toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 10.04.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha dasturlarini tayyorlash va qabul qilish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-apreldagi 147-sonli “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi tasdiqlanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini soʻzsiz bajarish boʻyicha Hukumatning qonun loyihalariga doir faoliyatini aniq maqsadga yoʻnaltirilgan va izchil tashkil etish, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning qonun loyihalariga doir ishi samaradorligini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar talablariga muvofiq boʻlgan qonunlar loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli tayyorlashni taʼminlash maqsadida, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “2011-yilda qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish dasturi toʻgʻrisida” 2011-yil 10-martdagi 68-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
1. Qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha dasturlarini (keyingi oʻrinlarda qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari deb ataladi) tayyorlash va qabul qilish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringi tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
2. Belgilab qoʻyilsinki:
a) qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari har yili qabul qilinadi va kelgusi yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga moʻljallanayotgan qonunlar loyihalarini tayyorlashni nazarda tutadi;
b) qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va qonunlarida;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlarida;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarida;
mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tashabbuslarida va takliflarida nazarda tutilgan qonunlar loyihalari kiritiladi;
v) davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tashabbusi va takliflari boʻyicha qonunlar loyihalarini qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga kiritish mufassal konsepsiyalar va ularni qabul qilishni asoslovchi zarur tahliliy materiallar asosida amalga oshiriladi;
g) qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
3. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari:
qonunlar loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha takliflar ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga qatʼiy rioya qilgan holda har yili 1-oktabrgacha boʻlgan muddatda qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga kiritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etilishini taʼminlasinlar;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga kiritish uchun takliflarni tayyorlashda amaldagi qonun hujjatlariga faqat oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish bilan cheklanib qolmay, mustaqil va yaxlit qonunlar loyihalarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratsinlar.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari zimmasiga qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarini shakllantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritilayotgan takliflarning sifati, asoslanganligi va oʻz vaqtida kiritilishi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasiga kiritish uchun takliflarni tayyorlashda, unga kiritilgan qonunlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish va kiritishda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari ishi amalda muvofiqlashtirilishini taʼminlasin;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
kelgusi yilga qonun loyihalariga doir ishlar dasturi loyihasi joriy yilning 1-dekabridan kechiktirmay belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin;
qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari bajarilishi ustidan samarali va tizimli monitoring oʻrnatsin, qonunlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish va Vazirlar Mahkamasiga kiritishda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga zarur yordam koʻrsatsin;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
har chorakda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlari loyihalari oʻz vaqtida kiritilmasligi sabablari va shartlari, ularning past sifati koʻrsatilgan, shuningdek qonunlar loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqish va kiritishni taʼminlash boʻyicha takliflar bildirilgan holda qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari bajarilishi toʻgʻrisida axborot taqdim etsin.
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va maslahatchilari, Vazirlar Mahkamasining kotibiyatlari mudirlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
tegishli kotibiyatlarga biriktirilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga kiritish uchun asosli takliflar oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
tasdiqlangan qonun loyihasi ishlari dasturlariga muvofiq qonunlar loyihalarini ishlab chiqilishi, kelishilishi hamda Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsinlar.
(5-banding uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda:
qonun hujjatlari loyihalari konsepsiyasi va tushuntirish xatlariga, tuzilmasiga va mazmuniga, ularga ilova qilinadigan tahliliy va axborot materiallariga, shuningdek Vazirlar Mahkamasi vakillarini shakllantirish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida qonun hujjatlari loyihalarini muhokama etishda ishtirok etish tartibiga qoʻyiladigan asosiy talablarni koʻzda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari ishtirokida qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga kiritish uchun takliflar tayyorlashni tashkil etish, qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va kelishish, shuningdek ular bajarilishi monitoringi masalalari boʻyicha seminarlar oʻtkazsin. Keyinchalik bunday seminarlarni tizimli asosda oʻtkazsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri N.T. Yuldashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-avgust,
227-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-avgustdagi 227-son qaroriga
1-ILOVA
Qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha dasturlarini tayyorlash va qabul qilish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringi tartibi toʻgʻrisida
Nizom
(nizom nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha dasturlarini (keyingi oʻrinlarda qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari deb ataladi) tayyorlash va qabul qilish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringi tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
2. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari har yili qabul qilinadi va kelgusi yil mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish moʻljallanayotgan qonun loyihalarini tayyorlashni nazarda tutadi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
3. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga quyidagilarda:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va qonunlarida;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlarida;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida va topshiriqlarida;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida va topshiriqlarida;
mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tashabbuslarida va takliflarida nazarda tutilgan qonunlar loyihalari kiritiladi.
4. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarida normativ-huquqiy hujjatlarning kompleksliligini va oʻzaro bir-birini toʻldirishini hisobga olgan holda, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalardagi demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan qonunlar loyihalarini tayyorlash nazarda tutiladi.
(3 va 4-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
5. Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Hukumatning qonun loyihalariga doir faoliyati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qonun loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha hujjatlari va topshiriqlarining Vazirlar Mahkamasi tomonidan bajarilishi toʻgʻrisida axborot beradi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
6. Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qonun loyihalarini tayyorlash boʻyicha takliflarini belgilangan tartibda koʻrib chiqadi va ularni ishlab chiqish boʻyicha oʻz faoliyatini ular bilan muvofiqlashtiradi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
II. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarini tayyorlash va qabul qilish
7. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarining loyihalari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari (keyingi oʻrinlarda manfaatdor tashkilotlar deb ataladi) takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.
Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarining loyihalarida quyidagilar nazarda tutiladi:
qonun loyihasining ishchi nomi;
qonunni qabul qilish zarurligining asoslanishi va u qabul qilingan taqdirda kutiladigan natijalar;
qonun loyihasini ishlab chiqish boʻyicha masʼul ijrochilar;
qonun loyihasi muhokamasini oʻtkazish boʻyicha tadbirlar (zaruriyat boʻlganda);
qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish muddati.
Vazirlar Mahkamasi apparatining qonun loyihasi koʻrib chiqilishi uchun masʼul boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi.
(7-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarining loyihalarida boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.
Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga kiritish uchun takliflarni (keyingi oʻrinlarda takliflar deb ataladi) tayyorlashda, faqat amaldagi qonunlarga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish bilangina cheklanib qolmay, mustaqil va yaxlit qonunlar loyihalarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratiladi.
8. Kelgusi yil uchun takliflar manfaatdor tashkilotlar tomonidan, ularning birinchi rahbarlari (istisno holatlarda — ularning birinchi oʻrinbosarlari) imzosi bilan joriy yilning 1-oktabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etiladi.
9. Takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga ushbu Nizomga ilovaga muvofiq shakl boʻyicha jadval tarzida taqdim etiladi, jadvalga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
qonun loyihasi qabul qilish zaruriyati asoslari va kutiladigan natijalar nazarda tutilgan qonun loyihasining konsepsiyasi;
qonun loyihasiga tushuntirish xati — agar qonun loyihasi matni tayyorlangan boʻlsa;
qabul qilinishi, oʻzgartirilishi yoki qoʻshimchalar kiritilishi, qonun loyihasi qabul qilinganligi munosabati bilan oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilishi lozim boʻlgan qonun va qonun osti hujjatlarining roʻyxati — agar qonun loyihasi matni tayyorlangan boʻlsa;
xalqaro hujjatlarni va xorijiy mamlakatlarning qonunchiligini oʻrganish yakunlari boʻyicha tahliliy axborot;
(9-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
qonun loyihasining jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasini oʻtkazishning taxmin qilinayotgan sanasi toʻgʻrisidagi axborot (zaruriyat boʻlganda).
(7 — 9-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
10. Manfaatdor tashkilotlar rahbarlari takliflarning sifati, asoslanganligi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga oʻz vaqtida kiritilishi uchun shaxsan javob beradilar.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor tashkilotlarning takliflarini tizimli, puxta va tanqidiy koʻrib chiqadi, ishlab chiqish taklif etilayotgan qonunlar loyihalarining ustuvorligini, asoslanganligini va dolzarbligini, shuningdek ularning qonunchilik normalariga muvofiqligini oʻrganadi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Takliflarni oʻrganish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
takliflar ushbu Nizomda nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmagan taqdirda ularni manfaatdor tashkilotlarga qaytarish;
qonun loyihalari boʻyicha qoʻshimcha tahliliy materiallarni soʻrab olish, shuningdek qonun loyihalarini qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihalariga kiritish uchun chuqur va har tomonlama tahlil qilish va yetarlicha asosni ishlab chiqish uchun manfaatdor tashkilotlarning xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini jalb etgan holda ishchi guruhlar tashkil etish huquqiga ega.
Manfaatdor tashkilotlarning takliflarini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi navbatdagi yil uchun qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasini shakllantiradi.
12. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasida, qoidaga koʻra, qonunlar loyihalari quyidagi guruhlar boʻyicha joylashtiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va qonunlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarida nazarda tutilgan qonunlar loyihalari;
mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olingan holda manfaatdor tashkilotlarning tashabbuslari va takliflari asosida ishlab chiqilgan qonunlar loyihalari.
(11 va 12-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
121. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarining loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan manfaatdor va boshqa tashkilotlar bilan oldindan kelishiladi.
122. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi oldindan kelishuv natijalarini hisobga olgan holda qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasini qayta ishlab chiqadi va uni muhokama qilishni tashkil etadi.
123. Muhokama qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining (majburiy tartibda), shuningdek manfaatdor va boshqa tashkilotlar vakillari qatnashadilar.
Muhokama qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning vakillari ham qatnashishi mumkin.
124. Muhokama yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, zaruriyat boʻlganda, qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasini qayta ishlab chiqadi hamda uni kelishish (viza qoʻyish) uchun manfaatdor va boshqa tashkilotlarga belgilangan tartibda yuboradi.
(121 — 124-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qaroriga asosan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasini tayyorlash masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishining qonunchilik asoslarini, sud-huquq tizimini isloh qilish boʻyicha kengash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tuzilgan qonunlar loyihalarini tayyorlash boʻyicha komissiyalar va ishchi guruhlar, taʼlim va ilmiy muassasalar, shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-iyundagi 429-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2018-y., 09/18/429/1330-son)
14. Kelgusi yilga qonun loyihalariga doir ishlar dasturi loyihasi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga joriy yilning 1-dekabrigacha boʻlgan muddatda kiritiladi.
141. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili qonun loyihalariga oid ishlar dasturi sifatli tayyorlanishi va oʻz vaqtida kiritilishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida puxta ishlab chiqilishi va axborot berilishi uchun javob beradi.
(141-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-yanvardagi 67-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2018-y., 09/18/67/0636-son)
15. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmasi bilan kelishiladi.
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmasi bilan kelishilgandan keyin qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati koʻrib chiqishi va maʼqullashi uchun kiritiladi.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
16. Qabul qilingan qonun loyihalariga doir ishlar dasturi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, shuningdek manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
161. Qonun loyihasining asosiy ijrochisi boʻlgan manfaatdor va boshqa tashkilotlar navbatdagi yil uchun qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari qabul qilingan kundan boshlab oʻn kun mobaynida qonun loyihasini ishlab chiqish reja-jadvalini ishlab chiqadilar va tasdiqlaydilar.
(161-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qonun loyihasini ishlab chiqish reja-jadvali manfaatdor va boshqa tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
(161-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qonun loyihasini ishlab chiqish reja-jadvalining nusxasi u tasdiqlangan paytdan ikki kun mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboriladi, unga quyidagilar toʻgʻrisidagi axborotlar ilova qilinadi:
(161-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
qonun loyihasini ishlab chiqish boʻyicha asosiy ijrochi boʻlgan tarkibiy boʻlinmaning nomi;
qonun loyihasini ishlab chiqish uchun masʼul boʻlgan shaxslar, ular bilan bogʻlanish maʼlumotlari.
(161-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qaroriga asosan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
17. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida, shuningdek ushbu Nizom talablariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining takliflariga koʻra amalga oshiriladi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflari uning oʻz tashabbusiga koʻra yoki manfaatdor tashkilotlarning ushbu Nizomga muvofiq taqdim etilgan takliflarini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha kiritiladi.
III. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarini tayyorlash va ijro etish jarayoni monitoringi
19. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
qonun loyihalariga doir ishlar dasturi loyihasiga kiritish uchun takliflarni tayyorlashda, unga kiritilgan qonun loyihalarini ishlab chiqish, kelishish va kiritishda manfaatdor tashkilotlar ishining amalda muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi, shuningdek metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
manfaatdor tashkilotlar ishtirokida qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga kiritish uchun takliflarni tayyorlashni tashkil etish, qonun loyihalarini ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va kelishish, shuningdek ular bajarilishi monitoringi masalalari boʻyicha tizimli asosda seminarlar oʻtkazadi;
qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari bajarilishi ustidan samarali va tizimli monitoringni amalga oshiradi, qonun loyihalarini ishlab chiqish, kelishish va Vazirlar Mahkamasiga kiritishda manfaatdor tashkilotlarga zarur yordam beradi;
har chorakda Vazirlar Mahkamasiga qonun loyihalari oʻz vaqtida kiritilmasligini sabablari va shartlari, ularning past sifati koʻrsatilgan, shuningdek qonun loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqish va kiritishni taʼminlash boʻyicha takliflar bildirilgan holda qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari bajarilishi toʻgʻrisida axborot kiritadi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
20. Manfaatdor tashkilotlarning rahbarlari tayyorlanadigan qonun loyihalarining sifati, asoslanganligi va oʻz vaqtida tayyorlanishi, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamenti bilan belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilishi uchun shaxsan javob beradilar.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
21. Qonun loyihasi tayyorlanishi uchun masʼul boʻlgan manfaatdor tashkilot:
qonun hujjati loyihasi ishlab chiqilishini tashkil etadi, hamijrochilar ishini muvofiqlashtiradi, zarur hollarda boshqa manfaatdor tashkilotlar xodimlarini jalb etgan holda ishchi guruh tashkil etadi;
qonun loyihasi bilan tartibga solinadigan predmet va uni qoʻllash amaliyoti doirasida qonunchilikni oʻrganadi;
muayyan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan boʻshliqlar va nomuvofiqliklarni, shuningdek ushbu ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish ehtiyojini belgilaydi;
qonun loyihasini qabul qilish natijasida qonunchilikning samaradorligiga taʼsir koʻrsatadigan sabablar va shartlarni oʻrganadi;
yetakchi xorijiy mamlakatlarda tegishli huquqiy munosabatlarni qonunchilik yoʻli bilan tartibga solish tajribasini oʻrganadi;
tayyorlangan qonun hujjati loyihasining belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlaydi;
har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 5-kunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarining tegishli bandlari bajarilishi, shuningdek qonun hujjatlari kuchga kirgunga qadar ular loyihalarining holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
22. Qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari bajarilishi monitoringi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilib, oʻz ichiga manfaatdor tashkilotlar tomonidan qonun loyihalarining sifati va ularni ishlab chiqishning belgilangan muddatlariga rioya qilinishini, shuningdek ularning amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha talablarga, xalqaro normalar va standartlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligini baholashni oladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
23. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi har oyda qonun loyihasi ishlari dasturlari bajarilishining borishini koʻrib chiqadi.
Qonun loyihalarini ishlab chiqishda qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarida nazarda tutilgan muddatlardan orqada qolingan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bu haqda manfaatdor tashkilotlarni yozma shaklda xabardor qiladi.
(23-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
24. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari bajarilishi monitoringini amalga oshirish uchun qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari loyihasini shakllantirish, shuningdek qonun loyihalariga doir ishlar masalalari boʻyicha manfaatdor tashkilotlardan zarur maʼlumotlarni soʻrab olish va yozma tushuntirish berishni talab qilish, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan masalalar boʻyicha ular faoliyati monitoringini olib borish huquqiga ega.
Soʻraladigan maʼlumotlar va yozma tushuntirishlar manfaatdor tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga 10 kun muddatda yetkaziladi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 15-kunigacha Vazirlar Mahkamasiga qonun loyihalariga doir ishlar dasturlari bajarilishi toʻgʻrisida axborot kiritadi.
Qonun loyihalarini ishlab chiqish muddatlari buzilgan yoki ular sifatsiz tayyorlangan hollarda adliya vaziri bu haqdagi masalani manfaatdor tashkilotlar rahbarlarini tegishli javobgarlikka tortish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Prezidiumiga koʻrib chiqish uchun kiritish huquqiga ega.
(25-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
26. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi har yilning yakunlari boʻyicha manfaatdor tashkilotlarning qonun loyihalariga doir ishlar dasturi loyihasini shakllantirish, shuningdek qonun loyihalariga doir ishlar dasturlarida nazarda tutilgan qonun loyihalarini tayyorlash boʻyicha faoliyati natijalarini umumlashtiradi va baholaydi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
261. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili qonun loyihalariga oid ishlar dasturlari ijrosining monitoringini olib boradi, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning qonun loyihalariga oid ishlar dasturini oʻz vaqtida va sifatli ijro etishlariga doir ishlarini muvofiqlashtirishda ishtirok etadi.
(261-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-yanvardagi 67-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2018-y., 09/18/67/0636-son)
27. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislarida, shuningdek prezidiumlarida manfaatdor tashkilotlar rahbarlarining qonun loyihalariga doir ishlar dasturlariga kiritilgan qonun loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqish toʻgʻrisidagi hisobotlari tizimli asosda eshitilishi mumkin.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
IV. Yakunlovchi qoida
28. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha dasturlarini tayyorlash va qabul qilish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringi tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
20__ yilda qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturi loyihasiga
TAKLIFLAR

T/r

Qonun loyihasining ishchi nomi

Qonunni qabul qilish zarurligining asoslanishi va u qabul qilingan taqdirda kutiladigan natijalar

Qonun loyihasini ishlab chiqish boʻyicha masʼul ijrochilar

Qonun loyihasi muhokamasini oʻtkazish boʻyicha tadbirlar

Qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish muddati

I. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va qonunlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlarida,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarida
nazarda tutilgan qonunlar loyihalari

1.

2.

3.

II. Mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olingan holda
manfaatdor tashkilotlarning tashabbuslari va takliflari asosida ishlab chiqilgan qonunlar loyihalari

1.

2.

3.

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 42-son, 484-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-avgustdagi 227-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 15-maydagi “Hukumatning qonun loyihalariga doir ish rejalarini tayyorlash va qabul qilish hamda ularning ijrosi monitoringini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 84-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 5-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2006-yil ikkinchi yarim yilligidagi qonun loyihalariga doir ish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 159-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2007-yilgi qonun loyihalariga doir ish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 264-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 20-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2008-yilgi qonun loyihalariga doir ish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 262-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2009-yilgi qonun loyihalariga doir ish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 278-son qarori.
6. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2010-yilgi qonun loyihalariga doir ish rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 331-son qarori.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 32-33-son, 335-modda; 2012-y., 37-son, 429-modda; 2016-y., 42-son, 484-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2018-y., 09/18/67/0636-son, 08.06.2018-y., 09/18/429/1330-son; 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)