hamda muayyan oʻrnashgan joyi bilan tavsiflanadigan, kelib chiqishi tabiiy yoki sunʼiy boʻlgan yaxlit va nisbatan barqaror hosilalari. Ular jumlasiga: maʼmuriy-hududiy birliklar (viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar); aholi punktlari va ularning tarkibiy qismlari (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlar); transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlari (temir yoʻl stansiyalari, avtostansiyalar, metropoliten stansiyalari, vokzallar, aeroportlar, portlar, pristanlar, koʻpriklar, razyezdlar, yoʻllar, kanallar, suv omborlari, toʻgʻonlar, dambalar); tabiiy obyektlar (daryolar, koʻllar, muzliklar, tekisliklar, togʻlar, togʻ tizmalari, gʻorlar, choʻllar, vodiylar, daralar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, yonbagʻirlar, foydali qazilmalar konlari) va boshqa shu kabi obyektlar kiradi;
geografik obyektlarning nomlari — geografik obyektlarning ularni farqlash va aniqlash uchun foydalaniladigan oʻz nomlari;
geografik obyektning nomini belgilash — yanada normallashtirish maqsadida geografik obyektning nomini aniqlash;
geografik obyektning nomini normallashtirish — geografik obyektning eng koʻp foydalaniladigan va eng maqbul nomini tanlash, ushbu nom yoziladigan shaklini belgilash hamda tasdiqlash;
geografik obyektning nomini oʻzgartirish — geografik obyektning hozirgi nomini ushbu Qonunda belgilangan hollarda va tartibda oʻzgartirish;
geografik obyektlarning nomlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi (Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi);
Keyingi tahrirga qarang.
geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarning davlat ekspertizasi — geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini aniqlashga qaratilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladigan toponimik, etnografik, lingvistik, kartografik va boshqa tadqiqotlar majmui.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Geografik obyektlarning nomlariga doir talablar
Geografik obyektga berilayotgan nom:
geografik obyektga eng xos boʻlgan belgilarni aks ettirishi;
mazkur geografik obyekt joylashgan yerdagi geografik obyektlar nomlarining mavjud tizimiga mos tushishi;
mahalliy aholining fikrini hisobga olishi;
qoida tariqasida, koʻpi bilan uchta soʻzdan iborat boʻlishi;
ushbu Qonun 6-moddasining ikkinchi qismi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga odamlarning ismi-sharifini berishga, shuningdek ularni tarixiy voqealar sharafiga nomlashga, qoida tariqasida, yoʻl qoʻyilmaydi.
Koʻchalar, shohkoʻchalar, mahallalar, maydonlar, bogʻlarga va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga ayrim odamlar, jamoat arboblari, siyosiy arboblar ismi-sharifini berishga, qoida tariqasida, yoʻl qoʻyilmaydi, Oʻzbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
Vakolatli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilayotgan geografik obyektlarga ularni tashkil etish toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlar bilan ushbu Qonun talablariga muvofiq nom beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy-hududiy birliklarning nomlari, qoida tariqasida, ularning maʼmuriy markazlari nomidan, ushbu maʼmuriy-hududiy birliklar joylashgan hudud qismining geografik yoki tarixiy nomidan hosil boʻlishi lozim.
Transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlarining, shu jumladan aeroportlar, vokzallar, portlar, pristanlar, razyezdlar, temir yoʻl stansiyalarining va boshqa obyektlarning nomlari, qoida tariqasida, ularning yonida joylashgan aholi punktlarining yoki ular tarkibiy qismlarining, boshqa geografik obyektlarning nomlaridan hosil boʻlishi kerak.
Quyidagilarga aynan bir xil nom berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi doirasidagi viloyatlar, tumanlar, shaharlarga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar doirasidagi shaharchalar, qishloqlar, ovullarga;
bir tuman, shahar yoki aholi punkti doirasidagi bir nechta turdosh geografik obyektlarga.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Geografik obyektlarning nomlarini oʻzgartirishga doir talablar
Geografik obyektlarning nomlarini oʻzgartirishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
geografik obyektning belgilangan maqsadi jiddiy tarzda oʻzgarganda;
ayrim geografik obyektlarning tarixiy nomlarini tiklash zarur boʻlganda;
agar geografik obyekt geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq kelmaydigan qisqartma soʻz, raqam yoki soʻz birikmasi bilan belgilangan boʻlsa;
Keyingi tahrirga qarang.
geografik obyektlarga ushbu Qonun 4-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan shaxslar ismi-sharifini berish zarur boʻlganda;
geografik obyektlarning ushbu Qonun 4-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan bir xil nomlari mavjud boʻlganda.
6-modda. Geografik obyektlarning nomlarini belgilash
Geografik obyektlarning nomlari hududni kartografiya qilish, toponimik tadqiqotlar oʻtkazish vaqtida, shuningdek geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlanayotganda:
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning hujjatlari;
Keyingi tahrirga qarang.
rasmiy kartografik hamda maʼlumotnoma nashrlarining, statistik, arxivga oid, tarixiy va boshqa manbalarning maʼlumotlari;
mahalliy aholi, shuningdek oʻlkashunoslar, geograflar, tarixchilar va boshqa mutaxassislar oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazish asosida belgilanadi.
Geografik obyektlarning nomlarini belgilashda:
mahalliy aholi turmushining geografik, tarixiy, milliy, etnik, tilga oid va boshqa xususiyatlari hisobga olinadi;
geografik obyektlar nomlarining yanglishishga olib keluvchi oʻxshashligi, ushbu nomlarning hurmatsizlik mazmunida boʻlishi, Oʻzbekiston xalqining tarixi, anʼanalari va madaniyati bilan nomuvofiqligi istisno etiladi.
2-bob. Davlat organlarining geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirishga doir vakolatlari hamda vazifalari
7-modda. Tumanlar, shaharlar, viloyatlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish
Tumanlar, shaharlar, viloyatlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari iltimosnomalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kiritgan taklifga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan amalga oshiriladi.
Tumanlar, shaharlar, viloyatlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha komissiya (bundan buyon matnda respublika komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha respublika komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining tumanlar, shaharlar, viloyatlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqadi hamda ularni tegishli hujjatlar bilan birga xulosa olish uchun respublika komissiyasiga yuboradi.
Respublika komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi, geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan ularni davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasiga topshiradi. Respublika komissiyasi oʻtkazilgan ish yakunlariga koʻra hamda davlat ekspertizasi natijalarini hisobga olgan holda tegishli xulosa beradi, ushbu xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublika komissiyasining xulosasini hisobga olgan holda, geografik obyektlarga nom berish yoki ularning nomini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari koʻrib chiqishi uchun kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining takliflarini koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
8-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish tumanlar, shaharlar hokimlarining taklifiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga hamda ularning tarkibiy qismlariga nom berish va ular nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi (bundan buyon matnda Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi namunaviy nizom.
Tuman, shahar hokimi mahalliy aholi, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning fikrlarini hisobga olgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi hamda ularni tegishli hujjatlar bilan birga xulosa olish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasiga yuboradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi, geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan ularni davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasiga topshiradi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi oʻtkazilgan ish yakunlariga koʻra hamda davlat ekspertizasi natijalarini hisobga olgan holda tegishli xulosa beradi, ushbu xulosa geografik obyektga nom berish va uning nomini oʻzgartirish toʻgʻrisida taklif kiritgan tuman, shahar hokimiga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tuman, shahar hokimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasining xulosasini hisobga olgan holda, geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi hamda ularni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi koʻrib chiqishi uchun kiritadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tuman, shahar hokimining taklifini koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
9-modda. Shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish
Shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish tumanlar hokimlarining taklifiga koʻra xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.
Shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga hamda ularning tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish uchun viloyatlar hokimlari tomonidan geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha viloyatlar komissiyalari (bundan buyon matnda viloyat komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi namunaviy nizom.
Tuman hokimi mahalliy aholi, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning fikrlarini hisobga olgan holda shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi hamda ularni tegishli hujjatlar bilan birga xulosa olish uchun viloyat komissiyasiga yuboradi.
Viloyat komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi, geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan ularni davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasiga topshiradi. Viloyat komissiyasi oʻtkazilgan ish yakunlariga koʻra hamda davlat ekspertizasi natijalarini hisobga olgan holda tegishli xulosa beradi, ushbu xulosa geografik obyektga nom berish va uning nomini oʻzgartirish toʻgʻrisida taklif kiritgan tuman hokimiga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tuman hokimi viloyat komissiyasining xulosasiga muvofiq geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi hamda ularni xalq deputatlari viloyat Kengashi koʻrib chiqishi uchun kiritadi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi tuman hokimining taklifini koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-martdagi 48-son qarori bilan tasdiqlangan Shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
10-modda. Aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish
Oldingi tahrirga qarang.
Aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning iltimosnomalari asosida tumanlar, shaharlar hokimlari kiritgan taklifga koʻra xalq deputatlari tumanlar, shaharlar Kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-439-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 914-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish va tayyorlash uchun tumanlar, shaharlar hokimlari tomonidan geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha tumanlar, shaharlar komissiyalari (bundan buyon matnda tuman, shahar komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi namunaviy nizom.
Tuman, shahar hokimi fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqadi hamda ularni zarur hujjatlar bilan birga takliflar tayyorlash uchun tuman, shahar komissiyasiga yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tuman, shahar komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan koʻrib chiqadi, keyinchalik Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar komissiyasiga kiritish uchun takliflar tayyorlaydi hamda ularni tuman, shahar hokimiga yuboradi.
Tuman, shahar hokimi aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi tuman, shahar komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilgan takliflarni tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar komissiyasiga kiritadi, komissiya tayyorlangan materiallar geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi va tegishli xulosa beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tuman, shahar hokimi tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar komissiyasining xulosasiga muvofiq aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida taklif tayyorlaydi hamda uni xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi koʻrib chiqishi uchun kiritadi.
Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi tuman, shahar hokimining taklifini koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish
Tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish hamda ularning nomlarini oʻzgartirish davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining takliflarini koʻrib chiqish uchun qabul qiladi hamda ularni tegishli hujjatlar bilan xulosa olish uchun respublika komissiyasiga yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Respublika komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi, geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtai nazaridan ularni davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasiga topshiradi. Respublika komissiyasi oʻtkazilgan ish yakunlariga koʻra hamda davlat ekspertizasi natijalarini hisobga olgan holda tegishli xulosa beradi, ushbu xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublika komissiyasining xulosasini hisobga olgan holda, geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalasi yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.
12-modda. Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha komissiyalarning asosiy vazifalari
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha komissiyalarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston xalqining tarixiy-madaniy qadriyatlari hamda merosi bilan bogʻliq geografik obyektlarning nomlari muhofaza qilinishini taʼminlash, asossiz oʻzgartirilishining oldini olish;
geografik obyektlarga Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan nomlar berilishiga hamda ularning nomlari shu ruhda oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻymaslik;
geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish chogʻida mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish hollarini istisno etish.
Ushbu Qonun 4-moddasi talablarining hamda geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari boshqa qoidalarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar komissiyalari tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni respublika komissiyasi amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Komissiyalarning tarkibi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari va xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakillari, shuningdek fan va madaniyat arboblari, ekspertlar, mutaxassislar hamda tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslar orasidan shakllantiriladi. Respublika komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar komissiyalari tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimliklarining rahbariyati tomonidan boshqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Respublika komissiyasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar komissiyalarining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-sonli ““Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qarori.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasining geografik obyektlarning nomlari sohasidagi vakolatlari
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi:
Keyingi tahrirga qarang.
respublika komissiyasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar komissiyalarining taqdimnomasiga koʻra geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazadi, ushbu masalalar boʻyicha tegishli xulosalar va tavsiyalarni tayyorlaydi hamda ularga yuboradi;
geografik obyektlarning nomlarini normallashtirish ishlarini amalga oshiradi;
Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestrini yuritadi;
Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga kiritilgan geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi axborotni yuridik va jismoniy shaxslarga belgilangan tartibda taqdim etadi.
14-modda. Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarning davlat ekspertizasi ular geografik obyektlarning nomlariga, mazkur nomlar oʻzgartirilishiga hamda belgilanishiga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligini aniqlash, shuningdek geografik obyektlarning nomlarini normallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarning davlat ekspertizasi:
respublika komissiyasi tomonidan — tumanlar, shaharlar, viloyatlar, tabiiy obyektlar, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga nisbatan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi tomonidan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga nisbatan;
viloyatlar komissiyalari tomonidan — shaharchalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga nisbatan tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi davlat ekspertizasi chogʻida toponimik va boshqa tadqiqotlar oʻtkazilishini, kartografik, arxivga doir, tarixiy va boshqa materiallar har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi, geografik obyektlar nomlarining normallashtirilishini amalga oshiradi hamda ekspertiza yakunlariga koʻra geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarning qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligi yoxud muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa beradi, ushbu xulosa tegishli komissiyalar murojaat etgan kundan eʼtiboran bir oy ichida ularga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat ekspertizasining xulosasi respublika komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar komissiyalari tomonidan xulosalar berishda hisobga olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi davlat ekspertizasini oʻtkazish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar mutaxassislarini, yetakchi olimlarni, fan va madaniyat arboblarini, shuningdek tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslarni jalb etishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga ilova qilinadigan hujjatlar
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirishni amalga oshiruvchi organlarga kiritiladigan geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
geografik obyektlarga nom berish yoki ularning nomlarini oʻzgartirish zarurligining, maqsadga muvofiqligining asosi;
geografik obyektning taklif etilayotgan nomi;
Keyingi tahrirga qarang.
kartografiya materiallari;
geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish bilan bogʻliq tegishli hisob-kitoblar hamda xarajatlarning manbalari;
tegishincha respublika komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar komissiyalarining xulosasi;
ushbu Qonun 14-moddasining ikkinchi qismi talablariga muvofiq oʻtkazilgan davlat ekspertizasining xulosasi.
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga geografik obyektlarning oʻziga xos xususiyati hamda belgilangan maqsadi hisobga olingan holda boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.
3-bob. Geografik obyektlarning nomlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ulardan foydalanish va ularni saqlash
16-modda. Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestri
Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestri geografik obyektlarning nomlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish maqsadida yuritiladigan, ushbu obyektlarning nomlariga taalluqli boʻlgan maʼlumotlarning tizimlashtirilgan toʻplamidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi geografik obyektlarning nomlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga kiritgan holda amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirishni amalga oshiruvchi organlar geografik obyektlarga nom berilganligi va ularning nomlari oʻzgartirilganligi toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlarni Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga kiritish uchun oʻn kunlik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasiga taqdim etishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga kiritilgan geografik obyektlarning nomlari haqidagi axborot Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Geografik obyektlarning nomlaridan foydalanish
Geografik obyektlarning roʻyxatdan oʻtkazilgan nomlari:
oʻz faoliyatini amalga oshirayotganda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻquv nashrlarida, kartografik, maʼlumotnoma, ensiklopedik nashrlarda, eʼlonlar, reklama, yoʻl belgilari, pochta joʻnatmalarida foydalanish uchun majburiydir.
Geografik obyektlarning roʻyxatdan oʻtkazilgan nomlaridan boshqa hollarda ham qonun hujjatlariga muvofiq foydalanish mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan geografik obyektlar nomlarining yoʻl belgilaridagi, peshlavhalar va boshqa koʻrsatkichlardagi yozuvlari davlat tilida ifodalanadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda, geografik obyektlar nomlarining rasmiy kataloglari va maʼlumotnomalarini nashr etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Geografik obyektlarning nomlarini saqlash
Geografik obyektlarning nomlari davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Geografik obyektlar nomlarining birini boshqasiga oʻzboshimchalik bilan almashtirishga, geografik obyektlarning buzib koʻrsatilgan nomlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
19-modda. Geografik obyektlarning nomlaridan foydalanilishi va ularning saqlanishi ustidan nazorat
Geografik obyektlarning nomlaridan foydalanilishi va ularning saqlanishi ustidan nazorat belgilangan vakolatlar doirasida:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari;
Keyingi tahrirga qarang.
respublika komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi;
Keyingi tahrirga qarang.
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
20-modda. Geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni moliyalashtirish
Geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagilar moliyalashtiriladi:
geografik obyektlarning nomlarini belgilash, normallashtirish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
geografik obyektlar nomlarining rasmiy kataloglari va maʼlumotnomalarini tayyorlash hamda nashr etish.
Aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish tegishli mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Geografik obyektlarga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining taklifiga koʻra nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish mazkur organlarning faoliyatini moliyalashtirish nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Geografik obyektlarga xoʻjalik boshqaruvi organlarining taklifiga koʻra nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek mazkur organlar mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
21-modda. Nizolarni hal etish
Geografik obyektlarning nomlari sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
22-modda. Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
23-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari hamda bekor qilishlarini taʼminlasin.
24-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2011-yil 13-oktabrdagi 198 (5365)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 12-oktabr,
OʻRQ–303-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 41-son, 448-modda; 2017-y., 35-son, 914-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 17.08.2021-y., 03/21/708/0799-son; 03.11.2022-y., 03/22/799/0986-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)