toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2011-2015-YILLAR DAVRIDA MEVA-SABZAVOT MAHSULOTLARINI SAQLASHNING MODDIY-TEXNIKA BAZASINI RIVOJLANTIRISH VA MUSTAHKAMLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Aholini va ijtimoiy soha obyektlarini ayniqsa qish-bahor davrida meva-sabzavot mahsulotlari bilan ishonchli, kafolatli taʼminlash uchun zarur boʻlgan zamonaviy sovutish va ombor asbob-uskunalari bilan jihozlangan saqlash joylarining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga yetkazib berishni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2011 — 2015-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari dasturi tasdiqlansin, u quyidagi prognoz parametrlarini oʻz ichiga oladi:
meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun 1, 1a, 1b va 1v-ilovalarga* muvofiq yangi sovutish kameralarini qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish;
*1, 1a, 1b va 1v-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun 2, 2a va 2b-ilovalarga* muvofiq mavjud sovutish kameralarini modernizatsiyalash;
*2, 2a va 2b-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun sovutish kameralarini 3, 3a, 3b va 3v-ilovalarga* muvofiq qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalashni moliyalashtirish.
*3, 3a, 3b va 3v-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun yangi sovutish kameralari qurish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilishning ushbu qarorda nazarda tutilgan prognoz parametrlari toʻliq hajmda va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi uchun “Oʻzulgurjisavdoinvest” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining tashqi savdo kompaniyalari rahbarlariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan 2011 — 2015-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini bajarish ishlarini muvofiqlashtirish uchun 4-ilovaga* muvofiq tarkibda Ishchi guruh tashkil etilsin.
*4-ilova berilmaydi.
Ishchi guruhga (Sh.M.Mirziyoyev) quyidagi funksiyalar yuklansin:
meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun sovutish kameralarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalashning mintaqalar boʻyicha har yilgi aniq yoʻnaltirilgan roʻyxatlarini tasdiqlash;
sovutish kameralarini joylashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun sovutish kameralarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash loyihalarini moliyalashtirish bilan bogʻliq masalalarni tezkorlik bilan koʻrib chiqish;
meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun sovutish kameralarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash uchun moliyalashtirish manbalarini aniqlash, shuningdek tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilishini taʼminlash.
Ishchi guruhga, zarurat boʻlganda, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun sovutish kameralarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash parametrlariga tasdiqlangan umumiy koʻrsatkichlar doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Oʻzulgurjisavdoinvest” uyushmasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining tashqi savdo kompaniyalariga, ushbu qaror bilan tasdiqlangan Chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilishida qatnashadigan korxonalar va tashkilotlarga zarur transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi mavjudligi hisobga olingan holda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun sovutish kameralari qurish uchun zarur yer uchastkalari belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasinlar.
5. 2011 — 2015-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish doirasida olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq respublikada ishlab chiqarilmaydigan sovutish va ombor asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va materiallar, ortish va tushirish texnikasi bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno) 2016-yil 1-yanvargacha ozod qilinsin.
 LexUZ sharhi
Mazkur band nazarda tutilgan imtiyozlarning amal qilish muddati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-martdagi PQ-2505-sonli “2016 — 2020-yillarda meva-sabzavot va goʻsht-sut mahsulotlarining xom ashyo bazasini yanada rivojlantirish, ularni qayta ishlashni chuqurlashtirish, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish va eksport qilishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilgan.
6. Belgilansinki, “Oʻzulgurjisavdoinvest” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining tashqi savdo kompaniyalari, Chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilishida qatnashadigan korxonalar va tashkilotlar sovutish kameralaridan foydalangan holda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan asosiy vositalar yuzasidan yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash natijasida saqlash joylari foydalanishga qabul qilingan paytdan boshlab uch yil muddatga mulk soligʻi toʻlashdan ozod qilinadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qarorda belgilangan soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, unga amal qilinishi yuzasidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun sovutish kameralarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalashning prognoz parametrlari amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borilishini taʼminlasin va tahliliy materiallarni har chorakda Ishchi guruhga taqdim etsin.
Ishchi guruh (Sh.M. Mirziyoyev) yarim yillik va umuman yil yakunlari boʻyicha 2011 — 2015-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobot materiallarini aniq takliflar bilan birgalikda koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasi majlislariga kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 7-aprel,
105-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 14-son, 141-modda)