toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.03.2021
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
Qarori
SOLIQ TOʻLOVChI TOMONIDAN HISOB HUJJATLARI YOʻQOTILGAN YOKI YOʻQ QILINGAN TAQDIRDA BUDJETGA VA DAVLAT MAQSADLI JAMGʻARMALARIGA TOʻLANIShI KERAK BOʻLGAN SOLIQLAR VA BOShQA MAJBURIY TOʻLOVLAR SUMMASINI ANIQLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 31-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2110]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2021-yil 18-fevraldagi 2021-11-son va Moliya vazirligining 2021-yil 12-fevraldagi 7-sonli “Soliq toʻlovchi tomonidan hisob hujjatlari yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2110-2, 16.03.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52-son (II)) 40-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligi qaror qiladilar:
1. Soliq toʻlovchi tomonidan hisob hujjatlari yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 1-may,
2010-16-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 1-may,
36-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2010-yil 1-maydagi 2010-16, 36-son qaroriga
ILOVA
Soliq toʻlovchi tomonidan hisob hujjatlari yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini aniqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52-son (II)) 40-moddasiga muvofiq soliq toʻlovchi tomonidan hisob hujjatlari yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda davlat soliq xizmati organlari tomonidan budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini aniqlash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Davlat soliq xizmati organlari soliq toʻlovchi tomonidan hisob hujjatlari yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini soliq toʻlovchi toʻgʻrisida, shuningdek shunga oʻxshash boshqa soliq toʻlovchilar toʻgʻrisida oʻzlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida hisob-kitob qilish orqali aniqlaydilar.
Hisob hujjatlari soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlash, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun asos boʻlgan birlamchi hujjatlar, buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa hujjatlardan iboratdir.
2. Mazkur Nizom barcha hisob hujjatlari yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda ham, uning bir qismi yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda ham qoʻllaniladi.
3. Mazkur Nizomga muvofiq hisob-kitob qilish orqali aniqlangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasi soliq solinadigan bazani aniqlash, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash, ularni toʻlash toʻgʻrisida talabnoma berish, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralarini qoʻllashda yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash, soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganda moliyaviy sanksiyalar miqdorini hisoblab chiqarish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
II. Hisob hujjatlari yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda soliq toʻlovchining harakati
4. Hisob hujjatlari favqulodda holatlar natijasida (mazkur holatlar hammaga maʼlum faktlarning mavjudligi, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan maʼlumotlar va isbotlash uchun maxsus vositalar talab etilmaydigan boshqa usullar bilan belgilanadi), shuningdek boshqa hollarda (hujjatlar bilan tasdiqlanadigan) yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda, soliq toʻlovchi favqulodda holatlar, shuningdek boshqa hollar yuzaga kelgan kundan boshlab uch oy muddatda hisob hujjatlarini tiklashi shart. Davlat soliq xizmati organlari bilan kelishilgan holda ushbu muddat olti oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
5. Hisob hujjatlari yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda, soliq toʻlovchi soliq hisobotini taqdim etishning navbatdagi muddati kelgunga qadar 10 kundan kechiktirmay roʻyxatdan oʻtgan joydagi davlat soliq xizmati organiga mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini hisob-kitob qilish orqali hisoblab chiqarish toʻgʻrisida ariza (keyingi oʻrinlarda ariza deb ataladi) berishi shart. Ariza yozma yoki soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali, shu jumladan axborot tizimi orqali yuborilgan elektron shaklda beriladi.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2018-yil 9-yanvardagi 2018-02 va 4-sonli (roʻyxat raqami 2110-1, 08.02.2018-y.) qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2018-y., 10/18/2110-1/0676-son)
Arizaga:
hisob hujjatlari yoʻqotilganligi yoki yoʻq qilinganligi faktlarini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari;
soliq solish maqsadida soliq toʻlovchining daromadi sifatida qaralmaydigan pul mablagʻlari ajratilgan holda soliq toʻlovchining hisob raqamlari boʻyicha aylanmalari toʻgʻrisida bank(lar) koʻchirma(lari)si.
6. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini hisob-kitob qilish orqali hisoblab chiqarish toʻgʻrisida olingan ariza asosida davlat soliq xizmati organi budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda hisob-kitob qilish orqali hisoblaydi.
7. Mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan ariza berilganligi soliq toʻlovchini hisob hujjatlarini tiklash majburiyatidan ozod etmaydi.
8. Yoʻqotilgan (yoʻq qilingan) hujjatlar, agar ularning oʻrniga quyidagilar olingan boʻlsa, tiklangan hisoblanadi:
yoʻqotilgan (yoʻq qilingan) hujjatni bergan shaxs tomonidan tasdiqlangan yoʻqotilgan (yoʻq qilingan) hujjatlarning dublikatlari yoki nusxalari;
birlamchi hujjatlarni tiklash imkoniyati boʻlmagan hollarda (masalan, mahsulot yetkazib beruvchi yoki xaridor tugatilgan taqdirda) baholovchi tashkilotning aktivlarning qiymatini tasdiqlaydigan baholash toʻgʻrisidagi hisoboti;
soliq toʻlovchining hisob raqamlari boʻyicha tegishli operatsiyalar oʻtkazilganligi toʻgʻrisida bank koʻchirmalari;
buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa hujjatlar.
9. Soliq toʻlovchi hisob hujjatlari tiklangandan keyin soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar hisob-kitob qilish orqali hisoblab chiqarilgan barcha davrlar uchun aniqlashtirilgan soliq hisobotini davlat soliq xizmati organiga taqdim etishi shart.
10. Soliq toʻlovchining faoliyatini soliq tekshiruvidan oʻtkazish davrida hisob hujjatlarini yoʻqotilganligi va yoʻq qilinganligi faktlari aniqlangan hollarda davlat soliq xizmati organlari Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliq toʻlovchi tomonidan hisob hujjatlari yoʻqotilganligi yoki yoʻq qilinganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuzadilar va soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda hisob-kitob qilish orqali hisoblab chiqaradilar. Bunda, mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan arizani taqdim etish talab qilinmaydi.
III. Hisob hujjatlari boʻlmaganda soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarni aniqlash
11. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun birinchi navbatda davlat soliq xizmati organlarida mavjud boʻlgan va soliq toʻlovchining oʻzidan olingan axborot oʻrganiladi. Bunday axborotga quyidagilar kiradi:
soliq toʻlovchining oʻtgan davrlar uchun taqdim etilgan soliq va moliyaviy hisoboti;
soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi hisob maʼlumotlari;
davlat soliq xizmati organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborot taqdim etadigan organlar va tashkilotlardan olingan maʼlumotlar.
12. Agar soliq toʻlovchi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini hisob-kitob qilish orqali hisoblab chiqarish toʻgʻrisida ariza bergunga qadar bir yildan kam boʻlmagan davr uchun soliq va moliyaviy hisobotni taqdim etgan boʻlsa, u holda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmalariga yetkaziladigan deflyator koeffitsiyentini qoʻllagan holda oʻtgan hisob-kitoblardagi koʻrsatkichlar asosida amalga oshiriladi.
Mol-mulk soligʻining hisob-kitobi mol-mulkning qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, amortizatsiya normalari va belgilangan stavkalar asosida amalga oshiriladi.
Yer soligʻi summasining hisob-kitobi yer uchastkasining maydoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va belgilangan stavkalar asosida amalga oshiriladi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning hisob-kitobi foydalanilgan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va belgilangan stavkalar asosida amalga oshiriladi.
13. Soliq toʻlovchining davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab bir yil oʻtmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisob-kitob qilish orqali hisoblab chiqarish davlat soliq xizmati organlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
Bunday axborotga quyidagilar kiradi:
davlat soliq xizmati organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborot taqdim etadigan organlar va tashkilotlardan olingan maʼlumotlar;
soliq hisobotini muntazam taqdim etadigan va oʻxshash faoliyat bilan shugʻullanadigan soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
14. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda organlar va tashkilotlardan olingan maʼlumotlar asosida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
davlat soliq xizmati organlari olingan maʼlumotlar asosida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning hisobot davriga oʻrnatilgan stavkalarini qoʻllagan holda soliq solish obyektini va soliq solinadigan bazani aniqlaydilar;
agar olingan maʼlumotlar asosida soliq solish obyektini va soliq solinadigan bazani aniqlash imkoniyati boʻlmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar soliq hisobotini muntazam taqdim etadigan va oʻxshash faoliyat bilan shugʻullanadigan soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi axborotlar asosida hisoblab chiqariladi.
15. Soliq toʻlovchilarning oʻxshash faoliyati quyidagi oʻxshash koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda aniqlanadi:
faoliyat turi;
foydali qazilmalarning roʻyxati va kavlab chiqarish hajmlari;
ishlab chiqariladigan tovarlarning (xizmatlar koʻrsatish, ishlar bajarish) roʻyxati va hajmlari, tovar aylanmasi hajmlari;
xizmat koʻrsatiladigan mijozlar, oʻqitilgan shaxslar (bitiruvchilar), amalga oshiriladigan bitimlarda jalb etilgan shaxslar soni;
mehnat shartnomalari boʻyicha, fuqarolik huquqiy tusdagi shartnomalar boʻyicha ishlayotgan shaxslar soni, shuningdek oʻrtacha oylik mehnatga haq toʻlash fondi;
mahsulot ishlab chiqarish, xizmatlar koʻrsatish va ishlar bajarish uchun resurslar va xomashyo isteʼmoli hajmi.
soliq toʻlovchining joylashgan joyi.
16. Soliq toʻlovchi faqat naqd pulsiz tartibda tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilish bilan shugʻullangan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisob-kitob qilish orqali hisoblab chiqarish realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun tushgan mablagʻlar qismida soliq toʻlovchining bank hisob raqamlari boʻyicha pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisidagi xizmat koʻrsatuvchi bankning axboroti asosida amalga oshiriladi.
17. Faqat chakana savdo, umumiy ovqatlanish va pulli xizmatlar koʻrsatish bilan shugʻullanadigan soliq toʻlovchilar uchun davlat soliq xizmati organlari realizatsiya qilishdan olingan tushumni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladigan naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji maʼlumotlari asosida aniqlaydilar. Xronometraj natijalari realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisob-kitob orqali hisoblab chiqarish uchun faqat xronometraj soliq toʻlovchi tomonidan mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan ariza berilgan sanagacha 6 oydan oshmagan davrda oʻtkazilgan taqdirda qoʻllaniladi.
18. Mehnatga haq toʻlash fondini hisob-kitob qilish orqali aniqlash moliyaviy-xoʻjalik faoliyati natijalaridan qatʼi nazar, oʻxshash soliq toʻlovchilarda ishchilar soni va tarkib topgan oʻrtacha oylik ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
IV. Hisob-kitob qilish orqali aniqlangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini hisoblashning oʻziga xos xususiyatlari
19. Davlat soliq xizmati organi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini hisob-kitob qilish orqali hisoblab chiqarish toʻgʻrisida ariza olingandan keyin yetti kun mobaynida soliq toʻlovchiga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning hisoblangan summasini toʻlash toʻgʻrisida talabnoma taqdim etadi. Talabnoma soliq toʻlovchiga yoki uning vakiliga bu talabnomani soliq toʻlovchi olganligini va talabnoma olingan sanani tasdiqlovchi usulda topshirilishi lozim.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning hisoblangan summasini toʻlash toʻgʻrisida talabnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilgan taqdirda, u joʻnatilgandan keyin uch kun oʻtishi bilan soliq toʻlovchiga topshirilgan deb hisoblanadi.
20. Agar soliq toʻlovchi talabnomada koʻrsatilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning summasi bilan rozi boʻlmagan taqdirda, u uch ish kuni mobaynida bu haqida davlat soliq xizmati organini xabardor etishi va soliq hisobotini umumbelgilangan tartibda taqdim etishi shart. Bunday holda soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini hisoblash taqdim qilingan soliq hisobotiga muvofiq amalga oshiriladi.
Soliq hisobotida koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik soliq toʻlovchiga yuklatiladi.
21. Agar soliq toʻlovchi talabnomada koʻrsatilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasi bilan rozi boʻlmaganligi toʻgʻrisida uch kun muddatda davlat soliq xizmati organini xabardor qilmasa, u holda mazkur talabnoma unda koʻrsatilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasida hisoblash uchun asos boʻlib hisoblanadi.
V. Yakuniy qoida
22. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Soliq toʻlovchi tomonidan hisob hujjatlari yoʻqotilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini aniqlash tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini hisob-kitob qilish orqali hisoblab chiqarish toʻgʻrisida
ARIZA
Izoh: Mazkur ariza ikki nusxada soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi. Davlat soliq xizmati organi ariza olingani toʻgʻrisida belgi qoʻyadi va arizaning bir nusxasini keyingi kundan kechiktirmay ariza beruvchiga qaytaradi.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2018-yil 9-yanvardagi 2018-02, 4-sonli qarori (roʻyxat raqami 2110-1, 08.02.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2018-y., 10/18/2110-1/0676-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 22-son, 178-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.02.2018-y., 10/18/2110-1/0676-son)