toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
DEHQON BOZORLARI VA SAVDO KOMPLEKSLARI FAOLIYATINI TASHKIL QILISHNI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Respublika dehqon (oziq-ovqat) bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari (savdo komplekslari) faoliyatini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat turlari va hajmlarini kengaytirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, bozorlar va savdo komplekslarida pul oqimlari to‘liqroq hisobga olinishini ta’minlash, shuningdek, sifati past, qalbaki va kontrabanda mahsulotlari sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda dehqon (oziq-ovqat) bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari (savdo komplekslari) pasportlarini tuzishni nihoyasiga yetkazib, ushbu pasportlarga ularning ixtisoslashuvi va ish tartibi, turg‘un savdo nuqtalari va savdo o‘rinlari miqdori va joylashuvi, ularning hududida mavjud bo‘lgan infrastruktura obyektlari va ko‘rsatilayotgan xizmat turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni albatta kiritsinlar;
2010-yilning 1-iyuniga qadar 100 ta va undan ko‘proq turg‘un savdo nuqtalari va savdo o‘rinlari mavjud bo‘lgan barcha bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarida davlat soliq xizmati organlarining xodimlari tomonidan yig‘imning to‘liqligini har kuni tekshirgan holda faqat bank tizimi orqali bir martalik yig‘im va ijara to‘lovlari undirilishining avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olinishini majburiy tartibda joriy qilsinlar;
2010-yilning 1-iyunigacha bo‘lgan muddatda bozorlar hududida va ularga tutash hududlarda joylashgan barcha avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarining belgilangan tartibda bozorlar va savdo komplekslariga topshirilishini ta’minlasinlar, ularning nazorat-kassa mashinalari va to‘lov terminallari bilan jihozlanishini, shuningdek 300 ta va undan ko‘proq turg‘un savdo nuqtalari va savdo o‘rinlariga ega bo‘lgan bozorlar va savdo komplekslarida mashinalarning kirish va chiqish vaqtini qayd etib turadigan elektron hisoblagichlar majburiy o‘rnatilishini nazarda tutsinlar;
2010-yilning 1-iyuligacha bo‘lgan muddatda davlat veterinariya xizmati va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarini jalb etgan holda har bir dehqon (oziq-ovqat) bozorida bozorga olib kelinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatining ekspress-analiz laboratoriyalarini tashkil qilib, tegishli sertifikat bersinlar va tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan mahsulotlarning sotilishini taqiqlasinlar;
2011-yilning 1-yanvariga qadar muddatda barcha ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlarini nazorat-kassa mashinalari va to‘lov terminallari bilan jihozlangan turg‘un savdo nuqtalaridan iborat bo‘lgan savdo komplekslari etib qayta tashkil qilsinlar, iste’molda bo‘lgan mol-mulk savdosi bo‘yicha bozorlar bundan mustasno.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-oktabrdagi R-3296-son Farmoyishiga muvofiq tuzilgan ishchi komissiyasining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 2010-yilning 1-iyuliga qadar 1-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha savdo komplekslari, dehqon, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlarida aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiruvchi obyektlarni fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari bilan majburiy ravishda qo‘shimcha jihozlash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
bozorlardagi savdo o‘rinlari jismoniy shaxslarga faqat ularning yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgani to‘g‘risidagi guvohnomasi mavjud bo‘lgan taqdirdagina beriladi, o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini, shuningdek iste’molda bo‘lgan tovarlarni sotish hollari bundan mustasno;
sotib olingan tovarlar va xizmatlar uchun xaridorlarga beriladigan kassa cheklarida soliq to‘lovchining nomi va individual raqami (INN), xarid qilingan vaqti va sanasi, tovarning nomi, uning qiymati, kassa apparatining raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lishi kerak;
Oldingi tahrirga qarang.
bozorlarning hududida (qonun hujjatlariga muvofiq dehqon (oziq-ovqat) bozorlari hududida zamonaviy savdo komplekslarini qurish uchun yer uchastkalarini ajratish istisno qilingan holda) yer uchastkalari ajratib berilishiga, shuningdek bozorga tegishli ko‘chmas mulk obyektlarini jismoniy va yuridik shaxslarga mulk qilib topshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
(3-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-iyundagi PQ-3037-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 23-son, 457-modda)
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Oldingi tahrirga qarang.
hududiy moliya va soliq organlari bilan kelishilgan holda bozorlar va savdo komplekslarining ma’muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarini har yili tasdiqlasinlar;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-iyundagi PQ-3037-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 23-son, 457-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bozorlar va savdo komplekslarining rahbarlari 2010-yilning 1-mayiga qadar muddatda bir martalik yig‘im, ijara to‘lovi miqdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek ko‘rsatiladigan majburiy xizmatlar ro‘yxati va qiymatini tasdiqlasinlar hamda bozorlar va savdo komplekslariga kiriladigan barcha joylarga osib qo‘ysinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-sonli Farmoniga asosan 2021-yil 1-oktabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.09.2021-y., 06/21/6314/0876-son)
6. 2010-yilning 1-oktabridan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy qilinsin:
aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiruvchi xo‘jalik subyektlari tomonidan qo‘llanadigan nazorat-kassa mashinalari yagona texnik talablarga mos kelishi va “O‘zstandart” agentligi tomonidan belgilangan tartibda majburiy sertifikatsiyadan o‘tkazilishi lozim;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi 943-son qarori bilan tasdiqlangan Onlayn nazorat-kassa mashinalari, virtual kassa va fiskal modulga texnik xizmat ko‘rsatish markazlarining davlat reyestrini yuritish hamda ularga qo‘yiladigan alohida talablarning 6-bandi.
sertifikati bo‘lmagan yoki belgilangan yagona texnik talablarga javob bermaydigan nazorat-kassa mashinalaridan foydalangan holda chek berish aybdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 221-moddasining to‘rtinchi qismi.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son — 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bozorlar va savdo komplekslarining faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga qo‘shimchalar kiritish, shuningdek qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 26-aprel,
PQ-1326-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi PQ-1326-son qaroriga
1-ILOVA
Savdo komplekslari, dehqon, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlarida fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini majburiy ravishda qo‘llangan holda aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiruvchi qo‘shimcha obyektlar
RO‘YXATI
1. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarini realizatsiya qilish bo‘yicha umumfoydalanadigan ixtisoslashtirilgan turg‘un pavilonlar.
2. Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash, shu jumladan bozorga tutash hududlarda vaqtincha saqlash joylari.
3. Aholidan to‘lovlarni, shu jumladan uy-joy-kommunal xizmatlar, telefon va uyali aloqa xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilish punktlari.
4. Bozorlarning ma’muriyati tomonidan bir martalik yig‘im va ijara to‘lovlarini qabul qilish punktlari.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-sonli Farmoniga asosan 2021-yil 1-oktabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.09.2021-y., 06/21/6314/0876-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 17-son, 131-modda; 2012-y., 52-son, 587-modda; 2017-y., 23-son, 457-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.09.2021-y., 06/21/6314/0876-son)