Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki zayomi doirasida Oʻzbekiston Respublikasining moliya sektorini isloh qilish loyihasini tayyorlash va amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 1,2 mln AQSh dollari summasida avans ajratilganligi, u Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki zayomi doirasida moliya sektorini isloh qilish loyihasini tayyorlashga yoʻnaltirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki zayomi doirasida moliya sektorini isloh qilish loyihasini tayyorlash va amalga oshirish komissiyasi
ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
3. Komissiyaga quyidagi vazifalar yuklansin:
moliya sektorini isloh qilish uchun zayom berishning Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan kelishilgan shartlarini ishlab chiqish;
moliya tizimi va moliya institutlarini isloh qilish Hukumat dasturiga muvofiq Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining koʻrsatib oʻtilgan zayomini berish shartlari doirasidagi tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlash;
avans va zayom mablagʻlaridan foydalanish qoidalarini ishlab chiqish;
turli vazirliklar va idoralarning zayom berish shartlarining bajarilishiga oid ishlarini muvofiqlashtirish;
avans va zayom mablagʻlaridan samarali foydalanilishini nazorat qilish.
4. Markaziy bankka avans mablagʻlaridan foydalanilishi ustidan qatʼiy operativ nazorat oʻrnatish va avans doirasida jalb qilinadigan xalqaro hamda Mahalliy konsultantlar ishini muvofiqlashtirishni taʼminlash tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.S. Hamidov va Markaziy bank raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.