1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.01 Maktabgacha taʼlim va tarbiya;
2.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sogʻliqni saqlash / 14.01.03.00 Aholiga davolash-profilaktika yordami koʻrsatish / 14.01.03.06 Ona va bola salomatligini muhofaza qilish]
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Qarori
TIBBIY-PSIXOLOGIK-PEDAGOGIK KOMISSIYALAR TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 17-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2121]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2017-yil 22-sentabrdagi 9-mh, 112-sonli “Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2121-1, 27.09.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda), “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 1-2-son, 1-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 117-son “Davlat maxsus maktabgacha taʼlim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladi:
1. Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri A. MARAXIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 9-iyul,
30-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 9-iyul,
18-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2010-yil 9-iyuldagi 30, 18-sonli qaroriga ILOVA
Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalar toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda), “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 1-2-son, 1-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 117-son “Davlat maxsus maktabgacha taʼlim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 24-25-son, 194-modda) muvofiq Tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalarning (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
I. Umumiy qoidalar
1. Komissiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari huzurida tuziladi. Komissiya oʻz ishini jamoatchilik asosida yuritadi.
2. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Komissiya oʻz faoliyatini qarorlar qabul qilishda xolislik, ochiqlik, oshkoralik va kollegiallik tamoyillariga asoslangan holda olib boradi.
4. Davlat maxsus maktabgacha taʼlim muassasasiga (keyingi oʻrinlarda muassasa deb yuritiladi) 2 — 7 yoshdagi bolalarning quyidagi toifalari qabul qilinadi:
nutqida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar (alaliya, bolalar afaziyasi, rinolaliya, dizartriya, duduqlanish, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish);
eshitishida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar (I — IV guruh karlik, yomon eshituvchilar, orttirilgan karlik);
koʻrishida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar (koʻzi ojizlar, ambliopiya va gʻilaylik, zaif koʻradiganlar);
tayanch-harakatlanish aʼzosida nuqsonlar boʻlgan bolalar (bosh miya, boʻyin, koʻkrak qafasi, umurtqa, boʻgʻimlar va oyoqlar operatsiyalarining barcha turlaridan keyingi holat, barcha tugʻma raxit, jarohat, kuyish va, boʻyin, koʻkrak qafasi, umurtqa va oyoqlarning idiapatik buzilishi; kifozlar, lordozlar, kifoskolioz, qomatning buzilishi, koʻkrak qafasi, umurtqa va oyoqlar deformatsiyasi, yassi oyoq panjasi, oyoq panjalari falaji; tayanch-harakatlanish aʼzosi rivojlanishi anomaliyasi, boʻgʻimlar deformatsiyasi, artrozoartritlar, boʻgʻinlar rekurvatsiyasi, jismoniy rivojlanishida orqada qolish; ostexondropatiya, xondrodistrofiya; poliomiyelit va meningoensefalitga chalingandan keyin bolalar tserebral falajida tayanch-harakatlanish aʼzolarining barcha patologiyalari, gemioporezlar, plegiyalar, monoporezlar, Erb-Dyushen falaji, poliradikulonevritlar);
psixik rivojlanishda orqada qolayotgan bolalar (aqliy orqada qolish, jiddiy aqliy orqada qolish, psixik rivojlanishning kechikishi);
nuqsonlari murakkab boʻlgan bolalar (rivojlanishida 2 va undan ortiq nuqsonga ega boʻlgan bolalar).
II. Komissiyaning maqsad va vazifalari
5. Komissiyaning maqsadi 2 yoshdan 7 yoshgacha jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalarni aniqlash va ularni tegishli tiplar boʻyicha muassasaga joylashtirishdan iborat.
6. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalarni ularning ota-onalari (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) ishtirokida koʻrikdan oʻtkazish;
jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni koʻrikdan oʻtkazishda ular bilan bevosita muloqat qilish va ulardagi nuqsonlarni tasdiqlovchi hujjatlarni oʻrganish;
bolaning jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi nuqsonlari haqida yashash joyidagi shifoxona shifokorlari tomonidan qoʻyilgan tashxisni ishonchliligini oʻrganish;
bolaning jismoniy yoki aqliy rivojlanishidagi nuqsoniga qoʻyilgan tashxis tasdigʻini topsa, ularni tegishli tiplar boʻyicha muassasalarga yuborish;
jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni muassasada qancha boʻlish muddatini belgilash;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari bilan hamkorlikda jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarni aniqlash va hisobini yuritish.
III. Komissiyani shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish
7. Komissiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash vazirliklari, viloyatlar xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash boshqarmalari, Toshkent shahar xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash bosh boshqarmalarining qoʻshma buyruqlariga asosan tashkil etiladi.
8. Komissiya tarkibi — rais, rais oʻrinbosari, aʼzolari va kotibdan iborat tarkibda shakllantiriladi.
9. Tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi mudiri — komissiya raisi, tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha boshliq oʻrinbosari — komissiya raisining oʻrinbosari hisoblanadi.
10. Komissiya raisi:
komissiya ishini tashkillashtiradi;
ish jadvali va rejasini tasdiqlaydi;
komissiya yigʻilishi boʻladigan sana, vaqt va joyini belgilaydi;
komissiya yigʻilishlarida raislik qiladi;
komissiyaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi boʻyicha komissiya aʼzolari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
komissiya faoliyatida rahbarlikni amalga oshiradi.
11. Komissiya raisi boʻlmagan hollarda (mehnat taʼtili, kasallik tufayli va boshqa sabablar) uning vazifalarini komissiya raisining oʻrinbosari bajaradi.
12. Komissiya tarkibiga oliy maxsus psixologik-pedagogik maʼlumotga hamda 5 yillik mehnat stajiga ega boʻlgan psixonyevrolog, pediatr, defektolog (logoped, surdopedagog, tiflopedagog, oligofrenopedagog), psixolog, ortoped, okulist shifokorlar kiritiladi.
13. Komissiyaning tarkibi, qoidaga koʻra, toq sondagi kamida 7 nafar aʼzodan iborat boʻladi.
14. Komissiyada ish yuritishni tashkil etish kotib tomonidan amalga oshiriladi. Tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimining maktabgacha taʼlim boʻyicha mutaxassisi komissiya kotibi hisoblanadi.
15. Komissiya kotibi ish yuritish uchun masʼul hisoblanadi, oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan komissiya yigʻilishini tashkillashtiradi va yigʻilish toʻgʻrisida barcha aʼzolarni xabardor qiladi.
16. Komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda, komissiya yigʻilishi qaror qabul qilish uchun vakolatli hisoblanadi. Komissiya yigʻilishi rais tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, bir oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
17. Komissiya aʼzolari komissiya ishida ishtirok etadi. Komissiya tomonidan qaror qabul qilishda ovoz beradi. Komissiyaning har bir aʼzosi bir ovozga ega boʻladi, ularning ovozlari teng boʻlgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
18. Komissiya yigʻilishi natijasida qaror qabul qiladi va u bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi. Bayonnoma komissiya raisi, rais oʻrinbosari, aʼzolari va kotib tomonidan imzolanadi.
IV. Komissiya tomonidan hujjatlarni qabul qilish va koʻrib chiqish
19. Komissiya xulosasini olish uchun ota-onalar (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
bolaning tugʻilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi (ikki nusxada);
bolaning otasi yoki onasining (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) pasporti nusxasi (ikki nusxada);
yashash joyidagi psixonyevrolog, defektolog, otorinolaringolog, ortoped, okulist shifokorlarning bola nutqidagi nuqsoni, uning eshitish va koʻrish, tayanch-harakatlanish aʼzosidagi nuqsonlari boʻyicha qoʻyilgan tashxislari (asli va nusxasi);
bola umumiy tipdagi muassasaga qatnagan boʻlsa, uning jismoniy yoki aqliy rivojlanishiga berilgan, muassasa mudirining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan tavsifnoma (asli va nusxasi).
Komissiyaga yuborilayotgan bolalarga yashash joyidagi shifokor (tor mutaxassislar)lar tomonidan qoʻyilgan tashxis shifoxona bosh shifokori (u boʻlmagan hollarda uning oʻrinbosari)ning imzosi va gerbli muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi shart.
20. Komissiyaga taqdim etilayotgan hujjatlarning haqiqiyligiga uni imzolagan shifokor (tor mutaxassis) va tasdiqlagan bosh shifokor (uning oʻrinbosari) (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) shaxsan javobgar hisoblanadi.
21. Komissiya aʼzolari tomonidan jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni koʻrikdan oʻtkazishda ular bilan bevosita muloqot qilish va ulardagi nuqsonlarni tasdiqlovchi hujjatlarni oʻrganish natijasida ularning nuqsoniga qoʻyilgan tashxis tasdigʻini topsa, ularni tegishli tiplar boʻyicha muassasalarga yuborish yuzasidan xulosalar beriladi.
22. Komissiya qaroriga asosan ota-onalar (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ga bir hafta muddatda xulosa beradi.
23. Xulosada bolaga qoʻyilgan aniq tashxis va muassasada boʻlish muddati koʻrsatiladi.
V. Bolalarning muassasada boʻlish muddati
24. Nutqida ogʻir nuqsonlar boʻlgan bolalar (alaliya, bolalar afaziyasi, rinolaliya, dizartriya, duduqlanish, ruhiy-nutqiy rivojlanishda orqada qolish) muassasada 3 yoshdan boshlab ikki yilgacha boʻlishlari mumkin.
25. Komissiya bolaning muassasada boʻlish muddati tugagandan soʻng, bolaning shu muassasada qolish muddatini uzaytirishi yoki umumiy tipdagi muassasaga oʻtkazilishini hal qiladi.
26. Mazkur Nizomning 24-bandida nazarda tutilgan toifadagi bolalardan boshqa toifadagi bolalar muassasada muddatsiz boʻlishlari mumkin.
VI. Yakuniy qoidalar
27. Komissiya faoliyati ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
28. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 239-modda)