1.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.03.00.00 Ijtimoiy-madaniy masalalar boʻyicha hamkorlik / 19.03.02.00 Mehnat masalalari boʻyicha bitimlar / 19.03.02.01 MXT konvensiyalari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi;
2.Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Xalqaro shartnomalar (bitmlar)]
Norasmiy tarjima
Bolalar mehnatining eng yomon shakllari toʻgʻrisidagi
182-son-Konvensiya
1999-yil 17-iyun, Jeneva
LexUZ sharhi
Mazkur Konvensiya Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 8-apreldagi OʻRQ-144-sonli “Bolalar mehnatining ogʻir shakllarini taqiqlash va yoʻq qilishga doir shoshilinch choralar toʻgʻrisidagi Konvensiyani (Jeneva, 1999-yil 17-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni bilan ratifikatsiya qilingan.
(2009-yil 24-iyundan kuchga kirgan)
Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh konferensiyasi,
Xalqaro Mehnat Byurosining Maʼmuriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 1999-yilning 1-iyunida oʻzining 87-Sessiyasiga toʻplanib,
milliy va xalqaro saʼy-harakatlarning, shu jumladan, xalqaro hamkorlik va xalqaro yordamning bosh ustuvor tamoyili sifatida bolalar mehnatini taqiqlash va uning eng yomon shakllariga barham berish uchun bolalar mehnati boʻyicha asosiy hujjat boʻlib qolayotgan Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh toʻgʻrisidagi 1973-yilgi Konvensiya va Tavsiyani toʻldiradigan yangi hujjatlarni qabul qilishni zarur deb hisoblab,
bolalar mehnatining eng yomon shakllariga samarali barham berish shoshilinch va har tomonlama saʼy-harakatlarni — bepul umumiy taʼlim hamda bolalarni shu turdagi barcha ishlardan xalos etish zaruratini hisobga olgan holda va ularning oilalari ehtiyojlariga yoʻnaltirilgan holda ularning reabilitatsiyasiga va ijtimoiy integratsiyalashuviga koʻmaklashish maqsadida, — talab etishini eʼtiborga olib,
1996-yilda Xalqaro Mehnat Konferensiyasining 83-Sessiyasida qabul qilingan bolalar mehnatiga barham berish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani eslatib,
bolalar mehnati koʻp jihatdan qashshoqlik oqibatida vujudga kelishini va bu masalaning uzoq muddatli yechimi ijtimoiy taraqqiyotga olib boradigan. xususan, qashshoqlikni tugatish va universal taʼlimni taʼminlaydigan barqaror iqtisodiy oʻsishga bogʻliqligini tan olib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 1989-yil 20-noyabrda qabul qilingan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyani eslatib,
Xalqaro Mehnat Konferensiyasining 1998-yildagi 86-Sessiyasida qabul qilingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining mehnat sohasidagi asosiy prinsiplari va huquqlari Deklaratsiyasini hamda ularni amalga oshirish mexanizmini eslatib,
bolalar mehnatining ayrim eng yomon shakllari boshqa xalqaro hujjatlar, xususan Majburiy mehnat toʻgʻrisidagi 1930-yilgi Konvensiya, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qullik va kul savdosini, kullikka oʻxshash institutlar va odatlarni bekor qilish toʻgʻrisidagi qoʻshimcha Konvensiyasi bilan qamrab olinishini eslatib,
bolalar mehnatiga oid bir qancha takliflarni qabul qilishga qaror chiqarib va bu Sessiya kun tartibining toʻrtinchi bandi hisoblanib,
mazkur takliflarga xalqaro konvensiya shaklini berishga qaror qilib,
bir ming toʻqqiz yuz toʻqson toʻqqizinchi yil iyun oyining oʻn yettinchi kunida kuyidagi “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari toʻgʻrisidagi 1999-yilgi Konvensiya” deb nomlanishi mumkin boʻlgan Konvensiyani qabul qildi:
1-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qiladigan Xalqaro Mehnat Tashkilotining har bir aʼzosi bolalar mehnatini taqiqlash va uning eng yomon shakllariga barham berishni taʼminlash maqsadida darhol samarali chora-tadbirlar koʻradi.
2-modda
Mazkur Konvensiya maqsadlari uchun “bola” atamasi 18 yoshgacha boʻlgan barcha shaxslarga qoʻllaniladi.
3-modda
Mazkur Konvensiya maqsadlari uchun “bolalar mehnatining eng yomon shakllari” atamasi quyidagilarni qamrab oladi:
a) qullikning barcha shakllari yoki kullikka oʻxshash amaliyot, masalan, bolalarni sotish va ularning traffiki, qarz asosidagi qaramlik va krepostnoy tobelik, shuningdek, zoʻraki yoki majburiy mehnat, shu jumladan, bolalardan qurolli mojarolarda foydalanish uchun ularni zoʻrlab yoki majburlab jalb qilish;
b) fohishabozlik bilan shugʻullanish, pornografiya mahsulotlari tayyorlash yoki pornografik tomoshalarda ishtirok etish uchun boladan foydalanish, uni yollash yoki uni taklif qilish;
s) qonunga xilof faoliyat bilan shugʻullanish uchun, xususan, tegishli xalqaro shartnomalarda belgilangani kabi, narkotiklar tayyorlash va sotish uchun boladan foydalanish, uni yollash yoki uni taklif qilish;
d) bajarish xususiyatlari yoki sharoitiga koʻra bolalar sogʻligʻi, xavfsizligi va maʼnaviyatiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan ishlar.
4-modda
1. Milliy qonun hujjatlari yoki vakolatli hokimiyat organi tomonidan, mehnatkashlar va ish beruvchilarning tegishli tashkilotlari bilan maslahatlashilgandan soʻng, 3-moddaning “d” kichik bandida koʻrsatilgan ish turlari belgilanadi, bunda tegishli xalqaro standartlari, xususan, Bolalar mehnatining eng yomon shakllari toʻgʻrisidagi 1999-yilgi Tavsiyaning 3- va 4-bandlari qoidalari eʼtiborga olinadi.
2. Vakolatli hokimiyat organi, mehnatkashlar va ish beruvchilarning tegishli tashkilotlari bilan maslahatlashgandan soʻng, shu tariqa belgilangan ish turlari mavjudligini aniqlaydi.
3. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq belgilangan ish turlari roʻyxati muntazam tahlil qilib boriladi va zaruratga qarab mehnatkashlar va ish beruvchilarning tegishli tashkilotlari bilan maslahatlashib, qayta koʻrib chiqiladi.
5-modda
Tashkilotning har bir aʼzosi, mehnatkashlar va ish beruvchilarning tegishli tashkilotlari bilan maslahatlashgandan soʻng, mazkur Konvensiyani hayotga tatbiq etadigan qoidalar qoʻllanilishining nazoratini amalga oshirish uchun tegishli mexanizmlar yaratadi yoki bunday mexanizmlarni belgilaydi.
6-modda
1. Tashkilotning har bir aʼzosi ustuvor tartibda bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi harakat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
2. Bunday harakat dasturlari tegishli hukumat idoralari hamda mehnatkashlar va ish beruvchilarning tashkilotlari bilan maslahatlashib ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi, zarurat tugʻilgan holda boshqa tegishli guruhlar fikrlari eʼtiborga olinadi.
7-modda
1. Tashkilotning har bir aʼzosi, mazkur Konvensiyani hayotga tatbiq etadigan qoidalarni samarali qoʻllash va ularga rioya etishini taʼminlash uchun, shu jumladan, jinoiy javobgarlikni joriy etish va qoʻllash orqali hamda vaziyatga qarab boshqa jazo choralarini qoʻllash orqali barcha zarur chora-tadbirlarni koʻradi.
2. Tashkilotning har bir aʼzosi, bolalar mehnatiga barham berishda taʼlimning muhimligini eʼtiborga olgan holda, belgilangan muddatlarda quyidagilarga yoʻnaltirilgan samarali chora-tadbirlarni koʻradi:
a) bolalarni bolalar mehnatining eng yomon shakllariga jalb etilishiga yoʻl qoʻymaslikka;
b) bolalarning bolalar mehnatining eng yomon shakllar bilan mashgʻul boʻlishlarini toʻxtatishga, shuningdek, ularni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy integratsiyalash uchun zarurat va talab darajasida bevosita koʻmaklashishga;
s) bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan xalos etilgan barcha bolalar bepul umumiy taʼlim olishlari,shuningdek, ular uchun imkoniyat darajasida va zaruratga qarab kasbga oʻqish uchun sharoit yaratilishiga;
d) alohida xavfli ahvoldagi bolalarni aniqlash va qamrab olishga; xamda
e) qizlar ahvolining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olishga.
3. Tashkilotning har bir aʼzosi mazkur Konvensiyani hayotga tatbiq etadigan qoidalar qoʻllanilishi uchun masʼul boʻlgan vakolatli hokimiyat organini tayinlaydi.
8-modda
Tashkilotning aʼzolari mazkur Konvensiya qoidalarini hayotga tatbiq etishda bir-biriga yordam berish maqsadida, mukammal xalqaro hamkorlik va/yoki yordam orqali, shu jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash, qashshoqlikka qarshi kurash boʻyicha dasturlar hamda universal taʼlim orqali zarur choralarni koʻradilar.
9-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar roʻyxatga olinishi uchun Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
10-modda
1. Ushbu Konvensiya faqatgina ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining aʼzolarinigina birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki aʼzosining ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan sanadan keyin 12 oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotning har bir aʼzosi uchun uning ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjati roʻyxatga olingan sanadan keyin 12 oy oʻtgach kuchga kiradi.
11-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning aʼzosi Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan oʻn yil oʻtganidan keyin Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga roʻyxatga olish uchun yuborilgan akt orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya denonsatsiya akti roʻyxatga olinganidan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan oʻn yillik muddat oʻtganidan keyin, bir yil ichida mazkur moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan boʻlsa, navbatdagi oʻn yillik muddatni kutishga majbur boʻladi va shunga muvofiq, u mazkur modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani har oʻn yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin boʻladi.
12-modda
1. Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori Tashkilot aʼzolari tomonidan yuborilgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasini roʻyxatga olganligi haqida Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha aʼzolariga xabar beradi.
2. Bosh direktor, ikkinchi ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatni roʻyxatga olganligi haqida Tashkilot aʼzolariga xabar berganda, u Tashkilot aʼzolarining eʼtiborini Konvensiyaning kuchga kirish sanasiga qaratadi.
13-modda
Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi moddalar qoidalariga binoan oʻzi roʻyxatga olgan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasiga oid toʻla maʼlumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga roʻyxatga olish uchun yuboradi.
14-modda
Har gal, Xalqaro Mehnat Byurosi Maʼmuriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi maʼruzani taqdim etadi va uni toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish kerakligini yoki kerak emasligini koʻrib chiqadi.
15-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud boʻlmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror aʼzosi tomonidan qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, qonunning oʻz kuchi bilan, 11-modda qoidalaridan qatʼiy nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan boʻlishi kerak;
b) qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan eʼtiboran, mazkur Konvensiyaning Tashkilot aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi toʻxtatiladi.
2. Mazkur Konvensiya, xar qanday holatda, uni ratifikatsiya qilgan, ammo qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot aʼzolari uchun amaldagi shakli va mazmuni oʻz kuchida qolaveradi.
16-modda
Mazkur Konvensiyaning inglizcha va fransuzcha matnlari bir xil kuchga ega.