toggle_night_mode
Hujjat 16.06.2010 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
ARXIV ISHI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2009-yil 3-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2010-yil 7-mayda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi arxiv ishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Arxiv ishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Arxiv ishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining arxiv ishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
alohida qimmatli hujjat — oʻchmas tarixiy-madaniy va ilmiy qimmatga, jamiyat hamda davlat uchun alohida ahamiyatga ega boʻlgan, hisobga olish, saqlash va foydalanishning alohida tartibi belgilangan arxiv hujjati;
arxiv — arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi muassasa;
Keyingi tahrirga qarang.
arxiv ishi — arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etish boʻyicha faoliyat;
arxiv fondi — yuridik yoki jismoniy shaxslar faoliyati natijasida yaratilgan, tarixiy yoki mantiqiy jihatdan oʻzaro aloqador arxiv hujjatlari majmui;
arxiv hujjatlari — fuqarolar, jamiyat va davlat uchun ahamiyati bois saqlanishi lozim boʻlgan matnli, qoʻlyozma va mashinada oʻqiladigan hujjatlar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar, fotografiya plyonkalari, chizmalar, sxemalar, xaritalar, shuningdek boshqa moddiy jismlardagi yozuvlar;
Keyingi tahrirga qarang.
arxiv hujjatlarini depozitar saqlash — arxiv hujjatlarini ularning mulkdori (egasi) bilan arxiv, muzey, kutubxona oʻrtasidagi kelishuvda (shartnomada) belgilanadigan muddatlar va shartlar asosida mulkdorning (egasining) arxiv hujjatlariga boʻlgan mulk huquqini (egalik huquqini) saqlab qolgan holda saqlash;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
idoraviy arxiv — yuridik shaxsning arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmasi;
Keyingi tahrirga qarang.
ish yuritish — yuridik shaxsning hujjatlashtirish va rasmiy hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish boʻyicha faoliyatini taʼminlab beruvchi jarayon;
Milliy arxiv fondi — Oʻzbekiston xalqining moddiy va maʼnaviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega boʻlgan arxiv hujjatlarining tarixan tarkib topgan va doimo boyitib boriladigan majmui;
Milliy arxiv fondining davlat katalogi — arxiv hujjatlari Milliy arxiv fondining tarkibiga kiritilgan arxiv fondlarining hajmi va tarkibi toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar mavjud boʻlgan hisobga olish hujjati;
noyob hujjat — oʻzida mavjud boʻlgan axborot va (yoki) tashqi belgilari boʻyicha oʻxshashi yoʻq, yoʻqotilgan taqdirda oʻzining ahamiyati va (yoki) asl qoʻlyozmaligi nuqtai nazaridan oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan alohida qimmatli hujjat;
sugʻurta nusxa — alohida qimmatli hujjat yoki noyob hujjatning boshqa moddiy jismdagi, asl nusxada mavjud boʻlgan axborotni oʻqish yoki koʻrish (eshitish) imkonini beruvchi koʻchirma nusxasi;
shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlar — xodimning ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarini aks ettiruvchi arxiv hujjatlari;
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Arxiv hujjatlariga boʻlgan mulk shakllari
Arxiv hujjatlari xususiy hamda ommaviy mulk shakllarida boʻlishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining 16-bobi (“Xususiy mulk”), 17-bobi (“Ommaviy mulk”) va Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi qonuni.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida turgan arxiv hujjatlari, shuningdek ular tomonidan davlat arxivlari, muzeylari va kutubxonalariga topshirilgan arxiv hujjatlari davlat mulki hisoblanadi hamda mazkur hujjatlar davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, oldi-sotdi yoki mulk huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa bitimlar obyekti boʻlishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari davlat tasarrufidan chiqarilgan va xususiylashtirilgan taqdirda ularning arxiv hujjatlari, shu jumladan shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlar davlat mulki boʻlib qoladi va belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari ularning xususiy mulkidir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining 16-bobi (“Xususiy mulk”) va Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi qonuni.
Vafot etgan fuqarolarning Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan shaxsiy arxiv hujjatlari, vasiyatnoma yoki qonun boʻyicha merosxoʻrlar boʻlmaganda, shuningdek arxiv hujjatlarining mulkdorini aniqlash imkoniyati boʻlmagan taqdirda, davlat mulkiga oʻtadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining V boʻlimi (“Vorislik huquqi”).
5-modda. Qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qayta tashkil etilayotganda ularning arxiv hujjatlari tegishli davlat arxivlari bilan kelishilgan holda mazkur korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqiy vorislariga topshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining 49 va 50-moddalari.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tugatilayotganda ularning arxiv hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli davlat arxivlariga topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Arxiv ishi sohasidagi davlat boshqaruvi
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
arxiv ishini rivojlantirish va arxivlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga doir davlat dasturlarini tasdiqlaydi;
arxiv ishi va ish yuritishning holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
Milliy arxiv fondi toʻgʻrisidagi va Milliy arxiv fondining davlat katalogi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi toʻgʻrisida”gi nizom.
arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish hamda uning tarkibidan chiqarish tartibini belgilaydi;
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini doimiy (muddatsiz) saqlashni amalga oshiradigan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning roʻyxatini tasdiqlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
arxiv hujjatlarining maxfiylik toifalarini, shuningdek davlat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib koʻrishga doir cheklovlarni belgilaydi;
arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini belgilaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
arxivlarning asosiy ish turlari boʻyicha vaqt va ishlab chiqarish namunaviy normalarini belgilaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmat koʻrsatish tartibini belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi (bundan buyon matnda “Oʻzarxiv” agentligi deb yuritiladi):
Keyingi tahrirga qarang.
arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
arxiv ishini rivojlantirish va arxivlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga doir davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
arxiv ishi va ish yuritishning holati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritadi;
arxiv hujjatlarini belgilangan tartibda Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritadi hamda uning tarkibidan chiqaradi;
hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini oʻtkazish tartibini belgilaydi;
arxiv hujjatlarini alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlar sirasiga kiritish tartibini, shuningdek sugʻurta nusxalarni tayyorlash va saqlash tartibini belgilaydi;
arxiv hujjatlarini kirib koʻrish tartibi va shartlarini belgilaydi;
davlat mulki boʻlgan arxiv hujjatlarini yoki ularning oʻrnini bosuvchi koʻchirma nusxalarini, shuningdek Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini yoki ularning oʻrnini bosuvchi koʻchirma nusxalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqishga ruxsat beradi;
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish yoki universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtkazish uchun ruxsat beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning roʻyxatini tuzish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzarxiv” agentligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari
Keyingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
Keyingi tahrirga qarang.
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan, tegishli hududda joylashgan davlat arxivlari va idoraviy arxivlarda turgan arxiv hujjatlarining saqlanishi uchun lozim darajadagi shart-sharoitlarni taʼminlaydi;
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan, tegishli hududda joylashgan arxivlar va idoraviy arxivlarda turgan arxiv hujjatlarining holati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
tegishli hududdagi davlat arxivlarini moliyalashtirish miqdorini oʻz vakolatlari doirasida belgilaydi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Milliy arxiv fondi
9-modda. Milliy arxiv fondining tarkibi
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari Oʻzbekiston xalqi madaniy merosining ajralmas qismidir.
Milliy arxiv fondi Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismidan va davlatga tegishli boʻlmagan qismidan iboratdir.
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarining fuqarolik muomalasiga ushbu Qonunda belgilangan cheklovlarga rioya etilgan holdagina yoʻl qoʻyiladi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi toʻgʻrisida”gi nizom.
10-modda. Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish
Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi Davlat katalogi toʻgʻrisidagi nizom.
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari mulkdoriga mazkur hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma belgilangan tartibda beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi”.
11-modda. Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibidan chiqarish
Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibidan chiqarish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi Davlat katalogi toʻgʻrisidagi nizom.
12-modda. Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritish
Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritish “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining Davlat katalogi toʻgʻrisida nizomning IV boʻlimi (“Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining Davlat katalogini yuritish tartibi”).
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibi
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga, kimning egaligida turganligidan qatʼi nazar, doimiy (muddatsiz) saqlanishi lozim boʻlgan, davlat mulki boʻlgan arxiv hujjatlari kiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi toʻgʻrisida”gi nizomning 2 bandi.
14-modda. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibi
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga doimiy (muddatsiz) saqlanishi lozim boʻlgan, nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari kiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi toʻgʻrisida”gi nizomning 19 bandi.
15-modda. Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarining fuqarolik muomalasi xususiyatlari
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish mumkin emas. Mazkur hujjatlar yoʻqolgan yoki yemirilgan hollarda ular Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibidan chiqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari faqat “Oʻzarxiv” agentligining ruxsatiga binoan tasarrufdan chiqarilishi yoki universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrda 482-sonli tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi toʻgʻrisida”gi nizom va “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish” Tartibi.
4-bob. Arxivlarni tashkil etish
16-modda. Arxivlarni tashkil etish shartlari
Arxivlarni tashkil etish uchun arxiv hujjatlarini saqlash va ulardan foydalanish talablariga javob beradigan moddiy-texnik baza, shu jumladan bino (xonalar), zarur jihozlar, muhofaza vositalari hamda yongʻinga qarshi vositalar boʻlishi shart.
Arxivlarning asosiy ish turlari boʻyicha vaqt va ishlab chiqarish namunaviy normalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Maxfiy arxivlar tashkil etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 14 va 15 bandlari.
17-modda. Arxivlarning turlari
Arxivlar davlat va nodavlat arxivlari turlarida tashkil etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi
Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Idoraviy arxivlarni tashkil etish
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda idoraviy arxivlarni tashkil etishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish
20-modda. Arxiv hujjatlarini jamlash
Arxiv hujjatlarini jamlash arxivlar, idoraviy arxivlar va jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini arxiv hujjatlari bilan toʻldirishni oʻz ichiga oladi.
Davlat arxivlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari, shuningdek ular tomonidan olingan yoki ularga nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar topshirgan arxiv hujjatlari bilan jamlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning roʻyxatini tuzish tartibi “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Nodavlat arxivlar va jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari davlat mulki boʻlgan arxiv hujjatlari bilan jamlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari sotilayotganda davlat arxivlari imtiyozli sotib olish huquqiga ega boʻladi.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlarni jamlashi shart.
Arxiv hujjatlarini jamlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ning III boʻlimi (Arxivlarni arxiv hujjatlari bilan jamlash).
21-modda. Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasi
Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasi saqlash uchun tanlab olish maqsadida hujjatlar yoki arxiv hujjatlarining qimmatliligini belgilash boʻyicha chora-tadbirlar majmuini oʻz ichiga oladi.
Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini oʻtkazish tartibi “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
22-modda. Arxiv hujjatlarini hisobga olish
Arxiv hujjatlarini davlat hisobiga olish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
arxivlar va idoraviy arxivlarda hisobga olish hujjatlarini tuzish;
arxivlar va idoraviy arxivlarda yigʻma hujjatlarni tuzish va ularni “Oʻzarxiv” agentligiga taqdim etish;
Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritish.
Arxivlar va idoraviy arxivlardagi hisobga olish hujjatlariga quyidagilar kiradi:
hujjatlarning kelib tushish kitobi;
arxiv fondlarining roʻyxati;
arxiv fondi varagʻi;
arxiv roʻyxati;
arxiv fondi yigʻmajildi.
Arxiv hujjatlarini davlat hisobiga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ning IV boʻlimi (Arxiv hujjatlari hisobi).
Jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini hisobga olish ular tomonidan mustaqil amalga oshiriladi.
23-modda. Arxiv hujjatlarini saqlash
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlarini, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini saqlash ular tomonidan mustaqil amalga oshiriladi.
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari doimiy (muddatsiz) saqlanishi lozim va ularni yoʻq qilib tashlash taqiqlanadi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini doimiy (muddatsiz) saqlash davlat arxivlari, muzeylari va kutubxonalarida, shuningdek roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarda doimiy (muddatsiz) saqlash “Oʻzarxiv” agentligi bilan kelishilgan idoraviy normativ hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash ushbu Qonunning 24-moddasida belgilangan muddatlar mobaynida amalga oshiriladi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari arxivlar va idoraviy arxivlarda, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari tarkibida saqlanishi mumkin.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari, jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari arxivlar, muzeylar va kutubxonalarga depozitar saqlash uchun topshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlarni saqlashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Arxiv hujjatlarini saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 5-bobi.
24-modda. Arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlashning quyidagi muddatlari belgilanadi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek respublika boʻysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari — oʻn besh yil mobaynida;
Keyingi tahrirga qarang.
mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlarining tegishli hududiy boʻlinmalari, viloyat boʻysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari — oʻn yil mobaynida;
Keyingi tahrirga qarang.
tuman va shahar boʻysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari — besh yil mobaynida;
Keyingi tahrirga qarang.
ustav fondida davlat ulushi boʻlgan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, boshqa tashkilotlarning arxiv hujjatlari — oʻn yil mobaynida;
ilmiy, texnologik, konstruktorlik va patent hujjatlari — yigirma yil mobaynida;
kapital qurilish boʻyicha loyiha hujjatlari — yigirma besh yil mobaynida;
telemetrik hujjatlar — besh yil mobaynida;
ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar, fotografiya plyonkalari — tayyorlangan vaqtidan boshlab uch yildan oshmagan muddat mobaynida;
Keyingi tahrirga qarang.
mashinada oʻqiladigan hujjatlar — besh yil mobaynida;
Keyingi tahrirga qarang.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari oʻtgach ular belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari, notarial harakatlar yozuvlari, shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlar, sud ishlari va xoʻjalik kitoblari idoraviy arxivlarda yetmish besh yil mobaynida saqlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari, notarial harakatlar yozuvlari, sud ishlari va xoʻjalik kitoblarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari oʻtgach ular belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
25-modda. Arxiv hujjatlarining but saqlanishini taʼminlash
Arxivlar va idoraviy arxivlarda arxiv hujjatlarining but saqlanishini taʼminlash arxivlar hamda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlarining zimmasiga yuklatiladi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarining but saqlanishini taʼminlamayotgan mulkdorlar sud qaroriga binoan mazkur hujjatlarga boʻlgan mulk huquqidan mahrum etilishi mumkin, shundan soʻng bu hujjatlar saqlash uchun tegishli davlat arxiviga topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlarning but saqlanishini taʼminlashi shart.
Jismoniy shaxslar oʻz shaxsiy arxiv hujjatlarining but saqlanishini mustaqil ravishda taʼminlaydi.
Alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlarning sugʻurta nusxalari yaratiladi.
Arxiv hujjatlarini alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlar sirasiga kiritish tartibi, shuningdek sugʻurta nusxalarni tayyorlash va saqlash tartibi “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Arxiv hujjatlaridan foydalanish
Arxiv hujjatlaridan foydalanish xizmat, ishlab chiqarish, ilmiy, madaniy, maʼrifiy, taʼlim maqsadida va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa maqsadlarda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Arxiv hujjatlaridan foydalanuvchilar:
arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibiga rioya qilishi;
arxiv hujjatlarining but saqlanishini taʼminlashi;
arxiv hujjatlariga yetkazilgan shikastlar yoki arxiv hujjatlaridagi yetishmovchiliklar aniqlanganligi toʻgʻrisida tezkor ravishda arxiv va idoraviy arxiv xodimlariga xabar berishi;
arxiv hujjatlaridan olingan maʼlumotlarni buzib koʻrsatish yoki soxtalashtirishga yoʻl qoʻymasligi shart.
Arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 5-bobi.
27-modda. Arxiv hujjatlarini kirib koʻrish
Arxivlar va idoraviy arxivlardagi arxiv hujjatlarini kirib koʻrish foydalanuvchiga ilmiy-maʼlumotnoma apparatini, shuningdek tegishli arxiv hujjatlari yoki ularning koʻchirma nusxalarini taqdim etish orqali taʼminlanadi.
Arxivlar va idoraviy arxivlardagi arxiv hujjatlarini, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini kirib koʻrish ularning but saqlanishini taʼminlash maqsadida cheklanishi mumkin, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
Fuqarolarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi yoki ularning hayoti va xavfsizligiga tahdid tugʻdiruvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib koʻrishga doir cheklovlar arxiv hujjatlari tayyorlangan vaqtdan eʼtiboran yetmish besh yil muddatga belgilanadi. Ushbu muddatdan oldin mazkur hujjatlarni kirib koʻrishga fuqaroning oʻzi tomonidan, uning vafotidan soʻng esa shu fuqaroning merosxoʻrlari tomonidan ruxsat berilishi mumkin.
Arxiv hujjatlarini kirib koʻrish tartibi va shartlari “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Arxiv hujjatlarining maxfiylik toifalari, shuningdek davlat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib koʻrishga doir cheklovlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
28-modda. Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar
Arxivlar va idoraviy arxivlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda xizmatlar koʻrsatadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ijtimoiy himoya qilish uchun zarur boʻlgan arxiv maʼlumotnomalarini, shuningdek tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga arxiv maʼlumotnomalarini va arxiv hujjatining koʻchirma nusxasini berish bepul amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
29-modda. Arxiv hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish
Davlat mulki boʻlgan arxiv hujjatlarini yoki ularning oʻrnini bosuvchi koʻchirma nusxalarini, shuningdek Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini yoki ularning oʻrnini bosuvchi koʻchirma nusxalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqishga yoʻl qoʻyilmaydi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.
Davlat mulki boʻlgan arxiv hujjatlarini yoki ularning oʻrnini bosuvchi koʻchirma nusxalarini, shuningdek Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini yoki ularning oʻrnini bosuvchi koʻchirma nusxalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqishga “Oʻzarxiv” agentligining ruxsati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Xususiy mulk boʻlgan, Milliy arxiv fondining davlatga tegishli boʻlmagan qismi tarkibiga kiritilmagan arxiv hujjatlari yoki ularning oʻrnini bosuvchi koʻchirma nusxalari Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqilishi mumkin. Bu holda olib chiqilishi bildirilgan arxiv hujjatlari “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan belgilangan tartibda hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasidan oʻtkazilishi lozim.
Qonuniy asoslarda qoʻlga kiritilgan va (yoki) olingan arxiv hujjatlarini yoki ularning oʻrnini bosuvchi koʻchirma nusxalarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirishga ruxsat beriladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish va arxiv hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
30-modda. Arxivlarni moliyalashtirish
Davlat arxivlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat arxivlarining pulli xizmatlar koʻrsatishdan va moliyalashtirishning boshqa manbalaridan olinadigan mablagʻlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Nodavlat arxivlarini moliyalashtirish ularning mulkdorlari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
31-modda. Arxiv ishi sohasidagi xalqaro hamkorlik
Arxiv ishi sohasidagi xalqaro hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
32-modda. Nizolarni hal etish
Arxiv ishi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
33-modda. Arxiv ishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Arxiv ishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
34-modda. Ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Arxivlar toʻgʻrisida”gi 768-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 120-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Arxivlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 769-I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 121-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 621-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 5, 90-modda) XIX boʻlimi.
35-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
36-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2010-yil 16-iyundagi 119 (5034) - sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 15-iyun,
OʻRQ-252-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 24-25-son, 192-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son, 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son; 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son; 14.08.2026-y., 03/26/1164/0838-son)