1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari / 02.03.05.00 Kompaniyalar, konsernlar, uyushmalar va boshqalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.21.00 Engil, mahalliy sanoat]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
2.Iqtisodiyot / Sanoat]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
RESPUBLIKA ENGIL SANOATINI BOShQARIShNI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-dekabrdagi PF-5285-sonli “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika to‘qimachilik, trikotaj, tikuvchilik va chinni sanoati tarmoqlarini yanada rivojlantirish hamda ularni boshqarish tizimini takomillashtirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, bozor munosabatlarini chuqurlashtirish, paxta tolasini chuqur qayta ishlash hisobiga yengil sanoat mollari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va eksport salohiyatini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston yengil sanoat mollari ishlab chiqarish davlat uyushmasi (O‘zbekyengilsanoat)ni Engil sanoat mollari ishlab chiqarish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi "O‘zbekyengilsanoat" (“O’zbekyengilsanoat”) etib qayta tashkil qilish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksining, Davlat mulki qo‘mitasi va "O‘zbekyengilsanoat" uyushmasining takliflari qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Engil sanoat mollari ishlab chiqarish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi "O‘zbekyengilsanoat" (“O’zbekyengilsanoat”) faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari deb hisoblansin:
ichki va tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlarini amalga oshirish, to‘qimachilik, trikotaj, tikuvchilik va chinni sanoati mollariga bo‘lgan ehtiyojning o‘sishini o‘rganish hamda bashorat qilish;
respublika iste’mol bozorining aholi o‘rtasida xaridorgir bo‘lgan vatanimiz yengil sanoatining yuqori sifatli mollari bilan to‘ldirilishini ta’minlash;
tarmoqning eksport salohiyatini mustahkamlash, kompaniya korxonalari tomonidan raqobatbardosh mollar ishlab chiqarilishini butun choralar bilan ko‘paytirish hamda ularning jahon bozorlariga kirib borishini tashkil qilish;
paxta tolasidan, boshqa mahalliy xomashyo va materiallar manbalaridan foydalanishni chuqurlashtirish hamda uning kompleksliligini oshirish, hozirgi vaqtda import bo‘yicha olib kelinayotgan butlovchi buyumlar va yordamchi ashyolar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish;
tarmoqda yagona texnika va investitsiya siyosatini o‘tkazish, to‘qimachilik, trikotaj va tikuvchilik sanoati korxonalarining kooperatsiyalashuviga, ishlab chiqarishni respublikaning aholi zich yashaydigan tumanlarida mahalliylashtirishga ko‘maklashish;
zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi buyumlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, tarmoq korxonalarini yangilash va texnika bilan qayta qurollantirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘rixorijiy sarmoyalarni keng jalb etish;
bozor islohotlarini o‘tkazishda, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etishda kompaniya korxonalariga yordam ko‘rsatish.
3. “O‘zbekiston SSR Engil sanoat vazirligi negizida O‘zbekiston yengil sanoat mollari ishlab chiqarish davlat uyushmasi ("O‘zbekyengilsanoat")ni tashkil etish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 6-maydagi PF-202-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda ushbu Farmonni ijro etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 1-iyul,
PF-3102-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 6-7-son, 118-modda)