1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.10.00 Ijtimoiy jamg‘armalar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Jamoat birlashmalari (jamg‘armalari), diniy tashkilotlar, siyosiy partiyalar]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI KENGASHINING VA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI KENGASHINING
QO‘SHMA QARORI
NODAVLAT NOTIJORAT TASHKILOTLARINI, FUQAROLIK JAMIYATINING BOSHQA INSTITUTLARINI QO‘LLAB-QUVVATLASHNI KUCHAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 28-oktabrdagi 5005-IV/KQ-842-IV-sonli “Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qo‘shma qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish hamda ularning mamlakatda demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirishda va jamiyatni erkinlashtirishda faol ishtirok etishiga ko‘maklashish, ularni moliyalashtirish manbalarini shakllantirish uchun mustaqil tizim va obyektiv sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi (bundan buyon matnda Fond deb yuritiladi), shuningdek Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Fond mablag‘lari bevosita NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ularning talabnomalari asosida va Parlament komissiyasining qarorlariga muvofiq subsidiyalar, grantlar, ijtimoiy buyurtma tarzida ajratiladi;
NNTni, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Fondga budjet mablag‘larini har yilgi ajratish Parlament komissiyasining taqdimnomasi bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini tayyorlash, ko‘rib chiqish, muhokama qilish va tasdiqlash muddatlarida amalga oshiriladi. Bunda NNTga ajratilgan, hisobot yili oxiridagi foydalanilmay qolgan mablag‘lar budjet daromadiga qaytarilmaydi, balki ulardan belgilangan maqsadiga muvofiq kelasi yili foydalaniladi;
Parlament komissiyasining tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya va Moliya vazirliklarining tegishli tuzilmalari, respublika NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari orasidan rais, uning o‘rinbosari, mas’ul kotib va komissiya a’zolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
3. Quyidagilar Fondning asosiy vazifalari deb belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan olinadigan mablag‘larni jamlash, ulardan mustaqil NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga, dolzarb ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar muammolarni hal etishda ularning faol ishtirok etishiga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish uchun foydalanilishini tashkil etish;
NNTning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularga huquqiy, maslahat tarzida, tashkiliy, texnik va boshqa xil yordam ko‘rsatish, ularning NNT, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini rivojlantirish, ularning mamlakatni demokratik yangilash hamda modernizatsiya qilish jarayonlarida ishtirok etishi masalalari bo‘yicha chet ellik hamkorlar bilan aloqalarini kengaytirish (birgalikda konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, treninglar o‘tkazish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hokazo) bilan bog‘liq dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashish.
Belgilab qo‘yilsinki, Fond o‘z faoliyatini oshkoralik va ochiq-oydinlik prinsiplari asosida amalga oshiradi, nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ajratiladigan mablag‘lar belgilangan maqsadda foydalanilishini ta’minlaydi. Fond o‘z faoliyati, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ajratilgan mablag‘larning taqsimlanishi va ishlatilishi to‘g‘risidagi hisobotni har yili ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
4. Belgilab qo‘yilsinki, Fond mablag‘larini shakllantirish manbalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning (O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining hamda norezidentlarining) ixtiyoriylik asosidagi homiylik badallari, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari va beg‘araz beriladigan mablag‘lari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lardir.
Jamoat Fondining mol-mulkini asosiy fondlar va aylanma mablag‘lar, shuningdek qiymati O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq Fond balansida aks ettiriladigan boshqa mol-mulk tashkil etadi.
5. Quyidagilar Parlament komissiyasining asosiy vazifalari deb belgilansin:
nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Fond mablag‘lari samarali tarzda taqsimlanishini tashkil etish, NNT, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining takliflarini chuqur o‘rganish asosida mintaqalarning muayyan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal etishga, fuqarolarning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan istiqbolli, ijtimoiy va umum ahamiyatga molik dasturlar hamda loyihalarni moliyalashtirish dasturlarini ishlab chiqish;
Fond mablag‘larini taqsimlashda ochiq-oshkoralikni ta’minlash, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini rivojlantirish hamda ular faoliyatining samaradorligini oshirish, ularning o‘tkazilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarda, demokratik qadriyatlarning, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlashda faol ishtirok etishi masalalarini muhokama qilishga keng jamoatchilikni jalb etish;
Fond mablag‘lari belgilangan maqsadda va samarali foydalanilishi, uning tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar hamda dasturlar, shu jumladan NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining moliyaviy mustaqilligi hamda barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan loyihalar va dasturlar ustidan nazoratni (monitoringni) amalga oshirish;
eng muhim ustuvor dasturlar va loyihalarni, ijtimoiy va umum ahamiyatga molik boshqa dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda NNTning mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorligini chuqurlashtirishga, ijtimoiy hayotni demokratlashtirishda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rolini kuchaytirish jarayonlariga ko‘maklashish;
NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining erkin hamda mustaqil rivojlanishini ta’minlaydigan normativ-huquqiy bazani, iqtisodiy va huquqiy kafolatlarni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish.
Parlament komissiyasi Fondning Vasiylik kengashi vazifasini bajaradi deb belgilab qo‘yilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi to‘g‘risidagi nizom, shuningdek Parlament komissiyasi to‘g‘risidagi nizom va komissiya tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining mablag‘larini taqsimlash tartibi Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qarorga muvofiqlashtirsin;
Fond zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinishini ta’minlasin.
8. Ushbu Qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri o‘rinbosari A. Shodmonov va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi o‘rinbosari F. Muhitdinova zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 3-iyul,
842-I-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 3-iyul,
513-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 7-son, 409-modda)