Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
1995-yil maqsadli dasturida nazarda tutilgan obyektlar qurilishini davom ettirish va ularning ishga tushirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1995-yil ikkinchi yarim yilligida Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga kapital qoʻyilmalarning qoʻshimcha limitlarini ajratish toʻgʻrisidagi takliflariga ilovaga
* muvofiq rozilik berilsin.
2. Vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korporatsiyalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, buyurtmachi korxonalar:
ajratilayotgan mablagʻlarni birinchi navbatda qurilishi bitay deb qolgan obyektlarni qurib bitirishga yoʻllab, ulardan qatʼiy maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat oʻrnatsinlar;
quvvatlarning tasdiqlangan maqsadli dasturga muvofiq ishga tushirilishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi ishtirokida joriy yilning 9 oylik yakunlari boʻyicha pudratchi tashkilotlar va buyurtmachi korxonalar oʻrtasidagi hisob-kitoblar holatini, qurilish ishlari qiymatining asosli shakllantirilganligini ham tekshirsin. Narxlarning indekslari sunʼiy ravishda oshirilgan hollar aniqlanganda materiallar aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun maʼmuriy organlarga oshirilsin.
4. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar, mablagʻ bilan taʼminlovchi banklar bilan birgalikda qurilishda pudrat ishlari bozorini mumkin qadar kengaytirish va takomillashtirish, kontrakt tizimi rolini kuchaytirish, shartnoma majburiyatlarini bajarishda investitsiya jarayoni ishtirokchilari masʼuliyatini oshirishning amaliy chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
Koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida shu yilning dekabr oyida Vazirlar Mahkamasiga axborot bersinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.R. Yunusov va B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.