1.18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.02.00.00 Advokatura / 18.02.02.00 Advokatura faoliyatining tashkiliy asoslari]
[TSZ:
1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Advokatura]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
ADVOKAT YORDAMChISINING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 27-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1929]
LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 3-iyundagi 10-mh-sonli “Advokat stajori va yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3517, 04.06.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 48-modda) muvofiq buyuraman:
1. Advokat yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (A. Inanbabayev) hamda Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (D. Yakubova) ushbu normativ-huquqiy hujjatni oʻn kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Ushbu buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklatilsin.
Adliya vaziri R. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart,
80-mh-son
Adliya vazirining 2009-yil 27-martdagi 80-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Advokat yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, 2-son, 48-modda) muvofiq advokat yordamchisining (keyingi oʻrinlarda yordamchi deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Advokat advokatlik faoliyatini amalga oshirishda yordamchiga ega boʻlishi mumkin.
2. Oliy yoki oʻrta yuridik maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi yordamchi boʻlishi mumkin.
3. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs yordamchi boʻlishi mumkin emas.
II. Yordamchi sifatida ishga qabul qilishni rasmiylashtirish
4. Advokatlik byurosiga, advokatlik firmasiga, advokatlar hayʼatiga yordamchi sifatida ishga qabul qilish tegishli advokatlik tuzilmasi, yuridik maslahatxonaga esa Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda hududiy boshqarma deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
5. Yordamchi sifatida ishga qabul qilish advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarmasi) rahbarining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi, mutasaddi-advokat ham shu buyruq bilan tayinlanadi.
6. Yordamchining mehnat sharoitlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladigan mehnat shartnomasi (kontrakt) bilan belgilanadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
7. Mehnat shartnomasi (kontrakt) bilan advokatlik tuzilmasining (hududiy boshqarmasining), mutasaddi-advokatning hamda yordamchining huquq va majburiyatlari, yordamchining mehnatiga haq toʻlash tartibi, ish rejimi, mehnat shartnomasining (kontraktning) amal qilish muddati, uni tugatish shartlari belgilanadi, advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarmasi), mutasaddi-advokat va yordamchi oʻzaro munosabatlarining boshqa masalalari tartibga solinadi.
8. Ayni bir shaxs bir vaqtning oʻzida bitta advokatlik tuzilmasida advokatlik faoliyatini amalga oshirayotgan bir necha mutasaddi-advokatlarning yordamchisi boʻlishi mumkin, bu hol yordamchini ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqda va mehnat shartnomasining (kontraktning) shartlarida aks ettirilishi kerak.
III. Yordamchi ishini tashkil etish
9. Yordamchining ishi advokatlik tuzilmasi tomonidan tashkil etiladi.
10. Advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarma) tomonidan yordamchiga belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi. Mehnat shartnomasi (kontrakt) bekor qilinganda guvohnoma advokatlik tuzilmasiga (hududiy boshqarmaga) qaytarilishi kerak.
11. Yordamchi advokat huquqlariga ega boʻlmaydi va uning tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarda, surishtiruv, dastlabki tergov organlarida, sudlarda hamda boshqa davlat organlarida ishlarni yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 1-iyuldagi 273-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1929-1, 01.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/1929-1/3350-son)
12. Yordamchi bevosita mutasaddi-advokatga boʻysunadi.
13. Yordamchi mutassadi-advokat koʻrsatmasiga binoan mutasaddi-advokatning ish yurituvidagi ishlar boʻyicha mutasaddi-advokatning protsessual vakolatlariga taalluqlilaridan tashqari topshiriqlarni bajaradi.
14. Yordamchi mutasaddi-advokatning topshirigʻiga binoan:
huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi yoki ularning ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
soʻrovlar, iltimosnomalar, arizalar va mutasaddi-advokatning advokatlik faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarning tayyorlanishida ishtirok etadi;
surishtiruv, dastlabki tergov organlariga, sudlarga hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlariga berib yuborish uchun materiallar tayyorlaydi;
yurituvda boʻlgan va tugallangan ijro ishlarining hisobga olinishini amalga oshiradi;
talab qilingan hujjatlar va boshqa materiallarni oʻz vaqtida taqdim etilishini nazorat qiladi;
mutasaddi-advokat tomonidan advokatlik faoliyatini amalga oshirilishi bilan bogʻliq boshqa topshiriqlarni bajaradi.
15. Yordamchi sifatidagi ish staji advokat maqomiga ega boʻlish uchun zarur boʻlgan yuridik mutaxassislik boʻyicha ish stajiga qoʻshiladi.
16. Advokatlarning kasb etikasi qoidalari va advokatlik sirini saqlashga doir talablar yordamchiga nisbatan tatbiq etiladi.
17. Yordamchiga nisbatan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
18. Yordamchi mehnatiga haq toʻlash va ijtimoiy sugʻurtasi advokatlik tuzilmasiga kelib tushgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
IV. Yordamchining huquq va majburiyatlari
19. Yordamchi ish davrida:
advokatlik tuzilmasi tomonidan tashkil etiladigan amaliy mashgʻulotlarda qatnashishga;
advokatlik tuzilmasining ishida ishtirok etishga;
advokatlik tuzilmasida mavjud boʻlgan huquqiy maʼlumotlar bazalaridan, maxsus adabiyotlardan foydalanishga;
normativ materiallarni turkumlashtirish, huquqni qoʻllash amaliyotini umumlashtirish, mutasaddi-advokatga topshiriqlarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni va boshqa materiallarni toʻplash bilan shugʻullanishga;
mutasaddi-advokat bilan birgalikda sud majlislarida, tergov harakatlarida qatnashishga, huquqiy hujjatlarning loyihalarini tayyorlashga;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishga haqli.
(19-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
20. Yordamchi ish davrida:
mutasaddi-advokatning topshiriqlarini vijdonan, oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishi;
oʻz kasbiy bilimlari va koʻnikmalarini doimiy ravishda oshirib borishi;
mutasaddi-advokat tomonidan belgilagan tartibda bajargan ishlari toʻgʻrisida mutasaddi-advokatga hisobot taqdim etishi;
advokatlik sirini saqlashi;
advokatlik tuzilmasidagi mehnat intizomiga rioya etishi shart.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq yordamchi boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
(20-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
V. Yakunlovchi qoidalar
21. Mehnat shartnomasi (kontrakt) yordamchi bilan quyidagi hollarda bekor qilinadi:
yordamchining yordamchilar qatoridan chiqarish toʻgʻrisidagi arizasiga binoan;
yordamchini muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sudning qarori qonuniy kuchga kirganda;
yordamchi tomonidan advokatning shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan hamda advokaturaning obroʻsini tushiradigan qilmish sodir etilgan holda;
yordamchi oʻz vazifalarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan holda;
yordamchi sudlanganlik olib tashlanmagan yoki sudlanganlik holati tugallanmaganlikni kelib chiqishiga olib keladigan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilganligi toʻgʻrisidagi sudning hukmi qonuniy kuchga kirganda;
yordamchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda;
mutasaddi-advokatga nisbatan advokat maqomi tugatilishi yoki toʻxtatib turilishi munosabati bilan.
Mehnat shartnomasi (kontrakt) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar boʻyicha ham bekor qilinishi mumkin.
(21-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
22. Mazkur Nizomni buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
23. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
Advokatlar palatasining raisi T. SAYIDOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 13-son, 153-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/1929-1/3350-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)