toggle_night_mode
Hujjat 23.06.2011 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
RIELTORLIK FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2010-yil 23-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2010-yil 3-dekabrda maʼqullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi 2026-yil 7-avgustdagi OʻRQ-1163-sonli “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2026-yil 8-noyabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi rieltorlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Rieltorlik faoliyati
Rieltorlik faoliyati yuridik va jismoniy shaxslarning koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir bitimlar tuzish bilan bogʻliq xizmatlarni shartnoma asosida koʻrsatish boʻyicha tadbirkorlik faoliyatidir.
Rieltorlik faoliyati rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) asosida amalga oshiriladi. Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Rieltorlik tashkiloti
Rieltorlik tashkiloti litsenziyaga ega boʻlgan tijorat tashkilotidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Rieltorlik tashkiloti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Rieltorlik tashkiloti shtatida rieltorning malaka sertifikatiga (bundan buyon matnda malaka sertifikati deb yuritiladi) ega boʻlgan kamida ikki nafar xodim, shu jumladan rieltorlik tashkilotining rahbari boʻlishi kerak.
Rieltorlik tashkilotiga uning rahbari arizasiga koʻra bir yoki bir necha turdagi rieltorlik xizmatlari koʻrsatish uchun litsenziya berilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Rieltorlik tashkiloti rieltorlik faoliyatidan tashqari boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish huquqiga ega emas.
Rieltorlik tashkiloti davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
Rieltorlik tashkiloti oʻz faoliyatini oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish polisi mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiradi.
5-modda. Rieltor
Rieltor malaka sertifikatiga va litsenziyaga ega boʻlgan, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxsdir.
Rieltorga litsenziya koʻchmas mulk bozorida faqat axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatish uchun beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Rieltor oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish polisiga ega boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi
Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-noyabrdagi 635-son qarori bilan tasdiqlangan Ayrim turdagi malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamentiga 3-ilova.
Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi:
rieltorlik tashkilotlari va rieltorlarga litsenziyani beradi, qayta rasmiylashtiradi;
rieltorlik tashkilotlari va rieltorlar tomonidan litsenziya talablari hamda shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
litsenziyaning amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turadi, litsenziyaning amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisida yoki tugatish hamda litsenziyani bekor qilish haqida sudga murojaat qiladi;
litsenziyani berish, uning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash, tugatish va litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi;
rieltorlik tashkilotining xodimlariga, shu jumladan rahbariga va malaka sertifikatini olish uchun daʼvogarlarga malaka talablarini belgilaydi;
malaka sertifikatini beradi, uning amal qilishini tugatadi va uni bekor qiladi;
rieltorlik tashkilotlari va rieltorlarning reyestrini yuritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish
Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
malaka sertifikatiga ega boʻlgan shaxsning arizasi;
rieltor tomonidan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish davomida olingan maʼlumotlar buyurtmachining yozma ruxsatisiz uchinchi shaxslarga taqdim etilganligi;
rieltorlik faoliyatini amalga oshirishda bir yil ichida ikki martadan koʻp qonun hujjatlarini buzish sodir etilganligi;
Keyingi tahrirga qarang.
malaka sertifikatini rieltorlik faoliyatida foydalanish maqsadida boshqa jismoniy shaxsga berilganligi faktining aniqlanganligi;
muayyan mansabni egallash yoki xoʻjalik sohasida muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi sud hukmining qonuniy kuchga kirganligi;
fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi.
Malaka sertifikatining amal qilishi uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi—beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha malaka sertifikatining amal qilishi tugatilgan shaxs malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil ichida rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organiga malaka sertifikati olish uchun ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organining malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Malaka sertifikatini bekor qilish
Malaka sertifikatini bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organining malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarorining noqonuniyligi aniqlanganligi;
malaka sertifikatining soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.
Malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror malaka sertifikati berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan asos boʻyicha malaka sertifikati bekor qilingan shaxs malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil ichida rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organiga malaka sertifikati olish uchun ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
Rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organining malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Rieltorlik xizmatlarining turlari va ularni koʻrsatish tartibi
9-modda. Rieltorlik xizmatlarining turlari
Rieltorlik faoliyati quyidagi turlardagi rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish orqali amalga oshiriladi:
koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chogʻidagi vositachilik;
koʻchmas mulk obyektlarining va ularga boʻlgan huquqlarning savdosini tashkil etish;
koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish;
koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari.
10-modda. Koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chogʻidagi vositachilik
Koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chogʻidagi vositachilik (koʻchmas mulkning oldi-sotdisi, ijarasi, garovi, ayirboshlanishi, hadya etilishi, rentasi, koʻchmas mulkdan tekin foydalanilishi va umrbod taʼminlash sharti bilan uy-joyni (kvartirani) boshqa shaxsga berish bilan bogʻliq harakatlar) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buyurtmachi bilan tuzilgan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi asosida rieltorlik tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi. Bunda rieltorlik tashkiloti mazkur bitimlarning bevosita tarafi boʻlishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir bitimlarni tuzish chogʻidagi vositachilik buyurtmachini ushbu Qonunning 18-moddasiga muvofiq axborot bilan taʼminlashni oʻz ichiga oladi.
11-modda. Koʻchmas mulk obyektlarining va ularga boʻlgan huquqlarning savdosini tashkil etish
Koʻchmas mulk obyektlarining va ularga boʻlgan huquqlarning savdosini tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buyurtmachi bilan tuzilgan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi asosida rieltorlik tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
Koʻchmas mulk obyektlarining va ularga boʻlgan huquqlarning savdosini tashkil etish savdoni oʻtkazish toʻgʻrisidagi va uning yakunlari haqidagi xabarnomalarni tayyorlash hamda eʼlon qilishni, savdoga qoʻyilayotgan koʻchmas mulk obyektlarini reklama qilishni, savdoda ishtirok etish uchun buyurtmanomalarni qabul qilish va hisobga olishni, zakalat toʻgʻrisida kelishuvlar tuzishni, savdoni oʻtkazishni, oʻtkazilgan savdo yakunlariga doir bayonnomani rasmiylashtirishni, sotuvchilar va sotib oluvchilar oʻrtasidagi hisob-kitob uchun shart-sharoitlar yaratishni hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa xizmatlarni oʻz ichiga oladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda. Koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish
Koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish boʻyicha faoliyat rieltorlik tashkilotiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzilgan koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish shartnomasi asosida berilgan koʻchmas mulk obyektlarini rieltorlik tashkiloti tomonidan oʻz nomidan haq evaziga muayyan muddat davomida boshqaruv muassisining yoki u koʻrsatgan shaxsning (foyda oluvchining) manfaatlarini koʻzlab boshqarishning amalga oshirilishidir. Koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari
Koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buyurtmachi bilan tuzilgan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi asosida rieltorlik tashkiloti yoki rieltor tomonidan koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari buyurtmachini koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi, koʻchmas mulk bozori va uning ishtirokchilari holatini tahlil etish hamda prognoz qilish haqidagi, mazkur bozorning konyunkturasi, koʻchmas mulk bozori sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlashni, shuningdek koʻchmas mulk obyektlari reklamasining tarqatilishini tashkil etishni, bitim taraflarini tanlash boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga oladi.
3-bob. Rieltorlik tashkilotlari, rieltorlar hamda buyurtmachilarning huquq va majburiyatlari
14-modda. Rieltorlik tashkiloti va rieltorning huquqlari
Rieltorlik tashkiloti va rieltor quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vakolati doirasida rieltorlik xizmatlari koʻrsatish;
oʻz rieltorlik xizmatlarini va buyurtmachining koʻchmas mulk obyektlarini reklama qilish;
rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi shartlari buyurtmachi tomonidan bajarilmagan taqdirda shartnomaning bekor qilinishini talab etish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur axborotni belgilangan tartibda olish.
Rieltorlik tashkiloti va rieltor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Rieltorlik tashkiloti va rieltorning majburiyatlari
Rieltorlik tashkiloti va rieltor:
buyurtmachining talabiga binoan litsenziyani va malaka sertifikatini koʻrsatishi;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilishi;
buyurtmachiga rieltorlik xizmatlarini faqat rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi asosida koʻrsatishi;
rieltorlik xizmatlari koʻrsatish chogʻida buyurtmachining manfaatlarini ifodalashi;
rieltorlik xizmatlari koʻrsatish davomida olingan maxfiy axborotni oshkor etmasligi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
Keyingi tahrirga qarang.
buyurtmachidan olingan hujjatlarning but saqlanishini taʼminlashi;
buyurtmachiga koʻchmas mulk obyektiga, unga boʻlgan huquqlarga taalluqli ishonchli va toʻliq axborotni, shuningdek koʻchmas mulk obyektining mulkdori (huquq egasi) haqidagi ushbu Qonunda nazarda tutilgan axborotni taqdim etishi;
buyurtmachini koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan axborot bilan taʼminlashi;
buyurtmachining yozma murojaatlariga yozma shaklda javob berishi;
bajarilgan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomalari boʻyicha arxiv materiallarini shakllantirishi va ularni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan muddat mobaynida saqlashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Rieltorlik tashkiloti va rieltorning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Buyurtmachining huquq va majburiyatlari
Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega:
rieltorlik tashkiloti yoki rieltordan litsenziya, shuningdek malaka sertifikati koʻrsatilishini talab qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
rieltorlik tashkiloti yoki rieltordan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi bajarilishining borishi haqida axborot olish;
rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi shartlari rieltorlik tashkiloti yoki rieltor tomonidan bajarilmagan taqdirda shartnomaning bekor qilinishini talab etish;
rieltorlik tashkiloti yoki rieltorning aybi bilan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasining bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini va maʼnaviy ziyonning kompensatsiya qilinishini talab qilish;
koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir tuzilishi moʻljallanayotgan bitimning xususiyati hamda huquqiy oqibatlari toʻgʻrisida rieltorlik tashkiloti yoki rieltordan yozma shaklda axborot olish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organiga, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga, rieltorlik tashkilotlari va rieltorlarning birlashmalariga, shuningdek sudga murojaat qilish.
Buyurtmachi:
rieltorlik tashkiloti yoki rieltorning rieltorlik xizmatlari haqini tuzilgan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi shartlariga muvofiq oʻz vaqtida toʻlashi;
bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti, unga boʻlgan huquqlar haqidagi, oʻzi va boshqa huquq egalari toʻgʻrisidagi ishonchli hamda toʻliq maʼlumotlar va hujjatlarni rieltorlik tashkilotiga yoki rieltorga taqdim etishi shart.
Buyurtmachi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Rieltorlik faoliyatini axborot bilan taʼminlash
17-modda. Rieltorlik tashkilotiga va rieltorga axborot taqdim etish shartlari
Rieltorlik tashkiloti yoki rieltordan buyurtmachi bilan tuzilgan rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasining koʻchirma nusxasi ilova qilingan holda yozma soʻrov olingan taqdirda davlat organlari va boshqa tashkilotlar ushbu Qonunning 18-moddasida koʻrsatilgan axborotni belgilangan tartibda taqdim etadi.
18-modda. Rieltorlik tashkilotiga va rieltorga taqdim etiladigan axborot
Rieltorlik tashkilotiga quyidagi organlar va tashkilotlar tomonidan axborot taqdim etiladi:
yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan — yuridik shaxslarning davlat reyestriga kiritilgan maʼlumotlar hajmida;
koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan — koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat reyestriga va koʻchmas mulk haqidagi ochiq foydalanish mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar bazalariga kiritilgan maʼlumotlar hajmida;
davlat soliq xizmati organlari tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti boʻyicha soliqlarni toʻlash yuzasidan qarz mavjud emasligi haqida;
ichki ishlar organlari tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti manzili boʻyicha fuqarolar qayd etilganligi haqida;
davlat notarial idoralari tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyektini boshqa shaxsga oʻtkazishning taqiqlanmaganligi va mazkur koʻchmas mulk obyektining xatlanmaganligi toʻgʻrisida;
Keyingi tahrirga qarang.
kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlash yuzasidan qarz mavjud emasligi haqida;
xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyekti boʻyicha umumiy mol-mulkni saqlash uchun majburiy badallarni toʻlash yuzasidan qarz mavjud emasligi haqida;
Keyingi tahrirga qarang.
tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashuvchi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari, sogʻliqni saqlash muassasalari va xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan — fuqarolarning ayrim toifalariga mansub shaxsning (voyaga yetmaganlar va belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan boshqa shaxslar, nogironlar, pensionerlar va boshqalarning) muomala layoqatini aniqlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar hajmida;
Keyingi tahrirga qarang.
fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan — bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyektiga nisbatan huquqqa ega boʻlgan shaxslar tomonidan nikohning tuzilganligi yoki bekor qilinganligi toʻgʻrisida yoxud ularning tugʻilganligi yoki oʻlimi toʻgʻrisida dalolatnoma yozuvining mavjudligi yoxud mavjud emasligi haqida.
Rieltorga faqat ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan axborot taqdim etiladi.
Rieltorlik tashkilotiga va rieltorga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan ham axborot taqdim etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Mansabdor shaxsning axborot taqdim etishni rad etganligi ustidan shikoyat qilish
Davlat organi va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxsining ushbu Qonunning 17 va 18-moddalariga muvofiq soʻralayotgan axborotni rieltorlik tashkilotiga va rieltorga taqdim etishni rad etganligi ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga bevosita shikoyat qilinishi mumkin.
5-bob. Rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi
20-modda. Rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasiga taalluqli majburiy talablar
Rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi rieltorlik tashkiloti yoki rieltor tomonidan buyurtmachi bilan yozma shaklda tuziladi.
Rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
rieltorlik xizmatlarining mazmuni;
rieltorlik xizmatlari koʻrsatish muddatlari;
koʻrsatilgan rieltorlik xizmatlariga toʻlanadigan haqning miqdori, shartlari va muddatlari;
rieltorlik tashkiloti yoki rieltor hamda buyurtmachining huquq va majburiyatlari;
taraflarning shartnoma majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi hamda uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzganligi uchun javobgarligi;
shartnomani bekor qilish tartibi va shartlari;
shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda mablagʻlarni qaytarish tartibi;
rieltorlik tashkilotida yoki rieltorda litsenziyaning mavjudligi haqidagi maʼlumotlar uning tartib (roʻyxatdan oʻtkazilganlik) raqami va berilgan sanasi koʻrsatilgan holda;
Keyingi tahrirga qarang.
rieltorlik tashkilotida yoki rieltorda oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish polisining mavjudligi haqidagi maʼlumotlar.
Rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
21-modda. Rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasining bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar
Rieltorlik tashkiloti yoki rieltor rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasi bajarilganligini tasdiqlovchi rieltorlik tashkilotining rahbari yoki rieltor va buyurtmachi tomonidan imzolanadigan dalolatnoma (hujjat) tuzadi. Bunda rieltorlik tashkiloti yoki rieltor koʻrsatilgan rieltorlik xizmatlariga bevosita taalluqli boʻlgan barcha hujjatlarni buyurtmachiga topshiradi.
22-modda. Bir nechta buyurtmachiga rieltorlik xizmatlari koʻrsatish
Rieltorlik tashkiloti yoki rieltor ayni bir koʻchmas mulk obyekti va unga boʻlgan huquqlar boʻyicha bir vaqtning oʻzida bir nechta buyurtmachiga rieltorlik xizmatlarini koʻrsatishga haqli. Bunda rieltorlik xizmatlarini koʻrsatish shartlari barcha buyurtmachilar uchun bir xil boʻlishi kerak.
Rieltorlik tashkiloti yoki rieltor barcha buyurtmachilarga koʻchmas mulk obyekti va uchinchi shaxslarning unga boʻlgan huquqlari haqidagi maʼlumotlarni maʼlum qilishi shart.
23-modda. Uchinchi shaxslarning huquqlarini himoya qilish
Rieltorlik tashkiloti yoki rieltor va buyurtmachi bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyektiga nisbatan huquqqa ega boʻlgan shaxslarning roziligisiz rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasini tuzishga haqli emas.
Agar rieltorlik xizmatlari koʻrsatish shartnomasini bajarish davomida yoki natijasida uchinchi shaxslarga mulkiy va (yoki) maʼnaviy ziyon yetkazilgan boʻlsa, rieltorlik tashkiloti yoki rieltor va buyurtmachi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplaydi hamda maʼnaviy ziyon uchun kompensatsiya toʻlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bitim predmeti boʻlgan koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqlari buzilgan shaxslar, shu jumladan voyaga yetmaganlarning manfaatlarini koʻzlab harakat qiluvchi qonuniy vakillari sudga murojaat etishga haqli.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
24-modda. Rieltorlik tashkilotlari va rieltorlarning birlashmalari
Rieltorlik tashkilotlari va rieltorlar umumiy manfaatlarni ifodalash hamda himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rieltorlik tashkilotlari va rieltorlarning birlashmalarini tashkil etish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
25-modda. Nizolarni hal etish
Rieltorlik faoliyati sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
28-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2010-yil 23-dekabrdagi 246 (5161)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 22-dekabr,
OʻRQ-269-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 51-son, 480-modda; 2011-y., 51-son, 542-modda; 2016-y., 52-son, 597-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2019-y., 03/19/584/4025-son; 15.01.2020-y., 03/20/602/0052-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son; 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)