toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IShLAMAYOTGAN, BOʻSh TURGAN VA QURILIShI TUGALLANMAGAN DAVLAT MULKI OBYEKTLARI NEGIZIDA NOOZIQ-OVQAT ISTEʼMOL TOVARLARI IShLAB ChIQARIShNI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Sanoatni jadal rivojlantirishni ragʻbatlantirish, birinchi navbatda qishloq xoʻjaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash hisobiga respublika mintaqalarining eksport salohiyatini oshirish hamda shu asosda aholi bandligi va daromadlari oʻsishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining negizida nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etish uchun aniq investitsiya majburiyatlari ostida bepul beriladigan ishlamayotgan, boʻsh turgan va qurilishi tugallanmagan davlat mulki obyektlari roʻyxatini ilovaga muvofiq* tasdiqlash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari boshchilik qiladigan hududiy tanlov komissiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda investitsiya majburiyatlari ostida bepul beriladigan, ushbu qarorga ilovaga kiritilgan obyektlarni sotish shartlari boʻyicha tender shartlarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotishda tender savdolarini oʻtkazish Davlat komissiyasiga kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu qarorga ilovaga kiritilgan obyektlar sotilishi va investorlar oʻz zimmalariga olgan majburiyatlar bajarilishi ustidan qatʼiy monitoring olib borsin.
4. Quyidagilar:
investitsiya majburiyatlari ostida bepul berilgan obyektlarga mulkchilik huquqini beradigan davlat orderi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan rekonstruksiya qilish, qurilishni tugallashni va nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutadigan qabul qilingan investitsiya majburiyatlari investor tomonidan bajarilgandan keyin belgilangan tartibda berilishi;
obyektlarni investitsiya majburiyatlari ostida bepul berishda investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari belgilangan tartibda bekor qilinishi, obyektlar keyinchalik ilgari tasdiqlangan tender shartlarida investitsiya majburiyatlari ostida yangi mulkdorlarga sotilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 8-iyul,
141-son