Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida xususiy tadbirkorlikni, kichik biznesni, shuningdek xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish hamda ularni jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2002-yilning 1-iyulidan boshlab ustav jamgʻarmasining miqdori kamida 75 ming AQSh dollariga teng boʻlgan hamda belgilangan boshqa shartlarga javob beradigan korxonalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida yangi barpo etiladigan va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi organlarida davlat roʻyxatiga olinishi lozim boʻlgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar deb hisoblanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida xorijiy sarmoya ishtirokida yangi barpo etilayotgan va ustav jamgʻarmasi miqdori 75 ming AQSh dollaridan kam boʻlgan korxonalar xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar jumlasiga kirmaydi hamda korxona joylashgan shahar va tumanlar hokimliklarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtadi.
2. Belgilansinki, 2002-yilning 1-iyulidan to 2005-yilning 1-yanvariga qadar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida roʻyxatga olinib, oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan kichik ishlab chiqarish korxonalari va mikrofirmalar soliq solish tizimidan qatʼi nazar, amaldagi stavkalarga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan stavka boʻyicha soliq toʻlaydilar;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2002-yilning 1-iyulidan boshlab yuqorida koʻrsatib oʻtilgan soliq imtiyozlari berilishi tufayli respublika budjeti bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati budjetlari oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarga tegishli oʻzgartishlar kiritsin.
3. Mazkur Farmonning
1 va
2-bandlarida koʻzda tutilgan imtiyozlar tegishli ravishda belgilangan tartibda roʻyxatga olingan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida joylashgan va oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan ishlab chiqarish mikrofirmalariga, kichik korxonalarga, xorijiy investitsiyalar ishtirokida yangi tashkil etilgan korxonalargagina taalluqlidir.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun va normativ hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
6. Ushbu Farmon matbuotda eʼlon qilinsin.