toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 30.04.2021
Hujjat 06.07.2006 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyalash va kreditlash tizimini yanada takomillashtirish hamda soddalashtirish, kredit resurslarini shakllantirish manbalaridan oqilona foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash fondi” (Biznes-fond) aksiyadorlik jamiyati va “Tadbirkor” aksiyadorlik-tijorat banki muassislarining quyidagi taklifi qabul qilinsin:
Biznes-fondni qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish;
Biznes-fondning 2004-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra kredit resurslari qoldiqlarini “Tadbirkor” ATBga topshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, Biznes-fond tomonidan “Tadbirkorbank” ATB negizida tashkil etilgan “Mikrokreditbank” ATBga topshirilgan mablagʻlar kichik va xususiy tadbirkorlik obyektlariga quyidagi maqsadlar uchun kredit resurslar tarzida ajratiladi:
ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi kichik korxonalar va yangi tashkil etilgan kichik biznes subyektlarining dastlabki (boshlangʻich) kapitalini shakllantirish;
“Mikrokreditbank” ATB hamda lizing kompaniyalar oʻrtasida tuzilgan bosh bitimlarga muvofiq kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun texnika va uskunalar lizingi;
“Mikrokreditbank” ATB mazkur kredit resurslarini tijorat banklari va lizing kompaniyalariga muddatli, toʻlovli va soʻzsiz qaytarish sharti bilan bersin.
(2-bandning birinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 6-iyuldagi PF–3767-son Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 2006-y., 40-son, 394-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2004-yilning 1-yanvaridan boshlab ilgari Biznes-fond resurslarini shakllantirishga ajratilgan mablagʻlar:
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar — 1991-yilga qadar koʻrilgan koʻp xonali turar joy binolarini kapital taʼmirlashni, shuningdek umumtaʼlim maktablari hamda maktabgacha tarbiya bolalar muassasalarini kapital taʼmirlash va jihozlashni moliyalash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlarga oʻtkaziladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan — yangi ish joylarini yaratish loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari vositasida kichik tadbirkorlik subyektlarini kreditlash orqali Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi dasturlarini moliyalashga yoʻnaltiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash fondi (Biznes-fond)ni tashkil etish haqida” 1995-yil 26-iyuldagi PF-1208-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmon ijrosi yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 23-dekabr,
PF-3367-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 11-12-son, 186-modda; 2006-y., 27-son, 246-modda; 2013-y., 14-son, 175-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda)