1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.01.00 Umumiy qoidalar;
2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.04.00 Eksport va import / 10.01.04.01 Eksport]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Sanoat;
2.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Eksport va import]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
EKSPORT QILUVCHI KORXONALAR QARZINI TARKIBIY OʻZGARTIRISHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmoni bilan tasdiqlangan Iqtisodiyotning real sektori bazaviy tarmoqlari korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturining 1.9-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida, shuningdek eksport qiluvchi korxonalarning kreditorlik qarzini tarkibiy oʻzgartirish boʻyicha asoslangan takliflarni tezkorlik bilan koʻrib chiqish va belgilangan tartibda kiritish uchun Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmoni bilan tashkil etilgan Iqtisodiyotning real sektori bazaviy tarmoqlari korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilish boʻyicha Ishchi guruhning eksport qiluvchi korxonalarning 2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra qarzini tarkibiy oʻzgartirishga hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar boʻyicha penyalarni hisobdan chiqarishga yoʻnaltirilgan takliflar tayyorlash boʻyicha kichik guruhi (keyingi oʻrinlarda Kichik guruh deb ataladi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Eksport qiluvchi korxonalarning qarzini tarkibiy oʻzgartirish hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar boʻyicha penyalarni hisobdan chiqarish yuzasidan takliflar tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hujjatlarning tegishli paketlari hamda eksport qiluvchi korxonalar boʻyicha asoslashlarning qonun hujjatlariga qatʼiy muvofiq ravishda sifatli tayyorlanishini va ularning 2009-yil 15-fevralgacha Kichik guruhga taqdim etilishini taʼminlasinlar.
3. Muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish hamda budjetga toʻlovlar intizomini mustahkamlash boʻyicha Respublika komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) 2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra eksport qiluvchi korxonalarga yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun qarzlarni toʻlash muddatini kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyatini berish hamda koʻrsatib oʻtilgan qarzlar boʻyicha hisoblangan penyalarni hisobdan chiqarish huquqi berilsin.
4. Kichik guruh (Guskova) 2009-yil 1-martgacha Respublika komissiyasiga eksport qiluvchi korxonalar murojaatlari yuzasidan tayyorlangan budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar boʻyicha, 2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun qarzlarni tarkibiy oʻzgartirish hamda koʻrsatib oʻtilgan qarzlar uchun hisoblangan penyalarni hisobdan chiqarish boʻyicha xulosalarni belgilangan tartibda taqdim etsin.
5. Respublika komissiyasi Kichik guruh xulosalarini hisobga olgan holda eksportchi korxonalarga budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun toʻlov muddatini kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyatini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 31-dekabr,
289-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 31-dekabrdagi 289-son qaroriga 1-ILOVA
Iqtisodiyotning real sektori bazaviy tarmoqlari korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilish boʻyicha Ishchi guruhning 2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra eksport qiluvchi korxonalarning qarzini tarkibiy oʻzgartirishga hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar boʻyicha penyalarni hisobdan chiqarishga yoʻnaltirilgan takliflar tayyorlash boʻyicha kichik guruhi
tarkibi
Guskova T.
—
Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari, Kichik guruh rahbari
Saidova G.
—
Iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari
Gadoyev E.
—
Davlat soliq qoʻmitasining birinchi oʻrinbosari
Rofiyev Q.
—
Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari
Fayzullayev Sh.
—
Iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari
Mirzayev M.
—
Moliya vazirining oʻrinbosari
Ostrogojskaya E.
—
Moliya vazirligining Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshligʻi
Qoraboyev F.
—
Moliya vazirligining Sanoatning bazaviy tarmoqlari va yoqilgʻi-energetika majmui moliyasi boshqarmasi boshligʻi
Adhamjonov A.
—
Moliya vazirligining Isteʼmol bozori va xizmat koʻrsatish sohalarini moliyaviy hamda narx orqali tartibga solish boshqarmasi boshligʻi
Tangirqulov A.
—
Davlat soliq qoʻmitasining Hisobot va soliq tushumlarini tezkor tahlil qilish boshqarmasi boshligʻi
Toʻychiyev I.
—
Moliya vazirligining Agrosanoat majmuasi moliyasi boshqarmasi boshligʻi, Kichik guruh kotibi
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 31-dekabrdagi 289-son qaroriga 2-ILOVA
2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra eksport qiluvchi korxonalarning qarzini tarkibiy oʻzgartirish hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar boʻyicha penyalarni hisobdan chiqarish yuzasidan takliflar tayyorlash tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1. Ushbu Vaqtinchalik nizom 2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra eksport qiluvchi korxonalarning qarzini tarkibiy oʻzgartirish hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar boʻyicha penyalarni hisobdan chiqarish yuzasidan takliflar tayyorlash tartibini belgilaydi.
Eksport qiluvchi korxonalarning qarzlarini tarkibiy oʻzgartirish hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar boʻyicha penyalarni hisobdan chiqarish yuzasidan xulosalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmoni bilan tashkil etilgan Iqtisodiyotning real sektori bazaviy tarmoqlari korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilish boʻyicha Ishchi guruhning 2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra eksport qiluvchi korxonalarning qarzini tarkibiy oʻzgartirishga hamda budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar boʻyicha penyalarni hisobdan chiqarishga yoʻnaltirilgan takliflar tayyorlash boʻyicha Kichik guruhi (keyingi oʻrinlarda Kichik guruh deb ataladi) tomonidan tayyorlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Kichik guruhning ishchi organi hisoblanadi.
2. Eksport qiluvchi korxonalar Kichik guruhning ishchi organiga quyidagi ariza beruvchilar:
oʻzlarining tarkibiga kiruvchi eksport qiluvchi korxonalar boʻyicha — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari orqali;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tarkibiga kirmaydigan eksport qiluvchi korxonalar boʻyicha — muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish hamda budjetga toʻlovlar intizomini mustahkamlash boʻyicha mintaqaviy komissiyalar orqali murojaat qiladilar.
3. Ariza beruvchilar 2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun toʻlov muddatini kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyatini berish hamda penyalarni hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi murojaatni yuborish bilan bir vaqtda 2009-yil 15-fevralgacha boʻlgan muddatda Ishchi organga eksport qiluvchi korxonalar faoliyatiga taalluqli quyidagi hujjatlar va asoslashlarni taqdim etadilar:
2008-yil uchun mahsulotlar eksport qilishning prognoz va amaldagi hajmlari hamda fizik va qiymat ifodasidagi eksportning moliyaviy natijalari (choraklar boʻyicha taqsimlagan holda), shuningdek 2009-yil uchun prognoz;
2008-yil uchun korxonaning moliyaviy resurslari balansi va 2009-yil hamda toʻlov muddatini kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) soʻralayotgan davr uchun prognoz;
2008-yil boshidan boshlab debitorlik va kreditorlik qarzlarning, shu jumladan elektr va issiqlik energiyasi, tabiiy gaz, suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun qarzlarning dinamikasi, ularning haqqoniyligi taqqoslash dalolatnomalari bilan tasdiqlanadi;
2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar boʻyicha qarzlarning davlat soliq xizmati organlari bilan taqqoslash dalolatnomalari;
xizmat koʻrsatuvchi bankning hisob raqamlarining (hisob-kitob, valyuta hisob raqamlarining) holati toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi;
moliyaviy hisobotning korxona joylashgan joydagi davlat soliq xizmati organlarida tasdiqlangan nusxalari, ularga 2008-yil 1-yanvardagi, 2008-yil 1-oktabrdagi va 2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra debitorlik va kreditorlik qarzlarning barcha hujjatlari va izohlari ilova qilinadi;
eksport qiluvchi korxonani moliyaviy sogʻlomlashtirish dasturi, unda mahsulot tannarxini kamida 20 foizga pasaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrsatiladi;
korxonaning 2008-yil uchun ishlab chiqarish va moliyaviy koʻrsatkichlarining prognozi va amalda bajarilishining qiyosiy jadvali.
4. Taqdim etiladigan hisob-kitoblar, boshlangʻich hujjatlar va boshqa materiallarning haqqoniyligi va asoslanganligi uchun javobgarlik eksport qiluvchi korxonaning rahbari va bosh buxgalteri zimmasiga yuklanadi.
5. Ishchi organ murojaat, shuningdek ushbu Vaqtinchalik nizomning 3-bandida koʻrsatilgan hujjatlar va asoslashlar olingan kundan boshlab 2 kun mobaynida ularni xulosa tayyorlash uchun Kichik guruhga taqdim etadi.
6. Kichik guruh murojaat tushgan kundan boshlab ikki hafta muddatda taqdim etilgan hujjatlar paketini koʻrib chiqadi va xulosa tayyorlaydi, unda quyidagilar aks ettirilgan boʻlishi kerak:
toʻlov muddatini kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyati va/yoki hisobdan chiqarish soʻralayotgan qarzlarning tavsifi va vujudga kelishi sabablarining obyektivligi, qarzni toʻlash jadvalining mavjudligi va uning asoslanganligi;
korxonalar moliyaviy hisobotlarining davlat soliq xizmati organlari tomonidan ularni qabul qilib olganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan nusxalari mavjudligi.
7. Quyidagilar eksport qiluvchi korxonalarga qarzni toʻlash muddatini kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyatini berishning asosiy mezonlari hisoblanadi:
2009-yil uchun eksport, shu jumladan fyuchers kontraktlarining mavjudligi;
2009-yilda mahsulot tannarxini kamida 20 foizga kamaytirish boʻyicha aniq tadbirlarning mavjudligi;
kreditorlik qarzlarning asosan jahon narxlarining noqulay konyunkturasi bilan bogʻliq holda vujudga kelganligi.
8. Kichik guruhning Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasidagi aʼzolari imzolagan eksport qiluvchi korxonalarga qarzni toʻlash muddatini kechiktirish (boʻlib-boʻlib) toʻlash imkoniyatini berish va penyani hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi xulosasi tegishli idoralarning qoʻshma xulosasiga tenglashtiriladi.
Kichik guruh 2009-yil 1-martgacha Muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish hamda budjetga toʻlovlar intizomini mustahkamlash Respublika komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) 2009-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar boʻyicha qarzlarni, yetkazib berilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun qarzlarni tarkibiy oʻzgartirish hamda koʻrsatib oʻtilgan qarzlar yuzasidan hisoblangan penyalarni hisobdan chiqarish boʻyicha xulosani, tegishli xulosalarni ilova qilgan holda, belgilangan tartibda kiritadi.
9. Ariza beruvchilar tomonidan ushbu Vaqtinchalik nizomning 3-bandida koʻrsatilgan hujjatlarning toʻliq roʻyxati taqdim etilmaganda, shuningdek mazkur hujjatlar ushbu Vaqtinchalik nizomning 6-bandida nazarda tutilgan mezonlarga muvofiq boʻlmaganda Kichik guruh eksport qiluvchi korxonaga qarzni toʻlash muddatini kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyatini berish hamda penyani hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishni rad etish haqida qaror qabul qilishga haqlidir, u keyinchalik bu haqda Respublika komissiyasiga tegishli axborot taqdim etadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 527-modda)