Sud hujjatlarini bajarishdan boʻyin tovlash hamda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlikka doir qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida
(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Sud amaliyotida sud hujjatlarini bajarishdan boʻyin tovlash hamda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha tushuntirish berilishini taqozo etuvchi masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
(maqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 138-moddasiga muvofiq sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
Sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash yoki sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga toʻsqinlik qilish odil sudlov obroʻsiga putur, davlat va jamoat manfaatlariga zarar yetkazadi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari tiklanishiga qaratilgan faoliyatga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksi (bundan buyon — JK) sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash yoki sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etilishiga toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq qator jinoyatlar, qaysiki voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash (JK 122-moddasi), ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash (JK 123-moddasi), mehnat qilish huquqini buzish (JK 148-moddasi birinchi qismi), sud hujjatini ijro etmaslik (JK 232-moddasi), sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashish (JK 2321-moddasi), band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish (JK 233-moddasi) uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
2. Jinoyat kodeksi 232, 2321-moddalarida dispozitsiyasida nazarda tutilgan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari deganda, qonuniy kuchga kirgan — fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarning hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari;
jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning hukmlari, ajrimlari va qarorlarining mulkiy undirishga oid qismi, shuningdek, jarima tariqasidagi jazoni nazarda tutuvchi hukmlari, ajrimlari va qarorlari;
maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud qarorlarining mulkiy undirishga oid qismi;
alimentlar toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvlar;
notariuslarning ijro xatlari;
mehnat nizolari komissiyalarining qarorlari;
maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega organlar (mansabdor shaxslar) chiqargan qarorlar;
hakamlik sudining qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi yoki xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan hollarda chet el sudlari va arbitrajlarining qarorlari;
oʻzboshimchalik bilan turar joyni egallab olgan yoki avariya holatida deb topilgan uylarda yashayotgan shaxslarni maʼmuriy tartibda koʻchirish toʻgʻrisidagi prokurorlarning qarorlari;
davlat ijrochilarining qonunda nazarda tutilgan hollardagi qarorlari;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa organlarning hujjatlari tushuniladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
3. Surishtiruv, tergov organlari va sudlar eʼtibori shunga qaratilsinki, JK 232-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklovchi sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash uchun jinoiy javobgarlik nomulkiy xususiyatga ega boʻlgan sud hujjatini, yaʼni muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklovchi hujjatni bajarishdan boʻyin tovlaganda vujudga keladi. Mulkiy xususiyatga ega boʻlgan sud hujjatini, yaʼni pul mablagʻlarini yoki mol-mulkni undirish toʻgʻrisidagi hujjatni bajarishdan boʻyin tovlanganda, shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.
Shu bilan birga, jinoyat qonuni istisnolarni ham nazarda tutadi, qaysiki bunda nomulkiy xususiyatga ega boʻlgan sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlaganlik jinoiy javobgarlikni emas, balki boshqa oqibatlarni vujudga keltiradi. Jumladan, axloq tuzatish ishlaridan boʻyin tovlagan mahkumning javobgarligi uni jinoiy javobgarlikka tortish yoʻli bilan emas, balki axloq tuzatish ishlarining oʻtalmagan muddatini ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirish orqali taʼminlanadi (JK 46-moddasi toʻrtinchi qismi).
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
4. Sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash uchun jinoiy javobgarlikka tortishning majburiy sharti boʻlib, maʼmuriy jazoga tortilganidan va jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida yozma tarzda ogohlantirilganidan soʻng shaxs tomonidan sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash boʻyicha harakat (harakatsizlik)ning davom ettirilishi hisoblanadi.
Sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash deganda, shaxs tomonidan nomulkiy xususiyatga ega qonuniy kuchga kirgan sud hujjati talabini bajarishdan boʻyin tovlash boʻyicha qilingan har qanday harakat tushunilishi lozim. Biroq, jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushbu harakat (harakatsizlik) shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtK 1981-moddasi boʻyicha maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilgandan soʻng davom ettirilgan boʻlishi lozim. Bundan tashqari, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonun 71-moddasi talabiga rioya etilishi, chunonchi shaxs ham maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlishi, ham shaxs kelgusida sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlagan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida davlat ijrochisi tomonidan yozma tarzda ogohlantirilgan boʻlishi talab etiladi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
41. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JK 2321-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasidagi quyidagi jinoyat tarkiblari nazarda tutilgan:
muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklovchi sud yoki boshqa organlar hujjatlarini ijro etilishiga toʻsqinlik qilishni maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin davom ettirish;
sud yoki boshqa organlar hujjatlarini ijro etilishi jarayonida davlat ijrochisiga turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazishni maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin davom ettirish.
JK 2321-moddasi dispozitsiyasi mazmuniga koʻra, sud hujjati va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishiga toʻsqinlik qilganlik uchun shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun sud yoki boshqa organ hujjatining xususiyati ahamiyat kasb etmaydi.
Shu bois, sud hujjati va boshqa organlar hujjatlarini ijro etilishiga toʻsqinlik qilinganlik uchun jinoiy javobgarlik hujjatning mulkiy yoki nomulkiy xususiyatga ega boʻlgan-boʻlmaganligidan qatʼiy nazar yuzaga keladi.
Shu bilan birga, ijro hujjatining ijro etilishiga toʻsqinlik qilganlik uchun ham, davlat ijrochisiga turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazganlik uchun ham shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun muqaddam unga nisbatan maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilgan boʻlishi talab etiladi.
(41-band Oʻzbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
5. Jinoyat qonunchiligida shaxs davlat ijrochisi tomonidan maʼmuriy jazoga tortilgandan qancha muddat oʻtgandan soʻng sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi belgilanmagan.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Biroq, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunda (bundan buyon — Qonun) sud hujjati talabini ixtiyoriy ravishda bajarish uchun besh kunlik muddat nazarda tutilgan. Shu bois, Qonun analogiyasini qoʻllab, jinoiy javobgarlik toʻgʻrisidagi ogohlantirish muddati besh kundan oshmasligi lozim.
Shunga koʻra, shaxsni jinoiy javobgarlik haqida ogohlantirish toʻgʻrisidagi xatda davlat ijrochisi oʻtkazib yuborilishi sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik keltirib chiqaradigan muddatni (5 kungacha) aniq koʻrsatishi lozim.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
6. Sudlarga tushuntirilsinki, Qonun ayrim toifadagi nomulkiy xususiyatga ega boʻlgan sud hujjatlari boʻyicha davlat ijrochisi tomonidan bir qator (masalan, uyga kiritishda, uydan chiqarishda, imoratni buzib tashlashda, yer uchastkasini olib qoʻyish va oʻtkazishda va h.k) ijro harakatlarini amalga oshirishni nazarda tutadi. Ushbu toifadagi sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlaganlik uchun shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani hal etishda, maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan va ogohlantirish muddati oʻtgandan soʻng shaxs tomonidan sud hujjati talablarini bajarilmasligi holatining oʻzi kifoya hisoblanadi va davlat ijrochisi tomonidan tegishli ijro harakatlarining amalga oshirilishi ahamiyat kasb etmaydi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
7. Shuni eʼtiborga olish lozimki, jinoyat qonuni JK 232-moddasida nazarda tutilgan umumiy normadan istisnolarni ham nazarda tutadi, bunda sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash uchun jinoiy javobgarlik Jinoyat kodeksining maxsus normalari boʻyicha (masalan, JK 122, 123-moddalari, 148-moddasi birinchi qismi) kelib chiqadi va qilmishni JK 232-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
8. Sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashish deganda, ijro hujjatining ijro etilishiga toʻsqinlik qilish yoki davlat ijrochisiga turli shaklda qonunga xilof ravishda qasddan taʼsir oʻtkazish tushunilib, sud hujjatlarini ijro etish organlari mansabdor shaxslarining faoliyatiga qarshilik koʻrsatishga, shu jumladan, sud hujjati talabi bajarilishini qiyinlashtirishga hamda uni oʻz vaqtida va soʻzsiz bajarish mumkin boʻlmaydigan holatga keltirishga qaratilgan qilmish tushuniladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
9. Sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashgan shaxsning harakatlarida boshqa, ogʻirroq jinoyat belgisi boʻlsa (masalan, qasddan badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazish, hujjatlarni qalbakilashtirish va h.k.), aybdorning harakatlari JK 2321-moddasi va Jinoyat kodeksining mazkur jinoyat uchun javobgarlik belgilovchi tegishli moddasi majmui bilan kvalifikatsiya qilinadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
10. Sud hujjatini ijro etmaslik (JK 232-moddasi) uchun jinoiy javobgarlik shaxs oʻn sakkiz yoshga toʻlganda yuzaga keladi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
JK 232-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan jinoyat subyekti faqat bunday shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining sakkizinchi boʻlimida qoʻyilgan talablarga javob beradigan mansabdor shaxs hisoblanadi.
JK 232-moddasi ikkinchi qismi bilan, jumladan, sud hukmiga koʻra muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilingan shaxs bilan, bila turib, mehnat shartnomasi(kontrakt) tuzgan yoki bunday shartnoma(kontrakt)ni bekor qilmagan mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Surishtiruv, tergov organlari va sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlashdan farqli ravishda, mansabdor shaxsni sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish uchun mansabdor shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlishi va kelgusida sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlagan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida davlat ijrochisi tomonidan yozma tarzda ogohlantirilgan boʻlishi talab etiladi.
(10-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
11. Sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlashning subyekti sud hujjati bilan muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan oʻzini tiyish majburiyati yuklatilgan shaxslar (qarzdorlar) hisoblanadi
Agar, bunday majburiyat sud hujjati bilan yuridik shaxsga yuklatilgan boʻlsa, sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlaganlik uchun sud hujjatining tegishli talabini bajarish, tashkil qilish yoxud amalga oshirilishini nazorat qilish mansab vazifalariga kirgan shaxslar (mansabdor shaxslar va yuridik shaxsning boshqa xodimlari) jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
Sud hujjatining ijro etilishiga toʻsqinlik qilishning subyekti nafaqat qarzdor hisoblangan shaxs, balki boshqa har qanday jismoniy (mansabdor) shaxs boʻlishi mumkin.
Ish yurituvidagi sud hujjatining oʻz muddatida ijro etilishini taʼminlash chorasini koʻrmayotgan davlat ijrochisi JK 232-moddasida nazarda tutilgan jinoyat subyekti hisoblanishi mumkin emas. Bunday hollarda, sud ijrochisining harakati (harakatsizligi) boshqaruv tartibiga qarshi jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilinishi mumkin.
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
12. Sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash uzoqqa choʻzilgan jinoyat hisoblanadi. U sud hujjatini bajarishdan qasddan boʻyin tovlash fakti aniqlangan paytdan boshlanib, sud hujjati aybdor tomonidan sud hujjatida qayd etilgan sud farmoyishi amalda bajarilgan yoki jinoyat sodir etilishiga toʻsiq boʻlgan voqea boshlangan paytda tugaydi.
Sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etilishiga toʻsqinlik qilish uchun sudlanganlik qonun boʻyicha sud hujjatini bajarish majburiyatidan ozod qilmasligi sababli, shaxs tomonidan shunga oʻxshash harakatlar sudlangandan keyin sodir etilgan hollarda, u umumiy asoslarda javobgarlikka tortiladi.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
13. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JK 232, 2321-moddalarida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi formal hisoblanadi va shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash yoki sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etilishiga toʻsqinlik qilish fakti aniqlanishining oʻzi kifoya boʻlib, bunda qandaydir zararli oqibat kelib chiqqan-chiqmaganligi, jumladan moddiy zarar borligi va uning miqdori ahamiyat kasb etmaydi.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Ayni paytda, tergov organlari va sudlar jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandan keyin va sud maslahat xonasiga (alohida xonaga) kirgunga qadar sud farmoyishini ixtiyoriy ravishda bajargan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilish boʻyicha qonunda berilgan imkoniyatlardan keng foydalanishlari lozim.
14. Quyidagilar shaxsni JK 122-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish shartlari hisoblanadi:
moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlash haqida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki sud buyrugʻi mavjudligi;
bunday shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlaganlik uchun shaxsga nisbatan muqaddam maʼmuriy jazo qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan paytdan boshlab bir yil mobaynida takroran sodir etganligi (JK 122-moddasida nazarda tutilgan jinoyat uzoqqa choʻzilgan jinoyat boʻlib, sodir etish boshlangan vaqtdan tugallangan hisoblanadi);
ushbu mablagʻ jami ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlanmaganligi.
JK 122-moddasining 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs sudlanganlik holati tugamasdan turib, ikki oydan ortiq muddat mobaynida voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlasa, uning qilmishi JK 122-moddasi 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Bunda shaxsni maʼmuriy javobgarlikka tortilgan-tortilmaganligi ahamiyat kasb etmaydi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
15. Surishtiruv, tergov organlari va sudlarga tushuntirilsinki, shaxsni voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlaganlik, shuningdek ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish uchun qarzdorlikning umumiy muddati ketma-ketligidan qatʼiy nazar ikki oydan ortiq boʻlishi lozim.
Bunda, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash deb, shaxsning sud hujjatida belgilangan aliment miqdorini toʻliq hajmda toʻlamasligi holati ham tushunilishi lozim.
Qonunga koʻra, agar shaxs aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni toʻliq toʻlasa, u jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi lozim.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Sudlar hukm chiqarayotganda sudlanuvchidan sud hukmi bilan aniqlangan aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorligi bilan bir qatorda, muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilishiga sabab boʻlgan aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorligini ham hisobga olib undirishni belgilashlari shart.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
16. Shuni nazarda tutish lozimki, Oila kodeksining 140-moddasi mazmuniga koʻra, agar aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs muayyan davrda ishlamagan boʻlsa, aliment boʻyicha qarz qarz undirilayotgan paytdagi Oʻzbekiston Respublikasidagi oʻrtacha oylik ish haqi miqdori boʻyicha hisoblab chiqiladi.
Oila kodeksining 141-moddasi talablaridan kelib chiqib, sud hujjatida belgilangan miqdordagi aliment qarzlarini toʻlashdan toʻla yoki qisman ozod etishga faqat sud tartibida yoʻl qoʻyiladi.
Shu bois, aliment toʻlashdan toʻla yoki qisman ozod etish toʻgʻrisida sud qarori mavjud boʻlmagan taqdirda, shaxsning moddiy va oilaviy sharoiti ogʻirligini vaj qilib, aliment toʻlashdan boʻyin tovlashi JK 122-moddasi bilan jinoiy javobgarlikni istisno qiluvchi holat sifatida qabul qilinmasligi lozim.
17. Sud hujjatining ijro etilishiga toʻsqinlik qilish alohida jinoyat tarkibini tashkil etganligi sababli, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlayotgan shaxsning sud hujjatini ijro etilishiga toʻsqinlik qilishi JK 122-moddasi bilan birga JK 2321-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinadi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
18. Sud hujjati ijrosi samarasi uning oʻz vaqtida ijroga qaratilishi bilan ham bogʻliqligini inobatga olgan holda, sudlar protsessual qonunda uni ijroga qaratish muddatlari va tartibiga, sud hujjatini ijro etish bilan bogʻliq masalalarni hal etishga nisbatan qoʻyilgan talablarga ogʻishmay rioya etishlari shart.
19. Sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash, sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etilishiga toʻsqinlik qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish vaqtida sudlar bunday jinoyatlar sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashlari va ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar koʻrishlari zarur.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
20. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlash, uning ijro etilishiga toʻsqinlik qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari, bu toifadagi ishlar boʻyicha sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini chuqur tekshirishlari, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etishlari lozim.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)